Intellektual mulkka oid nizolarni hal etishda sud ishtiroki

0
217

Mamlakatimizda intellektual mulk huquqi eng yosh va tez rivojlanayotgan huquq sohasidir. Shu bois unga jiddiy e’tibor qaratilmoqda.

Qaysi mamlakatda intellektual mulk obyektlari muhofazasi yaxshi yo‘lga qo‘yilsa va ularning
rivojlanishi uchun imkoniyat yaratib berilsa, shu mamlakatda muvaffaqiyat salmog‘i ham yuqori bo‘ladi. Buning samarali yo‘li mamlakatda intellektual mulk sohasiga oid qonunchilikni takomillashtirish, uni samarali himoya qilishdir. Buning uchun esa mazkur yo‘nalishda sudlarga keng vakolatlar berish va ularning faoliyatiga noqonuniy aralashishni bartaraf etish, sudlar faoliyatini takomillashtirish, shuningdek, jazo choralarini kuchaytirish lozim bo‘ladi.

O‘zbekiston Fuqarolik kodeksining 1031-moddasiga ko‘ra, intellektual mulk obyektlariga quyidagilar kiradi:

1)intellektual faoliyat natijalari:
• fan, adabiyot va san’at asarlari;
• ijrolar, fonogrammalar, efir yoki kabel orqali ko‘rsatuv yoxud eshittirish beruvchi tashkilotlarning ko‘rsatuvlari yoki eshittirishlari;
• elektron hisoblash mashinalari uchun dasturlar va ma’lumotlar bazalari;
• ixtirolar, foydali modellar, sanoat namunalari;
• seleksiya yutuqlari;
• oshkor etilmagan axborot, shu jumladan ishlab chiqarish sirlari, ya’ni nou-xaular;

2) fuqarolik muomalasi ishtirokchilarining, tovarlar, ishlar va xizmatlarning xususiy alomatlarini aks ettiruvchi vositalar:
• firma nomlari;
• tovar va xizmat ko‘rsatish belgilari;
• geografik ko‘rsatkichlar;
• tovarlar chiqadigan joy nomi.

Intellektual mulk huquqining buzilishi mulkdor bilan foydalanuvchi o‘rtasida tuziladigan shartnoma doirasida va intellektual mulk obyektlaridan shartnoma majburiyatlarisiz foydalanilgan hollarda kuzatiladi. Bundan tashqari, bu jarayon jismoniy va yuridik shaxslar mulk egasidan so‘ramasdan yoki qonunda belgilangan tartibda ruxsat olmasdan intellektual mulkdan foydalanishga jur’at etganda sodir bo‘ladi. Bu jarayon huquqbuzarlik hisoblanib, hozirgi kunda intellektual mulk nizolarining eng keng tarqalgan turi hisoblanadi.

Shuningdek, intellektual mulk fuqarolik muomalasiga noqonuniy kiritilganda shaxslar tomonidan tarqatish, ruxsatsiz foydalanish ko‘rinishida ham qonunbuzilish holatlari namoyon bo‘ladi.

Quyidagi holatlarda intellektual mulk nizosi vujudga keladi:

• mualliflik huquqining buzilishi;

• patentning buzilishi;

• tovar belgisining buzilishi.

Sudda himoyalanishga olib keladigan mualliflik huquqi va turdosh huquqlar buzilishining eng keng tarqalgan holatlari quyidagilar hisoblanadi:

• qaroqchilik, ya’ni muallifning ruxsatisiz foydalanish;

• egalarining roziligisiz huquqlarni tasarruf etish bilan bog‘liq ma’lumotlarni nusxalash, qayta chiqarish yoki o‘g‘irlash, plagiat holatlari.

Bugungi kunda intellektual mulk nizosini keltirib chiqarayotgan huquqbuzarliklarga quyidagilarni misol qilib keltirish mumkin:

• bir elementning logotipini birinchi elementga o‘xshash turdagi boshqa mahsulotda ishlatish;

• xaridorlarni adashtiradigan darajada o‘xshash logotip yaratish;

• mualliflik huquqi egasining roziligisiz musiqiy yozuvlar, filmlar va boshqa ommaviy axborot vositalarining dublikat nusxasini yaratish va ularni tijorat maqsadlarida tarqatish;

• patent egasining ruxsatisiz har qanday patentlangan narsalarni ishlab chiqarish. Shuningdek, intellektual mulk nizosi tushunmovchilik yoki mulk egasining beparvoligi tufayli
ham yuzaga kelishi mumkin.

Intellektual mulk turlari ko‘pligi va serdaromad ekani bois ushbu sohada huquqbuzarliklarning salmog‘i yuqorligini qayd etish lozim. Yuzaga kelayotgan ushbu nizolarni yechishning bir qancha usullari bor. Bular sudgacha yarashtiruv, ya’ni medatsiya kelishuvi hisoblanadi.

