HomeMaqolalarTurizm xavfsizligini ta’minlovchi subyektlar

Turizm xavfsizligini ta’minlovchi subyektlar

Xavfsiz turizmni ta’minlash bo‘yicha milliy qonunchilikni takomillashtirish muhim va murakkab masaladir. Milliy va xorijiy davlatlar qonunchiligi tahlili asosida xavfsiz turizmni ta’minlashga mas’ul subyektlarni ikki tizimga: bevosita turizm xavfsizligini ta’minlashga mas’ul bo‘lgan subyektlar va turizm sohasida xizmat ko‘rsatish jarayonida xavfsizlikni ta’minlashga mas’ul bo‘lgan subyektlarga ajratish mumkin.

1. Bevosita turizm xavfsizligini ta’minlashga mas’ul bo‘lgan subyektlar – “sayyohlik politsiyasi” va turistik yo‘nalishlar bo‘yicha temiryo‘l poyezdlari profilaktika inspektorlari.

a) “Sayyohlik politsiyasi”. 2017-yilda “Buxoro, Samarqand, Xiva va Shahrisabz shaharlarida xavfsiz turizmni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hukumat qarori asosida xavfsiz turizmni ta’minlash konsepsiyasi tasdiqlangan. Qaror ijrosini ta’minlash maqsadida O‘zbekistonda birinchi marta Buxoro, Samarqand, Xorazm va Qashqadaryo viloyatlari ichki ishlar boshqarmalarida xavfsiz turizmni ta’minlash bo‘yicha boshqarmalar tashkil etildi.

Xavfsiz turizmni ta’minlash bo‘yicha yaratilgan tizim turizm joylarida hamda sayyohlar tomonidan respublika bo‘ylab harakatlanish uchun faol foydalanilayotgan temiryo‘l va havo transporti infratuzilmasi obyektlarida jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashish chora-tadbirlarini o‘zida birlashtirdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019-yil 5-yanvardagi “O‘zbekiston Respublikasida turizmni jadal rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi 5611-hamda 2019-yil 1-fevraldagi “Transport sohasida davlat boshqaruvi tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 5647-farmonlariga muvofiq transport va turizm obyektlarida jamoat xavfsizligini samarali ta’minlashning sifat jihatidan yangi bosqichiga o‘tish maqsadida Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi, Toshkent va Surxondaryo viloyatlari ichki ishlar boshqarmalarida xavfsiz turizmni ta’minlash boshqarmalari tashkil etildi1.

Boshqarmalar faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib quyidagilar belgilandi:

– bevosita turizm obyektlari va infratuzilmasi hududlarida jamoat tartibini saqlash, huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida ichki ishlar organlari xizmatini samarali tashkil qilish;

– ichki ishlar organlarining xavfsiz turizmni ta’minlash borasidagi faoliyatiga axborot-texnik jihatdan ko‘maklashish, ular o‘rtasidagi muvofiqlashtirilgan hamkorlik ustidan qat’iy nazorat o‘rnatish;

– turizm obyektlari va infratuzilmasi hududlarida kriminogen vaziyatni tizimli tahlil qilish, sayyohlarga nisbatan sodir etiladigan huquqbuzarliklar sabablari va sharoitlarini aniqlash hamda ularni bartaraf etish yuzasidan manzilli chora-tadbirlarni amalga oshirish.

Sayyohlik politsiyasining barcha xodimlari maxsus tayyorgarlikdan o‘tadilar, shu jumladan, chet tili kurslari va sayyohlar bilan muloqot qoidalari bo‘yicha seminar-treninglar o‘tkaziladi.Hozir sayyohlik politsiyasi bo‘linmalarining vazifalari, xodimlarning vakolatlari, huquq va majburiyatlarini aniq belgilab beruvchi to‘laqonli normativ-huquqiy hujjat yaratish zarurati tug‘iladi.

Ushbu ma’lumot O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligining barcha bo‘limlariga, shuningdek sayyohlik kompaniyalariga yetkazilishi kerak.

