HomeXalqaro yangiliklarZelenskiy BMT Xavfsizlik Kengashiga “Tinchlik formulasini” taqdim etadi

Zelenskiy BMT Xavfsizlik Kengashiga “Tinchlik formulasini” taqdim etadi

Ukraina prezidentining aytishicha, Kiyev tajovuzkor urushlarni tugatish uchun namuna boʼla oladigan reja ishlab chiqqan.

Birlashgan Millatlar Tashkiloti Xavfsizlik Kengashi chorshanba kuni Ukrainadagi vaziyat boʼyicha yigʼilish oʼtkazdi, unda Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy oʼzining “Tinchlik formulasi” loyihasini taqdim etish niyatida.

Avvalroq Zelenskiy Bosh Assambleyada ushbu tashabbusdan mojarolarni tugatishning potensial namunasi va mamlakatlarni tajovuzkorlardan himoya qilishning universal vositasi sifatida foydalanishni taklif qilgan edi.

“Ukraina tinchlik formulasi global tus olmoqda. Unda Rossiya Ukraina va boshqa davlatlarga qarshi qoʼllayotgan va boshqa tajovuzkorlar tomonidan qoʼllanilishi mumkin boʼlgan harbiylashtirishning barcha shakllarini toʼxtatish uchun zarur boʼlgan yechimlar va qadamlar koʼrsatilgan. Zamonaviy tarixda birinchi marta bizda hujumga uchragan davlat shartlari boʼyicha tajovuzni tugatish uchun real imkoniyat bor”, deydi Zelenskiy.

Rossiyaning keng koʼlamli bosqinchilik harakati boshlanganidan beri birinchi marta Moskvaning yuqori martabali vakili, Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Ukraina prezidenti bilan birga bitta tadbirda ishtirok etadi.

Zelenskiyning Nyu-Yorkda Afrika davlatlari rahbarlari, shuningdek, amerikalik siyosatchilar bilan bir qator uchrashuvlar rejalashtirilgan. Ular orasida AQSh Kongressi Vakillar palatasi spikeri, respublikachi Kevin Makkarti ham bor, u Ukraina rahbariyatiga koʼplab savollari borligidan ogohlantirdi:

“Biz sarflagan pullar taqdiri haqidagi hisobot qayerda? Gʼalaba rejasi qanaqa? Amerika jamoatchiligi bular haqida bilishni istaydi. Rossiya bosqinchilik harakati – bu xatolik. Bu jinoyat va biz buni tugatishni xohlaymiz. Men har doim boshidan aytganman, qanday masala boʼlishidan qatʼi nazar, mehnatkash soliq toʼlovchilar oʼz pullarini qayerga sarflaganayotgani hisob-kitobini bilishni xohlayman. Va men gʼalaba qozonish rejasini koʼrishni xohlayman”.

Kiyev Gʼarb davlatlarini Ukraina Qurolli kuchlarining qarshi hujumi uchun koʼproq harbiy yordam koʼrsatishga chaqirmoqda. Bundan tashqari, Ukraina fuqarolik va harbiy infratuzilmani Rossiyaning raketa va dron hujumlaridan himoya qilish uchun mablagʼ soʼramoqda.

Aloqador maqolalar

Ko‘p o‘qilgan

Mutolaa