Surrogat onalik shartnomasi – dunyo mamlakatlari qonunchiligida boshqa fuqarolik va oilaviy-huquqiy shartnomalardan farqli o‘laroq bepushtlikni davolash va potensial ota-onalarning oilaviy qadriyatga erishishi uchun amalga oshiriladigan mustaqil shartnoma turi hisoblanadi. Mazkur shartnoma bolaning tug‘ilishi va kelajakda bola hamda ota-ona munosabatlarining o‘rnatilishini nazarda tutadi.
Sababi bunday tusdagi shartnoma qonun hujjatlarida uzoq vaqtdan beri mavjud. Bugungi kunda ko‘pgina davlatlarda surrogatlik dasturi asosida xizmatlar ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsa-da, amalda surrogatlik munosabatlari dasturi shartnomaviy-huquqiy munosabatlar bilan tartibga solinmagan.
Shartnoma mazmuni uning taraflari tomonidan kelishilgan, kontragentlarining (lot. contrahens – fuqarolik huquqiy munosabatlarida shartnoma tuzuvchi taraf) huquq va majburiyatlari mustahkamlangan, shartnoma majburiyati mazmunini tashkil etuvchi shartlar majmuidir. Surrogat onalik munosabatlarini ilmiy tadqiq etish jarayonida mazkur shartnomaviy munosabatlarni shartlaridan kelib chiqqan holda muhim, oddiy, tasodifiy turdagi uch guruhga bo‘lish asoslidir.
Fuqarolik-huquqiy munosabatlarning vujudga kelishiga binoan agar tomonlar o‘rtasida shartnomaning barcha muhim shartlari bo‘yicha zarur shaklda kelishuvga erishilgan bo‘lsa bitim tuzilgan hisoblanadi. Shartnoma predmeti bo‘yicha shartlar, qonunda yoki boshqa huquqiy hujjatlarda ushbu turdagi shartnomalar uchun muhim deb ko‘rsatilgan shartlar, shuningdek tomonlardan birining iltimosiga binoan barcha shartlar kelishuvga erishish uchun muhim ahamiyatga ega. Shartnomaning muhim shartlari uning mohiyatini belgilaydi va boshqa shartnomalardan farqlash imkonini beradi.
Oddiy shartlar ushbu turdagi shartnomada mavjud bo‘lgan, ammo shartnomaning amal qilish muddati ularning izchilligiga bog‘liq bo‘lmagan shartlardir.
Tasodifiy shartlar – qoida tariqasida ushbu turdagi shartnomada nazarda tutilmagan, ammo
tomonlarning kelishuvi bilan belgilanishi mumkin bo‘lgan va shartnomaning haqiqiyligi ularning kelishuviga bog‘liq bo‘lmagan shartlar sanaladi.
Surrogat onalik shartnomalari odatda farzand asrab oluvchilar, ya’ni genetik ota-onalar va surrogat onaning huquq va majburiyatlarini belgilash maqsadida tuziladi. Bu turdagi shartnomalarda asosan surrogat ona sun’iy urug‘lantirilishi, hosil bo‘lgan homilani muddatigacha olib borishi, so‘ngra farzandlikka oluvchilarga nisbatan otaonalik huquqidan voz kechishi ko‘zda tutilgan.
Tadqiqotlarga ko‘ra, surrogat onalik shartnomalarini tuzish sun’iy urug‘lantirishdan oldin surrogat ona va genetik ota-onaning jismoniy va psixologik tekshiruvdan o‘tishini talab qiladi.
Bundan tashqari shartnomada surrogat onadan qoida tariqasida homiladorlik davrida spirtli ichimliklar, giyohvand moddalar yoki tamaki iste’mol qilishdan bosh tortish talab qilishi mumkin. Ta’kidlash lozimki, ba’zi surrogat onalik shartnomalarida surrogat onadan amniyosentez testi talab qilinishi mumkin. Mazkur tekshiruvda agar homilada biron bir nuqson aniqlansa, genetik ota-ona abort qilishni talab qilish uchun shartnomada belgilangan huquqqa ega bo‘ladi. Surrogat onalik shartnomasida surrogat onaning homilani
abort qilishi uning salomatligiga tahdid solmasa taqiqlanadi. Ba’zi surrogat onalik shartnomalarida bola tug‘ilgandan keyin otalikni tekshirishni talab qilish sharti ham belgilanishi mumkin.
Yuqorida keltirilgan shartnoma asosida yuzaga keladigan surrogat onaning majburiyatlari bo‘yicha xizmatlari evaziga genetik ota-ona surrogat onaning tibbiy va salomatligi bilan bog‘liq barcha xarajatlarni to‘lashga rozi bo‘ladilar. Surrogat onalik shartnomalarida homiladorlik davrida surrogat onaning yashash xarajatlarini genetik ota-onaning to‘lashi ham nazarda tutilishi mumkin. Surrogat onalik shartnomasida surrogat onaning xizmatlari uchun to‘lanadigan haq miqdori va zarur to‘lovlar avvaldan ko‘rsatiladi.
