MDH davlatlari mehnat qonunchiligini tahlil qilish va amaldagi qonunchilik normalarini to‘g‘ri qo‘llash ish beruvchi va xodimlar o‘rtasidagi mehnat munosabatlarni tartibga solishda hamda ular o‘rtasida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan ziddiyatlarning oldini olish uchun muhim hisoblanadi.
MDH davlatlari Mehnat kodekslarining alohida jihati shundaki, ularni ishlab chiqishda iqtisodiyot modeliga e’tibor berilgani hisoblanadi. O‘zbekiston Respublikasining 1995-yilda qabul qilingan Mehnat kodeksini ishlab chiqishda ham O‘zbekiston tomonidan tanlangan bosqichma-bosqich bozor iqtisodiyotiga o‘tishning “o‘zbek modeli”ning o‘rni alohida ahamiyatga ega bo‘lgan.
Taraflarning ixtiyoriga bog‘liq bo‘lmagan holatlar bo‘yicha mehnat shartnomasini bekor qilishning tartibi MDH davlatlarining qonun va qonunosti hujjatlari bilan tartibga solingan bo‘lsada, mehnat shartnomasini taraflar ixtiyoriga bog‘liq bo‘lmagan holatlar bo‘yicha bekor qilish asoslarini Mehnat kodekslarida keltirilgan normalar asosida qiyoslash tadqiqotning asosiy maqsadiga to‘g‘ri keladi.
Ushbu qiyosiy-huquqiy tahlildan ko‘zlangan maqsadga erishish uchun MDH davlatlarining kodifikatsiyalangan qonunlarini xronologik tarzda ko‘rib chiqamiz:
2001-yil 30-dekabrda qabul qilingan Rossiya Federatsiyasining Mehnat kodeksi, 2003-yil 28-martda qabul qilingan Moldova Respublikasining Mehnat kodeksi va 2015-yil 23-noyabrda qabul qilingan Qozog‘iston Respublikasining Mehnat kodeksi shular jumlasidandir.
Misol qilib keltirilgan davlatlar 1990-yillarda, ya’ni bir paytda mehnat munosabatlarini tartibga soluvchi qonun va qonunosti hujjatlarini qabul qilganliklari diqqatga sazovordir. Chunki ushbu davlatlarning oldingi mehnat qonunlari 1970-yillarda qabul qilingan edi va ularning barchasi 1971-yil 9-dekabrda qabul qilingan RSFSR Mehnat qonunlari kodeksiga asoslangan bo‘lib, unifikatsiyalangan va bir xil shakl hamda tartibga ega bo‘lgan1.
MDH davlatlari tomonidan qabul qilingan hozirgi Mehnat kodekslari tuzilishi va mazmun jihatidan bir-biriga yaqin bo‘lsa-da, ular o‘rtasida farqlar ham mavjud. Buni I.Y.Kiselev ham ta’kidlaydi: “Qirg‘iziston, Ozarbayjon, Belarus, Tojikiston, Moldova, Ukraina davlatlarining Mehnat kodeksi, Qozog‘iston Respublikasining mehnat to‘g‘risidagi qonuni, MDHning boshqa respublikalari va Rossiyaning Mehnat kodekslari ko‘p umumiylikka ega va shu bilan birga ularning har biri mehnat munosabatlarini hal qilishda o‘ziga xos xususiyatlarga ega”2.
Rossiya Federatsiyasining Mehnat kodeksida taraflar ixtiyoriga bog‘liq bo‘lmagan hollarda mehnat shartnomasini bekor qilish asoslari boshqa MDH davlatlari mehnat qonunchiligidagi asoslardan ancha farq qiladi.
