HomeMaqolalarAxborot sohasidagi huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlikni ta’minlash bo‘yicha xorijiy tajriba

Axborot sohasidagi huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlikni ta’minlash bo‘yicha xorijiy tajriba

Bugungi kunda fan-texnika taraqqiyoti zamonaviy dunyoda tub o‘zgarishlarga olib keldi. Ayniqsa, internet foydalanuvchilarining soni bugungi kunda yildan-yilga ko‘payib, axborot tarqatish darajasi oshib bormoqda. Qonunga zid bo‘lgan axborotni tarqatayotgan har bir manbani javobgarlikka tortish qiyinchilik tugʼdirishi tabiiy hol. Sababi, ijtimoiy munosabatlar tizimining o‘zi o‘zgardi. Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining rivojlanishi jamiyat hayotining barcha jabhalariga – iqtisodiyot, siyosat, ijtimoiy soha va madaniyatga o‘z ta’sirini o‘tkazdi. Axborot sohasidagi huquqbuzarliklar butun dunyo bo‘ylab huquqiy va me’yoriy bazaga jiddiy muammo tug‘dira boshladi.

Axborot sohasidagi huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlikni ta’minlash globallashuv va raqamli texnologiyalarni rivojlantirish sharoitida davlat siyosatining muhim elementi hisoblanadi.

Amaldagi qonunchilikni takomillashtirish maqsadida ushbu maqolada bu boradagi xorijiy tajriba tahlil qilinmoqda.

Yaponiyani Osiyoda elektron axborot sohasidagi huquqbuzarliklarni tartibga soluvchi birinchi davlatlardan biri deb hisoblash mumkin. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, Yaponiyaning 2003-yilda qabul qilingan “Shaxsiy maʼlumotlarni himoya qilish to‘g‘risida”gi qonuni (APPI) Osiyodagi maʼlumotlarni himoya qilish sohasidagi birinchi asoslardan biridir.

Yaponiyada axborot huquqbuzarliklari uchun ma’muriy javobgarlik axborot va kommunikatsiya tarmog‘ini himoya qilish to‘g‘risidagi qonun (Act on the Protection of Information and Communication Network) va xavfsiz raqamli kontentni ta’minlaydigan muhitni rivojlantirish va himoya qilish (Act on the Development of an Environment that Provides Secure and Safe Digital Contents) to‘g‘risidagi qonun bilan tartibga solinadi. Ushbu qonunlar axborot resurslarining xavfsizligi va himoyasini ta’minlash, shuningdek, internet tarmog‘ida o‘zini tutish qoidalari va normalarini tartibga solish maqsadida qabul qilingan.

APPI nomi bilan ham tanilgan Yaponiyaning Shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish to‘g‘risidagi qonuni o‘ziga xos xususiyatlarga ega.

Birinchidan, ma’lumotlarni muntazam qayta ko‘rib chiqish. Ma’lumotlarni himoya qilish bo‘yicha boshqa ko‘plab qonunlardan farqli o‘laroq, ushbu qonun har uch yilda bir marta qat’iylashtirilishi yoki aniqlanishi kerak bo‘lgan qoidalarni o‘rganish uchun rasman ko‘rib chiqiladi.

Ikkinchidan, shaxsiy ma’lumotlar bilan ishlashni amalga oshirish darajasi. Yaponiyaning “Personal ma’lumotlar to‘g‘risida”gi qonuni shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish va shaxsiy ma’lumotlar bazalari bilan ishlash tartibini belgilaydi1.

Ushbu qonunlarga muvofiq, axborot tarmog‘i operatorlari va axborot provayderlari ma’lum
xavfsizlik va ma’lumotlarni himoya qilish standartlariga rioya qilishlari shart. Ushbu standartlarning buzilishi davlat organlari tomonidan ma’muriy jazo choralarini qo‘llashga olib kelishi mumkin.

Yaponiyada axborot qoidalari buzilgan taqdirda qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan bir nechta ma’muriy jazo o‘rnatilgan. Masalan, tartibga soluvchi organlar jarimalar qo‘llashi, axborot tarmog‘i yoki axborot provayderlari xizmatlarini amalga oshiruvchi subyektlarning litsenziyasi amal qilishini to‘xtatib turishi, shuningdek, buzilgan huquqlarni tiklash majburiyatini yuklashi mumkin.