Taraflar sudgacha kelisha olmasalar nizoni sud tartibida hal etadilar. Ushbu nizolar bo‘yicha jahonda maxsus ixtisoslashtirilgan sudlar bor. Mamlakatimizda esa umumiy yurisdiksiya sudlari tomonidan ko‘riladi.

Intellektual mulkka doir huquqlarni himoyalashning usullari mazkur usullarni amalga oshirish mexanizmiga bog‘liq tarzda quyidagicha bo‘linishi mumkin:

• boshqa vakolatli davlat organlari tomonidan qo‘llanadigan usullar;

• huquqiy munosabat ishtirokchisi tomonidan mustaqil ravishda qo‘llanadigan usullar;

• faqat sud tomonidan yoki sud organlarining yordami bilan hamda mustaqil tartibda qo‘llanadigan usullar.

Mamlakatimizda intellektual mulk huquqini himoya qilishning bir qancha usullari bo‘lsa-da, bular ichida sud orqali himoya qilish muhim o‘rin tutadi.

O‘zbekiston Konstitutsiyasining 55-moddasiga binoan har kimga o‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlarining hamda boshqa tashkilotlarning, ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof qarorlari, harakatlari va harakatsizligi ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanadi. Har kimga buzilgan huquq va erkinliklarini tiklash uchun uning ishi qonunda belgilangan muddatlarda vakolatli, mustaqil hamda xolis sud tomonidan ko‘rib chiqilishi huquqi kafolatlanadi.

Intellektual mulk turlarini sudlar orqali himoya qilishda sudga murojaat qilish tartibi o‘ziga xos hisoblanadi. Mualliflik huquqi, ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalariga bo‘lgan
huquqning buzilishida sudlarga murojaat quyidagicha amalga oshiriladi:

mualliflik huquqi va turdosh huquqlar buzilganda sudlarga muallif, mulkiy huquqlarni  jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilotlar va noshirlik muassasalari murojaat qila oladi. Ixtirolar, foydali modellar va sanoat namunalariga bo‘lgan huquq buzilganda muallifning o‘zi murojaat qiladi. Tovar belgilariga bo‘lgan huquqning buzilishida ham tovar belgisining egasi murojaat qiladi.

Shuningdek, intellektual mulk egasining manfaatlarini ko‘zlab uning vakillari va prokuror ham murojaat qilishi mumkin. Umuman olganda, intellektual mulk huquqi buzilganda uning turidan qat’i nazar Intellektual mulk departamenti ma’muriy tartibda sudga shikoyat qiladi. Bu turdagi nizolar subyektiga qarab iqtisodiy, fuqarolik, jinoiy va ma’muriy sudlar tomonidan ko‘riladi. Bunda jismoniy shaxslar o‘rtasidagi shartnomaviy yoki mulkiy ko‘rinishdagi, shuningdek zarar yetkazish bilan bog‘liq ishlar fuqarolik sudlarida, yuridik shaxslar o‘rtasida, jismoniy va yuridik shaxslar o‘rtasidagi shartnomaviy va moddiy ko‘rinishdagi ishlar iqtisodiy sudlar tomonidan ko‘riladi. Ma’muriy huquqbuzarliklar va intelektual mulkdan noqonuniy foydalanish, kontrafakt mahsulotlar ishlab chiqarish bilan bog‘liq ishlar jinoyat sudlarida, ommaviy-huquqiy munosabatlar bilan bog‘liq ishlar ma’muriy sudlarda ko‘riladi1.

Demak, qonunchiligimizga asosan intellektual mulk obyektlariga doir ishlarni ko‘rib chiqish ularning toifasidan kelib chiqqan holda deyarli barcha sudlarning sudloviga taalluqli bo‘lishi mumkin. Shundan kelib chiqib, intellektual mulk obyektlariga doir nizo “Hakamlik sudlari to‘g‘risida” gi qonunning 12-moddasi talablariga muvofiq tartibda tuzilgan bitim bilan bog‘liq bo‘lsa, bunday nizolarning hal etilishi hakamlik sudlariga topshirilishi ham mumkin.

Tahlillardan ayon bo‘ladiki, mamlakatimiz sudlarida ko‘rilayotgan intellektual mulk bilan bog‘liq ishlar soni yildan yilga ortib bormoqda. Ommaviy axborot vositalarida tarqalgan ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, 2021-yilda sud organlari tomonidan intellektual mulk obyektlari va ularga oid huquqlarni ta’minlashga doir 70 ta ish ko‘rilgan bo‘lsa, 2023-yilda bu ko‘rsatkich 120 tadan ortgan.

