Xorijda yashayotgan vatandosh: tushuncha va tahlil

0
770

2023-yil 30-aprel kuni o‘tkazilgan referendumda umumxalq ovoz berishi orqali qabul qilingan O‘zbekiston Konstitutsiyasining 23-moddasida davlat O‘zbekiston hududida ham, uning tashqarisida ham o‘z fuqarolarini himoya qilish va ularga homiylik ko‘rsatishni kafolatlashi, O‘zbekiston fuqarosi O‘zbekistondan tashqariga chiqarib yuborilishi yoki boshqa davlatga berib yuborilishi mumkin emasligi, davlat xorijda yashayotgan vatandoshlar bilan aloqalarni saqlab qolish hamda rivojlantirish to‘g‘risida xalqaro huquq normalariga muvofiq g‘amxo‘rlik qilishi belgilandi.

Shu asnoda Asosiy qonunga “vatandoshlar”, aniqrog‘i “xorijda yashayotgan vatandoshlar” tushunchasi kiritildi. Bugungi ijtimoiy-siyosiy diskursda dolzarbligi ortib borayotgan ushbu atama bunga qadar ilk bor O‘zbekiston Prezidentining 2018-yil 25-oktyabrdagi “Xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan hamkorlik sohasida O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bilan muomalaga kiritilgan edi. Mazkur qaror bilan Xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan hamkorlik sohasida O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosati konsepsiyasi va Xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar dasturi tasdiqlangan.

2020-yilning 15-sentabridan kuchga kirgan “O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida”gi ­qonunga ham “vatandosh” tushunchasi kiritilib, unga “O‘zbekiston Respublikasi hududida tug‘ilgan yoki ilgari uning hududida yashagan, O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligiga ega bo‘lmagan, O‘zbekiston Respublikasi hududidan tashqarida yashaydigan shaxs va uning nasl-nasab shajarasi bo‘yicha to‘g‘ri tutashgan o‘zidan keyingi qarindoshlari, basharti, agar ularning nasl-nasab shajarasi bo‘yicha to‘g‘ri tutashgan o‘zidan oldingi qarindoshlari O‘zbekiston Respublikasi hududida yashayotgan bo‘lsa hamda O‘zbekiston Respublikasining fuqarolari bo‘lsa” tarzida ta’rif berildi.

Xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan hamkorlik sohasida O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosati konsepsiyasining 1-bobida esa atama batafsilroq ta’riflangan:

– “O‘zbekiston hududidan tashqarida doimiy istiqomat qiladigan yoki ta’lim olish, mehnat qilish, oilaviy sabablar va boshqa sharoitlardan kelib chiqib vaqtincha chet elda yurgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari;

– xorijga chiqqan va chet el fuqaroligini olgan, vataniga ma‘naviy va madaniy nuqtayi nazardan mansublikni his qilgan hamda O‘zbekiston Respublikasi bilan madaniy-gumanitar, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa aloqalarni rivojlantirishga harakat qilayotgan O‘zbekistondan chiqib ketgan shaxslar va ularning avlodlari;

– etnik, til va madaniy-tarixiy nuqtayi nazardan o‘zini o‘zbek yoki qoraqalpoq sifatida identifikatsiya qilgan hamda O‘zbekiston bilan har tomonlama aloqada bo‘lish xohishida bo‘lgan xorijda istiqomat qilayotgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar hisoblanadi”.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining qaroriga muvofiq tasdiqlangan “Xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar va ularning oila a’zolarini O‘zbekiston Respublikasiga taklif qilishni rasmiylashtirish, ko‘p martalik kirish vizalarini berish hamda ularni ichki ishlar organlari tomonidan vaqtincha turgan joyi bo‘yicha ro‘yxatga olish tartibi to‘g‘risida”gi nizomda ushbu tushuncha “vatandoshlar – kelib chiqishi O‘zbekiston Respublikasidan bo‘lgan, xorijga chiqqan va xorijiy davlat fuqaroligini yoki fuqaroligi bo‘lmagan shaxs maqomini olgan, tarixiy vataniga ma’naviy va madaniy nuqtayi nazardan mansublikni his qilgan hamda etnik va til nuqtayi nazaridan o‘zini o‘zbek yoki qoraqalpoq sifatida identifikatsiya qilgan hamda O‘zbekiston bilan har tomonlama aloqa qilish istagida bo‘lgan xorijda istiqomat qilayotgan xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar” tarzida ta’riflangan.

Shu o‘rinda globallashuv jarayonlari kechayotgan davrda xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalarni rivojlantirishning ahamiyatiga e’tibor qaratish joiz.

