Sudlanganlik institutining ijtimoiy ahamiyati

0
467

Jinoyat huquqida sudlanganlik instituti bor, lekin u salbiy ijtimoiy ahamiyat kasb etadi. O‘zbekiston Jinoyat kodeksi 2-moddasida kodeksning vazifalari berilgan, unga muvofiq “… shuningdek jinoyatlarning oldini olish, fuqarolarni respublika Konstitutsiyasi va qonunlariga rioya qilish ruhida tarbiyalashdan iborat”1 ekani e’tirof etiladi. Demak, jinoyatning oqibatlariga qarshi kurashgandan ko‘ra, fuqarolarni qonunga hurmat ruhida tarbiyalab, profilaktika bilan shug‘ullangan ma’qul.

Xo‘sh, sudlanganlikning salbiy oqibatlari nimalarda ko‘rinadi?

Avvalo, “Sudlanganlikning ijtimoiy ahamiyati shundaki, sudlangan shaxslarga ma’lum faoliyat bilan shug‘ullanish taqiqlanadi. … bu holat ularning ishga joylashishi, ma’lum kasb, lavozim, mansabni egallashiga, saylanishiga to‘sqinlik qiladi”2.

Shaxs sudlanganlik holati tugamasdan yoki sudlanganligi olib tashlanmasdan yangi jinoyat sodir etsa, uning ahvoli og‘irlashadi.

Sodir etilgan qilmishning ijtimoiy xavflilik xususiyati va darajasiga ko‘ra retsidiv jinoyat kelib chiqishi mumkin. Bu masalaning mohiyatini aniqroq tushunish uchun O‘zbekiston Oliy sudi plenumining “Sudlanganlik holati tugallanishi va olib tashlanishiga oid qonunchilikni qo‘llash bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida”gi3 qaroriga murojaat qilish o‘rinli bo‘ladi.

Sudlanganlik holatining jinoyat-huquqiy oqibatlari sudlanganligi tugallanmagan va olib tashlanmagan shaxs tomonidan yangi jinoyat sodir etilganda kelib chiqadi va quyidagilarda ifodalanadi:

  • sudlanganlik qator hollarda jinoyat kvalifikatsiyasiga ta’sir etuvchi, ya’ni jinoiy javobgarlikni kuchaytiruvchi holat hisoblanadi;
  • sudlanganlik muayyan hollarda shaxsning o‘ta xavfli retsidivist deb topilishiga asos bo‘ladi;
  • sudlanganlik, agar shaxs muqaddam ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazoni o‘tagan bo‘lsa, jazoni ijro etish koloniyasi turini belgilash uchun ahamiyat kasb etadi;
  • sudlanganlik jazoni og‘irlashtiruvchi holat sifatida e’tirof etiladi;
  • ilgari sodir etilgan jinoyati uchun jazo o‘tayotgan shaxs tomonidan yangi jinoyat sodir etilgan hollarda, hukmlar majmui bo‘yicha jazo belgilashda sudlanganlik qattiqroq qoidalar qo‘llanilishiga sabab bo‘ladi;
  • tugallanmagan va olib tashlanmagan sudlanganlik holatining mavjudligi ayrim asoslar bo‘yicha, masalan, aybdor o‘z qilmishiga amalda pushaymon bo‘lganligi, alohida hollarda esa (og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar uchun sudlanganlik holati mavjud bo‘lganda), jinoyat sodir etgan shaxs jabrlanuvchi bilan yarashganligi munosabati bilan jinoiy javobgarlikdan ozod etilishiga to‘sqinlik qiladi.

O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 77-moddasida “sudlanganlik shaxsning sodir etgan jinoyati uchun hukm etilganligidan kelib chiqadigan huquqiy holatdir” deb ko‘rsatib qo‘yilgan. Ayni chog‘da “sudlanganlik shaxsning unga sud hukmi bilan jazo qo‘llanilishidan kelib chiqadigan huquqiy holati bo‘lib, mazkur shaxsga nisbatan jinoyat-huquqiy va umumhuquqiy xususiyatga ega muayyan salbiy oqibatlar kelib chiqishida namoyon bo‘ladi”4.

Sudlanganlik holatining boshlanishi jazo tayinlangan ayblov hukmi qonuniy kuchga kirgan kundan hisoblanadi.

O‘zbekiston Oliy sudi plenumining “Sudlanganlik holati tugallanishi va olib tashlanishiga oid qonunchilikni qo‘llash bo‘yicha sud amaliyoti to‘g‘risida”gi qarorida berilgan tushuntirishga muvofiq quyidagi holda shaxs sudlanmagan hisoblanadi, agar unga nisbatan:

  • jazo tayinlanmagan holda ayblov hukmi chiqarilgan yoxud shaxs bir vaqtning o‘zida asosiy va qo‘shimcha jazodan birinchi, apellyatsiya, kassatsiya instansiyasi sudi tomonidan ozod qilingan bo‘lsa;
  • tibbiy yo‘sindagi majburlov choralari qo‘llangan bo‘lsa.

Quyidagi asoslarga ko‘ra jinoiy javobgarlikdan ozod etilgan shaxs ham sudlanmagan hisoblanadi:

  • javobgarlikka tortish muddatining o‘tib ketganligi munosabati bilan;
  • qilmish yoki shaxs ijtimoiy xavfliligini yo‘qotganligi munosabati bilan;
  • aybdor o‘z qilmishiga amalda pushaymon bo‘lganligi munosabati bilan;
  • jinoyat sodir etgan shaxs jabrlanuvchi bilan yarashganligi munosabati bilan;
  • jinoyat sodir etgan shaxs kasalligi tufayli;
  • amnistiya akti qo‘llanganligi munosabati bilan5.

