O‘zbek tilshunosligida ham sistem leksikologiyani ilmiy o‘rganish, leksik-semantik guruhlar tarkibidagi lug‘aviy birliklarni, ularning o‘zaro mantiqiy munosabatini aniqlash masalasida tilshunos olimlarimiz, jumladan, Hamid Ne’matov, Ravshanxo‘ja Rasulov o‘zlarining maktablarini yaratgan deyishimiz mumkin. Ularning qayd etishicha, leksemalarning semantik aloqalari xilma-xildir: sinonimiya, antonimiya, giponimiya, portonimiya, graduonomiya, funksionimiya, iyerarxonimiya va boshqalar.
Yuridik til leksikasi “huquq” arxisemasi (mushtarak semasi) asosida shakllanadi. U muayyan semantik maydon – tizim sifatida o‘zbek tili lug‘at tarkibida ham sifat, ham miqdor jihatidan muhim o‘rinlardan birini egallaydi.
Yuridik til milliy adabiy tilimizning ajralmas tarkibiy qismi bo‘lib, iste’molda keng qo‘llanadi.
Yuridik til bir necha turlarga bo‘linadi. Bular: qonun tili yoki davlat yuridik tili, ilmiy yuridik til, sud tili, huquqshunos-muallim tili, publitsist-yurist tili, prokuror tili, advokat tili va boshqalardir. Yuridik tilning mazkur barcha turlari umumiy asosga ega va bir xil toifaga mansub bo‘lsa ham baribir bir-biridan mazmunan farq qiladi. Shunga ko‘ra yuridik til tarkibiy qismlaridan biri sanalgan sud tili leksikasi haqida munosabat bildiramiz. Yuridik til leksikasi tarkibidagi lug‘aviy birliklarni quyidagi guruhlarga ajratdik. Maqsad mazkur leksika haqida umumiy tushuncha berish.
1. “Shaxs” tushunchasini ifodalovchi birliklar
Shaxsni anglatuvchi leksemalar mikromaydoni “shaxs” mushtarak semasi asosida shakllanadi. Ushbu leksik-semantik guruh tarkiban shaxs ifodasiga ega leksemalardan – sud jarayonini olib boruvchi, sud jarayoniga tayyorlovchi, jazoga tortilgan – sudlanuvchi shaxslar hamda sud jarayonida o‘z xohishiga ko‘ra qatnashuvchilardan tashkil topadi.
Demak, sud jarayonida ishtirok etuvchi shaxslarni quyidagi ichki guruhlarga ajratish mumkin.
Sudlov jarayonida ish yurituvchi shaxslar:
sudya, sud raisi, advokat, prokuror, rais o‘rinbosari, bosh prokuror, sud ijrochisi, xalq maslahatchisi, sud kotibi, vakil, kriminalist, ekspert, surishtiruvchi, tergovchi, notarius, konvoy, tarjimon.
Jazolanuvchi, qonunga xilof ish qilgan shaxslar: ayblanuvchi, sudlanuvchi, gumon qilinuvchi (gumondor), jinoyatchi, javobgar.
Sud jarayonida ishtirok etuvchi boshqa shaxslar: jabrlanuvchi, da’vogar, fuqaroviy da’vogar, guvoh, kafillik beruvchi, jamoatchi-oqlovchi, jamoatchi-qoralovchi, merosxo‘r, voris.
Ushbu paradigmatik tizim – ularning birliklari o‘ziga xos paradigmatik qator hosil qilib, yuqorida ta’kidlaganimizdek, “sud nutqida shaxs anglatuvchi leksemalar” mazmuniy guruhiga birlashadi va “sud tizimi” mikromaydoni yoki “huquq mikromaydoni”ni hosil qiladi.
2. “Sud organi” tushunchasini ifodalovchi birliklar
“Sud organlari” semasiga (arxisemasiga) ko‘ra ichki semantik maydonni – semantik guruhni tashkil qiluvchi birliklar bevosita sud bilan bog‘liq tashkilot va muassasalarni anglatadi. Ular quyidagilar: sud (oliy sud, xalq sudi, xo‘jalik sudi, fuqarolik sudi, harbiy sud…), sud hokimiyati, sud arxivi, sudning ikkinchi instansiyasi, sayyor sud majlisi, sud rayosati, kengash, sudlov hay’ati, sud tarkibi, kassatsiya hay’ati, advokatura, prokuratura, yuridik maslahatxona, ichki ishlar bo‘limi, jinoyat qidiruv bo‘limi, tribunal.
3. “Jinoyat turi” tushunchasini ifodalovchi birliklar
Sud nutqi leksikasida jinoyat turlarini ifoda etuvchi birliklar eng katta guruhni tashkil qiladi.