Migratsiya va migratsiya jarayonlariga nisbatan uzoq yillar davomida shakllanib qolgan salbiy stereotiplarga qaramay, bu jarayon mahalliy yoki xalqaro ko‘lamda bo‘lishidan qat’i nazar, ijtimoiy taraqqiyotda muhim o‘rin tutadi. Xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalarning rivojlanishi esa ularning huquq va qonuniy manfaatlari himoyalanishiga, o‘z tili, e’tiqodi, madaniyati va an’analarini saqlab qolishiga, ularning o‘z vatani taraqqiyotiga ko‘proq hissa qo‘shishiga, xalqaro aloqalarning mustahkamlanishi, investitsiyaning ko‘payishi, mamlakatning xalqaro maydondagi imiji yaxshilanishi, millatning o‘zligini anglashiga xizmat qiladi. Mamlakatdan tashqaridagi vatandoshlar, diasporalar har qanday davlat uchun xorijdagi yumshoq kuch (soft power) vazifasini o‘taydi.

Aholi migratsiyasi chuqur o‘ylangan, muvofiqlashtirilgan va tizimli yondashuvni talab qilishini dunyo hamjamiyati e’tirof etmoqda. Davlatlar migratsiya masalasini nafaqat ikki tomonlama yoki mintaqaviy, balki global darajada ham keng muhokama qilishga intilayapti.

Misol uchun, Isroil, Germaniya, Polsha, Janubiy Koreya kabi davlatlarning migratsiyaga doir qonunchiligida xorijdagi vatandoshlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash masalalari ham asosiy o‘rin tutmoqda.

Bugungi kunda xalqaro migrantlar taxminan 218 mln nafar – bu dunyo aholisining 3,6 foizi
demakdir. Bunda o‘zlari tug‘ilib o‘sgan mamlakatdan tashqarida yashayotgan va ishlayotgan odamlar nazarda tutilmoqda.

O‘zlari va farzandlari uchun yaxshi hayot qidirib ko‘chgan bu odamlar ularni qabul qilgan mamlakat va o‘zlari tug‘ilgan mamlakat rivojiga birday hissa qo‘shadi.

So‘nggi o‘n yilliklarda iqtisodiy jihatdan rivojlanib borayotgan mamlakatlarning tarixi shuni ko‘rsatadiki, ularda xorijdagi vatandoshlar bilan hamjihatlik va muloqot tizimli tashkil etilgan. Masalan, Xalqaro migratsiya tashkilotining ma’lumotiga ko‘ra, yer sharining barcha qit’asida 60 millionga yaqin xitoylik istiqomat qiladi. Ular tarixiy vatani bilan aloqasini saqlab kelmoqda va bu Xitoyning bugungi taraqqiyotida muhim o‘rin tutadi. Bu fikrni turli davlatlarda yashayotgan 25 million hindistonlik misolida ham aytish mumkin.

Bugungi O‘zbekiston xalqini tashkil etuvchi tub aholi vakillari migratsiyasining sabablari va tarixi turlicha: agar o‘lchamni XX asr boshlaridan oladigan bo‘lsak, 1917-yildagi inqilob va uning oqibati sabab yurtdan ketgan yoki ketkazilgan vatandoshlarning avlodlari, Ikkinchi jahon urushi davrida xorijda qolib ketganlar, Sovet ittifoqi parchalanganidan keyin farovon hayot izlab vatandan chiqib ketganlar, chet elda ta’lim olib vatanga qaytmaganlar, chet el fuqarosi bilan oila qurib ketganlar, mehnat migrantlari va hokazo.

Ma’lumki, O‘zbekiston faol demografik o‘sishni boshdan kechirmoqda – aholi soni har yili
bir necha yuz mingga ortmoqda.

Bunday sharoitda ham faol migratsiya kuzatilishi tabiiy. Shuningdek, iqtisodiy qiyinchiliklar, ishsizlik tufayli millionlab yurtdoshlarimiz dunyoning ko‘plab davlatlarida vaqtincha yoki doimiy istiqomat qilmoqda. Mazkur holatlar xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalarni rivojlantirish vazifasi nechog‘li dolzarb ekanini ko‘rsatadi.

O‘zbekistonda xorijiy mamlakatlar tajribasi o‘rganilib, vatandoshlar bilan ishlash sohasida jiddiy qadam qo‘yildi.

So‘nggi yillarda xorijdagi vatandoshlar bilan muloqot va hamkorlikni rivojlantirish, O‘zbekistonda kechayotgan islohotlardagi ishtirokini rag‘batlantirish, shuningdek, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilishga ko‘mak berish borasida muhim ishlar qilindi.

