HomeMaqolalarJinoyat protsessi ishtirokchisiga odatdagi mashg‘ulotdan chalg‘itilganlik uchun haq to‘lash

Jinoyat protsessi ishtirokchisiga odatdagi mashg‘ulotdan chalg‘itilganlik uchun haq to‘lash

O‘zbekistonda “Inson qadri uchun” tamoyili asosida xalq farovonligini oshirish, shaxsning mulkiy huquqlari daxlsizligini ishonchli himoya qilish, inson huquqlari va manfaatlarini so‘zsiz ta’minlash masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Jinoyat-protsessual qonunchilikka muvofiq fuqarolar tergov va sud organlariga jabrlanuvchi yoki uning vakili, guvoh, xolis sifatida chaqirilishi mumkin. Bu shaxslar doimiy ish haqi olmaydigan bo‘lsalar, protsessual harakatlar o‘tkaziladigan joyga chaqirilishi oqibatida kundalik mashg‘ulotidan chalg‘itilganliklari uchun tovon puli tariqasida haq undirish huquqiga egadirlar.

Benefitsiar1 shakldagi protsessual xarajatlarning ushbu turi Jinoyat-protsessual kodeksining 318-moddasi 2-bandida “doimiy ish haqi olmaydigan jabrlanuvchilarga va ularning vakillariga, guvohlarga, xolislarga ularni odatdagi mashg‘ulotidan chalg‘itganlik uchun to‘lanadigan summa” mazmunida tartibga solingan. Moddaning ikkinchi qismida mazkur summani surishtiruvchining, tergovchining, prokurorning qarori yoki sudning ajrimiga muvofiq budjet mablag‘i hisobidan to‘lash umumiy tarzda belgilangan. Jinoyat-protsessual kodeksi hamda hech bir qonunosti hujjatda protsessual xarajatlarning ushbu turini to‘lash mexanizmini aniqlashtiradigan boshqa norma uchramaydi. Bu esa doimiy ish haqi olmaydigan hamda odatdagi mashg‘ulotidan chalg‘itilgan protsess ishtirokchisiga haqni to‘lash tartibi va mexanizmlarini chuqurroq tadqiq etishga undaydi.

Yuridik tabiatiga ko‘ra, protsessual xarajatlarning mazkur turi xolis tariqasida jalb etilgan shaxslarning huquqlarini jamiyat manfaatlariga doir harakatlarni amalga oshirgani uchun mehnat qonunchiligi normalari asosida muhofaza etishni nazarda tutadi. Tuzilishi jihatidan esa jinoyat-protsessual, mehnat, fuqarolik hamda moliya qonunchiligi elementlaridan iborat bo‘lgan murakkab normalardan hisoblanadi. Buni xarajatlarning ushbu turini o‘rganish jarayonida yuzaga kelgan quyidagi savol(masala)lar ham tasdiqlaydi:

Kimlar doimiy ish haqi olmaydigan fuqarolar hisoblanadi?

Doimiy ish haqi olmaydigan shaxsning qachon odatdagi mashg‘ulotidan chalg‘itilgan deb hisoblanadi?

Ishlamaydigan hamda odatdagi mashg‘ulotidan chalg‘itilgan shaxsga protsessual xarajat tariqasida to‘lanadigan summaning miqdori qanday asoslar va mezonlar bo‘yicha hisoblanadi?

Bizningcha, aynan ushbu savollarga aniqlik kiritish orqali doimiy ish haqi olmaydigan jinoyat protsessi ishtirokchilariga ularni odatdagi mashg‘ulotidan chalg‘itganlik uchun to‘lanadigan xarajatni qoplashning optimal mexanizmini shakllantirish maqsadga muvofiq hisoblanadi.

