Angliyaning migratsiya huquqi tarixi

0
277

G‘arb Uyg‘onish davri, qolaversa, o‘rta asrlar yakunida vujudga kelgan ma’rifatparvarlik oqimi vakillarining ijtimoiy-siyosiy va falsafiy-huquqiy qarashlari huquqshunoslik ilmini mutlaqo yangi bosqichga ko‘tardi. Ushbu jarayon migratsiya huquqining tabiiy huquq sifatida shakllanishiga ham xizmat qildi. Angliya misolida migratsiya huquqi hamda uning institutlari shakllanishini tahlil qilish yuqoridagi fikrimizni yaqqol isbotlaydi.

V asrda Britaniyaning anglo-sakslar tomonidan istilo qilinishi mahalliy kelt qabilalarining bo‘ysunishni istamagan qismini orolning shimoliy qismiga ko‘chishga, qolgan qismini esa taslim bo‘lib, ana shu german qabilalari bilan aralishib ketishga majbur qilgan. Shu tariqa Britaniyada yettita anglo-sakson qirolligi paydo bo‘lgan.

Ingliz feodal davri hujjatlarini tadqiq etish natijasida 1166-yil Klarendon va 1176-yilda Nortgenton lordlari Angliya qiroli Genrix II Plantagenet qabul qilgan qarorga asoslanib chet elliklarni haydab chiqargani, shuningdek ularga bir kechadan ko‘p vaqtga boshpana berishni taqiqlagani aniqlandi. Tarixda 16 moddadan iborat mazkur qarorlar to‘plami “Klarendon konstitutsiyalari” nomini olgan.

Immigratsion nazorat o‘rnatilishi Angliyada Normand davrining yakuniga qadar bosqichma-bosqich, muayyan shartlar asosida migrantlarni qabul qilish va ularga safar hujjatlarini taqdim etish amaliyotiga olib keldi.

O‘rta asrlarda shaxsning fuqarolik huquqiy maqomi borasida dastlab aynan Angliyada muayyan ijobiy o‘zgarishlarga erishildi. 1215-yilda ushbu mamlakatda 63 moddadan iborat siyosiy-huquqiy hujjat Erkinlikning buyuk xartiyasi (lot. Magna Carta yoki Magna Charta Libertatum) qabul qilindi.

Mazkur konstitutsiyaviy hujjatning 39-bandida shunday deyilgan: “Hech kim sud muhokamasisiz va qarorisiz, qonunga asoslanmagan holda aybdor deb topilishi, qamoqqa olinishi yoki ozodlikdan mahrum qilinishi, mulki musodara qilinishi hamda mamlakatdan majburiy tartibda chiqarib yuborilishi mumkin emas”. Demak, bunda erkin harakatlanish va yashash joyini tanlash huquqi majburiy tartibda mamlakat hududidan chiqarib yubormaslik normasi bilan mustahkamlanib, migratsiya huquqining ilk tarixiy ko‘rinishi sifatida namoyon bo‘lmoqda.

Ushbu xartiyaning 41 va 42-moddalariga binoan “Barcha savdogarlar quruqlikda ham, suvda ham erkin va xavfsiz tarzda Angliyadan chiqib ketish va kirib kelish, Angliyada erkin tarzda bo‘lish va mamlakat hududi bo‘ylab erkin harakatlanish huquqiga ega. Bundan buyon faqat bizga sodiqligini saqlagan holda quruqlik va suv orqali to‘la xavfsizlikda qirolligimizdan chiqib ketishi va qaytib kelishi uchun har bir kishiga ruxsat beriladi”. Shu tariqa ushbu mamlakatda siyosiy rivojlanishning o‘ziga xos xususiyatlari tufayli boshqa davlatlarga qaraganda shaxsiy erkinlik kafolatlariga oid asosiy masala ertaroq hal qilingan.