Ushbu semantik maydon “jinoyat” semasiga ko‘ra yuzaga keladi. Jinoyat ifodalovchi birliklar ma’no jihatidan turlicha bo‘lib, o‘z ichida o‘ndan ortiq leksik-semantik guruhlarga bo‘linadi.
Bular quyidagilar:
• mansabdorlik jinoyati: poraxo‘rlik, davlat mulkini talon-toroj qilish, mansabini suiiste’mol qilish, tamagirlik, qo‘l ostidagilarga bosim, tayziq o‘tkazish va b.;
• harbiy jinoyat: dezertirlik, harbiy xizmat chaqiruvidan bo‘yin tovlash, xizmat joyidan qochish, xizmat joyida bezorilik qilish, davlat sirini oshkor qilish;
• davlatga qarshi jinoyat: davlat to‘ntarishi harakatlari, davlatni to‘ntarishga yo‘naltirilgan harakatlar, davlatga qarshi varaqalar tarqatish, davlat mulkini o‘g‘rilash, diniy fanatizm, ekstrimizm, josuslik, ayg‘oqchilik,
terrorchilik harakati, qalbaki pul yasash va b.;
• o‘zganing mulkiga tajovuz qilish: o‘g‘rilik, bosqinchilik, talonchilik, yo‘lto‘sarlik, tamagirlik, firibgarlik, qalloblik, tovlamachilik, birovning mulkini noqonuniy o‘zlashtirib olish, reketchilik, shantaj qilish, xakerlik va b.;
• inson hayoti va ruhiyatiga tajovuz qilish: zo‘rlik, po‘pisa qilish, tuhmat qilish, qo‘rqitish, haqorat qilish, kamsitish, xo‘rlash, sha’nini yerga urish, badanga shikast yetkazish, urish (do‘pposlash), xunrezlik, suiqasd qilish, odam o‘ldirish, qotillik, odamxo‘rlik
va b.;
• jinsiy jinoyat: nomusga tegish, fohishalik, qo‘shmachilik, besoqolbozlik, ayollar savdosi, pornografik filmlar savdosi, jinsiy tamagirlik, ko‘p xotinlilik va b;
• iqtisodiy jinoyat: qo‘shib yozish, soxta tadbirkorlik, soxta hujjat tuzib xo‘jalik mulkini talon-toroj qilish, qarzni vaqtida to‘lamaslik, soliqni vaqtida to‘lamaslik, noqonuniy yo‘l bilan ssuda, kredit olish, yerni noto‘g‘ri o‘lchash, iqtisodiyot sohasidagi jinoyatlar va b.;
• kontrabanda jinoyati: noqonuniy mol savdosi, narkobiznes;
• ekologik jinoyat: brakonyerlik, atrof-muhitni ifloslantirish va b.;
• tartibbuzarlik: bezorilik, jamoat tartibini buzish, jamoat joyida axloqsizlik qilish;
• mualliflik huquqining buzilishi: nolegal faoliyat, litsenziyasiz faoliyat, plagiat va b.;
• sud-tergov jarayoni bilan bog‘liq jinoyatlar: aybni majburan bo‘yniga oldirmoq, tergov va sudni chalg‘itish, yolg‘on guvohlik berish, o‘zini ruhiy kasallikka solish, chaqiruv qog‘ozini olib, sud majlisiga kelmaslik, sud hukmini ijro etishdan bosh tortish va b.
4. “Jinoiy ish”ni ko‘rish tushunchasini ifodalovchi birliklar
Ushbu birliklar sudlov jarayonini olib boruvchi shaxslar tomonidan jinoiy ishlarni aniqlash, tekshirish – uni ochish maqsadidagi faol harakatlarni – tergash jarayonini anglatadi. Bular
quyidagilar: so‘roq, guvohlantirish, surishtiruv, tergov, dastlabki tergov, qo‘shimcha tergov, taftish, tintuv, restitutsiya (dastlabki huquqiy holatni tiklash), prezumpsiya (faktlarning asli topilguncha shu faktni to‘g‘ri deb topish), ko‘rsatma berish, eksgumatsiya (murdani qazib olib, ekspertizadan o‘tkazib, yana ko‘mish), qidirish (izlash, axtarish).
5. “Sud hukmi” tushunchasini ifodalovchi birliklar
Bunday leksik-semantik guruh “sud hukmi” semasiga ko‘ra yuzaga keladi. Ushbu birliklar sud jarayoni natijasida chiqarilgan hukmni, hukmning qandayligini ifodalaydi.
