Yuridik shaxslarning ma’muriy-huquqiy javobgarligi

0
325

Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining jismoniy hamda yuridik shaxslar bilan huquqiy munosabatlarini tartibga solishga qaratilgan ma’muriy tartib-taomillarni tanqidiy nuqtayi nazardan qayta ko‘rib chiqish, ularni zamon talablariga, mamlakat siyosatining ustuvor yo‘nalishlariga munosib tarzda takomillashtirish bugungi kundagi dolzarb masalalardan biridir.

Islohotlar jarayoni shuni ko‘rsatmoqdaki, so‘nggi yillarda qabul qilinayotgan normativ huquqiy hujjatlar tom ma’noda tadbirkorlik subyektlarining qonuniy manfaatlarini himoyalash, ular sodir etgan huquqbuzarliklar uchun qo‘llanadigan huquqiy ta’sir choralarining adolatli mezonlarini belgilash, mazkur yo‘nalishdagi bo‘shliqlarni to‘ldirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Shu bilan birga faoliyatining asosiy maqsadi foyda olishni ko‘zlamagan nodavlat notijorat tashkilotlar, ularning filial hamda vakolatxonalari faoliyatini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yish, ular sodir etadigan ma’muriy huquqbuzarliklar uchun huquqiy ta’sir choralarining adolatli va qonuniy mezonlarini ishlab chiqish kerak.

Ma’muriy huquq fanida ma’muriy javobgarlik sohasidagi qonunchilikni muntazam takomillashtirib borish, mavjud bo‘shliqlarni to‘ldirish orqali jismoniy va yuridik shaxslarning ma’muriy javobgarligini belgilashning aniq chegaralarini ishlab chiqish ham siyosiy, ham huquqiy jihatdan muhimdir. Bu esa amaldagi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksni konseptual qayta ishlab chiqish, shuningdek ma’muriy-huquqiy javobgarlikka taalluqli sohalarning qonun hujjatlarini kompleks tahlil etishni kun tartibiga qo‘yadi. Agar amaldagi kodeks moddalarini tahlil qiladigan bo‘lsak, unda muayyan nazariy masalalar bilan bir qatorda, huquq ijodkorligiga oid tizimli muammolar mavjudligi ko‘zga tashlanadi.

Xususan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda “ma’muriy huquqbuzarlik” va “ma’muriy javobgarlik” kategoriyalarining mufassal mohiyati aniqlashtirilmagan. Bundan tashqari, mazkur kodeksda yuridik shaxslarning ma’muriy javobgarligi masalasi ochiq qoldirilgan.

Huquqshunos E.Hojiyev mazkur masalaga munosabat bildirib, kodeksning 10-moddasida keltirilgan “ma’muriy huquqbuzarlik” tushunchasida ma’muriy huquqbuzarlik tarkibining muhim elementi hisoblangan subyektning maqomi aniqlab berilmaganini, qolaversa “ma’muriy javobgarlik” tushunchasiga deyarli oydinlik kiritilmaganini1 ta’kidlaydi. Chindan ham mazkur kodeks mamlakatimizda ma’muriy huquqbuzarliklar sohasidagi yetakchi kompleks normativ-huquqiy hujjat sifatida e’tirof etilgani holda, unda ushbu tushunchalarning aniq va batafsil mohiyati, yuridik hamda faktik xususiyatlarining ham nazariy, ham amaliy talqini o‘z ifodasini topmagani bahsli holat hisoblanadi.

Kodeksning 10-moddasida ma’muriy huquqbuzarlikka “Ma’muriy huquqbuzarlik deganda qonunchilikka binoan ma’muriy javobgarlikka tortish nazarda tutilgan, shaxsga, fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga, mulkchilikka, davlat va jamoat tartibiga, tabiiy muhitga tajovuz qiluvchi g‘ayrihuquqiy, aybli (qasddan yoki ehtiyotsizlik orqasida) sodir etilgan harakat yoki harakatsizlik tushuniladi” tarzida ta’rif berilgan.

Agar modda matniga e’tibor qaratadigan bo‘lsak, haqiqatan ham unda subyekt maqomining belgilanmaganligi, shuningdek davlat va jamiyat hayotining muayyan sohalari ham chetda qolgandek ko‘rinadi. Sababi ijtimoiy munosabatlar jadal rivojlanib borayotgan bugungi kunda qonun hujjatlari matnida u yoki bu sohani birma-bir aytib o‘tish yoki uning ro‘yxatini tartiblash normativ hujjatga nisbatan tor yondashuvga sabab bo‘lishi mumkin. Yana ham aniqroq aytadigan bo‘lsak, ma’muriy huquqbuzarlik sohasini modda matnidagi kabi – “mulkchilik, davlat va jamoat tartibi, tabiiy muhit” sohalari bilan cheklab qo‘yish biroz bahsli. Masalaga ayni shu jihatdan qaraydigan bo‘lsak, bu o‘rinda mazkur modda matnini umumiyroq mazmunda ifodalash nazarimizda qonunchilik sohasida uzoqni ko‘zlash bo‘lar edi2.