O‘rta asr migratsiya huquqida shaxsni tasdiqlash yoki safar hujjati sifatida e’tirof etilgan pasport-viza instituti aksariyat tarixiy adabiyotlarda XVII asr boshida paydo bo‘lgani tilgaolingan. Biroq ukrainalik olimlar (S.M.Gusarov, A.T.Komzyuk, O.Y.Salmanova) pasport joriy qilish haqidagi eng birinchi qaror ingliz parlamenti tomonidan 1414-yilda qabul qilingani, undagi yozuvlar 1772-yilga qadar lotin tilida kiritilganini ta’kidlagan. Biroq bu aniq manba va batafsil ma’lumotlar bilan isbotlanmagan. Britaniya kutubxonasidagi qo‘lyozmalar va arxiv hujjatlarining tahlili shuni ko‘rsatadiki, haqiqatan ham erkin harakatlanish uchun ruxsatnomalar 1414-yilda ta’sis etilgan bo‘lib, Genrix V nomi bilan bog‘liq. Uning hukmronligi davrida, ya’ni 1414-yilda Angliya parlamenti zamonaviy pasportga o‘xshash ilk hujjatni muomalaga kiritish bo‘yicha “Xavfsiz xulq to‘g‘risida”gi qonunni (“The Safe Conducts Act 1414”) qabul qilgan. Bu nafaqat rasmiy dalillarda, balki badiiy adabiyotda ham uchraydi. Masalan, Uilyam Shekspirning 1415-yil 25-oktabr voqealarini tasvirlagan “Genrix V” nomli pyesasida muqaddas Krispin kunidagi qirol nutqida “Ketsa-ketaversin, pasporti qo‘lida” (“Let him depart; his passport shall be made”) degan jumla keltirilgan. Mashhur adibning 1599-yilda yozilgan mazkur asari yana bir bor Genrix V zamonaviy pasportning asoschilaridan biri ekanini tasdiqlaydi.

Shu tariqa shaxsini va mamlakatini tasdiqlovchi hujjatni joriy qilish orqali qirol o‘z fuqarolarining safar vaqtida erkin va xavfsiz harakatlanishini ta’minlashga erishgan. Ushbu qonunning amal qilishi 1435-yildan 7 yilga to‘xtatilgan va 1442-yilda qayta kuchga kirgan. “Xavfsiz xulq” safar ruxsatnomasi barcha inglizlarga pulli va ingliz bo‘lmaganlarga bepul berilgan bo‘lib, faqatgina hukmdorlar bu kabi hujjatga egalik qilmagan va bunga ehtiyoj ham bo‘lmagan. Mazkur an’ana hanuz davom etadi, masalan, qirolicha Yelizavetada pasport mavjud emas.

1540-yildan 1685-yilga qadar ushbu hujjatni taqdim etish vazifasi Angliyaning Maxfiy kengashi zimmasiga yuklatilgan va aynan shu paytdan e’tiboran “pasport” atamasi keng qo‘llana boshlangan. Xavfsizlik hujjati va munosib xulq-atvor nomasidan iborat ushbu ruxsatnomaga qirol imzosi qo‘yilgan. Hozirgi kunga qadar saqlanib qolgan eng birinchi pasportlardan biri Sharl I tomonidan 1641-yil 18-iyunda imzolangan va berilgan degan fikrni aksariyat huquqshunoslar qo‘llab-quvvatlaydilar.

Tahlillarimiz shuni ko‘rsatdiki, Angliya va Shotlandiya qiroli Sharl I Styuart tomonidan imzolangan va 1636-yilda (ayrim manbalarda 1641-yilda) Tomas Littltonga taqdim etilgan safar hujjati birinchi pasport emas. To‘g‘ri, shaxsiy kolleksiyalarda saqlanayotgan ushbu ko‘hna pasportda “qirolligimizdan dengiz sari yo‘l olgan vakilga 4 xizmatkor, 50 funt, yuk va zaruriy buyumlari bilan birgalikda 3 yil muddatga berilgan” degan yozuvlar kiritilgan. Pasport Tomas Littltonga safarda undan foydalanish imkonini berish barobarida Angliya bilan do‘stona munosabatda bo‘lmagan mamlakatlarga borishni taqiqlagan. Biroq, bizning fikrimizcha, dastlabki rasmiy safar hujjati 1610-yilga mansub bo‘lib, uning birinchi egasi Tomas Pakering hisoblanadi.

Ayrim manbalarda Tyudorlar sulolasining so‘nggi vakillaridan biri, “Angliyaning oltin asri”-
da hukmronlik qilgan Yelizaveta I davrida, xususan, 1595-yil 6-iyunda qirolicha imzosi tushirilgan yorliq dengizda xizmat qilgan admiral va kapitanlarga berilgani, bunday yorliqlar hozirgi kunga qadar Sent-Endryus universitetida saqlanayotgani haqida ma’lumot uchraydi. Bu kabi ishonch yorlig‘i shaklidagi safar hujjati yoki pasport Sharq mamlakatlarida “baysa” deb yuritilgan bo‘lib, odatda uning aynan kimga tegishliligi bitilmagan.

Shu nuqtayi nazardan, 1610-yil 13-avgustda Angliya qiroli Yakov I imzolagan va uch yil muddatga berilgan hujjat Tomas Pakeringga reaksion katolik monaxlar tashkilotining a’zolari – iyezuitlar xizmatidan foydalanmaslik sharti bilan mamlakat bo‘ylab va uning dengiz orti hududlarida harakatlanish erkinligini taqdim etgan. Mazkur huquqdan foydalangan Tomas Pakering 1611-yilga qadar Parijda ot minishni o‘rgatish bo‘yicha murabbiy Antuan de Plyuvineldan tahsil olib, qaytib kelgan.

