HomeHuquqiy masalalarTavbasiga tayanmagan yoshlar

Tavbasiga tayanmagan yoshlar

Afsuski, mehnatga bo‘yni yor bermaydigan ba’zi odamlar, ayniqsa ayrim noqobil yoshlar o‘zgalarning mulkini qo‘lga kiritib, mo‘may pul topishni o‘zlariga kasb qilib olishmoqda. Lekin ular tekin pishloq faqatgina qopqonda bo‘lishini sudning qora kursisida o‘tirganlaridagina anglab yetishyapti.

Qo‘qon shahrida yashovchi Jamshid Qamariddinov, Saidnozim Yahyoyev va Azizjon Salimov(ism-familiyalar o‘zgartirilgan)lar shu ko‘yga tushib qolishdi. Ya’ni muqaddam o‘g‘irlik va talonchilik jinoyatini sodir etishgani bois qonuniy jazoga tortilgan bo‘lishsa-da, ko‘zlari ochilmagan ekan.

Gap shundaki, 2023-yil 10-noyabr kuni soat 11:00larda Jamshid, Saidnozim va Azizjon shaharning Sarbon ko‘chasida joylashgan, Qo‘qon davlat pedagogika institutiga qarashli stadionga kelishadi. Bu paytda bir nechta o‘g‘il-qizlar – talabalar stadion chetidagi stol ustiga kiyimlari, sumka hamda buyumlarini qo‘yib, sport bilan shug‘ullanishayotgandi. Binobarin, S.Yahyoyev ularni mashg‘ulot bilan chalg‘iganidan foydalanib, S.Ibrohimovaning 3 mln so‘mlik “Xonor-6” rusumli, A.Abdullayevga tegishli 2 mln so‘mlik “Infinix” rusumli telefonlarni o‘g‘irlab chiqadi. So‘ng J.Qamariddinov undan o‘g‘irlangan telefonlarni olib sotib yuboradi. Pulini esa jinoiy sheriklariga bermay, o‘zining ehtiyojlari uchun sarflaydi.

Shu kuni voyaga yetmagan Azizjon Salimov ikkinchi marotaba o‘g‘irlikka qo‘l uradi. Ya’ni Saidnozim va Jamshidga indamasdan stadionning boshqa tarafida  mashg‘ulot o‘tayotgan talaba K.Sharofiddinovning 2,5 million so‘mlik “Redmi-12” rusumli telefonini o‘g‘irlab, pullaydi.

Oradan 2 kun o‘tgach, A.Salimov o‘g‘irlikni davom ettiradi. Aniqrog‘i, Qo‘qon shahrining Davronbek ko‘chasida joylashgan, tadbirkor B.Qayumovning savdo do‘konidan baxosi 1.200.000 so‘mlik avtomashina rulini o‘g‘irlab, noma’lum shaxsga 150 ming so‘mga sotadi. Tabiiyki, xaridorga o‘g‘irlangan mol ekanini aytmaydi.

Keyin J.Qamariddinov firibgarlik qilishni boshlaydi. Aniqlanishicha, 2023-yil 10-dekabr kuni u ko‘chada voyaga yetmagan Sh.Valiyevga murojaat qiladi. “Uka, telefoningni berib tur, bir tanishim bilan gaplashib olay”, – deydi. Yigitcha esa “Xo‘p” deb bosh irg‘ab, uning qo‘liga narxi 4 mln so‘mlik “Iphone 11 pro” rusumli telefonini tutqazadi. Shunda “qahramon”imiz go‘yoki qo‘ng‘iroq qilib gaplashayotgandek tutadi o‘zini. Biroq telefon sohibi chalg‘iganidan foydalanib, voqea joyidan g‘oyib bo‘ladi. Keyin telefon apparatini sotib, pulini hamyoniga uradi. Qarasaki, bunday usulda pul topilishi chakki emas. Shu bois har ikki-uch kunda bu ishni takrorlayveradi. Oqibatda 2023-yil 14-dekabrdan 21-dekabrgacha Sh.Valiyevdan tashqari M.Nosirjonovning “Redmi not 9” rusumli, narxi 2,5 mln so‘mlik, O.Vohidovga tegishli narxi 1,2 mln so‘mlik “Iphone 7” rusumli, J.Masobirovning “Samsung” rusumli, bahosi 1,8 mln so‘mlik telefon apparatlarini qo‘ng‘iroq qilib olish bahonasida olib, aldab, chalg‘itib qo‘lga kiritadi. So‘ng sotib, kayfu safo qiladi.

Lekin ko‘p o‘tmay, qing‘ir ishning qiyig‘i chiqadi. O‘g‘ri yigitlar qo‘lga olinadi. Negaki pedagogika instituti talabalari va boshqa jabrlanuvchilarning murojaatiga binoan, huquqni muhofaza qiluvchi idoralar xodimlari ularning iziga tushishadi. Binobarin, tilga olingan holatlar bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atiladi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘qon shahar sudi esa uch yigitni Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan aybdor deb topib, qonuniy jazoga mahkum etdi.

Shu o‘rinda bir mulohaza. Ayni paytda 20 yoshli Jamshid oxirgi 3 yil mobaynida oz emas, naq 4 marotaba, 17 bahorni ko‘rgan Saidnozim 2 marta, voyaga yetmagan – 14 yoshli Azizjon esa 1 marotaba sudlanishga “ulgurgan”. Ammo avvalgi jazolardan ularning ko‘zi ochilmagan. Hatto J.Qamariddinov va S.Yahyoyev hali jazo o‘tayotgan mahali yangi jinoyatga qo‘l urishadi. A.Salimov esa avvalroq sodir etgan talonchilik va o‘g‘irligi uchun bir haftadan keyinoq qo‘lga olingan edi. Binobarin, sud hukmida sudlanuvchilarga muqaddam tayinlangan jazolar ham inobatga olindi.

 Nodirjon KIMSANOV,

jinoyat ishlari bo‘yicha Qo‘qon

shahar sudining sudyasi

Aloqador maqolalar

Ko‘p o‘qilgan

Mutolaa

2024-yil noyabr soni