Bunday holat ko‘pchilik xorijiy mamlakatlar qonunchiligida ham nazarda tutilgan. Jumladan,
2001-yilning 30-dekabrida qabul qilingan Rossiya Federatsiyasi Ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi kodeksining 2.1-moddasida “ma’muriy huquqbuzarlik” tushunchasiga quyidagicha ta’rif berilgan: “Ma’muriy huquqbuzarlik deganda ushbu kodeks yoki Rossiya Federatsiyasi subyektlarining ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi qonunlari bilan ma’muriy javobgarlik nazarda tutilgan jismoniy yoki yuridik shaxsning aybli, huquqqa xilof harakati (harakatsizligi) tushuniladi”3. MDHga kiruvchi boshqa davlatlar qonunchiligida ham mazkur tushunchaga berilgan ta’rif deyarli bir xil mazmunda, shunday tahrirda ifodalangan. Biroq Rossiyaning Ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi kodeksida ham ayrim holatlar qonun chiqaruvchining e’tiboridan chetda qolgan ko‘rinadi. Xususan, unda shaxsning ma’muriy javobgarligi negizida jismoniy shaxs bilan yuridik shaxs ko‘rsatilgan bo‘lsa-da, tadbirkorlik subyekti sifatida yuridik shaxs tashkil etmasdan faoliyat olib boruvchi subyektning javobgarligi masalasi ochiq qolgan. Fikrimizcha, bu o‘rinda ma’muriy huquqbuzarlik uchun javobgarlik choralarini qo‘llashda adolatni ta’minlash uchun shu toifa subyektlarning ma’muriy javobgarligini ham nazarda tutish lozim. Aksariyat rus olimlarining o‘zlari ham bunday nuqtayi nazarni birdek e’tirof etadilar4.

O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 10-moddasida faqatgina jismoniy shaxslar uchun ma’muriy javobgarlik chorasining belgilangani ijtimoiy munosabatlar jadallashib, bozor iqtisodiyotiga asoslangan tovar-pul munosabatlari keskin o‘sib borayotgan, yuridik shaxslararo huquqiy munosabatlar keng miqyosda rivojlanib borayotgan bugungi sharoitda qonunchiligimizdagi bo‘shliqdek ko‘rinadi. Mazkur masalaga e’tibor qaratgan huquqshunos olim G‘.Alimov fikricha, “yuridik shaxslarning javobgarligi institutini o‘rganib tahlil qilish, albatta, O‘zbekiston Respublikasi huquqiy amaliyoti uchun g‘oyatda muhim va foydali. Zero, rivojlangan xorijiy davlatlar yuridik shaxslar javobgarligini qo‘llash amaliyoti shuni ko‘rsatmoqdaki, korrupsion qilmishlar uchun yuridik shaxslar javobgarligi nafaqat kerak, hatto O‘zbekiston kabi iqtisodiyoti jadal rivojlanib borayotgan mamlakatlar uchun zarur hamdir. Chunki bunday iqtisodiyotda juda katta miqdordagi mablag‘lar nodavlat sektorda yig‘iladi5.

Yuqoridagi mulohazalardan kelib chiqqan holda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 10-moddasini quyidagi tahrirda ifodalashni taklif etamiz: “Ma’muriy huquqbuzarlik deganda ushbu kodeks bilan ma’muriy javobgarlik nazarda tutilgan jismoniy yoki yuridik shaxsning, xususiy tadbirkorning aybli, huquqqa xilof harakat yoki harakatsizligi tushuniladi”. Modda matnining bunday tahrirda ifodalanishi nazarimizda huquqbuzarlik sodir etgan har bir subyektga adolatli jazo tayinlashga huquqiy zamin yaratish barobarida, sohada yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan huquqiy ziddiyatlarni qonun yo‘li bilan oqilona tartibga solish uchun maydon yaratadi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning moddalarini tizimli tahlil qilish ma’muriy-huquqiy munosabatlardan kelib chiquvchi qator huquqbuzarliklar uchun ma’muriy-huquqiy ta’sir choralarini qo‘llash bevosita ushbu kodeks orqali emas, muayyan sohalardagi qonun hujjatlari asosida belgilanganini ko‘rsatadi. Jumladan, yuridik shaxslarning qimmatbaho qog‘ozlar bozori, birja va birjalar faoliyati, aloqa va axborotlashtirish, rieltorlik, advokatlik, budjet intizomi, soliq va bojxona, bank-moliya munosabatlari va boshqa sohalarga oid ma’muriy-huquqiy munosabatlardan kelib chiquvchi ziddiyatlarning soha qonun hujjatlari asosida hal etilishi bunga yaqqol misol bo‘ladi. Bu xususida har bir soha ixtisosligi bo‘yicha juda ko‘p misol keltirish mumkin.

