Nikohning haqiqiy emasligi oilaviy-huquqiy javobgarlik sharti sifatida

0
111

Fuqarolik va Oila kodekslaridagi normalar mazmunmohiyatidan anglashiladiki, nikohning haqiqiy emasligi er-xotin o‘rtasidagi nikohning qonun talablari doirasida qayd qilinmaganidir. Nikohning haqiqiy emasligi oilaviy huquqiy javobgarlikning vujudga kelishiga asos bo‘lgani bois taraflarga o‘z huquqiy tabiati bo‘yicha ta’sir o‘tkazadi.

Nikohning haqiqiy emasligi va sanksiya har doim ham bir xil narsa emas. Nikohni haqiqiy emas deb tan olishning ba’zi hollarida aybning mohiyatini hisobga olib, nikohning haqiqiy emasligi huquqiy sanksiya hisoblanadi va mazkur institutning tabaqali xususiyati qayd etiladi.

Nikohni haqiqiy emas deb tan olish haqida sud qarori chiqmaguniga qadar u haqiqiy hisoblanadi. Mazkur javobgarlik chorasi qonun bo‘yicha nikoh tuzishga to‘sqinlik qiluvchi vaziyatlarni berkitgan yoxud majburlash, aldash, do‘q-po‘pisa yo‘li bilan nikohdan o‘tishga zo‘rlayotgan er (xotin) zimmasiga yuklatiladi. Haqiqiy emas deb tan olinayotgan nikoh ishtirokchilarining harakatlarini baholash hamda nikohni haqiqiy emas deb topishning huquqiy oqibatlarini qo‘llash sudning vakolatiga kiradi.

Nikohni haqiqiy emas deb tan olishning huquqiy oqibatlari juda ko‘p jihatli bo‘lib, ularni qo‘llashga doir masala bunday nikohning ikkala ishtirokchisi yoki bir ishtirokchisining noqonuniy, aybli harakatlari bilan bog‘lanishi kerak. Avvalambor, shaxslar dastlabki holatga qaytariladi, ya’ni nikoh orqali qo‘lga kiritilgan huquq va majburiyatlar bekor qilinadi.

Nikohni haqiqiy emas deb tan olishning huquqiy oqibatlariga oid muammo bu chorani qo‘llashning asoslariga (nikohning soxtaligi, nikohdan o‘tish yoshiga yetmaslik va boshqalar) qarab turlicha yondashuvni talab qiladi. Fikrimizcha, aybdor taraf uchun nikohdan oldingi holatga qaytishning o‘zi salbiy oqibatdir. Bu esa kutilgan natija va huquqlardan mahrum bo‘lishni anglatadi. Soxta nikoh bundan mustasno. Insofsiz er (xotin) moddiy yordam olish huquqidan, umumiy familiyaga ega bo‘lish huquqidan, xotin (er)ning turar joyidan foydalanish huquqidan va boshqa huquqlardan mahrum bo‘ladi. Shu bilan birga, insofsiz er (xotin) zimmasiga mulkiy vazifalar (moddiy va ma’naviy zararni qoplash) bo‘yicha majburiyat yuklatilishi mumkin1.

Haqiqiy bo‘lmagan nikohni tuzish noqonuniy harakatdir. Sud tomonidan nikohni haqiqiy emas deb topish uchun asoslar Oila kodeksining 49-moddasida belgilangan. Nikohdan o‘tish shartlarini buzish yoki nikohdan o‘tishga to‘siq bo‘ladigan hech bo‘lmasa bitta vaziyatning mavjudligi ham nikohni haqiqiy emas deb tan olishga asos bo‘ladi.

Qonunda belgilanishicha, nikoh tuzish ixtiyoriydir. Nikoh tuzish uchun bo‘lajak er-xotin o‘z roziligini erkin ifoda etish qobiliyatiga ega bo‘lishi kerak. Demak, zo‘rlash, aldash, po‘pisa qilish va boshqa noqonuniy harakatlar nikohning haqiqiy emasligiga olib kelishi mumkin. Nikoh munosabatlarini o‘rnatishga doir asl ichki xohishga tayanmagan iroda tashqi ifodasining o‘zi hech qanday vaziyatda nikohdan o‘tishga huquqiy jihatdan rozilik sifatida qabul qilinmaydi.

Oila kodeksining 15-moddasiga muvofiq O‘zbekistonda nikoh yoshi erkaklar va ayollar uchun o‘n sakkiz yosh etib belgilangan.

Nikohdan o‘tish uchun ariza topshirilayotganda nikohdan o‘tmoqchi bo‘lgan shaxslarning yoshi belgilangan, ularning shaxsini tasdiqlaydigan hujjati talab etiladi. Amaldagi qonunchilikka ko‘ra loaqal bittasi ro‘yxatga olingan boshqa nikohda turgan shaxslar o‘rtasida nikoh tuzilishi mumkin emas.

Nasl-nasab shajarasi bo‘yicha to‘g‘ri tutashgan qarindoshlar o‘rtasida, tug‘ishgan va o‘gay aka-ukalar bilan opa-singillar o‘rtasida nikoh tuzishga yo‘l qo‘yilmaydi. Bu kabi me’yorlar aksariyat xorij davlatlari qonunchiligida ham belgilab qo‘yilgan.