Jumladan, Rossiya Federatsiyasi Mehnat kodeksining 83-moddasida taraflar ixtiyoriga bog‘liq bo‘lmagan hollarda mehnat shartnomasini bekor qilish asoslari belgilangan. Ular quyidagicha:
1. Xodimning harbiy xizmatga chaqirilishi yoki uning o‘rnini bosuvchi muqobil fuqarolik xizmatiga yollanishi;
2. Shu ishni ilgari bajarib kelgan xodimning davlat mehnat inspeksiyasi yoki sud qarori bilan ishga tiklanishi;
3. Lavozimga tayinlanmaslik;
4. Xodimning qonuniy kuchga kirgan sud qarori bilan ishini davom ettirishga to‘sqinlik qiluvchi jazoga mahkum qilinishi;
5. Federal qonunlar yoki Rossiya Federatsiyasining boshqa normativ-huquqiy hujjatlarida o‘rnatilgan tartibda berilgan tibbiy xulosaga asosan xodimning to‘liq mehnatga layoqatsiz deb topilishi;
6. Xodimning yoki jismoniy shaxs bo‘lgan ish beruvchining vafot etishi, shuningdek, sud tomonidan xodimning yoki jismoniy shaxs bo‘lgan ish beruvchining vafot etgan yoki bedarak yo‘qolgan deb topilishi;
7. Mehnat munosabatlarini davom ettirishga to‘sqinlik qiluvchi favqulodda holatlar (harbiy harakatlar, talofatlar, tabiiy ofatlar, katta halokatlar, epidemiya va boshqa favqulodda holatlar)ning yuzaga kelishi;
8. Xodimning mehnat shartnomasidan kelib chiqadigan majburiyatlarini bajarish imkoniyatini istisno qiladigan diskvalifikatsiya yoki boshqa ma’muriy jazo qo‘llanishi;
9. Federal qonunlar yoki Rossiya Federatsiyasining boshqa normativ-huquqiy hujjatlariga asosan faoliyat muddati tugatilishi, faoliyat muddati ikki oydan ortiq muddatga to‘xtatilishi yoki xodimning maxsus huquqdan (litsenziya, transport vositalarini boshqarish huquqi, qurol olib yurish huquqi, boshqa maxsus huquqlar) mahrum qilinishi, agar bu xodimning mehnat shartnomasidan kelib chiqadigan majburiyatlarini bajarish imkoniyati yo‘qolishiga olib kelsa;
10. Davlat sirini bilish huquqining bekor bo‘lishi, agar bajarilgan ish buni talab qilsa;
11. Xodimni ishga tiklash to‘g‘risidagi davlat mehnat inspeksiyasining qarori bekor bo‘lishi (noqonuniy deb topilishi) yoki sud qarorining bekor bo‘lishi;
12. Ushbu kodeks yoki boshqa federal qonunda belgilangan tartibda xodimning mehnat shartnomasidan kelib chiqadigan majburiyatlarini bajarish imkoniyatini istisno qiladigan muayyan mehnat faoliyati bilan shug‘ullanishining cheklanishi3.
Ushbu moddada nazarda tutilgan 2, 8, 9, 10, 12-asoslar bilan mehnat shartnomasi agar xodimni ish beruvchida mavjud ishga, ya’ni xodim sog‘lig‘ining imkoniyatlaridan kelib chiqib bajarishi mumkin bo‘lgan ishga uning yozma roziligi bilan o‘tkazishning imkoni bo‘lmagan taqdirdagina bekor qilinadi. Shu sababli ish beruvchi xodimga o‘zida mavjud bo‘sh ish o‘rinlarini taklif qilishi kerak.
Qayd etish lozimki, Rossiya Federatsiyasi Mehnat kodeksida ishga qabul qilish yuzasidan belgilangan qoidalar buzilganligi munosabati bilan mehnat shartnomasini bekor qilish taraflar ixtiyoriga bog‘liq bo‘lmagan hollarda mehnat shartnomasini bekor qilish asoslariga kirmaydi, ushbu holat alohida asos sifatida Rossiya Federatsiyasi Mehnat kodeksida belgilangan.