Jumladan, pochta aloqasi sohasiga oid qonunchilik bazasiga diqqat qaratadigan bo‘lsak, bu o‘rinda “Aloqa to‘g‘risida”gi, “Pochta aloqasi to‘g‘risida”gi, “Isteʼmolchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunlar bilan birga Vazirlar Mahkamasining 2004-yil 19-iyuldagi “Pochta aloqasi sohasida faoliyatni takomillashtirish to‘g‘risida”gi 339-qaroriga, shuningdek pochta aloqasi xizmatlarini ko‘rsatuvchi aloqa operatorlari, provayderlari va ushbu xizmatlardan foydalanuvchilar o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga solish, pochta aloqasi xizmatlarini ko‘rsatish tartibi, pochta aloqasi operatorlari, provayderlari hamda foydalanuvchilarning huquq va majburiyatlarini belgilashga qaratilgan qonunosti hujjatlari ham e’tiborlidir.

Adliya vazirligi tomonidan 2011-yil 18-aprelda ro‘yxatdan o‘tkazilgan O‘zbekiston aloqa va axborotlashtirish agentligi bosh direktorining 2011-yil 22-fevraldagi 1-buyrug‘iga ilova bilan tasdiqlangan “Pochta aloqasi xizmatlarini ko‘rsatish qoidalari”da belgilangan pochta aloqasi xizmatlarini ko‘rsatuvchi aloqa operatorlari, provayderlari va ushbu xizmatlardan foydalanuvchilar o‘rtasidagi munosabatlar so‘nggi vaqtlarda dolzarb ahamiyat kasb etib bormoqda. Qolaversa, mazkur sohadagi ijtimoiy munosabatlarning huquqiy tartibga solinishida yuridik shaxslar o‘rtasidagi huquqiy nizolarning yuzaga kelishi ham e’tibortalabdir.

Pochta jo‘natmalarining belgilangan obyektga aniq muddat va tartibda yetkazib berilishi, uni qabul qilish-topshirish va natijalarini qayd qilish bilan bog‘liq munosabatlarning huquqiy
tartib-taomillari muhim ahamiyat kasb etadi. Holbuki, bugungi kunda mazkur ijtimoiy munosabatlarda ishtirok etuvchi subyektlar faoliyatida jiddiy muammolarning vujudga kelayotganini kuzatish mumkin. Shu bois sohadagi ijtimoiy munosabatlarning jadallashuvi ushbu yo‘nalishdagi huquqiy normalarni zamonaviy tendensiyalarni hisobga olgan holda qayta ishlab chiqish, takomillashtirishni taqozo etmoqda.

Pochta xizmatlarini ko‘rsatish sohasidagi yuridik shaxslar faoliyatini tahlil qilar ekanmiz, Pochta aloqasi xizmatlarini ko‘rsatish qoidalarining 139-bandiga alohida e’tibor qaratish lozim bo‘ladi. Qoidalarning ushbu bandida ro‘yxatga olinadigan pochta jo‘natmalari yetkazib beriladigan yuridik shaxslar bu jo‘natmalarni olish uchun ishonchnomani pochtani olishga vakolati bo‘lgan shaxs nomiga rasmiylashtirishi, pochta jo‘natmalari birinchi marta berilgandan so‘ng ishonchnoma pochta aloqasi obyektida qolishi aniq belgilangan.

Bundan anglashiladiki, pochta jo‘natmalarini qabul qilib oluvchi yuridik shaxsning ishonchnomaga ega vakolatli subyekti ushbu jo‘natmalarni qabul qilib olish va uni tegishlicha manfaatdor subyektlarga yetkazishda boshqa yuridik shaxsning manfaatlariga zarar yetkazgan hollarda nafaqat ushbu mansabdor shaxsning javobgarligi masalasi, balki u mansub bo‘lgan yuridik shaxsning ham ma’muriy-huquqiy javobgarligi masalasi yuzaga keladi. Chunki bu o‘rinda pochta jo‘natmalarini qabul qilib olishga ishonchnoma berilgan shaxsning xatti-harakatlari natijasida kelib chiqqan oqibatlar doirasi e’tiborda turadi.