Sharl II davrida pasportlarni qirol o‘rniga davlat kotibi imzolashi mumkin bo‘lgan. 1794-yildan e’tiboran barcha pasportlar davlat kotibi tomonidan berilgan va ushbu an’ana butun Yevropaga tarqalgan. Amerikada esa birinchi pasportlar konsullik xizmati xodimlari tomonidan 1775-yildan berila boshlangan. Britaniya pasportlari 1772-yilga qadar lotin yoki ingliz tilida yozilgan, 1885-yildan so‘ng lotin tili o‘rniga ayrim bandlarining fransuz tilidagi tarjimasi ham ishlatilgan.

Angliyaning Derbi, Manchester, Northempton, Uells, Vestminster va York kabi yirik shaharlarida 1623-yilga qadar boshpana olish huquqi bo‘yicha o‘ziga xos odat amal qilgan. Unga ko‘ra mamlakatni 40 kun ichida tark etish sharti bilan mol-mulki musodara qilingan jinoyatchi cherkovdan boshpana so‘rashi mumkin bo‘lgan. Ushbu odat huquqi davlat xoinlariga nisbatan qo‘llanmagan.

Jinoyatchilarning shaxsiy daxlsizligini ko‘zda tutuvchi boshpana huquqi Angliyada XVII asrda bekor qilingan.

Buzilgan huquqlarni tiklash imkoniyatini qonuniylashtirgan yana bir muhim huquqiy hujjat
1679-yildagi Habeas korpus akt (ingl. Habeas Corpus Act) edi.

“Habeas korpus” atamasi “tanani yoki shaxsning o‘zini sudga keltirish” ma’nosini bildiradi. Odatda jinoiy ta’qibga olingan, qamoqxonadagi shaxsning sud orqali himoyalanishiga nisbatan ishlatiladi. Aslida Habeas korpus instituti XII asrdan boshlab mavjud bo‘lib, XVII asrda urf-odatga aylangan. Inson huquqlari masalasi normativ-huquqiy hujjat ko‘rinishini ola boshlagan davrda, ya’ni 1679-yil 26-mayda qabul qilingan “Fuqaro erkinligini yanada yaxshiroq ta’minlash va dengizdan tashqari hududlarda asossiz hibsga olishlarning oldini olish to‘g‘risida”gi qonun yoki “Habeas korpus akt”da normativ-huquqiy hujjat shaklini oldi. Shu asnoda mazkur institut ham shaxsning erkin harakatlanishini cheklashning oldini olishga xizmat qildi.

Oradan o‘n yil o‘tgach, 1689-yilda Britaniya konstitutsiyasining asosiy qismlaridan biri bo‘lmish “Huquqlar to‘g‘risidagi bill” inson huquqlarini yuridik jihatdan tasdiqlagan dastlabki hujjatlardan biri bo‘lgan.

O‘rta asrlar Angliyasida amal qilgan “Ne exeat regnum”, ya’ni “qirollikni tark etmaslik” prinsipi migratsiya huquqida muhim o‘rin egallagan.

Bunga ko‘ra qirol muayyan shaxslarning maxsus ruxsatnomasiz mamlakatdan chiqib ketishini taqiqlash huquqiga ega bo‘lgan. O‘z davrida ushbu institut ulkan munozaralarga sabab bo‘lgan hamda ingliz olimi Jon Bimz (John Beames)ning “Qirollikni tark etmaslik haqida sud buyrug‘i” (“The Writ Ne Exeat Regno”) nomli ilmiy asari sud hokimiyati vakillari uchun qo‘llanma sifatida nashr etilgan.

Harakatlanish erkinligini cheklashga qaratilgan mazkur amaliyot keyinchalik nafaqat migratsiya huquqida, balki jinoyat-protsessual huquqida shaxslarga ijtimoiy xavfli qilmishi uchun muayyan hududni tark etmaslikka oid taqiq qo‘yish institutining paydo bo‘lishiga turtki bo‘lgan.

1855-yildan e’tiboran pasportlar faqat britaniyaliklar uchun beriladigan odatiy hujjat turiga aylandi. Birinchi jahon urushi boshlanishi bilan Buyuk Britaniya va chet el fuqarolarining huquqiy maqomi to‘g‘risida qonun qabul qilinib, 1914-yilda pasport sahifalarida shaxsiy fotosurat uchun joy belgilandi.

Luqmonjon ISOQOV,
Bosh prokuratur akademiyasi
markaz boshlig‘i, yuridik fanlar bo‘yicha
falsafa doktori (PhD), dotsent

 

 

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here