Sayyohlar uchun chet tilida muloqot qila oladigan va yordam bera oladigan xodimning mavjudligi qo‘shimcha qulaylik hisoblanadi. Shuning uchun sayyohlik politsiyasi kabi bo‘linmaning mavjudligi mamlakat turizmining “sifat belgisi” hisoblanadi.

Sayyohlik politsiyaning maxsus bo‘linmalarining muvaffaqiyatli ishlashi uchun ushbu bo‘linmalarning funksiyalari, maqsadlari, vazifalari, xodimlarning vakolatlari, ularning huquq va majburiyatlari, javobgarligini aniq belgilab beradigan, ushbu xizmatini tartibga soluvchi to‘liq normativ-huquqiy hujjatni ishlab chiqish kerak.

Shu bilan birga bugungi kunda “Ichki ishlar organlari to‘g‘risida”gi qonunda politsiya atamasining yo‘qligini inobatga olib sayyohlik politsiyasi bo‘linmalarining huquqiy maqomini qayta ko‘pib chiqish lozim. Shuningdek, sayyohlik politsiyasi xavfsiz turizmni ta’minlashda eng asosiy subyekt bo‘lishiga qaramasdan “Turizm to‘g‘risida”gi qonunda uning vakolatlari, vazifalari ko‘rsatilmagan.

Jumladan, tarkibiy jihatdan sayyohlar ko‘p bo‘lgan shaharlarda doimiy asosda sayyohlik politsiyasi bo‘linmalarini tashkil etish, shuningdek, yirik miqyosda bo‘linmalarni boshqa shaharlarga ko‘chirish imkoniyatini ta’minlash zarur.

Bundan tashqari, zaruratga qarab fuqarolik kiyimida bo‘lgan turistik politsiya funksiyalarini bajaradigan ko‘ngilli talabalarning bevosita ishtiroki ta’minlanishi kerak. Patrul marshrutlari shunday tuzilishi kerakki, patrul guruhlari marshrutning har bir nuqtasida har 5-7 daqiqada paydo bo‘lishi lozim. Bunday bo‘linmalar to‘g‘risidagi ma’lumotlar Ichki ishlar vazirligining barcha bo‘limlariga, shuningdek, sayyohlik kompaniyalariga ma’lumot tarzida yetkazilishi kerak.

O‘zbekiston Respublikasi huquqni muhofaza qilish organlarining yuzi bo‘lgan sayyohlik politsiyasi kabi elita bo‘linmasi xodimlari ingliz tilini mukammal bilishlari, doimiy ravishda til
darajasini oshirishlari, boshqa tillarni, jumladan, arab, xitoy, yapon tillarini ham o‘rganishlari kerak.

O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasining asosiy vazifalaridan biri – jamoat tartibi va xavfsizligini ta’minlashga ko‘maklashishdan iboratdir. Bugungi kundagi samarali faoliyatini inobatga olib, Milliy gvardiya organlarining vakolatlarini kengaytirish, ya’ni Milliy gvardiya boshqarmalarida turistik bo‘linmalarni tashkil etish taklif etiladi.

b) Ikkinchi vakolatli subyekt – Turistik yo‘nalishlar bo‘yicha temiryo‘l poyezdlari profilaktika inspektorlari bo‘lib, 2019-yil 6-mart kunidagi Prezident qarori bilan tashkil etilgan.

