So‘nggi yillarda O‘zbekistonda qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini isloh etish, shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoyalash, uning sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilishga qaratilgan samarali ishlar amalga oshirilmoqda. Mazkur yo‘nalishlarga xalqaro standartlar, ilg‘or xorijiy tajribalarni joriy etish bo‘yicha ham salmoqli ishlar qilinmoqda.
Jinoyat sodir etishda zamonaviy texnologiyalar va usullarni qo‘llash butun dunyoda tobora ommalashib borayapti. Bu esa shaxsning aybdorligini sudda ilmiy-texnik jihatdan asoslangan dalillar bilan isbotlash jarayonlarini takomillashtirishni talab etadi.
Shu bilan bir qatorda shaxs qadr-qimmatiga, intellektual mulkiga tajovuz kabi turli jinoyatlar sonining ortayotgani, qo‘lyozmalarda umumiy va individual jihatlarni aniqlash bo‘yicha maxsus metodika yaratilish ehtiyojining ortishiga sabab bo‘lmoqda. Anonim xatlarda gumonlanuvchilar auditoriyasini qisqartirish, matnning lingvistik atributlariga asoslanib yosh, gender va hududiy xosligiga ko‘ra muallifning taxminiy obrazini yaratish masalaning adolatli va xolisona yechim topishiga omil bo‘ladi. Shu jihatdan maxsus lug‘atlar tuzilishi, soha korpusi yaratilishi mutaxassislar oldida turgan dolzarb vazifalardan sanaladi.
Bugungi kunda haqorat, tuhmat, mualliflik huquqini lingvistik jihatdan himoya qilish, reklama sohasidagi sud ishlarini yuritish, shuningdek, shaxsni aniqlash bo‘yicha bahsli masalalarni hal qilish zarurati oshib bormoqda. Sud-huquq tizimini takomillashtirishda, turli matnlarning kriminalistika bilan bog‘liq mohiyatini yoritishda, anonimlik holatlarini izchil asoslashda, turli jinoyatlarning oldini olishda lingvokrimalistikaning o‘rni juda yuqori.
O‘zbekistonda reklama va bozor munosabatlarining rivojlanishi, milliy muammolar bilan bog‘liq – ommaviy axborot vositalari matnlari, ommaviy nutq, reklama, tijorat nomlari bilan bog‘liq ko‘plab da’volarning paydo bo‘la boshlashi lingvokriminalistikaning ahamiyati keskin ortishiga va unga bo‘lgan ehtiyojning kengayishiga sabab bo‘lmoqda.
Lingvokriminalistikaning muhim vazifalaridan biri qonunbuzarlikni fosh qilish uchun alohida jinoiy submadaniyatning maxfiy tilini tahlil qilish, jinoyatchilar qo‘llaydigan noadabiy birliklarni o‘rganishdir. Shuningdek, jinoyat protsessi nuqtayi nazaridan har bir jinoyat ishidagi jinoiy argoni tahlil qilish lingvokriminalistik ekspertizani talab qiladi.
Ekspertiza jinoyat-protsessual qonun hujjatlari bilan tartibga solinadigan, natijalari jinoyatchini ayblash uchun haqiqiy asos bo‘lishi mumkin bo‘lgan dalillarni to‘plash bo‘yicha protsessual faoliyatni o‘z ichiga oladi.
Lingvokriminalistlar uchun asosiy tadqiqot obyekti – semantik aloqa bilan birlashtirilgan belgi birliklari ketma-ketligi sifatida matn, ularning asosiy xususiyatlari izchillik va yaxlitlikdir.
M. Grachevning fikricha, lingvokriminalistika va yurislingvistika bilan bir qatorda sud nutqshunoslik, lingvistik ekspertiza terminlari ham ishlatiladi. Lekin ularning o‘rganish obyekti yuqoridagi terminlardan ancha kam va ular lingvoyuridik mohiyatini to‘lig‘icha ifodalab bermaydi.