Rossiya Federatsiyasi Mehnat kodeksining 84-moddasiga ko‘ra, mehnat shartnomasi kodeksda yoki boshqa federal qonunlarda belgilangan qoidalar buzib tuzilgan bo‘lsa bekor qilinadi. Bu quyidagi holatlarni o‘z ichiga oladi:
– mehnat shartnomasi muayyan shaxsning ma’lum bir lavozimda ishlashini yoki ma’lum bir faoliyat bilan shug‘ullanishini cheklaydigan sud hukmini buzib tuzilgan bo‘lsa;
– mehnat shartnomasi tibbiy xulosa asosida shaxsning sog‘lig‘iga to‘g‘ri kelmaydigan
ishni bajarishini nazarda tutib tuzilgan bo‘lsa;
– xodimning ta’lim olganligi to‘g‘risidagi hujjatning yo‘qligi, agar xodim tomonidan bajariladigan vazifa uchun federal qonun yoki boshqa normativ-huquqiy hujjatlar tegishli mutaxassislikni talab qilsa;
– ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rishga vakolatli sudya, organ, mansabdor shaxsning mehnat shartnomasi bo‘yicha majburiyatlarini bajarishiga to‘sqinlik qiladigan diskvalifikatsiya yoki boshqa ma’muriy jazo to‘g‘risidagi qarorini buzgan holda mehnat shartnomasini tuzish;
– ushbu kodeksda, boshqa federal qonunlarda belgilangan mehnat faoliyatining ayrim
turlari bilan shug‘ullanish uchun cheklovlarni buzgan holda mehnat shartnomasini tuzish.
Shuningdek, ushbu normaga ko‘ra, agar xodimni uning yozma roziligi bilan ish beruvchida mavjud boshqa ishga o‘tkazishning imkoni bo‘lmasagina mehnat shartnomasi yuqorida keltirilgan asoslar bilan bekor qilinadi.
Rossiya Federatsiyasi Mehnat kodeksidagi ushbu norma batafsil bayon qilingan bo‘lib, xodimga qo‘shimcha kafolatlar ham belgilab berganligini e’tirof etish lozim4.
Ko‘rinib turibdiki, Rossiya Federatsiyasi Mehnat kodeksida belgilangan taraflar ixtiyoriga bog‘liq bo‘lmagan hollarda mehnat shartnomasini bekor qilish asoslari aniq va izchil o‘rnatilgan.
Ta’kidlash joizki, ayrim Yevropa mamlakatlarida Rossiya Federatsiyasidan farqli ravishda mehnat shartnomasining bekor bo‘lishiga olib keladigan favqulodda holatlarning yuz berishi fuqarolik huquqi bilan tartibga solinib, mazkur jarayonda xodim va ish beruvchi bir-biriga nisbatan hech qanday majburiyatga ega bo‘lmaydilar. Xususan, Ispaniyada favqulodda vaziyat yuzaga keladigan bo‘lsa, mehnat organining roziligini olmasdan turib mehnat shartnomasini bekor qilishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Moldova Respublikasi Mehnat kodeksini o‘rganish jarayonida ushbu davlat mehnat qonunchiligida “mehnat shartnomasi” tushunchasi emas, “yakka mehnat shartnomasi” termini qo‘llanishini ko‘rish mumkin. Shu bilan birga, Moldova mehnat qonunchiligida mehnat shartnomasini taraflar ixtiyoriga bog‘liq bo‘lmagan hollarda bekor qilish asoslari o‘zgacha ahamiyatga ega5.
