Ayollar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarning o‘ziga xos jihatlari

0
437

Ayollar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarni tergov qilishning o‘ziga xos jihatlari mavjud bo‘lib, alohida yondashishni talab etadi. Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2022-yilda yurtimizda sodir etilgan umumiy jinoyatlarning 12,2 foizi ayollar tomonidan sodir etilgan va bu ko‘rsatkich 2021-yilga nisbatan 0,5 foizga o‘sgan.

Ayollar jinoyatchiligining o‘sishi boshqa davlatlar va mintaqalarda ham kuzatilmoqda. Misol uchun, g‘arbiy Yevropa mamlakatlarida keyingi 20 yil ichida ayollar jinoyatchiligi to‘rt barobarga o‘sganini ko‘rish mumkin. So‘nggi yillarga kelib mazkur mamlakatlar qamoqxonalarida jazo o‘tayotgan ayollar soni bir necha barobarga oshgan.

Yuqorida keltirilgan ma’lumotlar ayollar jinoyatchiligi nafaqat mamlakatimizda, balki butun dunyoda dolzarb muammo sifatida talqin etilayotgani va ushbu jinoyatlarning oldini olish, unga qarshi kurashish borasida tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirish zarurligidan dalolat beradi.

Ayollar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarni fosh qilish, protsessual va tergov harakatlarini o‘tkazish o‘ziga xos xususiyatlarga ega. Sud-tergov amaliyotida kuzatilishicha, jinoyat sodir etgan ayollar o‘g‘rilik, firibgarlik, tovlamachilik, qotillik, talonchilik va bosqinchilik jinoyatlarini murakkab tarzda, mayda detallarigacha chuqur o‘ylab, puxta rejalashtirgan holda muayyan usul va yo‘llar orqali sodir etishadi. Shuningdek, bunday jinoyatlarni fosh etish va tergov qilishning murakkab jihatlaridan yana biri jinoyat sodir etish jarayonida va tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va dastlabki tergov bosqichlarida ayol shaxsining o‘ziga xos psixofiziologik xususiyatlari, holatlari bilan bog‘liq.

Biz o‘rgangan jinoyat turlari bo‘yicha jinoyat sodir etgan ayollarning 28 foizi turli xil hiyla-nayranglarni ishga solib, birinchi so‘roq davomida yolg‘on ko‘rsatma berishadi. O‘zlarini oqlashga urinib, surishtiruvchi va tergovchi ko‘z o‘ngida o‘zini xuddiki vaziyatning qurboni, aldangan inson sifatida ko‘rsatishga harakat qilib, jinoyatning motivi va sodir etish maqsadini ham bezashga intilishadi. Mazkur holatlarni e’tiborga olib, ayollar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarni tergov qilish jarayonida tergov harakatlarini o‘tkazish taktikasi va jinoyat turlaridan kelib chiqqan holda tergov harakatlari algoritmini ishlab chiqish talab etiladi.

Shu nuqtayi nazardan, jinoyatlarni tez va to‘liq ochish, haqiqatni aniqlash hamda jinoyatchilikka qarshi kurashda kriminalistik qoidalarni qo‘llash, vosita va metodlarni ishlab chiqish va takomillashtirish, tusmollar tuzish, ularni tekshirish, tergovni rejalashtirish, tergov vaziyatlari va taktik qarorlarni to‘g‘ri qabul qilish maqsadida ayollar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarning kriminalistik tavsifi va jinoyatchi ayol tipologiyasini o‘rganib chiqish muhim ahamiyat kasb etadi.

Ayollar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar kriminalistika nazariyasiga oid darsliklarda, adabiyotlarda erkaklar tomonidan sodir etilgan jinoyatlardan alohida ajratilmagan. Darsliklarda alohida turdagi jinoyatlarni tergov qilishning metodikasi bo‘limida ayollar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarni tergov qilishning o‘ziga xos xususiyatlariga bag‘ishlangan bob yoki paragraf ham mavjud emas. Vaholanki, ayollar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarni kriminalistik tasniflashga zaruriyat mavjud.

Insoniyat o‘zini anglay boshlabdiki, uni tashqi olam sir-sinoatlari bilan birga “inson nima uchun jinoyat sodir etadi?”, “shaxs jinoyatchi bo‘lib tug‘iladimi yoki jinoyatchi sifatida shakllanadimi?” mazmunidagi savollar qiziqtiradi. Bu borada ayollar tomonidan sodir etiladigan jinoyatlarning kriminologik nuqtayi nazaridan bir qator fikr-mulohazalar bildirilgan.

Ayollar jinoyatchiligini jinoyatchilikning mustaqil tarkibiy elementi sifatida o‘rganishga XIX asrning ikkinchi yarmida asos solingan bo‘lib, mazkur masalaga dastlab Lamber Adolf Ketle
(1796–1874) e’tibor qaratgan.