Xavfsiz turizmni ta’minlash maqsadida Ichki ishlar vazirligining Xavfsiz turizmni ta’minlashni muvofiqlashtirish boshqarmasi va uning hududiy bo‘linmalari transport obyektlarida, birinchi navbatda turizm yo‘nalishidagi poyezdlarda xavfsizlikni ta’minlaydi; transport obyektlarida sodir etilgan jinoyat va hodisalar haqidagi xabar va arizalarni hisobga olish, qayd etish markazlashgan tartibda transportda xavfsizlikni ta’minlash bo‘linmalarining navbatchilik qismlari tomonidan amalga oshiriladi; transport obyektlari va ularga tutash hududlarda sodir etilgan jinoyatlar bilan bog‘liq bahsli materiallarni ko‘rib chiqishga doir qaror qabul qilish O‘zbekiston Respublikasi ichki ishlar vazirining transport va turizm obyektlarida xavfsizlikni ta’minlash bo‘yicha o‘rinbosari tomonidan Transport prokuraturasi bilan kelishilgan holda amalga oshiriladi; turizm yo‘nalishidagi temiryo‘l transportida harakatlanish davomida sodir etilgan, tegishliligi bo‘yicha ichki ishlar organlariga taalluqli bo‘lgan ma’muriy huquqbuzarliklarni ko‘rib chiqish va qaror qabul qilish ularda jamoat tartibini samarali ta’minlash uchun kuzatuvchi profilaktika inspektorlari lavozimlarini bosqichma-bosqich joriy etish orqali bevosita poyezdlarning o‘zida amalga oshiriladi; temiryo‘l vokzallari va aeroportlar atrofida yo‘l harakati xavfsizligi qoidalari buzilishining oldini olish hududiy ichki ishlar organlari bilan birgalikda transportda xavfsizlikni ta’minlash bo‘linmalari tomonidan amalga oshiriladi2.

Xizmat ko‘rsatish jarayonida xavfsizlikni ta’minlashga mas’ul bo‘lgan subyektlar – davlat vakolatlariga ega bo‘lmagan, lekin turizm xavfsizligini ta’minlashda ishtirok etishi bilan bog‘liq ma’lum miqdordagi huquq va majburiyatlarga ega bo‘lgan turizm sohasidagi tadbirkorlik va boshqa xo‘jalik faoliyatini amalga oshiruvchi ma’muriy huquq subyektlari hisoblanadi.

Xavfsiz turizmni ta’minlashda tadbirkorlik  faoliyatining tabiati va mazmuniga ko‘ra turizm industriyasining subyektlarini bevosita turizm faoliyati bilan shug‘ullanuvchi turoperatorlar, turagentlar, gid-tarjimonlar, gidlar, yo‘l ko‘rsatuvchi yo‘riqchilar, sanatoriy-kurort tashkilotlari tashkil etadi.

“Turizm to‘g‘risida”gi qonunga binoan turoperator va turagentlar – turning davomiyligi va yo‘nalishini, xizmat ko‘rsatish shartlarini, transportda xizmat ko‘rsatish turini, turistning, ekskursantning xavfsizligini hamda ularning mol-mulki muhofaza qilinishini ta’minlash choralarini turistning va ekskursantning roziligi hamda xohishiga ko‘ra o‘zgartirish3 huquqiga ega. Fikrimizcha, turoperator va turagentlarning bevosita ushbu faoliyat bilan shug‘ullanayotganini inobatga olib “Turizm to‘g‘risida”gi qonunning 29-moddasi 2-qism 4-bandiga turistik resurslarning saqlanishiga ko‘maklashish bilan birga turistlarning xavfsizligini ta’minlashni majburiyat sifatida yuklash lozim. Shu bilan birga turoperator va turagentlar tushunchalarini, vazifa va majburiyatlarini ajratgan holda aniq ko‘rsatish lozim.

Ko‘rsatilayotgan xizmatlar turiga, shuningdek ularni ko‘rsatish uchun foydalaniladigan xo‘jalik faoliyati obyektlari va vositalariga qarab turizm industriyasi subyektlari quyidagilardan iborat:

a) turizm industriyasi obyektlari (mehmonxonalar va boshqa joylashtirish vositalari, transporti, umumiy ovqatlanish, ko‘ngilochar, jismoniy tarbiya va sport va boshqalar)
egalari;

b) turizm axborot tizimi operatorlari;

d) ko‘rgazma-yarmarka faoliyatini amalga oshiruvchi shaxslar;

e) ixtisoslashtirilgan ommaviy axborot vositalari;

f) o‘yingoh tashkilotlari.

