Aliment – majburiyatmi yoki mas’uliyat?

0
415

Voyaga yetmagan va moddiy yordamga muhtoj bolalar ota-onasi, oila a’zolaridan qonunda belgilangan tartibda va miqdorda aliment olish huquqiga ega. Bolalarning moddiy ta’minoti uchun to‘lanadigan aliment ota-onadan biriga yoki bolaning manfaatlarini himoya qiluvchi qonuniy vakilga topshiriladi hamda bolaning ta’minoti, ta’lim olishi va boshqa ehtiyojlari uchun sarflanadi.

Ota-onalar hamda bolalarning aliment borasidagi huquq va majburiyatlari O‘zbekiston Oila kodeksi va boshqa qonun hujjatlari asosida amalga oshiriladi. Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, mazkur kodeksning 5-bo‘limi aliment majburiyatlarini tartibga solishga bag‘ishlangan bo‘lib, 96—147-moddalarni o‘z ichiga oladi.

Aliment to‘lash majburiyati sud qaroriga asosan ota-onalik huquqidan mahrum etilgan shaxslarga nisbatan ham qo‘llanadi. Ya’ni shaxsning ota-onalik huquqidan mahrum qilinishi uni aliment to‘lash majburiyatidan ozod etmaydi.

Aliment to‘lash majburiyati ota-onalar o‘rtasidagi aliment to‘lash to‘g‘risidagi notarial kelishuv, sudning aliment undirish haqidagi buyrug‘i yoki hal qiluv qaroriga asosan belgilanadi. Aliment to‘lash to‘g‘risidagi notarial kelishuv sud tartibida bekor qilingan taqdirda ota-onalar aliment to‘lash majburiyatidan ozod bo‘lmaydi va aliment sud tartibida undiriladi.

Qonunda belgilangan umumiy qoidalarga asosan ota-ona o‘z bolalarini voyaga yetgunicha (18 yoshga to‘lgunga qadar) ta’minlashlari shart.

Bolasiga ta’minot berish majburiyatini ixtiyoriy ravishda bajarmagan ota-onadan sudning hal qiluv qaroriga yoki buyrug‘iga asosan aliment undiriladi. Bolaga aliment to‘lash haqida ota-ona o‘rtasida kelishuv bo‘lmaganda yoki aliment ixtiyoriy ravishda to‘lanmaganda va ota-onadan birortasi ham aliment undirish to‘g‘risida sudga da’vo yoxud ariza bilan murojaat qilmagan hollarda vasiylik va homiylik organlari bolaning ta’minoti uchun ota yoki onadan qonunda belgilangan miqdorda aliment undirish to‘g‘risida da’vo qo‘zg‘atishga haqlidir.

O‘zaro kelishuvga asosan tomonlar to‘lanadigan aliment miqdorini mustaqil belgilashlari va boshqa shartlar asosida bu masalani sudgacha hal qilishlari mumkin. Biroq amaliyotda masalani sudgacha hal qilish holatlari kam uchraydi. Har qanday holatda ham tomonlardan birining aliment undirishni so‘rab sudga murojaat qilishi aliment to‘lash majburiyatining vujudga kelishiga sabab bo‘ladi.

Aliment olish huquqiga ega bo‘lgan shaxs, oradan qancha muddat o‘tganidan qat’i nazar, xohlagan vaqtda aliment undirish to‘g‘risidagi talab bilan sudga murojaat qilishga haqlidir. Aliment sudga murojaat etilgan
paytdan boshlab undiriladi.

Agar sudga murojaat qilingunga qadar ta’minot olish chorasi ko‘rilganligi, ammo aliment to‘lashi shart bo‘lgan shaxs uni to‘lashdan bosh tortgani aniqlansa, o‘tgan davr uchun aliment sudga murojaat etilgan paytdan oldingi uch yillik muddat doirasida undirilishi mumkin. Ko‘pincha otalar aliment to‘lashadi, biroq onalardan aliment undirish to‘g‘risidagi ijro hujjatlari ham bor.

Bundan tashqari, ota-ona voyaga yetgan, mehnatga layoqatsiz, yordamga muhtoj bolalariga ham ta’minot berishi shart. Bunday bolalarga ta’minot ota-onaning kelishuviga binoan beriladi. Ota-ona o‘rtasida bunday kelishuvga erishilmaganda nizo sud tartibida hal qilinadi.

