Abduaziz Isaqulov 1997-yili Toshkent shahrida tug‘ilgan. Toshkent davlat yuridik universitetida bakalavr bosqichini tugatgan. So‘ng Amerika Qo‘shma Shtatlarida xalqaro huquq sohasida ta’lim olgan. Xalqaro huquq sohasida ishlagan. U bilan ta’lim, ilmiy ish va boshqa mavzularda suhbatlashdik.
– Toshkent davlat yuridik universitetining bakalavr bosqichini tugatib, xalqaro huquqiy nizolarni hal etish yo‘nalishida Amerikaning Nyu-York shahridagi Fordham universitetining magistraturasida o‘qigansiz. U yerda qiynalmadingizmi? Har holda Amerika huquq sohasida juda ilgarilab ketgan.
– Albatta, AQSh va O‘zbekiston huquqiy tizimilari bir-biridan tubdan farq qiladi. Ya’ni AQSh huquq tizimi umumiy huquq (common law) bo‘lib, u yerda qonun va qoidalar nafaqat qonun chiqaruvchi yoki ijro etuvchi hokimiyat, balki sud hokimiyati tomonidan ham chiqariladi. Sud qarorlari keyingi sud ishlarini ko‘rib chiqishda pretsedent bo‘lib xizmat qiladi. O‘zbekiston yoshlarining roman-german huquq tizimida ilk yuridik ta’limni olib, AQShda davom ettirishi va huquq normalarini, ayniqsa sud qarorlarni o‘qib, ularning mohiyatini tushunishi qiyin kechadi.
Men Toshkent davlat yuridik universitetida xalqaro huquq yo‘nalishida ta’lim oldim. AQShda magistratura bosqichida asosan xalqaro huquqiy nizolarni hal etish bilan bog‘liq fanlarni o‘rganishni tanladim. Men uchun ularni o‘zlashtirish faqatgina AQSh huquqiga oid fanlarni o‘zlashtirishdan biroz oson kechgan.
– Magistraturani tugatib, avval Nyu-York shahrida yuridik firmada, keyin Germaniya, Shveysariyada ishlagansiz. Amerika yoki Yevropada yirik firmalarda ishlayotgan o‘zbekistonlik iqtisodchilar bilan suhbatlashganman. Lekin huquqiy, demokratik mamlakatlarda yuridik sohada ishlayotgan o‘zbekistonliklar haqida ma’lumot kam.
– Magistraturani bitirganimdan so‘ng “White & Case LLP” xalqaro yuridik firmasining Nyu-Yorkdagi ofisida xalqaro arbitraj sohasida ish boshladim. Ushbu firma AQShda 1901-yilda tashkil topgan. Hozir qirqdan ortiq davlatda ofisi bor. Firma xalqaro huquqning deyarli barcha yo‘nalishlarida xorijiy investorlarga yuridik xizmat ko‘rsatmoqda.
Firmada bir yil tajriba to‘pladim. So‘ng faoliyatimni Germaniyadagi “Clifford & Chance LLP” xalqaro yuridik firmasida davom ettirdim. Bu firma 1987-yilda Buyuk Britaniyada tashkil topgan. Hozir 35 ta davlatda ofisi bor. Shu orada Jeneva shahrida joylashgan Jahon savdo tashkilotida ham malaka oshirish imkoniyatiga ega bo‘ldim.
O‘zbekistonliklar rivojlangan davlatlarda xalqaro huquq sohasida ishlashadi. Ularning ko‘pchiligi boshlang‘ich yuridik ta’limni O‘zbekistonda olgan. Keyin rivojlangan mamlakatlarda magistraturani bitirgan. Endi xalqaro yuridik firma va xalqaro tashkilotlarda ishlashmoqda. Nyu-Yorkda magistratura bosqichida 2019–2020-yillarda o‘qidim. Amerika ta’lim tizimiga moslashish og‘ir kechdi. Chet ellik talaba AQShda yuridik sohada ishlashni niyat qilgan bo‘lsa, undan amerikalik talabalar bilan baravar raqobatlashish talab etiladi.
Ya’ni, agar bir kursda 100 ta talaba ta’lim olayotgan bo‘lsa, universitet tomonidan fanning qiyinlik darajasiga qarab a’lo yoki yaxshi baho olishi mumkin bo‘lgan talabalar soniga cheklov o‘rnatiladi. Aytaylik, 10 yo 15 ta. Bunday cheklov talabalar o‘rtasida haddan tashqari kuchli raqobat muhitini yaratadi. Har bir talaba aynan o‘sha kuchli 10 talik yoki 15 talikka kirish uchun imtihonlarga jiddiy tayyorlanadi. Chunki ish beruvchi yuridik kompaniyalar talabaning baholariga jiddiy e’tibor beradi.
Chet elda yashashni va o‘qishni niyat qilgan talabalar vaqtini to‘g‘ri taqsimlashga odatlanishi kerak. Chunki rivojlangan davlatlarda vaqt juda tez o‘tadi. O‘qishga asosiy e’tibor qaratilmasa havoyi narsalarga chalg‘ib qolish hech gap emas.