Ta’kidlash joizki, farzandlikka oluvchilar bilan farzandlikka olinganlar o‘rtasida ham nikohning tuzilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Biroq bunda farzandlikka oluvchilar bilan farzandlikka olinganlar o‘rtasida nikoh biologik mulohazalar emas, balki ijtimoiy aloqalar tufayli taqiqlanadi2.

Farzandlikka olishdan maqsad ota-onalik kabi munosabatlarni yuzaga keltirish. Shuning uchun farzandlikka oluvchilar bilan farzandlikka olinganlar o‘rtasidagi nikoh axloqiy va huquqiy taqiq ostidadir.

Loaqal bittasining ruhiyati buzilishi (ruhiy kasalligi yoki aqli zaifligi) sababli sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan shaxslar o‘rtasida ham nikohning tuzilishiga ruxsat etilmaydi. Mazkur ta’qiq tasodifiy emas. Albatta, u bir necha shartlar bilan asoslangan, ulardan biri bunday nikohdan tug‘ilgan farzandlar haqida g‘amxo‘rlikni nazarda tutadi. Chunki ruhiy kasallikning nasl bo‘yicha o‘tish ehtimoli juda kattadir. Bunday nikohlar taqiqlanishining ikkinchi sababi ulardagi mehnatga layoqatlilik darajasi bilan belgilanadi.

O‘z-o‘zidan ma’lumki, nikoh tuzishga rozilik berish fuqarolik huquqini amalga oshirish qobiliyati mavjudligini nazarda tutadi. Agar bunday qobiliyat qandaydir shartnoma tuzish uchun talab etilsa, u undan-da ahamiyatli. Chunki gap nikoh haqida bormoqda.

Nikohdan o‘tish vaqtidagi holatiga ko‘ra shaxs muomalaga layoqatsiz deb topilmagan, biroq o‘z xatti-harakatlarining oqibatlarini anglamagan hollardagi tuzilgan nikohni bekor qilish murakkab bo‘lib, bunday nikohning haqiqiyligi umumiy asoslarda Oila kodeksining 13-17-moddalari asosida ko‘rib chiqiladi.

Buyuk Britaniya, Fransiya, Shveysariya va AQShning ko‘pgina shtatlarida aqli zaif kishilarning nikoh tuzishi mumkin emas. Latviya Oila kodeksining 62-moddasi, Ozarbayjon Oila kodeksining 12.0.4-moddasi, Tojikiston Oila kodeksining 14-moddasi, Moldova Oila kodeksining 15-moddasida ham xuddi shunday taqiqlar mavjud. Masalan, Tojikiston Respublikasida nikohdan o‘tayotgan shaxslardan loaqal biri spirtli ichimliklar yoki giyohvandlik moddalarini suiiste’mol qilishi natijasida sud tomonidan muomalaga layoqatsiz
deb topilgan bo‘lsa, nikoh qayd etilmaydi3.

Soxta nikoh tuzilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Soxta nikoh deb shaxsning oila qurish niyatisiz, biror bir manfaat yoki g‘arazli maqsadni ko‘zlab tuzgan nikohigi aytiladi. Soxta nikoh tuzuvchi er-xotin doimo ma’lum bir maqsadni ko‘zlaydilar. Bunda soxtalik ikki tomonlama yoki faqat bir tomonlama bo‘lishi mumkin. Agar er ham, xotin ham soxta nikoh tuzish niyatida bo‘lsa, nikohning soxtaligini isbotlab berish juda qiyin. Soxta nikohni hisobli nikohdan farqlash zarur, bunday nikohni haqiqiy emas deb topish mumkin emas, uni faqat tugatish mumkin.

Nikohlanuvchi shaxslardan biri tanosil kasalligi yoki odamning immunitet tanqisligi virusi (OIV kasalligi) borligini ikkinchisidan yashirganda bunday nikoh ham haqiqiy hisoblanmaydi. Qonun chiqaruvchi qayd etilgan kasalliklar mavjudligi haqida ma’lum qilishga alohida ahamiyat beradi. Agar nikohlanuvchi shaxslardan biri boshqasining kasalligi haqida oldindan xabardor bo‘lsa, bunday nikohni haqiqiy emas deb topish mumkin emas. Haqiqiy bo‘lmagan nikohda insofsiz er (xotin)ga nisbatan huquqiy sanksiyalar ko‘pgina mamlakatlarning qonunchiligida qayd etilgan.

Nikohdan o‘tish nikohlanuvchilarning istak-xohishi bilan amalga oshirilgani uchun er-xotin huquqiy munosabatlarida ham erning va xotinning istak-xohishlari mavjud. Fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organlarida nikoh qayd etilgan vaqtdan boshlab nikohlanuvchi shaxslar er-xotin hisoblanadi. Shu vaqtdan e’tiboran ular o‘rtasida shaxsiy hamda mulkiy huquq va majburiyatlar yuzaga keladi.