Xalqaro tajribadan ma’lumki, Kanada axborot qonunchiligini buzganlik uchun ma’muriy javobgarlikni amalga oshirish bo‘yicha jahonning yetekchi davlaridan biri hisoblanadi. Ushbu mamlakatning bu boradagi tajribasi qonunchilikni tartibga solish va sud amaliyotining uyg‘unligiga misol bo‘la oladi.

Kanadada axborot xavfsizligi sohasidagi asosiy qonun shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish va elektron hujjatlar to‘g‘risidagi federal qonun (PIPEDA) hisoblanadi. Unda tadbirkorlik faoliyatida shaxsiy ma’lumotlarni to‘playdigan, ishlatadigan yoki oshkor qiluvchi tashkilotlarning asosiy majburiyatlari va mas’uliyati ko‘rsatilgan.

PIPEDA Kanadaning ma’lumotlarni himoya qilish qonunchiligidagi bo‘shliqni to‘ldiradi. Ilgari
shaxsiy ma’lumotlarni to‘plash, undan foydalanish va oshkor qilish bilan shug‘ullanadigan tashkilotlarning adolatliligi va mas’uliyatini aniq ifodalovchi keng qamrovli qonun bo‘lmagan. Bu ma’lumotlarni himoya qilish sohasida ma’muriy javobgarlik kontekstiga qo‘shimcha urg‘u beradi.

Ushbu qonunga ko‘ra, komissar va uning nomidan yoki uning rahbarligida o‘z vazifalarini bajarishda ish yurituvchi har bir shaxs sud protsessida dalil sifatida foydalanilgan yoki tergov jarayonida olingan ma’lumotlarni oshkor qilmasligi va ushbu ma’lumotni oshkor qilmaslik uchun ehtiyot choralarini ko‘rishi shart.

PIPEDA ma’muriy javobgarlikning asosiy jihati bo‘lgan axborot huquqbuzarliklari uchun aniq jarima va sanksiyalarni amalga oshirish uchun mo‘ljallangan.

Ko‘rib chiqilayotgan mavzu doirasida Fransiya axborot sohasidagi huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlikni amalga oshirishda katta tajribaga ega. Bunga Loi pour la Confiance dans l’Economie Numérique (LCEN) qonuni misol bo‘la oladi. Mazkur qonun 2004-yilda qabul qilinib, Fransiyada internet-provayderlarning o‘z platformalarida joylashtirilgan kontent uchun javobgarligini tartibga soladi. LCEN qonuni internetprovayderlarni ma’lum qoidalarni buzgan taqdirda ma’muriy javobgarlikka tortishni nazarda tutadi.

Qonunning o‘ziga xos jihati unda ijtimoiy tarmoq yoki elektron pochta orqali turli belgilardan foydalanib axborot yo‘llash tushunchasi ham qayd etilgan.

Jumladan, elektron vositalar orqali jamoatchilikka xabar berish – shaxsiy yozishmalar xarakteriga ega bo‘lmagan har qanday turdagi belgilar, signallar, yozuvlar, tasvirlar, tovushlar yoki xabarlarni elektron vositalar orqali jamoatchilikka yoki ularning har qanday toifasiga taqdim etish hisoblanadi2.

LCEN qonunida belgilangan asosiy talablardan biri provayderlarning noqonuniy kontent mavjudligi to‘g‘risida xabar berilgandan keyin uni olib tashlash majburiyatidir. Bundan tashqari, provayderlar bunday kontentni olib tashlashda imkon qadar tez va samarali harakat qilishlari kerak. Qonun hujjatlarida provayderlarga vakolatli davlat organlarining asosli so‘rovi olinganidan so‘ng noqonuniy kontentni o‘chirish uchun 24 soat muddat berilgan va foydalanuvchilar tomonidan qonunbuzarlik haqida ularga xabar berilgan taqdirda, ular huquqbuzarlik haqida vakolatli organlarga zudlik bilan xabar berishlari shart.