Olim S. Juravleva surrogatlikni huquqiy tartibga solishni hisobga olib, surrogat onalik shartnomasining quyidagi shartlarini muhim deb hisoblashni taklif qiladi:
• surrogatlik dasturida ishtirok etuvchi shaxslar to‘g‘risidagi ma’lumotlar, surrogat onaning bola tug‘ish davridagi yashash joyi, taraflarning huquq va majburiyatlari, nuqsonli bola tug‘ilishi oqibatlari, surrogat onani ta’minlash uchun moddiy xarajatlarni to‘lash tartibi va shartlari, shartnomani bekor qilish asoslari va oqibatlari, shartnoma shartlarini bajarmaganlik uchun tomonlarning javobgarligi, potensial ota-onalarning surrogatlik dasturi uchun qilgan xarajatlarini qoplash tartibi hamda oqibatlari, agar surrogat ona bolaga onalik huquqini saqlab qolsa, bolani potensial ota-onalarga o‘tkazishni rad etish, tomonlarning kelishuvi bilan belgilanadigan boshqa shartlar.
Surrogat onalik munosabatlarini tahlil qilgan izlanuvchi A. Kolomiets surrogat onalik shartnomasining quyidagi muhim shartlarini aniqlagan: shartnomaning narxi, muolajalar o‘tkaziladigan tibbiy muassasa yoki muassasalar, surrogat ona o‘tkazishi kerak bo‘lgan protseduralar va testlarning soni va turlari.
Shuningdek, A. Kolomietsning fikricha surrogat onalik shartnomasining tasodifiy shartlari quyidagi shartlarni o‘z ichiga oladi:
• surrogat ona javob berishi kerak bo‘lgan talablar, surrogat ona uchun har xil majburiyatlarni belgilash (kun tartibi, yashash joyi, ovqatlanishi), surrogat onaning shifokorning oqilona ko‘rsatmalariga rioya qilish majburiyati, tug‘ilgan bolani buyurtmachi ota-onaga topshirish vaqti va joyi, surrogat onaning tug‘ilgan bolaning biologik ota-onasi nomiga o‘tkazishga rozilikni imzolagan vaqti va joyi, ma’lumotlarning maxfiyligi va mavjudligi masalalari, surrogat ona ko‘p homiladorlik holatida tug‘ishga rozi bo‘lgan bolalar soni, genetik ota-onalarning bolani qabul qilish majburiyati, mijozlarning o‘limi yoki ajrashishi holatlarida yuzaga keladigan huquqiy oqibatlar.
Ba’zi tadqiqotchilar o‘z ilmiy qarashlarida surrogat onalik shartnomasining muhim shartini
faqat shartnoma predmeti bo‘yicha shart deb atashadi.
Fikrimizcha, yuqoridagi barcha shartlar surrogat onalik shartnomasining muhim shartlari emas. Yuqorida keltirilgan huquqiy asoslarga ko‘ra, agar tomonlar o‘rtasida kelishuvning barcha muhim shartlari bo‘yicha tegishli hollarda talab qilinadigan shaklda kelishuvga erishilgan bo‘lsa bitim tuzilgan hisoblanadi. Bundan xulosa qilishimiz mumkinki, shartnomaning asosiy shartlari shunday shartnomaning o‘zini belgilaydigan va uni boshqa ko‘plab shartnomalar qatorida aniqlashtirishga imkon beradigan shartlardir.
Agar muhim shartlar taraflar tomonidan kelishilmagan bo‘lsa (ular shartnoma matnida mavjud bo‘lmasa), unda bunday bitim tuzilmagan deb hisoblanadi. Shartnomaning muhim shartlari kelishilgan bo‘lsa, u holda shartnoma tuzilgan deb hisoblanadi. Bundan kelib chiqadiki, muhim shartlar tomonlar shartnoma tuzganini va uni bajarishga majburligini tasdiqlashga imkon beruvchi shartnoma shartlarining minimal to‘plami hisoblanadi.
Surrogat onalik to‘g‘risidagi nomlanmagan (notipik) shartnomaning birinchi muhim sharti shartnoma predmeti bo‘yicha shartdir. Ushbu shart shartnomaning asosiy maqsadi va tomonlar qanday natijaga erishmoqchi ekanligini aniqlash imkonini beradi. Surrogat onalik shartnomasi surrogat ona potensial ota-onalarning manfaatlarini ko‘zlab o‘zi uchun genetik jihatdan begona bolani dunyoga keltirish majburiyatini olishi hamda ota-onalik huquqini genetik ota-onalarga o‘tkazishi va tibbiy tashkilot zarur tibbiy xizmatlarining barcha spektrini taqdim etishi majburiyatini yuzaga keltiruvchi tomonlar o‘rtasidagi bitimdir.
Surrogat onalik shartnomasi huquqiy asoslarga ko‘ra dunyo hamjamiyati tan olgan oilaviy
an’anaviy qadriyatlarni mustahkamlash hamda mazkur kelishuvni yuridik jihatdan asoslash maqsadida fuqarolik qonunchiligi tartibida shartnoma sifatida tatbiq etish uchun mo‘ljallangan notipik shartnoma xususiyatlariga ega hisoblanadi. Surrogat onalik shartnomasining shartnomaviy va tashkiliy asoslarini takomillashtirish kontragentlar o‘rtasidagi shartnomaviy munosabatlarning muvozanatlashishiga xizmat qiladi.
Jamshid ABDULLAYEV,
Jamoat xavfsizligi universiteti
mustaqil izlanuvchisi