Yuridik shaxslar – turizm sohasidagi notijorat tashkilotlar, ularning ishtirokchilari  (a’zolari) subyekt tarkibiga qarab quyidagilarga bo‘linishi mumkin:

a) faoliyati havaskorlik turizmini tashkil etish va rivojlantirishni rag‘batlantirish, aholini turizm sohasida tarbiyalash, turistlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, turizm sohasi tashkilotlari faoliyati to‘g‘risida jamoatchilik fikrini shakllantirishga qaratilgan turistlarning notijorat tashkilotlari (birlashmalari) (“Turizm to‘g‘risida”gi qonunning 32-moddasi);

b) tadbirkorlarning faoliyatini muvofiqlashtirish, shuningdek umumiy mulkiy manfaatlarini ifodalash va himoya qilish uchun tashkil etilgan nodavlat notijorat tashkilotlari (uyushmalari, birlashmalari) (“Turizm to‘g‘risida”gi qonunning 32-moddasi);

d) faoliyati turizm sohasida ijtimoiy, xayriya, madaniy, ma’rifiy, ilmiy va boshqaruv maqsadlariga erishish, fuqarolarning ma’naviy va boshqa nomoddiy ehtiyojlarini qondirish, fuqarolar va tashkilotlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, nizolarni hal qilish, huquqiy yordam ko‘rsatishga qaratilgan boshqa notijorat tashkilotlar, shuningdek, o‘quv yurtlari, ilmiy tashkilotlar, olimlar birlashmalari, diniy tashkilotlar va boshqalar.

Qonun turizm xavfsizligini ta’minlash maqsadida sayyohlik faoliyati subyektlariga turizm sohasidagi ijroiya organlariga, turoperatorlarga, sayohat agentliklariga va ekskursiya xizmatlarini ko‘rsatuvchi tashkilotlarga, shuningdek turistlarga ma’lum majburiyatlarni yuklaydi. Turoperatorlar sayyoh va ekskursantlarning xavfsizligini ta’minlash maqsadida mustaqil turizmni amalga oshiruvchi sayyoh va ekskursantlar murojaat qilgan taqdirda, ularni yo‘nalishning xususiyati hamda o‘z xatti-harakatiga bog‘liq holda yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan xavflar haqida xabardor qilishi, turistlar va ekskursantlarni jarohatlanish hamda baxtsiz hodisalarning oldini olish va ulardan himoyalanish usullari bilan tanishtirishi, shuningdek yo‘nalishdagi xavfsizlik texnikasi bo‘yicha yo‘l-yo‘riq berishi; falokatga uchragan sayyoh va ekskursantlarga tezkor yordam ko‘rsatishi; tog‘, trek, chang‘i, velosiped, motosikl, g‘or turizmi (tabiiy yer osti yo‘laklari – g‘orlarga sayohatlar) va turizmning boshqa maxsus turlarini tashkil etish hamda amalga oshirishdagi xavfsizlikning alohida talablarini ishlab chiqishi va amalga oshirishi; sayohat vaqtida sayyohlar, ekskursantlar bilan sodir bo‘lgan favqulodda hodisalar to‘g‘risida, shuningdek sayohatdan qaytib kelmagan turistlar hamda ekskursantlar haqida vakolatli davlat organini, mahalliy davlat hokimiyati organlarini va manfaatdor shaxslarni darhol xabardor qilishi; turistlar va ekskursantlarga sayohatlarning o‘ziga xos xususiyatlari to‘g‘risida, shuningdek sayohat qilish chog‘ida ular duch kelishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlar haqida to‘liq ma’lumot taqdim etishi hamda turistlar va ekskursantlarning shaxsiy xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishi shart4.

Zamonaviy turizm sanoatida xavfsizlikning universal tushunchasi hali ham mavjud emas. Faol turizmda xavfsizlik, qoida tariqasida, sodda tarzda, asosan “xavfsizlik texnikasi” shaklida ko‘rib chiqiladi. Ehtimol, turizmning faol turlarida xavfsizlik masalalarini hal qilish eng qiyini bo‘lishi mumkin. Lekin aynan shu masalada geografik omillar muhim hisoblanadi. O‘zbekistondagi faol yo‘nalishlarda xavf-xatarni baholashning mavjud yondashuvlari turist sifatida kelgan 61 yoshli Rossiya fuqarosining halok bo‘lishiga sabab bo‘ldi. U 2023-yil 4-yanvar kuni Bo‘stonliq tumanidagi Chimyon tog‘ining yonbag‘rida qor ko‘chkisi xavfi to‘g‘risida ogohlantirishlarga qaramay, taqiqlangan hududda chang‘ida uchgan, natijada qor ko‘chkilari ostida qolgan5.