2018-yilda Fransiyada internet platformalarida manipulyativ ma’lumotlarga (soxta yangiliklar) qarshi kurashish bo‘yicha qonun qabul qilindi. Ushbu qonun noto‘g‘ri ma’lumotlarga qarshi kurashish uchun yetarli choralar ko‘rmagan platformalarga nisbatan ma’muriy jazo choralarini ko‘radi.

Mazkur qonun bilan onlayn platformalar operatorlari tomonidan ommaviy ravishda yolg‘on ma’lumotlarni tarqatuvchi akkauntlarga qarshi kurashish bo‘yicha hamda aholini ommaviy axborot vositalari va axborotlashtirish bo‘yicha choralar ko‘rilmoqda.

Qonun hokimiyat organlariga dezinformatsiyaga qarshi kurashish yuzasidan belgilangan qoidalarga, masalan, joylashtirilgan kontent haqida shaffof ma’lumotlarni taqdim etish va soxta yangiliklarni istisno qilish mexanizmlarini qo‘llab-quvvatlash kabi platformalarga ma’muriy jarima solish imkoniyatini beradi.

Mavzu yuzasidan tahlil shuni ko‘rsatadiki, ko‘rib chiqilgan yurisdiksiyalarning har biri axborot xavfsizligini buzganlik uchun qonuniy javobgarlikni ta’minlaydi, ammo ular ushbu muammoga turli xil yondashuvlarni qo‘llaydilar. Yondashuvlardagi farqlarga qaramay, uchta yurisdiksiya ham shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish masalasiga katta ahamiyat bergan. Buni ushbu sohadagi qonunchilik va ijro organlarining faoliyati ham tasdiqlaydi. Yaponiya, Kanada va Fransiyaning qonun hujjatlarini ko‘rib chiqishda, shuningdek, qoidabuzarlarga nisbatan ma’muriy jazo choralarini qo‘llashda jarimalardan tashqari, axborotni tarqatish sohasidagi faoliyat bilan shug‘ullanuvchi subyektlarni litsenziyadan mahrum etishga qaratilgan sanksiyalar qo‘llanishi ushbu davlatlarni birlashtiruvchi umumiy xususiyat deb hisoblashimiz mumkin.

Xulosa qilib aytganda, axborot sohasidagi huquqbuzarliklar uchun qat’iy ma’muriy javobgarlikni belgilash ko‘plab xorijiy mamlakatlarda qabul qilingan. Axborot sohasidagi huquqbuzarliklar uchun ma’muriy javobgarlikni belgilashda xorij tajribasini amaldagi qonunchilikka implementatsiya qilish orqali uni takomillashtirish maqsadga muvofiq.

Xususan:

O‘zbekiston Respublikasining 1997-yil 24-apreldagi “Axborot olish kafolatlari va erkinligi
to‘g‘risida”gi qonuni;

2002-yil 12-dekabrdagi “Axborot erkinligi prinsiplari va kafolatlari to‘g‘risida”gi qonuni;

2003-yil 11-dekabrdagi “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi qonuni;

2007-yil 15-yanvardagi “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi qonuni;

2017-yil 8-sentabrdagi “Bolalarni ularning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborotdan himoya
qilish to‘g‘risida”gi qonuni;

2019-yil 2-iyuldagi “Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risida”gi qonuni;

2022-yil 7-iyundagi “Reklama to‘g‘risida”gi qonunini takomillashtirish kerak.

Umidjon TALLIBAYEV,
Jamoat xavfsizligi universiteti o‘qituvchisi

 

1 Савинцева М.И. Конституционно-правовые основы защиты персональной информации в Японии // https://wiselawyer.ru/poleznoe/17463-konstitucionno-pravovye-osnovy-zashhity-personalnoj-informacii-yaponii.

2 LOI n° 2004-575 du 21 juin 2004 pour la confiance dans l’économie numérique // https://www.legifrance.gouv.fr/dossierlegislatif/JORFDOLE000017759461.

Aloqador maqolalar

Ko‘p o‘qilgan

Mutolaa

2024-yil noyabr soni