Hozirgi vaqtda lingvokriminalistik ekspertiza quyidagi masalalar bilan shug‘ullanadi:
– munozarali matn, bayonot yoki til belgisini (masalan, hujjat, gazeta maqolasi, teleko‘rsatuv, firma nomi, tovar belgisi va boshqalar) semantik mazmunini aniqlash uchun o‘rganish;
– bahsli matn, gap yoki lisoniy belgini janr, kompozitsion yoki leksiko-grammatik ifoda shakli nuqtayi nazaridan o‘rganish;
– tijorat nomlarining (firma nomlari, tovar belgilari, domen nomlari) o‘ziga xosligi, individualligi, yangiligi, chalkashlik darajasini aniqlash maqsadida tadqiq qilish;
– munozarali matnning funksional va uslubiy bog‘liqligini hisobga olgan holda tilshunoslik me’yorlarini qo‘llash qoidalarini professional lingvistik bilimlar asosida tushuntirish.
Ushbu keltirilgan vazifalar to‘liq deb aytolmaymiz, chunki lingvokriminalistikaning vazifa doirasi juda kengdir.
Lingvokriminalistika sud ekspertizasi tarkibida muhim rol o‘ynaydi. Xususan, sud ekspertizaning eng keng tarqalgan turlaridan biri qo‘l yozuvi ekspertizasi hisoblanadi. Ushbu tekshiruvning vazifalariga qo‘l yozuv ijrochisini aniqlash hamda xulosa berish kiradi. Identifikatsiya qilish vazifalari bilan bir qatorda qo‘l yozuvi tekshiruvi diagnostik vazifalarni ham, xususan, ijrochining jinsini, yoshini, matnni yozish paytidagi psixofiziologik holatni, qasddan buzilishlarni va boshqalarni aniqlash vazifalarini bajarib keladi.
Tilshunos mutaxassis yozuvning mos yozuv normalari va umumiy yozish qoidalariga asoslanib, matnda turli xil anomaliyalarni qidiradi.
Insonning qo‘l yozuvi o‘ziga xosdir, bu esa mutaxassisga me’yordan chetga chiqish asosida shaxsning individualligini aniqlash imkonini beradi. Matn ham shaxsning shaxsiy xususiyatlarini (bo‘sh joydan noto‘g‘ri foydalanish, paragraflarga maxsus bo‘linish, shrift tanlash va boshqalar) bildirishi mumkin.
Lingvokriminalistik tekshiruvlar sirasiga kiradigan sud-fonoskopik ekspertizani ham alohida ta’kidlab o‘tish joiz. Bu ham, albatta, ekspertizaning eng keng tarqalgan turlaridan hisoblanadi.
Bu fonogrammada yozilgan ovoz va nutq belgilari bo‘yicha so‘zlovchining shaxsini aniqlashga, fonogrammaning amal qilish muddati davomida yoki undan keyin kiritilgan o‘chirish, nusxa ko‘chirish, tahrirlash va boshqa o‘zgarishlar belgilarini aniqlashga qaratilgan sud-nutq ekspertizasining bir turi. Unda ovoz yozish, ovoz yozish shartlari, holatlari, vositalari va materiallarini, shuningdek sud dalillari uchun ahamiyatga ega bo‘lgan boshqa faktlarni aniqlash vazifalarini bajarib keladi.
Sud-fonoskopik ekspertizasining o‘ziga xosligi shundaki, ekspert ko‘plab masalalarni hal etish uchun fan va texnikaning turli sohalari bo‘yicha (tilshunoslik va akustika, matematika,
radiotexnika va boshqalar) keng bilimga ega bo‘lishi kerak. Fonoskopik tekshirish obyektlari
tovush, ayniqsa nutq, turli tashuvchilarga yozib olingan ma’lumotlar, ovoz yozish asboblari
(magnitofon, videomagnitofon, ovoz yozish apparatlari, magnit, optik va boshqa tashuvchilar) hisoblanadi. So‘nggi paytlarda nutq xususiyatlariga ko‘ra so‘zlovchining individualligini aniqlash uchun turli xil texnik tizimlar juda rivojlanmoqda.
