Xusiylar xalqaro alyans hujumlarni to’xtatmasligini aytdi.
AQSh Qizil dengizda Yamanning xusiy jangarilari tahdidiga qarshi kurashish uchun xalqaro koalitsiya tuzmoqda. Pentagon rahbari Lloyd Ostin 43 davlat, Yevropa Ittifoqi va NATO vakillari bilan muzokaralar o‘tkazdi. Shuningdek, u Qizil dengizda tijoriy yuk tashish xavfsizligini ta’minlash uchun “Prosperity Guardian” operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi. Departamentning bayonotida aytilishicha, Buyuk Britaniya, Bahrayn, Kanada, Fransiya, Italiya, Niderlandiya, Norvegiya, Seyshel orollari va Ispaniya ushbu operatsiyada ishtirok etmoqda.
AP agentligi Pentagondagi manbaga tayanib xabar berishicha, yangi missiya doirasida harbiy kemalar aniq bir kemaga hamroh bo‘lishi shart emas, balki kerakli vaqtda himoyani ta’minlay oladi.
Xusiylar vakili Muhammad Abdel-Salom AQSh boshchiligidagi koalitsiya Isroil bilan bog‘liq kemalarga hujumlarni to‘xtatmasligini va yamanlik isyonchilar G‘azo sektoridagi Falastin xalqini qo‘llab-quvvatlashda davom etishini, chunki “Isroil tajovuzkor va adolatsiz urush olib bormoqda”, deb aytdi.