O‘zbekistonda “Inson qadri uchun” degan ezgu g‘oyani ro‘yobga chiqarish maqsadida islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu islohotlarga hamohang tarzda mamlakatimiz Konstitutsiyasi ham yangi tahrirda qabul qilindi.
2022-yilning iyun oyida davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev Respublika konstitutsiyaviy komissiyasi a’zolari bilan uchrashib, O‘zbekistonda insonning yuksak o‘rni va qadrini, mamlakat uchun qanday qadriyat va manfaatlar ustuvor ahamiyatga egaligini Asosiy qonunda aks ettirish – davr taqozosi ekanini ta’kidlab o‘tgan edi.
Darhaqiqat, mamlkatimizda inson, uning hayoti, erkinligi, manfaatlari oliy qadriyat hisoblanib, xalq manfaati hamma narsadan ustundir. Shu bois huquq-tartibot organlari qo‘lga olgan gumon qilinuvchi shaxs huquqlari buzilishining oldini olish maqsadida ko‘plab davlatlarning konstitutsiya va qonunlarida hamda inson huquqlariga oid xalqaro hujjatlarda aks etgan “Miranda qoidasi” va “Habeas korpus” instituti Konstitutsiyamizda o‘z ifodasini topdi.
O‘zbekiston Prezidentining 2023-yil 28-fevraldagi “2022 – 2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasini “Insonga e’tibor va sifatli ta’lim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi to‘g‘risida”gi 27-farmonining 14-bandida jinoyatni tergov qilish jarayonida “Habeas korpus” institutini qo‘llashni kengaytirish maqsadida tintuv o‘tkazish, telefon so‘zlashuvlarini eshitib turish va mulkni xatlashga sanksiya berish vakolatini prokurorlardan sudlarga o‘tkazish bo‘yicha qonun loyihalarini tayyorlash nazarda tutilgan edi.
Shu munosabat bilan ko‘plab davlatlarning konstitutsiyalari hamda jinoyat-protsessual qonunchiligini tahlil qilish orqali jinoyatlarni tergov qilish jarayonida “Habeas korpus” institutiga oid normalarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish bo‘yicha taklif va tavsiyalarni ishlab chiqish muhim masalalardan hisoblanadi.
“Habeas korpus” – shaxs daxlsizligi tamoyili bilan chambarchas bog‘liq ingliz jinoiy-protsessual huquqiy institutidir. “Habeas korpus” nomi (habere – “ega bo‘lmoq” va korpus – “tana” so‘zlaridan) lotincha “habeas corpus ad subjiciendum” iborasining bir qismi bo‘lib, “qo‘lga olingan shaxsni sudga olib borish” ma’nosini bildiradi.
“Habeas korpus” institutiga doir tahlillarga nazar tashlansa, ushbu institutning AQSH konstitutsiyasida mustahkamlanganiga guvoh bo‘lish mumkin.
Xalqaro huquqning umum e’tirof etilgan normalarida shaxs huquqlarini cheklash bilan bog‘liq protsessual harakatlarni o‘tkazishda sudning vakolatlarini belgilash haqidagi qoidalar o‘z aksini topgan.
Ingliz faylasufi Jon Lokk davlat kishilarga ijtimoiy shartnoma konsepsiyasiga asosan erkinlik va xususiy mulk daxlsizligini kafolatlashi lozimligini ta’kidlagan. “Habeas korpus” institutida ham shaxsiy daxlsizlik huquqi bilan birga xususiy mulk daxlsizligini ta’minlash bilan bog‘liq bir qator normalar o‘rin egallagan.
Jumladan, gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi va fuqaroviy javobgarning mulkini xatlash bilan bog‘liq qarorlar sudda ko‘rib chiqilishi lozim. O‘zbekistonning jinoyat-protsessual qonunchiligidagi mulkni xatlash bilan bog‘liq qoidalar esa xususiy mulk daxlsizligi borasidagi xalqaro standartlar va zamonaviy tendensiyalardan birmuncha ortda qolmoqda.