Intellektual mulk agentligi saytiga ko‘ra, mualliflik huquqini buzganligi uchun xonanda Yulduz Usmonova 185 mln so‘m jarimaga tortilgan. Xabarda aytilishicha, shoir Yo‘lchi Ro‘ziyev qalamiga mansub “Xasta bo‘lma” she’rini O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova qo‘shiq qilib kuylagan va buning uchun muallifga hech qanday haq to‘lamagan. Shundan so‘ng shoir fuqarolik ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumanlaroro sudiga da’vo arizasi kiritgan. Tekshiruv davomida ushbu she’r darhaqiqat shoir tomonidan 2016-yil 16-aprel kuni yozilgani aniqlangan.

Sudning 2021-yil 29-oktabrdagi hal qiluv qaroriga asosan Y.Usmonovadan Y.Ro‘ziyevga 50 mln so‘m ma’naviy zarar hamda BHMning 500 baravari miqdorida tovon puli, umumiy miqdorda 185 mln so‘m undirish belgilangan2.

Xorijiy mamlakatlar sud amaliyotida intellektual mulk huquqi bilan bog‘liq nizolar turli sudlar tomonidan ko‘rilishi tartibi mavjud. Intellektual mulk huquqiga doir ishlar, yuqorida tahlil qilib chiqqanimizdek, aksariyat hollarda fuqarolik sudlari sudloviga taalluqli bo‘lsa-da, jinoyat, ma’muriy va iqtisodiy sudlar tomonidan ham ko‘rib chiqilishi mumkin.

Xorijiy mamlakatlarning jinoyatga daxldor bo‘lmagan holatlardagi intellektual mulk huquqi bilan bog‘liq sudlov ishlarini asosan uch turkumga ajratish mumkin:

• umumyurisdiksiya sudlari bo‘lgan fuqarolik yoki tijorat sudlari tomonidan qo‘llaniladigan tartibtaomillar;

• intellektual mulk masalalariga ixtisoslashgan sudlar tomonidan qo‘llaniladigan tartib-taomillar;

• ma’muriy tartib-taomillarga asoslangan sudlov ishlari.

Birinchi va ikkinchi turkumdagi sudlar tomonidan intellektual mulk bilan bog‘liq ishlar umumiy tartibda ko‘rib chiqilsa, uchinchi turkumdagi sudlarda nizo dastlab qonunchilikda belgilangan tartibda muayyan ma’muriy organlarda to‘liq yoki qisman ma’muriy tartib-taomillardan o‘tganidan so‘nggina sudlarda ko‘riladi. Bunday sud amaliyoti Meksika, Xitoy, Chili, Shvetsiya va Hindiston kabi mamlakatlarda mavjud.

Deyarli barcha xorijiy mamlakatlar sudlarida intellektual mulk bilan bog‘liq ishlarni ko‘rish tezlashtirilgan tartib-taomillar asosida dastlab muayyan sud cheklovlarini qo‘llashdan boshlanadi.

Ba’zi malakatlarda, xususan, Belgiya va Germaniyada sud cheklovlar qo‘llashdan oldin javobgarga “qo‘riqlovchi xat” yo‘llashi mumkin. Bunday “qo‘riqlovchi xat”ga nisbatan javobgar qanday asoslarga ko‘ra sud cheklovlarini qo‘llamaslik zarurligini ko‘rsatgan holda o‘z e’tirozlarini bildirishi mumkin. Meksikada javobgar o‘zining qarama-qarshi kafolatini bildirishi mumkin bo‘lib, bu sud cheklovlarining harakatini vaqtincha to‘xtatadi.

Buyuk Britaniya va Hindistonda vaqtinchalik sud cheklovlarini qo‘llash sud jarayonining zaruriy kichik bosqichi hisoblanadi3.

Yuqoridagi ma’lumotlardan xulosa qilish mumkinki, intellektual mulk nizolarini sudlar tomonidan ko‘rishda jahonning hech qaysi mamlakatida yagona tizim mavjud emas. Har bir mamlakat o‘zining ijtimoiy-siyosiy kelib chiqishiga ko‘ra ushbu nizolarni turli sudlarda ko‘radi.

Sanjar CHULIYEV,
Sudyalar oliy kengashi huzuridagi
Sudyalar oliy maktabi tinglovchisi

 

1 О.Оқюлов, Ҳ.М.Исоқов, М.Қаландарова, И.Насриев, Е.Каньязов, У.Сайдахмедов, С.Қиличов. Интеллектуал мулк объектларини суд орқали ҳимоя қилиш: Назария ва амалиёт. 2022 й. Судьялар учун амалий қўлланма.

2 www.ima.uz.

3 Артамонова Е.М. к.ю.н., доцент кафедры судебной власти и организации правосудия факультета права НИУ ВШЭ//Специализированный суд по интеллектуальным правам в системе арбитражных судов. https://www.hse.ru/pubs/share/direct/document/69372829.

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here