Doimiy ish haqi olmaydigan fuqarolar toifasiga kiruvchi shaxslar doirasini aniqlashdan avval “ish haqi” tushunchasiga e’tiborni qaratish lozim bo‘ladi. “Ish” va “haq” so‘zlarining birikmasidan shakllangan ushbu tushuncha lug‘aviy ma’nosiga ko‘ra bir-birini to‘ldiruvchi xususiyatga ega. Xususan, “ish” so‘zi tilshunoslikda ko‘p izohlangan.

Ular orasida muhokama qilanayotgan normaga mazmunan eng yaqin bo‘lganlari:

– inson faoliyati bilan bog‘liq, uning mehnati bilan amalga oshiriladigan, bajariladigan ish;

– ma’lum haq, evaz hisobiga qilinadigan ish.

“Haq” so‘zi bo‘lsa (arabcha – to‘g‘ri, rost, chin, haqqoniy; huquq, adolat so‘zlaridan olingan) mazmuniga ko‘ra:

– biror narsa, harakat uchun qonuniy bo‘lgan talab;

– ish, mehnat, xizmat evaziga to‘lanadigan, olinadigan pul yoki boshqa narsadir.

Yuridik manbalardagi “ish haqi” tushunchasiga berilgan ta’riflar ham uning yuqoridagi mazmuniga muvofiq keladi. Misol sifatida mehnatga pul shaklida to‘lanadigan haq, qiymatning o‘zgargan shakli, ish kuchi (taqdim etilgan xizmati)ning bahosi2 yoki xodimning ishlagan davri va bajargan ishi uchun beriladigan haq degan qoidalarni keltirsa bo‘ladi. Shu asosda ish haqi deganda fuqaroning mehnat shartnomasi asosida korxona, tashkilot yoki muassasada mehnat qilishi yohud ish beruvchi bilan o‘zaro kelishuviga muvofiq bajargan ishi evaziga to‘lanadigan maosh tushuniladi.

“Ish haqi” tushunchasining lug‘aviy hamda yuridik ta’riflari asosida “doimiy ish haqi olmaydigan shaxs” jumlasini mazmunan ikki xil tushunish mumkin. Birinchisi, mehnat tashkilotida ishlaydigan, lekin doimiy ish haqi olmaydigan shaxs; ikkinchisi, doimiy ish haqi to‘lanadigan ish o‘rniga ega bo‘lmagan shaxs. Bizningcha, yuqoridagilardan ikkinchi talqin muhokama qilinayotgan masalaga mos hisoblanadi.

Mehnat qonunchiligida bevosita “doimiy ish haqi olmaydigan shaxs” tushunchasiga berilgan
ta’rif uchramaydi. Biroq “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi qonunda (2020-yil 20-oktabr) “band bo‘lmagan aholi (band bo‘lmagan shaxslar) – haq to‘lanadigan ishga yoki ish haqi (mehnat daromadi) keltiradigan mashg‘ulotga ega bo‘lmagan shaxslar” yoki “ish qidirayotgan shaxs – ishga joylashishda ko‘mak olish uchun mahalliy mehnat organlariga murojaat qilgan va u yerda ish qidirayotgan shaxs sifatida ro‘yxatga olingan shaxs” degan ta’riflar qisman muhokama etilayotgan masalaning mohiyatini ochib berishi mumkin.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, doimiy ish haqi olmaydigan shaxslar deganda o‘n olti yoshdan to pensiya ta’minoti huquqini olish yoshigacha bo‘lgan, ish beruvchi tomonidan haq to‘lanadigan ishga ega bo‘lmagan mehnatga layoqatli shaxslarni tushunish tavsiya etiladi.

Odatdagi mashg‘ulot turining shakli qanday va qay holatda undan chalg‘itilgan deb hisoblanadi? 

