Usul va furu’: qonun va ijro

0
317

VIII asr o‘rtalaridan bir uslubga solina boshlangan fiqh ilmi undan keyingi davrlarda usul va furu’ shaklida ikki qismga ajralib o‘rganila boshlandi. Usul islom huquqshunosligida mujtahidning farqli dalillardan shar’iy-amaliy hukmlarni chiqarishiga xizmat qilgan metod va qurollar jamlanmasi bo‘lsa, furu’ metod va qurollar bilan shar’iy-amaliy hukmlar butunligining to‘plamidir.

Islom tarixida mazhablar va ulardan saralangan ahli sunna val-jamoaga birlashuvchi to‘rt mazhab yuzaga kelishidagi ilk davrlarda fiqh savol berish va uning hukmini bayon qilish asosida shakllandi. Keyingi asrlarga kelib esa huquqshunoslar tomonidan izohlanish va kichik masalalarga ham umum tushuncha berish zarurati tug‘ila boshladi. Bunga imom Zanjoniyning “Taxrijul furu’ alal usul”, Isnaviyning “at-Tamhid”, imom Suyutiy va ibn Nujaymning “al-Ashboh van-nazoir” nomli asarlarida bo‘lgani kabi bir qancha usul va qoidaga oid adabiyotlarda oldin usul qoidalari zikr qilinib, so‘ng ulardan chiqqan yoki ularga
tayangan turli far’iy masala va hukmlarning keltirilishini misol qilishimiz mumkin.

Furu’ kalimasi lug‘atda “bir narsaning tepasi yoki yoni, shoxcha, sho‘ba, bo‘lim” kabi ma’nolarni anglatadi. Fari’ so‘zi esa uning arab tili lug‘atidagi birligidir. Masalan, fari’ – shoxcha desak, furu’ – shoxchalar degani bo‘ladi. Qur’onda birlik, ba’zi hadislarda esa ko‘plik shaklida kelgan bu atama shu ma’noda qo‘llanilgan. Diniy adabiyotlarda fari’ kalimasi terminologiya va adabiyotning shakllanishi bilan birga fiqh usulida oyat hukmi bilan aniqlanmagan va aslga qiyos qilingan masalalar uchun aytilgan. Furu’ esa fiqh ilmining nazariy qismi (usul)dan tashqari bo‘lgan ikkinchi asosiy bo‘limiga yoki meros huquqiga oid nasl-nasabni ifoda etgan atama sifatida qo‘llanilgan. Hozirgi qonun va ijro bilan taqqoslaganimizda huquqshunoslar tomonidan umumiy qabul qilingan protsessual va umumbashariy qoidalar asl, ularning kengayishi yoki qo‘llanilishi sifatida qaraladigan kichik masala va qoidalarni esa fari’ yoki furu’ deyish mumkin.

Bu ikki atama ba’zi o‘rinlarda “asl va fari’” deb nomlangan. Asosan islom huquqining merosga oid terminlarida “asl va fari’” shaklida qo‘llanilgan. Masalan, islomda kishining qiz yoki o‘g‘il farzandlari, nevara va chevaralari, undan so‘ng evaralari, ya’ni pastga qarab har qancha ketsa ham ularni fari’ (furu’) deyiladi. Bu bog‘lamda kishining ota-onasi, bobosi, katta bobosi va undan yuqoriga qarab har qancha ketsa ham ularni asl (usul) deyiladi. Bundagi shart shuki, qondosh bo‘lgan qarindoshlar bo‘lishi kerak, ya’ni emikdoshlik emas. Shu boisdan furu’ kalimasi oila va meros huquqidagi ko‘plab maxsus qoidalarning asosiy predmeti hisoblanadi. Bu yaqinlik asosida qarindosh bo‘lgan yigit va qizlarning o‘zaro nikohlanib oila qurishiga to‘sqinlik qilish yoki joiz sanalishi belgilanadi. Nafaqa va aliment to‘lash majburiyatlari, vasiylik, meros olish yoki ololmaslik jihatlaridan doimiy to‘siq bo‘lishi yoki joiz ekanini belgilashda ham mazkur atamalar muhim o‘rin tutadi. Shuningdek, jinoyat huquqidagi ba’zi majburiyatlar, ayrim ustuvorlik yoki imtiyozlarning ham belgilanishiga sabab bo‘ladi. Misol uchun er-xotin bo‘lish (nikoh) sababidan yuzaga keladigan qarindoshlikda furu’ tomon ustun turadimi yoki protsessual qarindoshlikmi, bu bahsli bo‘lsada, meros huquqida furu’ tomondan bo‘lgan bog‘lanish birinchi planga chiqadi.

Bu mavzular islomning ilk asrlarida yozilgan furu’ fiqh kitoblaridan boshlab ma’lum ma’noda o‘ziga xoslik kasb etishi, o‘sha davrning ehtiyoji, bilimi va ijtimoiy-madaniy sharoitlari bilan ham bog‘liq masaladir.