Ota-ona bolasiga to‘laydigan aliment miqdori Oila kodeksining 99-moddasida belgilab qo‘yilgan, unga ko‘ra agar voyaga yetmagan bolalariga ta’minot berish haqida ota-ona o‘rtasida kelishuv bo‘lmasa, ularning ta’minoti uchun aliment sud tomonidan ota-onaning har oydagi ish haqi va boshqa daromadining bir bola uchun to‘rtdan bir qismi; ikki bola uchun uchdan bir qismi; uch va undan ortiq bola uchun yarmi miqdorida undiriladi. Aliment miqdori taraflarning moddiy yo oilaviy ahvolini va boshqa e’tiborga loyiq holatlarni hisobga olgan holda sud tomonidan ozaytirilishi yoki ko‘paytirilishi mumkin.

Har bir bola uchun undiriladigan aliment qonunchilik bilan belgilangan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 26,5 foizidan oz bo‘lmasligi kerak.

Shaxs aliment pulini ixtiyoriy ravishda to‘lashi ham mumkin, bu holda sudning aliment undirish haqidagi ijro hujjati yoki aliment to‘lash to‘g‘risidagi notarial kelishuv bo‘lmagan taqdirda aliment to‘lashi lozim bo‘lgan shaxs o‘z ish joyiga alimentni ushlab qolish to‘g‘risida ariza bilan murojaat qiladi. Ushbu tartib Oila kodeksining 135-moddasida aks etgan.

Aliment bilan bog‘liq sud hujjatlarining ijro etilishiga ham alohida to‘xtalib o‘tish kerak. Bugungi kunda Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi sud va boshqa organlarning hujjatlarini, shu jumladan aliment undiruvi bilan bog‘liq hujjatlarni ijro etish bilan shug‘ullanadi.

“Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi qonunning 70-moddasiga asosan aliment undirish tartibi Oila kodeksi bilan belgilanadi.

Ijro uchun kelib tushgan hujjat “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi qonunning 8-moddasi talablariga javob bersa, davlat ijrochisi bir kun ichida ushbu qonuning 23-moddasiga asosan ijro ishini yuritish to‘g‘risida qaror qabul qiladi va uning nusxasini keyingi kundan kechiktirmay taraflarga yuboradi. Ta’kidlash joizki, qonunning 30-moddasiga asosan aliment undiruvi bilan bog‘liq hujjatlar darhol ijro etiladi.

Ijro ishini yuritish to‘g‘risidagi qaror taraflarga yuborilgandan so‘ng ishni yuritishda taraflarga, ya’ni aliment oluvchi va to‘lovchiga davlat ijrochisi ularning huquq va majburiyatlarini tushuntiradi va aliment undirish chorasini ko‘radi. Ushbu chora aliment to‘lovchining ish haqi va boshqa daromadlarini aniqlash hamda aliment undirishdan iborat.

Majburiy ijro harakatlari davomida aliment to‘lashi lozim bo‘lgan shaxs ishlamasa yoki ish haqi to‘g‘risidagi ma’lumotni taqdim etmagan bo‘lsa, aliment puli o‘rtacha oylik ish haqi miqdori bo‘yicha hisoblab chiqiladi. Agar bu taraflardan birining manfaatlariga jiddiy putur yetkazsa, u sudga murojaat qilishga haqlidir. Sud taraflarning moddiy, oilaviy ahvoli va boshqa e’tiborga loyiq holatlarni inobatga olib, qarzning pul bilan to‘lanadigan qat’iy summasini belgilashi mumkin.

Bundan tashqari, ijro harakatlari davomida aliment oluvchi va to‘lovchi o‘zaro kelishuvga erishganida yoki yarashib ketganida “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi qonunning 40-moddasi 1-bandiga binoan, ya’ni aliment oluvchining arizasiga asosan ijro hujjatini saqlash uchun o‘zlariga qaytarib olishlari mumkin. Bu holatda aliment oluvchida ijro hujjatini ushbu qonunning 27-moddasi talablari asosida qaytadan ijroga topshirish huquqi saqlanib qoladi.

