HomeHuquqiy masalalarTaftish tartibi adolatli sud qarorlari qabul qilinishini ta’minlaydi

Taftish tartibi adolatli sud qarorlari qabul qilinishini ta’minlaydi

Bugun mamlakatimizda “Yangi O‘zbekiston – yangi sud” tamoyili asosida keng ko‘lamli sud-huquq islohotlari amalga oshirilmoqda. Yakunlangan yilning 25-dekabr kuni “Sud qarorlarining qonuniyligi va asosliligini tekshirish tartibi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonunining qabul qilinishi ham tizimdagi yangilanishlarning mantiqiy davomi bo‘ldi.

Ta’kidlash joizki, mazkur qonun bilan kodeksga “Sud hujjatlarini taftish tartibida qayta ko‘rish bo‘yicha ish yuritish” deb nomlangan 28-bob bilan to‘ldirildi. Yangi bob kodeksning 249-26612-moddalarini o‘z ichiga oladi.

Jumladan, 249-moddaga asosan, tumanlararo ma’muriy sudlarning, hududiy harbiy sudlarning qonuniy kuchga kirgan, apellyasiya yoki kassatsiya tartibida ko‘rilgan ishlar bo‘yicha hal qiluv qarori, ajrimi, qarori, shuningdek apellyatsiya yoki kassatsiya instansiyasi sudining qarori, ajrimi ustidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudiga, viloyatlar va Toshkent shahar ma’muriy sudlariga, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudiga taftish tartibida shikoyat qilinishi (protest keltirilishi) mumkin.

Kodeksning 251-moddasida esa taftish tartibidagi shikoyat (protest) ishni taftish tartibida ko‘radigan Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudi, viloyatlar va Toshkent shahar ma’muriy sudlari, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi nomiga yo‘llanishi, lekin hal qiluv qarorini qabul qilgan sudga berilishi belgilangan. Hal qiluv qarorini qabul qilgan sud shikoyat (protest) kelib tushgan kundan e’tiboran besh kunlik muddatda uni ishni taftish tartibida ko‘radigan sudga ish bilan birga yuborishi shart.

Shuningdek, kodeksning 260-moddasida ishni talab qilib olish asoslari qayd etilgan. Ya’ni O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining raisi va uning o‘rinbosarlari, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining sudyasi taftish tartibidagi shikoyat (protest) bo‘yicha ishni tegishli suddan talab qilib olishga haqli.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori va uning o‘rinbosarlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar prokurorlari va ularning o‘rinbosarlari ushbu kodeks 249-moddasi birinchi qismining ikkinchi xatboshisida ko‘rsatilgan shaxslarning murojaati mavjud bo‘lgan taqdirda yoki prokuror ishtirokida ko‘rilgan ishlar bo‘yicha taftish tartibida protest kiritish masalasini hal etish uchun tegishli suddan ishni o‘z vakolatlari doirasida talab qilib olishga haqli. O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining sudyasi taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) unga ilova qilingan materiallar bilan birga, zarur bo‘lgan taqdirda esa ishni talab qilib olgan holda o‘rganadi.

Bundan tashqari, 264 va 265-moddalarda ham e’tiborga molik qoidalar – taftish tartibidagi shikoyat (protest) yuzasidan yozma fikr bildirish hamda shu holat bo‘yicha sud hujjatlarining ijrosini to‘xtatib turish tartibi o‘z aksini topgan. Ularga muvofiq, ishda ishtirok etuvchi shaxs taftish tartibidagi shikoyatning (protestning) ko‘chirma nusxalarini olgach, uning yuzasidan yozma fikrini hamda yozma fikrning ko‘chirma nusxalari ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarga yuborilganligini tasdiqlovchi hujjatlarni yozma fikr taftish tartibidagi shikoyat (protest) ko‘rib chiqiladigan kunga qadar yetib borishini ta’minlaydigan muddatda sudga yuborishga haqli.

Taftish tartibidagi shikoyat (protest) yuzasidan yozma fikr ishda ishtirok etuvchi shaxs yoki uning vakili tomonidan imzolanadi. Vakil tomonidan imzolangan yozma fikrga uning ishni yuritishga bo‘lgan vakolatini tasdiqlovchi ishonchnoma ilova qilinadi. Ishni taftish tartibida ko‘rayotgan sud (sudya) ishda ishtirok etuvchi shaxslarning iltimosnomasiga ko‘ra, sud hujjatining ijrosini taftish tartibida ish yuritish tamomlanguniga qadar to‘xtatib turishga haqli.

Sudya taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) ish yuritishga qabul qilish to‘g‘risidagi ajrimda sud hujjatining ijrosini to‘xtatib turish to‘g‘risida yoki uning ijrosini to‘xtatib turish rad etilishi haqida ko‘rsatadi.

Albatta, sudda ishlarni ko‘rishda uning muddatlari muhim ahamiyatga ega. Shu ma’noda aytganda, taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) ko‘rish muddatlari xususida kodeksning 2663-moddasida so‘z borgan. Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudi, viloyatlar va Toshkent shahar ma’muriy sudlari, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy sudi tomonidan taftish tartibidagi shikoyat (protest) taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) ish yuritishga qabul qilish to‘g‘risidagi ajrim chiqarilgan kundan e’tiboran bir oydan ortiq bo‘lmagan muddatda ko‘rib chiqiladi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Ma’muriy ishlar bo‘yicha sudlov hay’ati tomonidan taftish tartibidagi shikoyat (protest) u ko‘rib chiqish uchun o‘tkazilgan kundan e’tiboran bir oydan ortiq bo‘lmagan muddatda ko‘rib chiqiladi. Alohida hollarda, taftish tartibidagi shikoyatni (protestni) ko‘rib chiqish muddati ishni ko‘rayotgan sudlov hay’ati tomonidan ko‘pi bilan bir oyga uzaytirilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Rayosatiga kelib tushgan taftish tartibidagi protest u O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining Rayosatiga kelib tushgan kundan e’tiboran ikki oydan kechiktirmay ko‘rilishi kerak.

Sherzod MIRZAHAKIMOV,

Farg‘ona viloyat ma’muriy sudining sudyasi

Aloqador maqolalar

Ko‘p o‘qilgan

Mutolaa