Men bilgan chet eldagi o‘zbekistonlik yuristlarning ko‘pchiligi xalqaro arbitraj sohasida faoliyat ko‘rsatadi. Lekin xalqaro moliya huquqi, xalqaro biznes shartnomalari huquqi, xalqaro sport huquqi kabi yo‘nalishda ishlayotgan yurtdoshlarimiz borligidan ham xabardorman.
Oson huquq sohasining o‘zi yo‘q. Buning ustiga begona tilda ish olib borish sohani murakkablashtiradi. Xalqaro arbitraj sohasi qolgan huquqiy sohalardan farqli ravishda, bir qancha huquqiy tizimlar, anglosakson, roman-german va shar’iy huquq normalari hamda milliy va xalqaro huquq normalari haqida chuqur bilimga ega bo‘lishni talab etadi. Ularni to‘g‘ri qo‘llay olish ham muhim.
– Yevropada ishlayapsiz. Ishingiz yaxshi. Moliyaviy ahvolingiz ham yaxshidir. Nega birdan keskin burilish qildingiz: ikki oydan beri Nyu-York shahrida yuridik doktoranturada o‘qiyapsiz?
– Hozir global iqlim o‘zgarishi va energiya resurslari bilan bog‘liq xalqaro huquqiy nizolarni hal etish masalasida ilmiy ish qilayapman.
Markaziy Osiyo energiya resurslariga boy mintaqalardan biri. Resurslarni to‘g‘ri ishlatish bilan bog‘liq nizolarni o‘rganayapman. Mintaqadagi iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq masalalarga xalqaro huquq nuqtayi nazaridan yechim berish ilmiy izlanishimning asosiy maqsadi. Xalqaro yuridik firmalar va xalqaro tashkilotlarda orttirilgan tajribam ushbu masalalarni chuqurroq o‘rganishimga turtki bo‘ldi.
2015-yilda imzolangan Parij bitimi dunyodagi global issiqlikni kamaytirish bo‘yicha ushbu hujjatga qo‘shilgan davlatlarga o‘ziga yarasha majburiyat yuklagan. Bu kabi majburiyatlar keyinchalik davlatlarning investitsiya shartnomalarida o‘z aksini topgan. Ushbu shartnomalar asosida xorijiy investorlar dunyoning deyarli barcha davlatlarida faoliyat ko‘rsatadi. Lekin ular doim ham iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq majburiyatiga rioya qilishmaydi. Bu bunday mojaroli holatlarga samarali huquqiy yechim topishni talab qiladi.
Bu muammolarni huquqiy tahlil qilish bo‘yicha Kolumbiya universiteti qoshida iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq xalqaro nizolarni hal etishni o‘rganish ilmiy markazi va Parijdagi Xalqaro savdo palatasi qoshida Xalqaro tijorat arbitraj sudi ish olib bormoqda.
– Ushbu ilmiy ish o‘zbek yuridik fani uchun yangilik bo‘ladimi?
– Hozirgi kunga qadar o‘zbek yuridik fanida xalqaro nizolarni hal etish sohasi bir qancha hurmatli ustozlar tomonidan tahlil qilingan. Xususan, xalqaro investitsion va tijorat arbitraji kabi masalalar juda keng va chuqur yoritilgan. Aynan iqlim o‘zgarishi va xalqaro energetika sohasidagi nizolarni hal etish yo‘nalishi qaysidir ma’noda yuqorida eslab o‘tilgan sohalarning mantiqiy davomi hisoblanadi.
– Xalqaro arbitraj sohasidagi ilmiy ishingiz O‘zbekiston uchun ham dolzarb ekan. Markaziy Osiyo davlatlari hozir suv tanqisligiga duch kelmoqda. Kelajakda suv taqchilligi yana ko‘p muammolarni tug‘dirishi mumkin. Buning yechmi bormi?
– Bilasizki, hozir Afg‘onistonda qurilishi boshlangan Qo‘shtepa kanali Markaziy Osiyodagi qishloq xo‘jaligi, shu jumladan iqlim o‘zgarishi bilan bog‘liq muammolarga katta ta’sir ko‘rsatishi kutilayapti. Bu kabi transchegaraviy suvlardan foydalanish muammosi nafaqat Afg‘oniston, balki Qirg‘iziston va Tojikistonda ham mavjud.
Bu kabi muammolarni hal etishda diplomatiya va xalqaro huquqning o‘rni muhim. Albatta, nizolarni kuch ishlatmasdan hal etish uchun xalqaro arbitraj yoki mediatsiya kabi mexanizmlar bor. Qo‘shtepa kanaliga kelsak, Afg‘oniston mintaqadagi transchegaraviy suvlardan foydalanish bo‘yicha hech qanday mintaqaviy yoki xalqaro shartnomani imzolamagan.