Moldova mehnat qonunchiligida boshqa MDH davlatlaridan farqli ravishda quyidagi hollarda mehnat shartnomasini taraflar ixtiyoriga bog‘liq bo‘lmagan hollarda bekor qilish mumkin:
– xodim va ish beruvchining vafoti, ularning sud tomonidan vafot etgan yoki bedarak yo‘qolgan deb tan olinishi;
– sud instansiyasi qarori bilan mehnat shartnomasining haqiqiy emas deb topilishi;
– mehnat shartnomasi asosida korxonada faoliyatini amalga oshirish uchun berilgan litsenziyaning vakolatli davlat organi tomonidan qaytarib olinishi;
– xodimning sud instansiyasi qarori asosida korxonada mehnat qilishini cheklaydigan jinoiy jazoga tortilishi;
– muddatli mehnat shartnomasining muddati tugashi;
– mehnat shartnomasida nazarda tutilgan ishning bajarib bo‘linishi, mavsumiy ishlar uchun mavsumning tugashi;
– davlat, mahalliy korxonalar, shu jumladan davlat mablag‘i asosida shakllantirilgan korxona rahbarlarining 65 yoshga to‘lishi;
– mehnat munosabatlarini davom ettirishga to‘sqinlik qiladigan belgilangan tartibda tasdiqlangan fors-major holatlarining mavjudligi (82-modda).
Moldova mehnat qonunchiligida muddatli mehnat shartnomalari, biror ishni bajarish muddatiga tuzilgan mehnat shartnomalari va mavsumiy ishlar uchun tuzilgan mehnat shartnomalarining muddati tugashi taraflar ixtiyoriga bog‘liq bo‘lmagan hollarda mehnat shartnomasini bekor qilish asoslari hisoblanishi o‘ziga xoslikka ega bo‘lsa-da, ushbu turdagi shartnomalarni bunday asoslarga kiritish maqbul emas. Chunki bu holatda mehnat shartnomasini tuzayotganda taraflar mehnat shartnomasini bekor qilish vaqtini oldindan kelishib olgan bo‘lishadi. Binobarin, taraflar ixtiyoriga bog‘liq bo‘lmagan holda mehnat shartnomasi bekor qilinganda esa taraflarning kelishuvi ham, irodasi ham hech qanday rol o‘ynamaydi.
E’tiborli jihati shundaki, Moldova Mehnat kodeksida mehnat shartnomasini tuzish qoidalariga rioya qilmaslik sifatida kodeksda belgilangan mehnat shartnomasini tuzish shartlariga rioya qilmaslik hollari nazarda tutilgan. Boshqa birorta MDH mamlakatida ushbu qoida ko‘zga tashlanmaydi. Shu sababli Moldova davlati mehnat qonunchiligini o‘rganish va milliy qonunchilikni takomillashtirishda uning tajribasiga tayanish mumkin.
Qozog‘iston Respublikasining Mehnat kodeksi normalarini tahlil qiladigan bo‘lsak, unga ko‘plab o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilib, 2015-yil 23-noyabrda yangi tahrirda qabul qilingan va 2016-yil 1-yanvardan kuchga kirgan.
Qozog‘iston Respublikasi Mehnat kodeksining 57-moddasiga ko‘ra, quyidagi holatlar mehnat
shartnomasi taraflar ixtiyoriga bog‘liq bo‘lmagan holda bekor bo‘lishiga asos bo‘ladi:
– mahalliy ijro organlari tomonidan xorijiy ishchilarga ishga joylashish uchun berilgan ruxsatnomaning qaytarib olinishi;
– xodimni yoki ish beruvchi – jismoniy shaxsni jazoga mahkum qilgan sud hukmining kuchga kirishi, agar bu mehnat munosabatlarining davom ettirilishiga to‘sqinlik qilsa;
– xodim yoki ish beruvchi – jismoniy shaxsning vafot etishi, sud tomonidan vafot etgan deb e’lon qilinishi yoki bedarak yo‘qolgan deb topilishi;
– sud tomonidan xodimning muomalaga layoqatsiz deb topilishi yoki muomala layoqati cheklangan deb topilishi va buning natijasida xodim mehnat munosabatlarini davom ettirish imkonini yo‘qotsa;
– shu ishni ilgari bajarib kelgan xodim ishga tiklangan taqdirda;
– xodimning muddatli harbiy xizmatga, huquqni muhofaza qiluvchi organlar xizmatiga yoki boshqa maxsus davlat organlari xizmatiga chaqirilishi (kirishi), bunday holda bu haqda xodimda tegishli hujjat mavjud bo‘lgan kundan e’tiboran uch kun ichida mehnat shartnomasi bekor qilinishi kerak6.