Bunda birgina ushbu shaxsga qo‘llanadigan intizomiy jazoning eng yuqori darajasi – mehnat shartnomasining bekor qilinishi yoki yetkazilgan zararni undan undirish bo‘yicha qabul qilingan qaror ham kelib chiqqan oqibatlarni bartaraf etishga mutanosib bo‘lmasligi mumkin.

Shuni inobatga olib, bunday hollarda ushbu yuridik shaxsning o‘zini ma’muriy huquqbuzarlik subyekti sifatida e’tirof etish va ma’muriy-huquqiy javobgarlikka tortish masalasini ko‘rib chiqish lozim.

Bu birgina pochta aloqasi va mazkur sohada xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq munosabatlarda yuridik shaxslar o‘rtasida yuzaga keladigan huquqiy nizolarni tartibga solishga oid xulosalar,
xolos. Yuridik shaxslar o‘rtasidagi ishlarni bajarish va xizmatlar ko‘rsatishning aksariyat sohalarida – turizm, avtomobil, temiryo‘l va havo transportida yo‘lovchi, yuk tashish, tibbiy va farmatsevtik, reklama va boshqa xizmatlar ko‘rsatish sohalaridagi yuridik shaxslar o‘rtasidagi nizolar ushbu sohadagi ma’muriy tartib-taomillarni aniq huquqiy tartibga solishni taqozo qiladi.

Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksni quyidagi yo‘nalishlarda takomillashtirish zarur deb hisoblaymiz:

birinchidan, qonunchiligimizda ma’muriy javobgarlik kompleks huquqiy hujjat bilan yagona tizimga biriktirilgan holda normativ belgilanmagani sababli kodeksni mazkur sohadagi yagona huquqiy hujjat maqomiga olib chiqish lozim;

ikkinchidan, kodeksda yuridik shaxslarning javobgarligi masalasi huquqiy yechimini topmagan. Shundan kelib chiqib yuridik shaxslarning ma’muriy javobgarligini belgilash, ularga nisbatan tabaqalashtirilgan ma’muriy jazo choralari va ularni qo‘llashning aniq huquqiy mezonlarini ishlab chiqish kerak;

uchinchidan, ma’muriy javobgarlikka oid qonunchiligimizda ma’muriy huquqbuzarlik subyekti hisoblangan mansabdor shaxs va uning huquqiy maqomi bilan bog‘liq masalalarga oydinlik kiritish, bunda yuridik shaxs, uning mansabdor shaxsi, zimmasiga muayyan vazifalar yuklangan subyekt (moddiy javobgarlik, buyruq yoki farmoyish asosida qo‘shimcha mas’uliyatli ishlarni bajarish vazifasi yuklatilgan shaxs) kabi masalalar aniq huquqiy yechimga ega bo‘lishi lozim;

to‘rtinchidan, ma’muriy javobgarlikka tortish sohasidagi qonun hujjatlari turli sohada amal qiluvchi normativ huquqiy hujjatlar bilan tartibga solinishi oqibatida qonunchiligimizda vujudga kelgan tarqoqlikni bartaraf etish zarur.

Ne’matjon XATTABOV,
tadqiqotchi

 

1 Хожиев Э.Т. Маъмурий жараён (илмий-назарий қарашлар, қонунчилик таҳлили, мавжуд муаммолар, ислоҳ этиш йўллари). Ўқув қўлланма. – Т.: “Адабиёт учқунлари”, 2016. –.51-б.

2 Изоҳ: тадқиқотчи бу ўринда истиқболда давлат ва жамият ҳаётида вужудга келиши мумкин бўлган мутлоқ янгича, ҳозирги тафакккурга тўғри келмайдиган ижтимоий муносабатлар орқасида содир этиладиган турли хилдаги маъмурий ҳуқуқбузарликлар учун ҳам мазкур кодекс норматив-ҳуқуқий асос вазифасини бажара олишини таъминлаш мақсадини назарда тутмоқда.

3 www.consultant.ru/ «Кодекс Российской Федерации об административных правонарушениях» от 30.12.2001 № 195-Ф3 (ред. От 30.10.2018). Статья 2.1.

4 Кузмычева Г.А., Калинина Л.А. Административная ответственность. – С.35; Минашкин А.В. Указ соч. –С.52. Дымченко В.И. Административная ответственность организаций (юридических лиц). Дисс.канд.юрид.наук. – Саратов, 1998.С.111-114 и далее.

5 Алимов Ғ.А. Юридик шахсларнинг коррупцион ҳуқуқбузарликлар учун жавобгарлигини тартибга солувчи халқаро стандартлар тизими. Моно-
графия: – Тошкент: “Komron press”, 2019. – 13-б.

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here