Hozirgi vaqtda fonoskopik ekspertiza ishlab chiqishda lingvistik tahlil usullariga asoslangan holda ekspert bayonotning so‘zma-so‘z mazmunini belgilaydi, so‘zlovchilar sonini, ularni ovoz va nutqning qiyosiy namunalari bo‘yicha aniqlaydi. Yuqori sifatli eksperimental namunalarni olish uchun aniqlangan shaxsning fonogrammasida so‘zlovchining individual lingvistik va fonetik xususiyatlari aniqlanadi. Qiyosiy tadqiqot uchun taqdim etilgan materiallarda, birinchi navbatda, talaffuz xususiyatlari, nutq patologiyasi yoki adabiy tilning umumiy qabul qilingan me’yorlaridan boshqa og‘ishlar eng aniq namoyon bo‘lgan so‘zlar va iboralar bo‘lishi kerak.
Fonogrammani tahrirlash uchun tekshirishda magnit tashuvchini magnit-optik usulda vizual
tahlil qilish, instrumental tadqiqot bilan bir qatorda, bugungi kunda asosiy lingvistik ma’lumotga ega bo‘lgan yuqori professional mutaxassis yozib olinganlarning yaxlitligi, uyg‘unligi, uzluksizligi va tabiiyligini tahlil qilish talab qilinadi.
Fonogrammada yozilgan nutq bo‘yicha so‘zlovchini aniqlashda lingvistik tadqiqotlarning tipik vazifasi intellektual funksional-dinamik nutq majmuasini, yaʼni og‘zaki shaklda gaplar yaratishda shaxsning barqaror ko‘nikma va qobiliyatlarini aniqlashdan iborat. Shu asosda nafaqat identifikatsiya qilish, balki diagnostika vazifalari ham so‘zlovchining ovozi va nutqi bo‘yicha kimligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni aniqlash bilan bog‘liq.
Ko‘p hollarda nutq orqali so‘zlovchining individualligini emas, balki ba’zi bir guruh xususiyatlarini aniqlash talab etiladi. Jumladan, yosh, u yoki bu urg‘u yoki mintaqaviy talaffuz turi hamda ovoz patologiyasining mavjudligi va boshqalar. Bu vazifa asosan sud ekspertizasi yoki aloqa kanallarini nazorat qilish jarayonida yuzaga keladi. Ko‘pincha bunday muammolarni hal qilish tahlil qilingan matnni auditorlik ekspertizasining baholashiga asoslanadi va avtomatik tahlil usullaridan faqat dastlabki bosqichda yoki yordamchi sifatida foydalaniladi.
Hozirgi vaqtda turli soha mutaxassislari ishtirok etadigan kompleks tekshiruvlar mavjud. Ularda alohida rol mutaxassis tilshunosga berilishi kerak.
Xususan, kompleks sud-iqtisodiy ekspertizasini tayinlashda hujjatlarni yozgan shaxsni aniqlashni, matnni aniqlashni maxsus tilshunossiz amalga oshirib bo‘lmaydi. Lekin ko‘plab sud-iqtisodiy ekspertizalarda lingvistik masalalar deyarli ko‘rib chiqilmaydi. Ba’zida lingvokriminalist ishtirok etishi kerak bo‘lgan murakkab tekshiruvlar “noan’anaviy sud-psixologik tekshiruv” degan nom bilan o‘tkazib kelinadi.