Shuningdek, Qozog‘iston Respublikasida ham mehnat shartnomasini tuzish qoidalariga rioya etmaslik shartnomani bekor qilishning alohida asosi sifatida kodeksning 60-moddasida nazarda tutilgan.
Mehnat shartnomasini taraflar ixtiyoriga bog‘liq bo‘lmagan hollarda bekor qilish – bu uchinchi shaxslarning tashabbusi bilan mehnat shartnomasini bekor qilishdir7.
Yevropa mamlakatlarida (Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Avstriya va boshqa mamlakatlarda) mehnat shartnomasini bekor qilish asoslari alohida klassifikatsiya qilinmagan8. Yevropa mamlakatlarida mehnat shartnomasini taraflar ixtiyoriga bog‘liq bo‘lmagan holatlar bilan bekor qilish asoslari aniq ko‘rsatib berilmaganligini ko‘rish mumkin.
Huquqshunos S.Y.Filchakova esa o‘zining ilmiy ishida uchinchi shaxs sifatida davlatni ham tushunish kerak deydi, bunda davlat o‘zining vakolatli organlari: harbiy komissariat, mehnat inspeksiyasi yoki sud orqali ishtirok etadi.
Bundan tashqari, mehnat shartnomasini taraflar ixtiyoriga bog‘liq bo‘lmagan asoslar bilan bekor qilish har doim ham uchinchi shaxslarning tashabbusi bilan bo‘lmaydi. Bunda hatto davlat organlari ham tashabbuskor bo‘lmasligi mumkin.
Masalan, xodimning vafot etishi va uning vafotini tasdiqlovchi guvohnomaning mavjudligi u bilan tuzilgan mehnat shartnomasini bekor qilishga asos bo‘luvchi yuridik fakt hisoblanib, bunda uchinchi tarafning tashabbusi ham, ishtiroki ham shart emas.
Yuqoridagilarni inobatgan olgan holda, MDH davlatlari mehnat qonunchiligini tahlil qilish va O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksi normalari bilan qiyoslash uni takomillashtirishga yordam beradi. Chunonchi, MDH davlatlarining Mehnat kodekslarini ishlab chiqishda ularning iqtisodiyot modeliga e’tibor berilgan.
Dostonjon MURODULLAYEV,
TDYU mustaqil izlanuvchisi
1 Фильчакова С.Ю. Прекращение трудового договора по обстоятельствам, не зависящим от воли сторон. Дисс. канд. юр. наук. – М., 2003. – С. 12.
2 Киселев И.Я. Сравнительное и международное трудовое право. Учебник для вузов. М.: Дело, 1999. С. 370-371.
3 Научный центр правовой информации при Министерстве юстиции Российской Федерации – http://www.scli.ru
4 Киселев И.Я. Трудовое право России и зарубежных стран. Учебник. – М.: ЭКСМО, 2005. – С. 353.
5 Официальный сайт Парламент Республики Молдова – https://www.parlament.md.
6 Информационно-правовая система нормативных правовых актов Республики Казахстан – https://adilet.zan.kz
7 Л.А.Андреева, К.Н.Гусов, О.М.Медведев. Незаконное увольнение. Научно-практическое пособие. – М.: 2014. – С. 13. //www.juristlib.ru
8 Stephan Hardly, Mark Butler. Europan Employment Laws: A comprative guide (3rd edition). Great Britain. Ltd by: Short Run Press, 2016. – P. 113-142.