Bular quyidagilar:
1) ayblov hukmi, qamash, ozodlikdan mahrum qilish, intizomiy qismga jo‘natish, mol-mulkini musodara qilish, jarima solish, axloq tuzatish, qo‘shimcha jazo choralari, favqulodda jazo chorasi;
2) oqlov hukmi, jinoiy ishni harakatdan to‘xtatish, ozod qilish, shartli ozod qilish, jazoni yengilrog‘i bilan almashtirish, afv etish, amnistiya, da’voni qanoatlantirmoq, pulni qaytarish, jazodan ozod qilish, oqlash, reabilitatsiya qilish, jarima solish, tovon to‘lash, moddiy, ma’naviy zararni qoplash.
6. “Jazo joyi” tushunchasini ifodalovchi birliklar
Ushbu leksik-semantik guruh “jazo joyi” semasiga ko‘ra tashkil topadi. Mazkur guruhga oid birliklar sud jarayoni natijasida chiqarilgan hukmga ko‘ra sudlanuvchining qayerda bo‘lishini anglatadi. Bular quyidagilar: qamoq, qamoqxona, turma, kamera, koloniya, zona, lager, tergov izolyatori, qattiq tartibli koloniya, gauptvaxta, surgun va boshqalar.
7. “Sud ekspertizasi” tushunchasini ifodalovchi birliklar
Bunday leksik-semantik guruhlar “sud ekspertizasi” semasiga ko‘ra yuzaga keladi. Ushbu
birliklar sud jarayonida muayyan mutaxassislar qo‘ygan tashxisni bildiradi. Bular quyidagilar:
sud-tibbiy ekspertizasi, sud-buxgalteriya, sudkimyo, sud-elektroakustik, xatshunoslik (kriminalistika), avtotexnika, ballistik (o‘q va snaryadlar harakatini aniqlash bo‘yicha), daktiloskopik, dastlabki tergov davridagi, ishni sudda ko‘rish davridagi, takroriy, jinoiy vaziyat (jinoyat sodir etilishidagi vaziyat, ishlatilgan qurol va boshqalarni o‘rganish), trasologiya, mehnat layoqatini aniqlash ekspertizasi.
8. “Yuridik hujjat” tushunchasini ifodalovchi birliklar
“Yuridik hujjat” semasiga (arxisemasiga) ko‘ra muayyan semantik maydonni hosil qiluvchi birliklar bevosita sud bilan bog‘liq hujjatlarni – rasmiy ish qog‘ozlarini anglatadi.
konstitutsiya,
qonun,
kodeks,
modda,
jinoyat kodeksi,
jinoyat protsessual kodeksi,
ma’muriy huquqbuzarlik kodeksi,
prokurorning xususiy protesti,
nizom,
ariza,
da’vo arizasi,
tilxat,
qaror,
bayonnoma,
hal qiluv qarori,
ajrim,
amnistiya,
aybnoma,
kassatsion shikoyat (sud hukmidan norozilik),
fabula (jinoyat ishida aybdorga
qo‘yiladigan aybning izchil bayoni),
dispozitsiya (qonunning bosh qismi),
guvohnoma,
ishonchnoma,
protokol,
iltimosnoma,
ma’lumotnoma,
yo‘riqnoma,
vasiyatnoma,
shartnoma,
bayonot,
xabarnoma,
hukmnoma.
Yuridik til leksikasidagi “yuridik hujjatlar” tushunchasini anglatuvchi leksemalar o‘zaro bir nechta gipero-giponimik aloqalarni hosil qiladi.
Manbalarda “Giperonim jins belgisini bildirgan predmetning nomini ifodalovchi ko‘pgina ma’nolarni semantik jihatdan umumlashtiruvchi mikrotizimning markaziy so‘zi, dominantasi sifatida namoyon bo‘luvchi lug‘aviy birlik sifatida;
giponim esa, ma’lum jins turlarining nomlarini ifodalovchi ko‘pgina ma’nolarni semantik jihatdan giperonimga nisbatan boy bo‘lgan lug‘aviy birlik” sifatida sharhlanadi.
Shunday ekan, qiyoslaymiz, qaror (giperonim) – jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qilish to‘g‘risida qaror – jinoyat ishini ish yurituvchiga olish haqida qaror – dastlabki tergovni tergovchilar guruhiga topshirish to‘g‘risida qaror – dastlabki tergovning tergovchilar guruhini ko‘paytirish to‘g‘risida qaror – tergov guruhi tarkibini o‘zgartirish to‘g‘risida qaror – jinoyat ishini tergovga tegishliligi bo‘yicha yuborish to‘g‘risida qaror – tintuv o‘tkazish haqida qaror – shaxsiy tintuv o‘tkazish haqida qaror – ayblovni o‘zgartirish to‘g‘risida qaror – jabrlanuvchini majburiy keltirish to‘g‘risida qaror – O‘zbekiston Respublikasi nomidan hal qiluv qarori – qamoqqa olish to‘g‘risida qaror – sud-tibbiy ekspertizasi tayinlash haqida qaror va hakazolar (giponimlar).