Fikrimizcha, turoperatorlar va turagentlar sayyohlarga va (yoki) boshqa mijozlarga sayohat
paytida duch kelishi mumkin bo‘lgan xavf-xatarlardan tashqari vaqtinchalik turar joyidagi sanitariya-epidemiologik vaziyat, siyosiy, harbiy, diniy mojarolar, shuningdek kriminogen vaziyat haqida ham ma’lumot berishlari shart.

Turizm xavfsizligi qonunda huquqiy normani mustahkamlab qo‘yish orqali ta’minlanadi. Unga ko‘ra, turoperatorlar, turagentlar va ekskursiya xizmatlarini ko‘rsatuvchi tashkilotlar, agar ular tashkil etayotgan sayohatlar sayyohlar hayoti va sog‘lig‘iga xavf tug‘diradigan yo‘nalishlar bilan bog‘liq bo‘lsa, yo‘riqchi-gidlar xizmatidan foydalanishlari shart. Ayniqsa, tog‘li va o‘tish qiyin yerlardan, speleologik va suv havzalari orqali o‘tadigan turistik marshrutlar sayyohlarning hayoti va sog‘lig‘iga xavfning ortishi bilan tavsiflanadi.

“Turizm to‘g‘risida”gi qonunning 30-moddasiga muvofiq sayyoh va ekskursantlar shoshilinch tibbiy yordam olish huquqiga ega. Xorijiy davlatlar hududlarida tibbiy yordam sug‘urta bilan ko‘rsatilgani sababli, ushbu huquqni amalga oshirish sayyohlarni sug‘urta qilish yo‘li bilan amalga oshirilishi mumkin.

Sayyohlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning samarali mexanizmlarini shakllantirish, turizm sohasiga yuqori sifatli, xavfsiz va arzon xizmatlarni taqdim etish, shu bilan birga insonlarga sayohat qilishda o‘z huquq va erkinliklarini amalga oshirishda barcha imkoniyatlarni taqdim etish zarur. Asosiy masalalar: jamoat va davlat xavfsizligini ta’minlash, atrof muhitni muhofaza qilish, turizm sohasini tabiiy, texnogen va ijtimoiy tahdidlar, jumladan, ma’muriy huquqbuzarlik, uyushgan jinoyatchilik tajovuzlaridan va boshqa ta’sirlardan himoya qilishdan iborat.

Sabina TURSUNOVA,
Jamoat xavfsizligi universiteti
mustaqil izlanuvchisi

 

1 Ўзбекистон Республикаси Президентининг “Транспорт ва туризм объектларида жамоат хавфсизлигини таъминлашнинг самарали тизимини жорий этишга оид қўшимча чора-тадбирлар тўғрисида”ги қарори. 2019 йил 6 март. ПҚ-4229. https://lex.uz/docs

2 Ўзбекистон Республикаси Президентининг “Транспорт ва туризм объектларида жамоат хавфсизлигини таъминлашнинг самарали тизимини жорий этишга оид қўшимча чора-тадбирлар тўғрисида”ги қарори. 2019 йил 6 март. ПҚ-4229. https://lex.uz/docs.

3 Ўзбекистон Республикасининг “Туризм тўғрисида”ги қонуни. ЎРҚ-549. https://lex.uz/docs/4428097

4 Ўзбекистон Республикасининг “Туризм тўғрисида”ги қонуни. https://lex.uz/docs/4428097.

5 https://kun.uz/ru/news/2023/01/05/61-letniy-grajdanin-rossii-pogib-v-gorax-pod-tashkentom.

 

Aloqador maqolalar

Ko‘p o‘qilgan

Mutolaa