Fiqh, islom huquqi iqtisoddan siyosatgacha bo‘lgan keng qamrovga ega ilmdir. Shuning uchun ham u birinchi bo‘lib, o‘ziga xos ilm sifatida taraqqiy etgan. Ya’ni, turli diniy-huquqiy masalalarning yechimi asosiy-huquqiy qoidalar bilan yoki alohida bir usul yo‘li bilan ko‘rib chiqilgan. Usuli fiqh kitoblaridan chorak asr bo‘lsa-da oldin yuzaga kelgan furu’ fiqh asarlarida, avvalo, namoz va ibodat mavzulari, keyin esa nikoh, savdo kabi shaxs hayotidagi kundalik masalalar hamda halol va harom mavzularining o‘rin olishi ehtiyojlarning zaruriyligiga qarab tartiblangan.

Darhaqiqat, Zayd ibn Alining “al-Makmu’”i, Muhammad ibn Hasan Shayboniyning “al-Asl”, “al-Jomi’us sog‘ir”, “al-Jomi’ul kabir” kitoblari, Imom Shofi’iyning “al-Um” va ilk hijriy asrlardayoq birin-ketin yozila boshlagan barcha furu’ asarlarida ham so‘zboshi va tanitish qismlari hisobga olinmasa, birinchi tahorat va namoz mavzusi bilan boshlanib, ro‘za, zakot, haj, qurbonlik, nazir, kafforat kabi boshqa masalalardan so‘ng yo nikoh yoki bay kitobi bilan davom ettiriladi. Keyin shaxsiy va ijtimoiy hayotga oid diniy-huquqiy masalalar alohida sarlavhalar ostida muhokama qilinadi. Oxirida vasiyat, faroiz ilmi kabi masalalar bilan tugatiladi. Bu tizim keyinchalik yozilgan furu’ adabiyotlarida ham saqlangan bo‘lib, asli klassik davrdagi umumiy furu’ kitoblariga borib taqaladi. Ular orasida Kosoniyning “Badoye’us sanoye’” asarida bo‘lgani kabi diniy-huquqiy qoidalarning dalil va asoslarini hamda ular asos bo‘lgan huquqiy tamoyillarga bog‘liq o‘xshash jihatlarni uchratish mumkin.

Shuningdek, ibn Quddomaning “al-Mug‘niy”si, ibn Rushdning “Bidayatul mujtahid” asariga o‘xshash mazhablararo masalalarni solishtirish yoki Mavsiliyning “al-Ixtiyor”i va ibn Obidinning “Raddul muxtor” kabi mazhab ichi ijtihodiy qarashlarini tarjih va tahlil qilish maqsadida yozilgan yoki Tahaviy va Quduriyning “al-Muxtasar”i bilan Ibrohim Halabiyning “Multaqatul akbar”idek qo‘llanma va hol ilmi adabiyotlari ham bor.

Furu’ fiqhga doir klassik asarlarda asosiy bo‘limlarning umumiy soni 25-30 ta mavzu atrofida bo‘lib, ular: ibodat, muomalat va jazo mavzularidan iborat uch guruhga bo‘lingan. Faqat umum furu’ asarlarida boshqaruv, konstitutsiya, moliya, davlatlararo huquqiy normalar, hukm, shaxs huquqi va boshqalar mavjud. Hatto odob-axloq va so‘zlashish huquqiga oid mavzularga ham o‘rin berilganini ko‘rishimiz mumkin. Bundan tashqari, umum furu’ huquqiy asarlarda, uning quyi tarmoqlari hisoblangan bugungi zamonaviy dunyo huquqi: boshqaruv, konstitutsiya, soliq, jinoyat, davlatlararo munosabatlar kabi turli mavzular ham boshqa nom bilan alohida tilga olingan. Ya’ni, xiroj, mulk, ahkamus-sultoniyya, siyosatush-shar’iyya, siyar, adabul-qozi kabi alohida nomlar bilan tasnif etilgan.

Yuqorida zikr etilgan mumtoz asosga ko‘ra, umum furu’ huquqiy masalalariga XIX asrga kelib G‘arb huquqiy ta’limoti kuchli ta’sir ko‘rsatgan. Jumladan, bizning milliy mentalitetimizga zid yoki diniy e’tiqodimizga to‘g‘ri kelmaydigan huquqiy normalarning majburan singdirilishi ham shundan. Mavzudan chetlashmagan holda xulosa qilmoqchimizki, aslida zamonaviy huquq fanining nazariy va umumiy qoidalarini o‘z ichiga olgan huquqiy asarlar musulmonlar jamiyatida ancha oldin yozilgan. Ularni bugungi kun bilan taqqoslab ochib berish islom tadqiqotchilari zimmasida turgan muhim vazifalardan biridir.

Baxtiyor IBODOV,
Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi ilmiy xodimi

 

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here