Er-xotinning kundalik hayoti mohiyatini tashkil qiluvchi aksariyat munosabatlar huquq doirasidan tashqarida yotadi. Agar nikoh, oilaviy munosabatlarga huquq vositasida ta’sir etish mumkin bo‘lmasa, ularga ixtiyoriy huquq sohasi yordamida ta’sir o‘tkazish mumkin emasligini tan olish kerak. Oilaviy munosabatlarga faqat ixtilof yuzaga kelgandagina aralashish huquqi mavjud.

Oilada er va xotinning teng huquqli ekani shaxsning huquqiy mavqeyini belgilovchi konstitutsiyaviy qoidalardan kelib chiqadi. Ularda har bir erkak va ayol bir xil huquq va erkinliklarga egaligi hamda qonun oldida tengligi; yashash va turar joylarini erkin tanlash huquqiga egaligi; o‘z faoliyatining turini va kasb tanlashdagi erkinligi ifodalangan.

Er va xotin o‘zaro va farzandlari bilan munosabatlarida, nikoh tuzish, nikohda bo‘lish va nikohning bekor qilinishi kabi munosabatlarda bir xil javobgarlikka egadirlar.

Er-xotin oilaviy turmush masalalarini birgalikda hal qilish huquqiga ega. Oila kodeksining 19-moddasida “Er va xotin oilada teng huquqlardan foydalanadilar va ular teng majburiyatlarga egadirlar” deb belgilangan, ya’ni bundan er va xotin bolalar tarbiyasi va oilaviy turmushning boshqa masalalarini birgalikda hal qiladilar degan mazmun kelib chiqadi.

Er-xotin o‘rtasidagi shaxsiy munosabatlar maxsus ahamiyatga ega, ular o‘z egalari bilan chambarchas bog‘liq va ulardan ajratilmaydi. Aynan shaxsiy munosabatlar nikoh asosini tashkil qiladi va er-xotin o‘rtasidagi boshqa munosabatlarga ta’sir ko‘rsatadi; ular er-xotin munosabatlari tarzini va xususiyatini belgilaydi.

Qonun turar yoki yashash joyini tanlash erkinligini chegaralamasa-da, bir qator hollarda er-xotinning alohida yashashining huquqiy oqibatlarini nazarda tutadi. Masalan, oilaviy munosabatlar tugatilishi bois alohida yashash birga yashagan vaqtda orttirilgan mulk alohida ekanini tan olishga olib kelishi mumkin (Oila kodeksining 27-moddasi); soxta nikoh tuzilganiga dalillardan biri bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Shunday qilib, oilaviy munosabatlar murakkab va nozik ijtimoiy masalalar qatoridan joy oladi.

Qonun shaxsiy huquqlarni suiiste’mol qilish va shaxsiy majburiyatlarni bajarmaganlik uchun javobgarlik choralarini belgilamasligini hisobga olib, biz ularni nikoh shartnomasida yoxud aliment kelishuvida qayd etish mumkin deb hisoblaymiz. Ikkala shartnoma ham er-xotinning mulkiy huquq va majburiyatlarini belgilaydi. Er va xotindan birining umumiy mol-mulkni tasarruf etishi bilan bog‘liq bitim tuzilganda bu harakat boshqasining roziligiga ko‘ra amalga oshirilayotganini anglatadi.

Oila kodeksining 24-moddasiga ko‘ra, er-xotindan birining umumiy mol-mulkni tasarruf etish yuzasidan amalga oshirgan bitimi boshqasining bunga roziligi bo‘lmaganligi sababligina bildirgan talabiga binoan va faqat bitimni amalga oshirgan ikkinchi tomon amalga oshirilgan bitim yuzasidan er (xotin) rozi emasligini oldindan bilgani yoki bilishi lozim bo‘lganligi isbotlangan hollarda sud tomonidan haqiqiy emas deb topilishi mumkin.

Ko‘rsatilgan bitimni tuzishga notarial tartibda tasdiqlangan roziligi olinmagan er yoki xotin mazkur bitim amalga oshirilganini bilgan yoki bilishi lozim bo‘lgan kundan boshlab bir yil davomida bu bitimni sud tartibida haqiqiy emas deb topishni talab qilishga haqlidir. Bitim haqiqiy emas deb topilganida Fuqarolik kodeksining 114-moddasi asosida ikkala taraf ham dastlabki holatga qaytariladi.

Nilufar RUSTAMOVA,
Toshkent shahridagi “Navro‘z” nikoh uyi mudiri,
O‘zMU mustaqil tadqiqotchisi

 

1 Оила ҳуқуқи (ўқув-услубий қўлланма). Ш. Р. Юлдашева, Б .Р. Топилдиев, У.Ш.Шарахметова. Масъул муҳаррир: ю.ф.д., профессор Д. М. Караходжаева. – Т.: ТДЮИ, 2011. – 48-49-бетлар.

2 Скаридов А. С. Международное частное право: Учеб. пособие. СПб.: Изд-во Михайлова В. А., 1998. – С. 500.

3 Семейный кодекс Республики Таджикистан. Принят 13 ноября 1998 г. № 682. https://continent-online.com/Document/?doc_id=30445181.

 

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here