Yana qiyoslaymiz, bayonnoma (giperonim) – og‘zaki arizani qabul qilish bayonnomasi – guvohni so‘roq qilish haqida bayonnoma – jabrlanuvchini so‘roq qilish haqida bayonnoma – yuzlashtirish bayonnomasi – shaxsni tanib olish uchun ko‘rsatish haqida bayonnoma – olib qo‘yish haqida bayonnoma – tintuv haqida bayonnoma – ayblanuvchini so‘roq qilish bayonnomasi (giponimlar).
Demak, murakkab semantik birlik bo‘lgan qaror, bayonnoma giperonimlari umumiylik, jins sifatida muayyan giponimlar – xususiylik, turlar – semantik jihatdan turlicha bo‘lgan birliklar orqali sud amaliyotiga xizmat qiladi.
Muayyan semantik maydonga birlashuvchi leksemalar umumiy va xususiy belgilariga ko‘ra
o‘zaro birlashadi yoki ajralib turadi. Masalan, quyida berilgan so‘zlar mazmuni, maqsadi va
qo‘llanishiga ko‘ra o‘zaro birlashsa, joriylanishiga ko‘ra ularning har biri alohidadir. “Ayni
mana shu jihat so‘zlarning tildagi daxlsizligini, xususiyligini ta’minlaydi va ularni muayyan
paradigmalarga birlashtirish imkonini beradi”.
Giponimni giperonimlardan farqlovchi sema – ayni bir jinsga mansub jinoyatlarning amalga oshirilishiga ko‘ra nomlovchi ma’nolaridir.
Qiyoslaymiz: qotillik – odam o‘ldirish;
killerlik – yollanma qotil vositasida amalga oshirilgan qotillik; pichoqlash – sanchib kiruvchi o‘tkir tig‘li ashyo vositasida amalga oshirilgan qotillik; zaharlash – zararli, zaharlovchi moddalar vositasida amalga oshirilgan qotillik; bo‘g‘ilish – zaharli gaz to‘ldirilgan joyda saqlash orqali amalga oshirilgan qotillik; otish – o‘qotar qurolda amalga oshirilgan qotillik; bo‘g‘ish – bo‘yinni siqish orqali amalga oshirilgan qotillik; dimiqtirish – suv havzasi va shunga o‘xshash joyda amalga oshirilgan qotillik; urish – qo‘l yoki qattiq jism vositasida amalga oshirilgan qotillik.
Quyidagilarni iyerarxionimik munosabat sifatida kuzatish mumkin: jinoyat (mikromaydon) – qotillik (giperonim) – killerlik – pichoqlash – zaharlash – otish – bo‘g‘ish – dimiqtirish – urish (giponim).
“Funksionimiya deganda denotatlarning o‘zaro bir xil yoki yaqin vazifa bajarishi asosida hosil bo‘lgan so‘zlar qatori tushuniladi. Ma’lumki, denotatlarning faoliyatidagi bir xillik yoki o‘zaro o‘xshashlik ularning nomlarini ifodalovchi so‘zlarorasida leksik-semantik aloqadorlikka asos bo‘ladi.
Yuridik til leksikasida uchraydigan funksionimik qator sifatida quyidagi so‘zlar tizimini ko‘rsatish mumkin: a) qamoq//qamoqxona, kamera, turma, koloniya, zona; b) oliy sud, viloyat sudi, xo‘jalik sudi va b.
Xullas, yuridik til leksikasi sifat (ma’no) jihatidan ancha murakkab, miqdor jihatidan esa “cheksiz” bo‘lib, o‘zbek tili lug‘at tarkibida eng katta qatlamlardan birini hosil qiladi. Ushbu leksika xalq hayotining deyarli barcha yo‘nalishlari, sohalari, jarayonlarini qamrab olishi, shuningdek, o‘zbek tilshunosligida shu kungacha monografik planda mutlaqo o‘rganilmagani bilan ajralib turadi.
Ravshan IKRAMOV,
Chirchiq davlat pedagogika instituti gumanitar fanlar
fakulteti dekani, yuridik fanlar nomzodi, dotsent.
Qodirjon MO‘YDINOV,
o‘zbek tilshunosligi kafedrasi dotsenti v.b.