So‘z erkinligi mamlakatning rivojlanishidagi muhim omillardan sanaladi. Qaysi davlatda so‘z erkinligi mavjud bo‘lmasa, o‘sha joyda hech bir sohada rivojlanish, taraqqiyot bo‘lmaydi.
So‘z erkinligi insonga jamiyatdagi kamchiliklarni, davlatning olib borayotgan siyosatidagi nuqsonlarni ochiq-oydin aytish imkoniyatini berib, mas’ullarning nazaridan chetda qolgan masalalarga e’tibor berilishini nazarda tutadi. Bunda e’tiborli jihati shundaki, ko‘rsatilayotgan yo aytilayotgan kamchilik va nuqsonlar haqoratu tuhmatlardan yiroq, ta’masiz bo‘lishi lozim.
Ammo so‘nggi paytlarda O‘zbekistonda mavjud so‘z erkinligi holatidan foydalanib, turli qing‘irliklarga qo‘l urayotganlar ko‘p uchramoqda. Bu aksar hollarda tuhmat, tovlamachilik, haqorat shaklida namoyon bo‘lmoqda. Yana bir e’tiborli tarafi, hech qanday ma’lumotga ega
bo‘lmagan, na qonun-qoidani, na jurnalistik etikani tushunmaydigan ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari – blogerlar o‘zlarini jurnalist deb atab bu ishlarni amalga oshirmoqda.
O‘zbekiston Respublikasining “Axborotlashtirish to‘g‘risida”gi qonunida Internet jahon axborot tarmog‘idagi o‘z veb-saytiga va (yoki) veb-sayt sahifasiga hamma erkin foydalanishi mumkin bo‘lgan, ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa xususiyatga ega axborotni joylashtiruvchi, shu jumladan axborotdan foydalanuvchilar tomonidan ushbu axborotni muhokama qilish uchun joylashtiruvchi jismoniy shaxsning bloger ekanligi belgilangan.
Mazkur qonunning 121-moddasida Veb-saytning va (yoki) veb-sayt sahifasining yoxud boshqa axborot resursining egasi, shu jumladan bloger hamma erkin foydalanishi mumkin bo‘lgan axborot joylashtiriladigan Internet jahon axborot tarmog‘idagi o‘z veb-saytidan va (yoki) veb-sayt sahifasidan yoxud boshqa axborot resursidan fuqarolarning sha’ni va qadr-qimmatiga yoki ishchanlik obro‘siga putur yetkazuvchi, ularning shaxsiy hayotiga aralashishga yo‘l qo‘yuvchi axborotni tarqatish, shu jumladan beodoblik bilan ifodalangan axborotni tarqatish qonunga muvofiq jinoiy va boshqa javobgarlikka sabab bo‘ladigan o‘zga harakatlarni sodir etish maqsadlarida foydalanilishiga yo‘l qo‘ymasligi shartligi belgilangan.
Afsuski, bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek kontentida haqoratlar, birovlarning sha’niga tuhmatlar yog‘dirish holatlari ko‘payib ketdi.
Bunda tegishli organlar haqorat yo tuhmat uchun ijtimoiy tarmoq foydalanuvchisiga chora ko‘rgan taqdirda “so‘z erkinligi”ga tahdid deb baholanishi oddiy holga aylandi. Negaki, so‘z erkinligi degani birovni haqorat qilish, yo birovga tuhmat qilish, yo tovlamachilik qilish degani emas. So‘z erkinligi haqiqatni aytish, kamchiliklarni ochiqchasiga yozish yo gapirish deganidir.
Bir misol. 2022-yil 9-mart kuni fuqaro N.N. Navoiy viloyat IIB boshlig‘i nomiga ariza bilan
murojaat qilib, D.B. uni xizmatga oid ma’lumotlarini internet tarmoqlari orqali tarqatish bilan tahdid qilib, ilgari 2022-yil 4-mart kuni undan tovlamachilik yo‘li bilan 3 million so‘m pullarni olganligi shunga qaramasdan hozirda yana 1500 AQSH dollari miqdorida pullarni talab qilib, kelayotganligini aytib D.B.ga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.
Navoiy viloyati IIB xodimlari tomonidan olib borilgan tezkor tadbirlar natijasida 2022-yilning 9-mart kuni 23:36 da Navoiy shahrida joylashgan kafelarning birida D.B. fuqaro N.N dan tovlamachilik yo‘li bilan talab qilgan 1500 AQSH dollar pullarni olgan vaqtida qo‘lga olingan.