Xususan, O‘zbekiston Jinoyat-protsessual kodeksining 290-moddasiga ko‘ra jinoyat ishi doirasida mulk surishtiruvchining yo tergovchining qarori bo‘yicha prokurorning roziligi bilan yoxud bu tergov harakatini bajarishni tergov organiga topshirishga haqli bo‘lgan sudning ajrimi bilan xatlab qo‘yiladi.
Statistik ma’lumotlarga qaraganda mamlakatimizda so‘nggi uch yilda fuqarolarga tegishli 4 mingga yaqin mulk tergovda xatlangan bo‘lib, ishni ko‘rish natijasi bo‘yicha sud tomonidan ularning atigi 1,3 mingtasiga undiruv qaratilgan, 2,7 mingta mulk tergov davrida ortiqcha xatlangani sababli keyinchalik xatlov bekor qilingan.
Mazkur tartib jinoyat protsessida gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi va fuqaroviy
javobgarning mulkining daxlsizligi yetarlicha kafolatlanmaganidan dalolat.
Xorijiy davlatlar qonunchiligi tahlil qilinsa, jinoyat protsessida xususiy mulk daxlsizligi bilan bog‘liq masalalar “Habeas korpus” instituti doirasida tartibga solinganiga guvoh bo‘lish mumkin. Masalan, Ozarbayjon (JPKning 249-moddasi), Qozog‘iston (JPKning 163-moddasi), Tojikiston (JPKning 116-moddasi) va Gurjiston (JPKning 151-moddasi) Jinoyat-protsessual kodekslariga muvofiq mulkni xatlashga sanksiya berish huquqi faqat sudga tegishlidir.
Shu bilan birga roman-german (kontinental) huquqiy oilasiga kiruvchi Germaniya va Fransiya jinoyat-protsessual qonunchiligiga ko‘ra kechiktirib bo‘lmaydigan hollardan tashqari barcha holatlarda mulkni xatlash to‘g‘risida qaror chiqarishga faqatgina sud vakolatli sanaladi.
Bugungi kunda bunday norma dunyoda erkinlik va shaxsiy daxlsizlik huquqining konstitutsiyaviy kafolati sifatida keng tarqalgan.
Farmonning 14-bandida belgilangan masalalardan navbatdagisi – jinoyat protsessi davomida telefon so‘zlashuvlarini eshitib turishga sanksiya berish vakolatini sudlarga o‘tkazishdan iborat.
Milliy qonunchiligimizda (Jinoyat-protsessual kodeksining 169-170-moddalari) agar ish bo‘yicha to‘plangan dalillar ish uchun ahamiyatga molik ma’lumotlar olinishi mumkinligiga yetarli darajada asos bo‘la olsa, surishtiruvchi, tergovchi telefon va boshqa qurilmalar orqali olib boriladigan so‘zlashuvlarni eshitib turish, ular orqali uzatiladigan axborotni olish to‘g‘risida qaror chiqarishga haqliligi belgilangan.
Rivojlangan davlatlar tajribasi shuni ko‘rsatmoqdaki, jinoyat protsessi bilan bog‘liq holatlarda telefon so‘zlashuvlarini eshitishga sanksiya berish vakolati sudlarga tegishli. Masalan, Germaniya va Italiya qonunchiligiga ko‘ra dastlabki tergov davomida shaxsning huquq va erkinliklariga rioya etilishini nazorat qilish maqsadida telefon so‘zlashuvlarini eshitib turish uchun ixtisoslashgan sudya (GFRda ermittlungsrichter, Italiyada GIP) sanksiya
beradi.
AQSHda esa politsiya tergovining ko‘plab shakllari sud hokimiyati nazoratida bo‘lib, jinoyat ishi bo‘yicha yetarli asoslar mavjud bo‘lganda telefon so‘zlashuvlarini eshitishga sudlar sanksiya beradi.