Ushbu masalani oydinlashtirishda “odatdagi mashg‘ulot” so‘zlarining tahlili muhim ahamiyat
kasb etadi. Lug‘aviy ma’nosiga ko‘ra, “odat” so‘zi (arabcha – udum, taomil, o‘rganish, malaka so‘zlaridan olingan) o‘rganish bo‘lib qolgan harakat, qiliq ma’nosida, “mashg‘ulot” so‘zining o‘zagi hisoblanadigan “mashg‘ul” so‘zi esa (arabcha – ishi ko‘p, ish bilan band so‘zlaridan olingan) biror ish bilan shug‘ullanayotgan shaxs ma’nosida keladi. Odatdagi mashg‘ulot jumlasining so‘zma-so‘z talqini shaxs tomonidan har doim, muntazam amalga oshiriladigan, takrorlanadigan harakat, ish mazmunini beradi. Biroq bu shaxsning bo‘sh vaqtini o‘tkazishga odatlangan har qanday harakati uchun haq to‘lanishini anglatmaydi. Chunonchi, kun davomida kompyuter o‘yinlari yoki qimor bilan mashg‘ul bo‘ladigan jabrlanuvchiga uni odatdagi mashg‘ulotidan chalg‘itganlik uchun haq to‘lab berish mantiqqa ham, huquqqa ham to‘g‘ri kelmasa kerak.

Bizningcha, Jinoyat-protsessual kodeksining 318-moddasi 2-bandiga muvofiq haq to‘lanadigan odatdagi mashg‘ulot turi albatta ijtimoiy foydali hamda qonunchilik bilan taqiqlanmagan bo‘lishi shart. Shu asosda jinoyat ishida guvoh sifatida chaqirilgan ayol kishi (uy bekasi) tomonidan bajariladigan ro‘zg‘or yumushlari bevosita moddiy daromad keltirmasa-da, oila a’zolarining faol mehnat bilan shug‘ullanishi uchun qulay sharoit yaratishga xizmat qilishi tufayli, uning odatdagi mashg‘ulotini ijtimoiy foydali va manfaatli ish sifatida baholasa bo‘ladi. Garchi, qonunchilikda ijtimoiy foydali mashg‘ulotlarning doirasi chegaralab qo‘yilmagan bo‘lsa-da, O‘zbekiston Prezidentining “Tadbirkorlik faoliyati va o‘zini o‘zi band qilishni davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 4742-qarori (2020-yil 8-iyun)da eng ommabop mashg‘ulotlar sanab o‘tilgan. Ya’ni, unda tadbirkor sifatida ro‘yxatga olinmagan va shaxsiy mehnatga doir ishtirokiga asoslangan, ish haqini (mehnat daromadini) olishga qaratilgan jami 80 ta faoliyat (ishlar, xizmatlar) turining ro‘yxati belgilangan. Ular orasida uy xo‘jaligini yuritish va uy ishlarini bajarishdan boshlab, dasturiy ta’minot, axborot tizimlari, mobil ilovalar va veb-saytlarni ishlab chiqish va texnik qo‘llab-quvvatlash (AT mutaxassisi) singari zamonaviy xizmat turlarini ham uchratish mumkin. Belgilangan tartibga ko‘ra, ro‘yxatdagi faoliyatdan biri bilan mashg‘ul bo‘lib, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga yollanma xodimlar mehnatidan foydalanish, shuningdek ish beruvchiga ega bo‘lish taqiqlangan. Eng e’tiborlisi, ularning o‘zi tanlagan ish turi bilan shug‘ullanish vaqti hamda ish hajmini belgilash erkinligiga egaligi mehnati natijasida oladigan ish haqi(daromadi)ning barqarorligiga ham ta’sir ko‘rsatadi.

Shu boisdan o‘zini o‘zi band qilgan shaxs maqomiga ega bo‘lgan protsess ishtirokchilarini doimiy ish haqi oladigan shaxslar toifasiga kiritib bo‘lmaydi. Ammo bu odatdagi mashg‘ulotidan chalg‘itganlik uchun to‘lanadigan haqni faqat ushbu ro‘yxatda keltirilgan mashg‘ulotlar bilan mashg‘ul bo‘lgan protsess ishtirokchilariga to‘lab berish lozim degan xulosani bermaydi. Bizningcha, ulardan faqat protsess ishtirokchisi hisoblangan shaxs odatda shug‘ullanishi mumkin bo‘lgan mashg‘ulotning tavsiyaviy turlari sifatida foydalansa bo‘ladi.