Aliment undirish bilan bog‘liq hujjatlarni ijro etishdagi yana bir muhim jihat – “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi qonunning 421-moddasiga asosan qarzdorning O‘zbekistondan chiqish huquqini vaqtincha cheklash masalasiga alohida to‘xtalib o‘tish lozim. Ushbu moddaga ko‘ra aliment vaqtida to‘lanmaganda davlat ijrochisi aliment oluvchining arizasi bo‘yicha yoki o‘z tashabbusi bilan qarzdorning O‘zbekistondan chiqishini vaqtincha cheklash to‘g‘risida qaror chiqarishga haqli. Qonunning 421-moddasiga asosan ijro hujjatining talablari bajarilganda yoxud u bo‘yicha ish yuritish tugatilganda yoki tamomlanganda taqiq bekor qilinadi.

Shuningdek, bola 18 yoshga to‘lgunga qadar hisoblangan aliment oldindan to‘langan yoki aliment to‘lash majburiyatini ta’minlash uchun garov shartnomasi tuzilganda ham qarzdorning O‘zbekistondan chiqish huquqiga nisbatan qo‘yilgan taqiq bekor qilinadi.

Alimentni o‘z vaqtida to‘lamagan yoki umuman to‘lamaganlarga nisbatan qonunda jazo choralari belgilangan. Xususan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 474-moddasiga ko‘ra ikki oydan ortiq aliment to‘lamaslik o‘n besh sutka muddatga ma’muriy qamoqqa olishga yoki ushbu kodeksga muvofiq ma’muriy qamoq qo‘llanishi mumkin bo‘lmagan shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravari miqdorida jarima solishga sabab bo‘ladi.

Birinchi marta huquqbuzarlik sodir etgan shaxs ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishni
ko‘rish jarayonida aliment qarzini ixtiyoriy ravishda to‘lasa, javobgarlikdan ozod etiladi.

Jinoyat kodeksining 122-moddasiga ko‘ra ma’muriy jazo qo‘llanganidan keyin ham alimentni ikki oydan ortiq muddat mobaynida to‘lamaslik ikki yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

O‘sha qilmishni xavfli retsidivist sodir etgan bo‘lsa, ikki yildan uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Agar shaxs aliment qarzini to‘liq to‘lagan bo‘lsa, javobgarlikdan ozod qilinadi.

Aliment undiruvi bilan bog‘liq qonun hujjatlari takomillashib bormoqda. Xususan, O‘zbekiston Prezidentining 2022-yil 7-martda qabul qilingan “Oila va xotin-qizlarni tizimli qo‘llab-quvvatlashga doir ishlarni yanada jadallashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida “Aliment to‘lovlari” jamg‘armasini tashkil etish nazarda tutilgan. Shu maqsadda
Vazirlar M a h k a m a s i n i n g 427-qarori qabul qilinib, Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosida “Aliment to‘lovlari” jamg‘armasi tashkil etildi.

Majburiy ijro byurosini rivojlantirish jamg‘armasi hisobidan mazkur jamg‘armaga 50 milliard so‘m mablag‘ ajratildi.

Tajriba shuni ko‘rsatadiki, alimentni o‘z vaqtida to‘lamaganlik uchun jazo choralari bolalarning moddiy ta’minoti masalasini to‘liq hal qilmaydi. Aliment to‘lamaganlik uchun ma’muriy qamoq yoki ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlangan qarzdorlar qo‘llangan ta’sir choralariga qaramasdan alimentni to‘lamasligi ushbu choralardan bolalarning manfaatdorligini minimal darajaga keltirgan.

Endilikda alimentni o‘z vaqtida to‘lamagan qarzdorlarga nisbatan Jinoyat kodeksining 122-moddasiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandan so‘ng to‘lanmay qolgan aliment ushbu jamg‘arma hisobidan biryo‘la to‘lab beriladi. Biroq bu qarzdorni aliment to‘lash majburiyatidan ozod etmaydi va majburiy ijro harakatlari davom ettirilib, aliment undan jamg‘arma hisobiga undirib olinadi.

Xullas, notinch oilalar, ajrimlar, aliment masalasi jamiyat uchun dolzarb ahamiyatga ega. Bolalarning ta’minoti davlat tomonidan kafolatlanishi va davlatning aliment masalalariga maksimal aralashuvi bilan oilaviy ajrimlar sonining kamayishiga erishib bo‘lmaydi. Mahalla instituti vositasida oilaviy ajrimlarning oldini olish, shu bilan bir qatorda aliment to‘lovlari bo‘yicha ham fuqarolarning mas’uliyatini oshirish ko‘proq samara berishi mumkin.

Otabek G‘AFUROV,
Majburiy ijro byurosi
Chilonzor tumani bo‘limi
boshlig‘ining o‘rinbosari

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here