Sudlanganlik muddatining o‘tib ketganligi yoki sudlanganlikning olib tashlanishi munosabati
bilan uning barcha huquqiy oqibatlari bekor bo‘ladi.

Jazoni o‘tagan, ammo qonunning o‘zgarishi bilan bunday qilmish jinoyat deb hisoblanmaydigan taqdirda, shuningdek sodir qilingan jinoyat uchun tayinlangan jazoning o‘tab bo‘linishi bilan sudlanganlik holatining tugallanishi belgilangan bo‘lsa, shaxs sudlanmagan deb hisoblanadi.

Sudlanganlik institutini o‘rganishda bilish muhim bo‘lgan masalalar bor. Ulardan biri – sudlanganlik holati quyidagi muddatlarda tugallanadi:

  • shartli hukm qilinganlarga nisbatan — sud tomonidan shaxsga belgilangan sinov muddati tugagan kundan boshlab;
  • majburiy jamoat ishlari, xizmat bo‘yicha cheklash yoki intizomiy qismga jo‘natish tarzidagi jazolarini o‘tab chiqqach;
  • jarima jazosi ijro etilgan kundan keyin, shuningdek muayyan huquqdan mahrum qilish yoki axloq tuzatish ishlari jazolari o‘talganidan keyin bir yil o‘tgach;
  • ozodlikni cheklash jazosi o‘talganidan keyin ikki yil o‘tgach;
  • besh yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi o‘talganidan keyin to‘rt yil o‘tgach;
  • besh yildan ortiq, lekin o‘n yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi o‘talganidan keyin yetti yil o‘tgach;
  • o‘n yildan ortiq, lekin o‘n besh yildan ko‘p bo‘lmagan muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi o‘talganidan keyin — o‘n yil o‘tgach.

Keyingi muhim masala sudlanganlikni muddatidan oldin olib tashlash masalasidir. Jinoyat kodeksiga ko‘ra, jazoni o‘tab chiqqan shaxs yoki vakilining iltimosnomasiga ko‘ra sud yuqorida qayd etilgan muddatlarning kamida yarmini o‘tganidan keyin uning sudlanganligini
olib tashlashi mumkin.

Jinoyat kodeksining 178-184, 185-1852, 189-192-moddalarida nazarda tutilgan jinoyatlar uchun hukm qilingan shaxslarning sudlanganligi jazo muddatlarining kamida to‘rtdan bir qismini o‘tganidan keyin olib tashlanishi mumkinligi belgilangan.

Bundan tashqari, qonunchiligimizda o‘n besh yil va undan ortiq muddat jazoni o‘tab chiqqan shaxslar hamda o‘ta xavfli retsidivistlar jazoni o‘tab chiqqanidan keyin o‘n besh yil mobaynida yangi jinoyat sodir etmasalar, sud ularning sudlanganligini olib tashlashi mumkinligi belgilangan.

Sudlanganlikni muddatidan ilgari olib tashlash to‘g‘risidagi iltimosnoma sudlangan shaxs, himoyachisi yoki qonuniy vakilining yoxud jamoat birlashmasi tomonidan jazoni o‘tab chiqqan shaxsning yashash joyidagi jinoyat ishlari bo‘yicha tuman (shahar) sudiga berilishi
mumkin.

Sudlanganlik holatlari quyidagi maqsadlar uchun xizmat qiladi:

  • ko‘p hollarda jazoni o‘tab chiqqan shaxslarni jazoni o‘tab bo‘lganidan keyin ham tarbiyalash choralarini davom ettirishga imkon beradi;
  • jazoni o‘tash vaqtida to‘g‘ri yo‘lga o‘tib olmagan shaxslarni jazoni o‘tab bo‘lganidan keyin ham nazorat qilish va shu yo‘l bilan halol mehnat yo‘liga o‘tib olishiga yordam berishga sharoit yaratadi;
  • jazodan ozod bo‘lgan shaxs ishga joylashishi va turmushini tiklab olishi uchun davlat yoki jamoatchilik yordamidan foydalanishiga imkon yaratadi;
  • shaxs yangi jinoyat sodir qilsa, uning uchun qanday og‘ir oqibatlar kelib chiqishini bilganligi uchun ham jinoyat sodir qilib qo‘yishdan o‘zini tiyadi. Bu holatlar esa sudlanganlik institutining huquqiy ahamiyatini ko‘rsatib beradi6.

Avazbek MAZAIDOV,
Farg‘ona davlat universiteti yurisprudensiya yo‘nalishi
3-bosqich talabasi

 

1 https://lex.uz/docs/111453.

2 Jinoyat huquqi. (Umumiy qism) Yuridik texnikum o‘quvchilari uchun darslik. Mas’ul muharrir: yu.f.f.d (PhD) X.Ochilov – T.: Adolat nashriyoti, 2020. 214-b.

3 https://lex.uz/uz/docs/2793078.

4 https://lex.uz/docs/2793078.

5 https://lex.uz/docs/2793078.

4 https://lex.uz/docs/2793078.

5 https://lex.uz/docs/2793078.

6 Jinoyat huquqi. (Umumiy qism) Yuridik texnikum o‘quvchilari uchun darslik. Mas’ul muharrir: y.f.f.d (PhD) X.Ochilov – T.: Adolat nashriyoti, 2020. 215-b.

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here