Shuni nazarda tutgan holda, Jinoyat-protsessual kodeksining 318-moddasi 2-bandida nazarda tutilgan, ya’ni doimiy ish haqi olmaydigan shaxsning odatdagi mashg‘ulotdan chalg‘itganlik uchun mablag‘ to‘lashga asos bo‘ladigan faoliyat turlariga yuqorida qayd etilgan, shuningdek unda nazarda tutilmagan bo‘lsa-da, qonunchilikda taqiqlanmagan har qanday ijtimoiy foydali ishlarni kiritsa bo‘ladi. Muhimi, ushbu faoliyat turi ijtimoiy foydali, ya’ni, natijasi o‘ziga hamda boshqalarga (bevosita yoki bilvosita) moddiy yoxud ma’naviy manfaat keltiradigan mashg‘ulot hisoblanishi lozim.

Shu bilan birga, jabrlanuvchi va uning vakili, guvoh yoki xolis sifatida jinoyat protsessiga jalb etilib, protsessual harakatlarda ishtirok etish davomida doimiy faoliyati bilan shug‘ullana olmasa odatdagi mashg‘ulotidan chalg‘itilgan hisoblanadi. Unga odatdagi mashg‘ulotdan chalg‘itilgan vaqti uchun kompensatsiya to‘lash uchun asos yuzaga keladi.

Mavzu doirasida hal etilishi lozim bo‘lgan eng muhim savollardan biri ishlamaydigan hamda odatdagi mashg‘ulotidan chalg‘itilgan shaxsga to‘lanadigan summaning miqdori bilan bog‘liq.

Chunki ushbu masala protsessual xarajatlarning mazkur turini qoplash mexanizmini aniqlashtirishdagi eng muammoli jihatlardan hisoblanadi.

Negaki, mehnat qonunchiligi yoki boshqa qonun hujjatlarida odatdagi mashg‘ulotidan chalg‘itilgan shaxsga to‘lanadigan summaning miqdorini hisoblash asoslari va mezonlariga doir hech bir tartib belgilanmagan. Bu esa doimiy ish haqi olmaydigan va odatdagi mashg‘ulotidan chalg‘itilgan protsess ishtirokchisiga to‘lanadigan summalarni hisoblash mezonlarini aniqlashda qonun analogiyasi3 prinsipiga tayanish zaruratini yuzaga keltiradi.

Aslida, huquq nazariyasida jinoyat va ma’muriy ishlarni yuritishda qonun analogiyasini qo‘llash tavsiya etilmaydi. Biroq protsessual chiqimlarning mazkur turi mehnat hamda fuqarolik huquqi bilan aloqador ekanligi, shuningdek jinoyat protsessida shaxsning mulkiy manfaatlarini himoya qilishini inobatga olib, mazkur muammoni qonun analogiyasi prinsipi yordamida hal etishga to‘g‘ri keladi.

Ma’lumki, Jinoyat-protsessual kodeksining 318-moddasi 2-bandidagi xarajat turini undirish huquqiga ega bo‘ladigan protsess ishtirokchilari doimiy ish haqi olishmaydi, shuningdek odatdagi mashg‘ulotini o‘z ixtiyori va imkoniyatiga ko‘ra amalga oshiradi. Mehnat qonunchiligiga muvofiq bunday toifadagi fuqarolar ishsiz shaxs maqomida e’tirof etiladi4. “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi qonunda (2020-yil 20-oktabr) ishsiz deb e’tirof etilgan shaxslarga ishsizlik nafaqasini differensial miqdorlarda to‘lash tartibga solingan (52-modda). Bunda to‘lanadigan mablag‘ miqdorini fuqaroning avvalgi ish joyidagi o‘rtacha oylik ish haqi bo‘yicha yoki mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori bo‘yicha hisoblash nazarda tutilgan.