Amudaryo suvini taqsimlash bo‘yicha ilk shartnoma SSSR davriga to‘g‘ri kelib, unda daryo suvi Tojikiston, O‘zbekiston, Turkmaniston va Qirg‘iziston o‘rtasida bo‘lingan edi. Bu respublikalar mustaqillikka erishganidan keyin 1992-yilda Olmaotada Amudaryo suvidan foydalanish bo‘yicha mintaqaviy shartnoma imzolangan. Unda ham Afg‘onistonning Amudaryo suvidan foydalanish huquqi nazarda tutilmagan.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2023-yil 15-sentabr kuni Tojikiston poytaxti Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining beshinchi maslahat uchrashuvida Qo‘shtepa kanali masalasiga to‘xtaldi. Mintaqada suvdan foydalanish jarayonida Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hech qanday majburiyat asosida bog‘lanmagan yangi ishtirokchi paydo bo‘lganini qayd etdi. Kanalning ishga tushirilishi Markaziy Osiyodagi suvdan foydalanish tartibi va muvozanatini tubdan o‘zgartirib yuborishi mumkinligini ta’kidladi. Afg‘oniston vakillarini suv resurslaridan birgalikda foydalanish bo‘yicha mintaqaviy muloqotga jalb etishni taklif qildi.
Shuni alohida ta’kidlash kerakki, nizolarni xalqaro arbitraj yordamida hal etish uchun avvalo bunga davlatlarning roziligi kerak. Odatda bu kabi rasmiy rozilik xalqaro shartnomalarda belgilanadi. Afg‘oniston esa suv taqsimlanishi yuzasidan bironta ham xalqaro shartnomaga qo‘shilmagan.
– Hozir ko‘p yoshlar ingliz tilini o‘rganayapti. Niyati xalqaro tashkilot yo firmalarda ishlash. O‘zbekistonda yuridik sohada tahsil olgan mutaxassis Yevropa yoki Amerikada ishlab keta oladimi?
– Albatta, talabaning xalqaro yuridik firmalarda ishlash maqsadi bo‘lsa, O‘zbekistonda bakalavr diplomini olgandan so‘ng, rivojlangan mamlakatlardagi nufuzli universitetlarga magistratura darajasi uchun hujjat topshirishlari tavsiya etiladi.
– Dunyoda turli sohalarda sun’iy aqldan foydalanish boshlanmoqda. Huquq sohasida ham kelajakda yuristlar va sun’iy aql o‘rtasida raqobat kelib chiqishi mumkinmi, ya’ni yuristlar ishsiz qolishi kutiladimi?
– Bu hozir ko‘p muhokama qilinadigan mavzulardan biri. Menimcha, sun’iy intellekt hozirgi kunda huquqshunoslarning ayrim vazifalarini yengillashtirishi mumkin. Shu bilan birga, sun’iy intellekt har doim ham to‘g‘ri maslahat berolmaydi, inson omilini hisobga olib qaror qabul qilishda hali bir qancha kamchiliklarga ega.
– O‘tgan asrda irqchilik, shovinizm, ksenofobiya huquq sohasining asosiy muammosi sanalardi. Bu muammolar yuridik jihatdan yechildi: qonunlar qabul qilingan. Bu asrda huquq sohasida qanday muammolar asosiy o‘rinda turibdi?
– Hozir huquqshunoslar uchun qonun ustuvorligini va qonunlarning adolatli qo‘llanishini ta’minlash asosiy muammo hisoblanadi. Shu bilan birga ayrim davlatlarning xalqaro huquq normalaridan uzoqlashayotgani va nizolarni kuch bilan hal etishga intilayotgani albatta achinarli.
– Yana bosh mavzumizga qaytsak: Toshkent davlat yuridik universitetiga kirgan talaba o‘qishini rivojlangan davlatdagi universitetga ko‘chirmoqchi bo‘lsa, unga qanday yo‘l ko‘rsatardingiz?
– Avvalo o‘qishni ko‘chirishga shoshmaslikni maslahat beraman. Chunki rivojlangan mamlakatlarda huquqshunoslar asosan anglosakson huquq tizimida faoliyat yuritgani uchun talaba bu ikki huquqiy tizimdagi yuridik adabiyotlarni o‘rganishi qiyin kechadi. Bu vaziyatda maqbul yo‘l – bakalavriatni tugatish va magistraturani chet elda davom ettirish.
– Hozir dunyoda huquq sohasida qaysi huquqshunoslarning kitoblari ko‘p o‘qilayapti? Eng yaxshi beshtasini sanab berasizmi?
– Menimcha, jahonda katta qiziqish bilan o‘qilayotgan huquqiy adabiyotlar beshtaligi quyidagilardan iborat:
1) “Natural Law and Natural Rights”.
2) “A Theory of Justice”.
3) “The Structure of Liberty: Justice and the Rule of Law”.
4) “Legal Education and the Reproduction of Hierarchy: A Polemic Against the System”.
5) “The Paper Chase”.
– Toshkent davlat yuridik universiteti talabalariga qaysi yuridik kitoblarni o‘qishni maslahat berasiz?
– Kitoblarning inglizcha nomini keltiraman. Ular hali o‘zbek tiliga tarjima qilinmagan. Bu kitoblar yuridik dunyoqarashni kengaytiradi:
1. “About Law” – Tony Honoré.
2. “Letters to a Law Student” – Nicholas McBride.
3. “Choice of three”.
Murod SHAMBAYEV
suhbatlashdi