Barcha sud ekspertizalari odatda o‘n ikki turga bo‘linadi:
1) sud-tibbiyot;
2) tibbiy va psixofiziologik;
3) muhandislik-texnik;
4) muhandislik va transport;
5) muhandislik-texnologik;
6) iqtisodiy;
7) biologik;
8) tuproqshunoslik;
9) qishloq xo‘jaligi;
10) oziq-ovqat mahsulotlari;
11) ekologik;
12) san’atshunoslik.
Ko‘rib turganingizdek sud ekspertizasida lingvokriminalistik ekspertiza alohida soha sifatida ajralib turmaydi. U ekspertizalarning birinchi sinfiga – sud-tibbiyot ekspertizasi tarkibiga kiradi.
Bunda mualliflik ekspertizasiga sud ekspertizasi toifalaridan biri sifatida qaraladi.
Hozirgi vaqtda yuridik tilshunoslikda hal qilinishi kerak bo‘lgan tilshunoslik masalalari dolzarb bo‘lib bormoqda. Shundan kelib chiqib lingvokriminalistik ekspertiza mustaqil soha sifatida ajralib turishi lozim. Chunki uning konsepsiyasi matn bilan bog‘liq barcha ekspertizalarni o‘z ichiga oladi.
Shu bilan birga u til bilan bog‘liq bo‘lgan barcha tekshiruvlarni, xususan, mualliflik ekspertizasini, qo‘l yozuvi, hujjatchilik, sha’n va qadr-qimmat tushunchasi bilan bog‘liq tekshiruvlar, haqorat hamda shunga o‘xshash bahsli matnlarni birlashtirishi kerak.
Hozirgi axborot urushlari sharoitida ommaviy axborot vositalarida tuhmat, so‘z erkinligini suiiste’mol qilish kabi holatlarga qarshi kurashish zarurati paydo bo‘lmoqda. Ammo ba’zida ekspert tilshunosning fikrisiz aybni qonuniy ravishda isbotlash imkonsiz bo‘lib qoladi.
Fikrimizcha, bu sohani dunyo ilm-fani darajasida rivojlantirish hamda ilmiy-amaliy ahamiyatini oshirish uchun quyidagi masalalarga e’tibor qaratish zarur:
birinchidan, respublikadagi barcha sud ekspertizalari qatori lingvokriminalistik ekspertizani ham mustaqil sohaga aylantirish lozim. Chunki uning konsepsiyasi matn bilan bog‘liq barcha ekspertizalarni o‘z ichiga oladi. Shu bilan birga u til bilan bog‘liq bo‘lgan barcha ekspertizalarni birlashtirishi kerak. Xususan, mualliflik, qo‘lyozma, hujjatlashtirish, sha’n va qadr-qimmat tushunchasi bilan bog‘liq ekspertiza, haqorat va hokazo. Unga qo‘shimcha qilib, grafologiya bo‘yicha tasdiqlangan bilimlarni ham jalb qilish mumkin.
Ikkinchidan, barcha huquqni muhofaza qiluvchi organlar turli ko‘rinishdagi kriminalistik matnlar, ijtimoiy-siyosiy jihatdan xavfli, shubhali holatlarni (turli siyosiy nutqlar, reklamalar, nomlar) aniqlash uchun lingvokriminalistika bo‘yicha ma’lum bir bilimlarga ega bo‘lishi uchun ularning shu soha bo‘yicha malaka, bilim va ko‘nikmalarini oshirish maqsadga muvofiq.
Uchinchidan, lingvokriminalistika tergov jarayonida xolis xulosa beruvchi fandir. Shu boisdan mamlakatimizda lingvokriminalist tayyorlash, malakasini oshirish mexanizmlarini ishlab chiqish, lingvokriminalistik markazlar faoliyatini yo‘lga qo‘yish lozim.
To‘rtinchidan, hozirgi vaqtda turli sohalar mutaxassislari ishtirok etadigan kompleks
tekshiruvlar mavjud. Ularda lingvokriminalistga alohida rol berilishi kerak.
Jumanazar O‘ROZOV,
Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili
va adabiyoti universiteti o‘qituvchis