Bizningcha, doimiy ish haqi olmaydigan va odatdagi mashg‘ulotidan chalg‘itilgan protsess ishtirokchisiga to‘lanadigan summalarni hisoblash mezonlarini belgilashda ushbu tartibning ayrim qoidalarini inobat olsa bo‘ladi.

Mazkur tartib nega to‘liq inobatga olinmasligining sababi shundaki:

birinchidan, barcha protsess ishtirokchilari ham odatda shug‘ullanadigan mashg‘uloti natijasida bevosita mehnati daromadini olmaydi. Misol uchun, (oilasi) xo‘jaligidagi ro‘zg‘or ishlari bilan band bo‘lgan ayol (uy bekasi) kundalik mashg‘uloti orqali farzandlari tarbiyasi yoki oiladagi mehnatga layoqatsiz shaxslarni parvarishlash orqali boshqa oila a’zolarining samarali mehnat qilishi uchun sharoit yaratadi;

ikkinchidan, ayrim protsess ishtirokchilarining odatdagi mashg‘uloti natijasida topadigan mehnati daromadi doimiy ish o‘rniga bo‘lgan fuqarolar oladigan oylik ish haqi, shuningdek belgilangan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoridan bir necha barobar ko‘p bo‘lishi mumkin. Bunga misol sifatida mustaqil ravishda multimedia, dizayn va san’at materiallarini yaratish va ishlov berish, dasturiy ta’minot, axborot tizimlari, mobil ilovalar va veb-saytlarni ishlab chiqish va texnik qo‘llab-quvvatlash xizmatlari, ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyat (blogerlik, vaynerlik) bilan shug‘ullanadigan shaxslarning o‘rtacha daromadini keltirsa bo‘ladi;

uchinchidan, jinoyat protsessi bo‘yicha jabrlanuvchi va uning vakili, guvoh tariqasida jalb etilgan xorijiy davlat fuqarosi yoki O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan holda xorijiy davlat hududida faoliyat olib boradigan shaxslarga odatdagi mashg‘ulotidan chalg‘itganlik uchun summalarni O‘zbekiston hududida amalda bo‘lgan qiymat birliklarida to‘lab bo‘lmaydi.

Ushbu turdagi protsessual xarajatlarni to‘lashda differensial yondashishning afzalligini N.A.Suxovenko ham tasdiqlab, haqni hisoblash miqdorini:

1) asoslovchi hujjatlar taqdim etilgan taqdirda shaxsning mehnat daromadi yoki amalga oshiradigan ishi uchun oladigan haqining o‘rtacha oylik hajmi;

2) asoslovchi hujjatlar taqdim etilmaganda hududdagi o‘rtacha oylik ish haqiga nisbatan hisoblashni taklif etadi5.

Protsess ishtirokchisining malakasi va ish faoliyati natijalariga asoslanganligi bilan mazkur taklifni qisman ma’qullasa bo‘ladi. Biroq mashg‘uloti natijasida oladigan daromadini asoslovchi hujjatlarni taqdim eta olmagan xorijiy davlat fuqarosi yoki xorijiy davlat hududida faoliyat olib boradigan O‘zbekiston fuqarosiga mamlakatdagi o‘rtacha oylik ish haqi asosida haq to‘lash ularning mulkiy manfaatlariga zid kelishi mumkin. Bundan tashqari, milliy qonunchiligimizda faqat mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori tartibga solinadi, o‘rtacha oylik ish haqi miqdorlari bo‘lsa asosan statistik hisobotlarda qayd etib boriladi.

Shu boisdan jinoyat protsessi ishtirokchisiga odatdagi mashg‘ulotidan chalg‘itganlik uchun to‘lanadigan protsessual xarajatlarni hisoblash mezonlarini shaxsning huquqiy maqomi hamda mashg‘uloti natijasida oladigan mehnat daromadi o‘rnini qoplaydigan miqdordagi differensiallashgan nisbatlarda belgilash taklif etiladi.