Jumladan, “Xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan hamkorlik sohasida O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarorida xorijda yashayotgan vatandoshlar bilan hamkorlik sohasida O‘zbekiston Respublikasi davlat siyosatining asosiy maqsadlari sifatida:

– xalqaro huquqning umume’tirof etilgan prinsiplari, istiqomat qilinayotgan davlatning qonunchiligi hamda O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari asosida xorijdagi vatandoshlarning huquq va erkinliklarini amalga oshirishga ko‘maklashish;

– vatandoshlarning O‘zbekiston madaniy, ilmiy va ma’naviy merosini keng targ‘ib qilishga, uni jahon miqyosida o‘rganish va ommalashtirishga, istiqomat qilayotgan davlatlarida o‘zbek tili, madaniyati va an’analarini saqlab qolish va rivojlantirish borasidagi faoliyatlarini qo‘llab-quvvatlash, ularning O‘zbekistonda ta’lim olish imkoniyatlarini kengaytirish;

– O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga va uning xorijiy mamlakatlar bilan o‘zaro manfaatli, do‘stona munosabatlarini qurishga o‘z hissasini qo‘shmoqchi bo‘lgan vatandoshlar hamda ular tuzgan tashkilotlar bilan aloqalarni rivojlantirish va mustahkamlash;

– vatandoshlarning O‘zbekiston hududida professional, shu jumladan, tadbirkorlik, investitsiyaviy, ilmiy, ma’rifiy va madaniy faoliyat bilan shug‘ullanishlari uchun qulay huquqiy, ijtimoiy va iqtisodiy sharoitlarni yaratish;

– vatandoshlarning salohiyatini O‘zbekistonda olib borilayotgan keng ko‘lamli sotsial-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy islohotlarni qo‘llab-quvvatlashga, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro nufuzini yanada mustahkamlashga jalb qilish belgilandi.

2021-yil 11-avgustda O‘zbekiston Prezidentining qarori bilan “Vatandoshlar” jamoat fondi tashkil etildi. Mazkur fondni tashkil etishdan asosiy maqsad ham xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlarni tarixiy Vatani atrofida yanada jipslashtirish, ularning qalbi va ongida yurt bilan faxrlanish tuyg‘usini yuksaltirish, milliy o‘zlikni saqlab qolish, vatandoshlar va ular tomonidan tuzilgan jamoat birlashmalarini qo‘llab-quvvatlash, turli sohalarda faoliyat yuritayotgan vatandoshlarning salohiyatini mamlakatimiz taraqqiyotiga samarali yo‘naltirishdan iboratdir. Bugungi kunda xorijda yashayotgan ko‘plab vatandoshlarimiz mamlakat rivojiga, O‘zbekistonning imijini hamda tashqi dunyo bilan munosabatlarini yaxshilashga munosib hissa qo‘shib kelmoqda.

Sobiq ittifoq respublikalarining aksariyatida xorijda yashayotgan vatandoshlariga oid davlat siyosatini ifoda etuvchi bazaviy normativ hujjatlar qabul qilingan.

Jumladan, Rossiya federatsiyasining “Xorijda yashayotgan vatandoshlarga doir davlat siyosati to‘g‘risida”gi qonuni 1999-yilda, Ukrainaning “Xorijdagi ukrainaliklar to‘g‘risida”gi qonuni 2004-yilda, Gruziyaning “Xorijda yashayotgan vatandoshlar va diaspora tashkilotlari haqida”gi qonuni 2011-yilda, Qirg‘izistonning “Xorijda yashayotgan vatandoshlarni qo‘llab-quvvatlashga doir davlat siyosatining asoslari to‘g‘risida”gi qonuni 2013-yilda qabul qilingan.

O‘zbekistonda vatandoshlar masalalari bo‘yicha davlat siyosatiga oid alohida qonun yo‘q, ularning maqomi “O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida”gi qonun va boshqa hujjatlar bilan tartibga solinadi. Ulardagi “xorijda yashayotgan vatandoshlar” tushunchasi mazmunan umumiylikka ega bo‘lgani holda, berilgan ta’riflarda farqlar bor.

Shu va boshqa sabablarni inobatga olgan holda “O‘zbekiston Respublikasining xorijda yashayotgan vatandoshlarga oid davlat siyosati to‘g‘risida”gi qonunni ishlab chiqish va qabul qilish taklif etiladi. Mazkur qonunda vatandosh tushunchasining yagona ta’rifi, O‘zbekiston Respublikasining vatandoshlarga oid davlat siyosatining asosiy maqsad va vazifalari, vatandoshlarning huquqiy maqomi, shaxsning vatandosh deb tan olinishi va tasdiqlanishi, bekor qilinishi, unga daxldorlikka doir talablar, vatandoshlarning huquq va majburiyatlari, ularga belgilangan imtiyozlar, O‘zbekiston Respublikasining xorijda yashayotgan vatandoshlar bilan munosabatlarining asoslari va boshqa masalalar qamrab olinishi maqsadga muvofiq.

Shaxram AMONULLOYEV,
Huquqni muhofaza qilish akademiyasi
magistraturasi tinglovchisi

 

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here