Kanadada 1974-yilda qabul qilingan “Fuqarolarning shaxsiy hayotini himoya qilish to‘g‘risida” gi qonunda telefon va boshqa aloqa vositalaridagi so‘zlashuvlarni eshitish uchun majburiy talablar belgilangan. Qonunga ko‘ra jinoyat ishi bo‘yicha jabrlanuvchi xavf ostida bo‘lgan hollarda huquqni muhofaza qilish organlari telefon so‘zlashuvlarini eshitish uchun suddan maxsus ruxsat olishlari shart.
Bu haqidagi ariza shaxsan prokuror yoki uning o‘rinbosari tomonidan imzolangan bo‘lishi kerak.
Bir qator demokratik mamlakatlar qonunchiligining tahlilidan xulosa qilish mumkinki, telefon so‘zlashuvlarini tinglash fuqarolarning shaxsiy hayotiga eng jiddiy aralashish ekanligini hisobga olib, bunday protsessual harakat faqat sudning ruxsati bilan amalga oshirilishi lozim.
“Habeas korpus” instituti bilan bog‘liq jarayonlardan yana biri – jinoyatlarni tergov qilishda tintuv o‘tkazishga sudlar tomonidan sanksiya berilishidir.
Milliy qonunchilik tahlili shuni ko‘rsatmoqdaki (JPKning 161-moddasi), tintuv surishtiruvchi yo tergovchining asoslantirilgan qaroriga binoan prokurorning sanksiyasi bilan o‘tkaziladi.
Germaniya, Italiya, Gurjiston, Qirg‘iziston kabi mamlakatlar tajribasi shuni ko‘rsatayaptiki, fuqarolarning uyi daxlsizligi bilan bog‘liq konstitutsiyaviy huquqlarini cheklashga oid tezkor qidiruv tadbirlari faqat sudning ruxsati bilan amalga oshiriladi.
Zamonaviy tendensiyalar doirasida tadbirkorlik subyektlari, shu jumladan, transmilliy korporatsiyalar uchun inson huquqlariga rioya qilish bo‘yicha qoidalarni belgilash dolzarb va ayni damda murakkab masala hisoblanadi.
Tadbirkorlik subyektlari faoliyati inson huquqlariga daxldor mehnat, sog‘liq va xavfsizlik, bolalar va iste’molchilar huquqlarini qamrab oladi va ularga ta’sir o‘tkazadi. Bunday ta’sirlar sirasiga aholini majburiy ko‘chirish, tadbirkorlarning o‘z manfaatidan kelib chiqib mahalliy aholi bilan ziddiyatga kirishishi, hatto ularni tanqid qilayotgan faollarni obro‘sizlantirishi kabilar kiradi. Boshqacha aytganda tintuv o‘tkazish va telefon so‘zlashuvlarini eshitish uchun sudlar tomonidan sanksiya berilishi inson huquqlarini nafaqat davlat organlaridan, balki noqonuniy va vijdonsiz biznes vakillaridan ham himoya qilish imkoniyatini kafolatlaydi.
Yuqoridagilardan ko‘rinadiki, O‘zbekiston Jinoyat-protsessual kodeksida tintuv o‘tkazishga oid protsessual normalarni jahon standartlariga muvofiqlashtirish zarurati mavjud. Shu sababdan jinoyat-protsessual qonunchiligimizda jinoyat ishi doirasida nafaqat tintuv o‘tkazish, balki telefon so‘zlashuvlarini eshitish hamda mulkni xatlash uchun ham sanksiya berish vakolatini sudlarga berish to‘g‘risidagi normalarni belgilash bugunning eng muhim va dolzarb masalalaridan biri hisoblanadi.
Komron NIGMATOV,
Prezident huzuridagi Qonunchilik va huquqiy
siyosat institutining Sud-huquq sohasidagi
qonunchilik shu’basi mudiri