Buning uchun doimiy ish haqi olmaydigan jabrlanuvchilarga va ularning vakillariga, guvohlarga, xolislarga ularni jinoyat protsessiga jalb etilishi oqibatida odatdagi mashg‘ulotidan chalg‘itganlik uchun to‘lanadigan summalarni:

– tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilganda O‘zbekiston, shuningdek xorijiy davlatlar fuqarolariga – odatdagi mashg‘uloti evaziga topadigan o‘rtacha oylik daromadining miqdorlari;

tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilmaganda:

a) O‘zbekiston fuqarolariga – amaldagi mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori;

b) xorijiy davlatlar fuqarolari, shuningdek xorijiy davlat hududida faoliyat olib boradigan O‘zbekiston fuqarolariga – tegishli davlat hududida amal qiladigan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdoriga nisbatan hisoblash taklif etiladi.

Bunda to‘lovning aniq miqdori aniqlangan o‘rtacha oylik mehnat daromadi yoki belgilangan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori summasini ish soatlariga bo‘lib, majburiyatlar bajarilgan vaqt(soat)ga ko‘paytirish orqali aniqlanadi.

Xulosa qilib aytganda, doimiy ish haqi olmaydigan jinoyat protsessi ishtirokchilariga ularni odatdagi mashg‘ulotidan chalg‘itganlik uchun haq to‘lash tartibiga oid normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqishda yuqoridagi tavsiyalarning joriy etilishi fuqarolarning konstitutsiyaviy huquq va erkinliklarini ishonchli muhofaza qilishga hissa qo‘shadi. Shuningdek, jinoyat protsessidagi mulkiy manfaatlarini kafolatlash bilan birga, protsessual xarajatlarning ushbu turini to‘lashning optimal mexanizmlarini shakllantirishga xizmat qiladi.

Abdulla SULTONOV,
IIV akademiyasi Jinoyat-protsessual huquqi
kafedrasi tadqiqotchisi, yuridik fanlar bo‘yicha
falsafa doktori(PhD), dotsent

 

1. “Бенефициар” атамаси (французча benefice – фойда, даромад) – белгиланган пул тўлови, пулни олувчи шахс, фойда, даромад, кирим маъноларини англатади.

2 https://qomus.info/encyclopedia/cat-i/ish-haqi-uz.

3 Сайдуллаев Ш. Давлат ва ҳуқуқ назарияси. Дарслик. –Тошкент: ТДЮУ, 2018.–220-б.;

4 Ўн олти ёшдан то пенсия таъминоти ҳуқуқини олиш ёшигача бўлган, ҳақ тўланадиган ишга ёки иш ҳақи (меҳнат даромади) келтирадиган машғулотга эга бўлмаган, иш қидираётган ва иш таклиф этилса унга киришишга тайёр бўлган ёхуд касбга тайёрлашдан, қайта тайёрлашдан ўтишга ёки малакасини оширишга тайёр бўлган, ишга жойлашишда кўмак олиш учун маҳаллий меҳнат органларига мурожаат қилган ва ушбу органлар томонидан иш қидираётган шахслар сифатида рўйхатга олинган меҳнатга лаёқатли шахслар (бундан таълим муассасаларида таълим олаётганлар мустасно) ишсизлар деб эътироф этилади (Ўзбекистон Республикасининг “Аҳоли бандлиги тўғрисида”ги 642-қонунининг, 44-моддаси)

5 Н.А. Суховенко // Актуальные проблемы уголовного процесса и криминалистики при раскрытии и расследовании преступлений: респ. науч.-практ. конф., Минск, 15 нояб. 2013 г.: тез. докл. / Акад. М-ва внутр. дел Респ. Беларусь; редкол.: В.Ф. Ермо

Aloqador maqolalar

Ko‘p o‘qilgan

Mutolaa