Ilmiy statistika asoschilaridan biri kriminolog olim A.Ketle jinoyatchilikning rivojlanish qonuniyatlarini tushintirishga harakat qilib, “jinoyat sodir etishga moyillik odamning yoshi, jinsi, kasbi, ma’lumot darajasi, yilning mavsumi va boshqalarga bog‘liq” degan xulosaga keladi. U erkaklar va ayollar jinoyatchiligidagi farqlarni faqat jinslarning jismoniy rivojlanishidagi farqi bilan emas, ayollarning deviant xulq-atvorini ijtimoiy turmushdan uzilganlik, oilaviy majburiyatlar doirasida o‘ralashib qolgani bilan ham izohlaydi.

Ch. Lombrozo esa ayollar jinoyatchiligining jadalligi erkaklarnikiga nisbatan past ekanini ayol organizmining o‘ziga xosligi, ayol tabiati va uning ma’lum darajada “biologik norasoligi” bilan izohlaydi. Ushbu olimning mashhur g‘oyalaridan yana biri ayollarning tajovuzkorligiga hayz ko‘rish sikllarining katta ta’sir ko‘rsatishi haqidagi qarashidir. O‘zining “Ayol: jinoyatchi va fohisha” asarida jinoyatchi ayollarning axloqiy va ruhiy xususiyatlaridan kelib chiqib, ularni quyidagi turkumlarga bo‘lib chiqadi: tug‘ma jinoyatchi ayollar; tasodifiy jinoyatchi ayollar; jinoyat sodir etishdan ehtiroslanuvchi ayollar; o‘z joniga qasd qiluvchi ayollar.

Rossiyalik olim P.N. Tarnovskaya Ch. Lombrozoning g‘oyalarini davom ettirib, jinoyatchi ayol shaxsini turlarga ajratishga harakat qiladi. U ilmiy izlanishlari davomida 160 nafar qotillik jinoyatini sodir etgan ayolning shaxsi va xulq-atvorini chuqur tahlil qilgan holda, ularni ikkita katta guruhga ajratadi:

1) “kuchli ehtiros ta’siri ostida jinoyat sodir etgan qotillar”;

2) “tushkunlikka tushgan, idrok etishi sust qotillar”.

Yuqorida keltirilgan fikrlardan farqli ravishda Q.R. Abdurasulova ayollar tomonidan sodir etiladigan jinoyatlarning o‘ziga xos xususiyatlari sifatida ular jinoyatni asosan yolg‘iz o‘zlari sodir etishi, guruh tarkibida ko‘pincha o‘g‘rilik, kasb bilan bog‘liq jinoyatlarni, talonchilik va bosqinchilik jinoyatlarida asosan yordamchi sifatida ishtirok etishini ta’kidlagan.

Ba’zi adabiyotlarda, ayollar jinoyatchiligi umumiy jinoyatchilikning tuzilishida nisbatan o‘zgarmas miqdorga ega bo‘lgani holda, ijtimoiy shart-sharoitlarga qarab o‘zgarib boradigan, shu bilan bir vaqtda, jinoyatchilik (erkaklar jinoyatchiligi)dagi o‘zgarishlarni takrorlamaydigan hodisa ekani e’tirof etilgan. D.M. Mirazov ayollar jinoyatchiligi deganda, muayyan hududda, ma’lum vaqt mobaynida ayol jinsidagi shaxslar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar yig‘indisini tushinish lozimligini ta’kidlaydi. Shunga o‘xshash fikrni A.G. Zakirova ham keltirib o‘tgan bo‘lib, unga ko‘ra ayollar tomonidan sodir etiladigan jinoyatlar jinoyat motivi bilan farq qilib, birinchi navbatda rashk, o‘ch olish, hasadgo‘ylik, jabrlanuvchidan qutulishga harakat qilishda namoyon bo‘lishi bilan izohlanadi.

Bir qator kriminologik tadqiqotlarda jinoyatchi ayol shaxsini turli xil guruhlarga, turkumlarga ajratish bo‘yicha ham takliflar ishlab chiqilgan. Jumladan, T.M. Smolina jinoyat turlaridan kelib chiqib, giyohvand jinoyatchi ayollarni ularning tabiati, xarakteri va jinoiy motivatsiyasining barqarorligidan kelib chiqib turkumlash lozim, deydi.

A.Y. Antonyan va L.A. Melikashvililar jinoyatning aniq maqsadi – motividan kelib chiqib g‘arazli niyatda jinoyat sodir etgan ayollarni quyidagi guruhlarga bo‘ladi: o‘zini o‘zi tasdiqlovchi, oilali, birovga yoki nimagadir qaram, spirtli ichimlikka ruju qo‘ygan, yengiltabiat, o‘ch olishga moyil ayollar. V.I. Shiyan esa g‘arazli niyatda jinoyat sodir etgan ayollarni tasniflashda “giyohvand ayol”ni qo‘shishni taklif qiladi.

Yuqorida keltirilgan jinoyatchi ayol shaxsining tasniflanishi kriminologik jihatdan muhim ahamiyatga ega. Biroq bularni ayollar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarni tergov qilish metodikasini yaratish uchun yetarli deb bo‘lmaydi.

Jinoyatlarni tergov qilish jaryonida, xususan, jinoyatchi ayolni so‘roq qilish taktikasini tanlashda surishtiruvchi, tergovchi jamiyatimizda mavjud bo‘lgan gender stereotiplari muammosiga duch kelishi mumkin. Ya’ni, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi ayol ishtirokchilikda qaysi vazifani bajarishiga qaramay, o‘zining emotsional holati bilan surishtiruvchi, tergovchi tasavvurida ojiza, hissiy jihatdan beqaror, itoatkor, passiv, qo‘rqoq
va zaif bo‘lib gavdalanadi. Erkak jinsidagi shaxs esa, aksincha, kuchli, qat’iyatli, faolday taassurot qoldiradi. Keyingi yillarda ayollar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlarda “erkaklar rolini” o‘z zimmasiga olish bilan bog‘liq holatlar ko‘payib bormoqda.

Jinoyatchi ayol shaxsining kriminalistik tipologiyasini o‘rganish ayollar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarning ayrim turlari va guruhlarning kriminalistik xususiyatlarini ishlab chiqish hamda jinoyatchi ayol shaxsining tipik portretini yaratish imkonini beradi. Shuningdek, jinoyatchi ayol shaxsining tipik portreti ishlab chiqilishi ayollar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarni tergov qilish samaradorligini oshiradi.

Bu borada Y.V. Vologina ayollar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarning kriminalistik tavsifini jinoyat sodir etgan ayolning shaxsiga xos xususiyatlari, jinoyatni sodir etish va yashirish usuli, jinoyat yuzasidan aniqlangan ma’lumotlar, jinoyat sodir etish joyi, vaqti va predmetidagi o‘ziga xosliklar bilan o‘zaro bog‘liq elementlar tizimi sifatida belgilaydi.

Darhaqiqat, ayollar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarni tergov qilishda isbotlanishi lozim bo‘lgan holatlar doirasining to‘g‘ri belgilanishi va ketma-ketlik asosida dalillar to‘plash katta ahamiyat kasb etadi. Mazkur fikrning mantiqiy davomi sifatida T.V. Popovaning ayollar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarni tergov qilish jarayonida jinoyatchi ayol shaxsi psixologiyasini o‘rganib chiqish lozimligini, bunda uning dunyoqarashi, emotsional holati, psixologik jihatdan layoqatini ham hisobga olish lozimligiga oid fikrlari ham o‘rinli.

L.Y. Kiryushina ayollar tomonidan sodir etilgan jinoyatlarni tergov qilish metodikasini ishlab chiqishda jinoyatchi ayol shaxsini tasniflash uchun ularni quyidagicha: jinoiy-huquqiy asoslariga ko‘ra; jinoyat subyektlarining soniga ko‘ra; ishtirokchilarning jinsiga ko‘ra; ishtirokchi shaxslarning yoshiga ko‘ra; ishtirokchilar orasida qarindoshchilik mavjud yoki mavjud emasligiga ko‘ra; ishtirokchilikda bajarayotgan vazifasiga ko‘ra ajratib ko‘rsatgan.

Yuqorida keltirilgan fikrlardan ayollar tomonidan sodir etilayotgan jinoyatlarning sabablarini aniqlashimiz, jinoyat sodir etgan ayolning his-tuyg‘ularini o‘rganishimiz, qisqacha aytganda, jinoyatchi ayol tipologiyasini chuqur tahlil qilishimiz mumkin bo‘ladi. Bu nafaqat ularga nisbatan adolatli jazo tayinlashda inobatga olinadi, balki ushbu ma’lumotlar asosida jinoyat ishini yuritishga mas’ul bo‘lgan davlat organlari va mansabdor shaxslarning mazkur turdagi jinoyatlar bo‘yicha protsessual harakatlarni amalga oshirishda to‘g‘ri taktika va uslublarni tanlagan holda, isbotlash jarayonini samarali tashkil etishiga xizmat qiladi.

Aynura KURBANOVA,
IIV akademiyasi оliy o‘quv yurtidan keyingi
ta’lim fakulteti mustaqil izlanuvchisi

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here