Shundan so‘ng fuqaro D.B. yonida bo‘lgan ayollar sumkasi xolislar va himoyachi ishtirokida
ko‘zdan kechirilganda uning sumkasidan tovlamachilik yo‘li bilan olgan 15 dona 100 kupyuralik maxsus kukun yordamida ishlov berilgan jami 1500 AQSH dollari miqdoridagi pullar protsessual tartibda hujjatlashtirib olingan.
Sud qaroriga binoan D.B. O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 139-moddasi (Tuhmat) 3-qismi “a” va “g” bandlari, shuningdek, mazkur kodeksning 165-moddasi (Tovlamachilik) 2-qismi “a” bandi bilan aybli deb topilgan hamda unga 4 yilu 6 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlangan.
Ko‘rib chiqayotgan mavzuimiz bo‘yicha xorij tajribasiga nazar solamiz.
Inson huquqlari va asosiy erkinliklari himoyasi to‘g‘risidagi Yevropa konvensiyasining 10-moddasi birinchi bandida: “Har kim o‘z fikrini erkin bildirish huquqiga ega. Bu huquq o‘z e’tiqodiga ega bo‘lish erkinligini hamda davlat hokimiyati organlarining hech qanday aralashuvisiz va davlat chegaralaridan qat’i nazar, axborot va g‘oyalarni olish va tarqatish erkinligini o‘z ichiga oladi. Ushbu modda davlatlarning radioeshittirish, televideniye yoki kinematografiya korxonalarini litsenziyalashiga to‘sqinlik qilmaydi”, deb qayd etilgan.
Biroq, ushbu moddaning ikkinchi bandida amal qilinishi zarur bo‘lgan tartiblar qayd etilgan: “Majburiyat va mas’uliyat yuklaydigan ushbu erkinliklarni ro‘yobga chiqarish milliy xavfsizlik, hududiy yaxlitlik yoki jamiyat osoyishtaligi manfaatlari nuqtayi nazaridan qonunda ko‘zda tutilgan va demokratik jamiyat taqozosi bo‘lgan hamda tartibsizliklar va jinoyatchilikning oldini olish, sog‘liq va ma’naviyatni asrab-avaylash, boshqa shaxslarning sha’ni yoki huquqlarini himoya qilish, maxfiy suratda olingan axborotni tarqatishning oldini olish yoxud odil sudlov xolisligining nufuzini ta’minlash maqsadlaridan kelib chiqadigan muayyan rasmiyatchilik, shart-sharoit, cheklashlar va jazo choralari bilan bog‘liq holda kechishi ham mumkin”.
Shu o‘rinda yana bir ma’lumotni qayd etishimiz joiz, AQSH Konstitutsiyasiga kiritilgan birinchi tuzatish so‘z erkinligi bilan bog‘liq.
Ammo u boshqalarni haqorat qilish huquqini bermaydi. Aytish joizki, barcha xorijiy mamlakatlarda ommaviy axborot vositalarida yoki internet orqali boshqalarni haqorat qiladiganlar uchun faoliyatni tartibga soluvchi alohida qonunlar mavjud.
Buyuk Britaniyada tuhmat qiluvchi ma’lumotlar jabrlanuvchiga nisbatan masxara, hurmatsizlik yoki nafratga sabab bo‘ladigan ma’lumot hisoblanadi. Internet orqali tuhmat, tovlamachilik qilish xorij amaliyotida kiberbulling deb ataladi.
Kiberbulling bu – Internet makonida odamga zarar yetkazish, ya’ni uni ta’qib qilish, qo‘rqitish, u haqida mish-mishlarni tarqatish.
Ko‘pgina mamlakatlar kiberbullingga qarshi kurashish bo‘yicha choralar ishlab chiqmoqda. Axborot kommunikatsiya texnologiyalari rivojlangan bugungi kunda biror kishiga zarar yetkazishning ko‘plab usullari mavjud – ijtimoiy tarmoqqa joylagan fotosurati ostida salbiy izoh yozish, guruh suhbatida yoki ijtimoiy tarmoqda haqorat qilish, shaxsiy hayotga oid ma’lumotlarni yoki tafsilotlarni joylashtirish.
Kiberbulling har doim ham tanish odamlar tomonidan qo‘zg‘atilmaydi, bu xabarlar ko‘pincha anonim tarzda yuboriladi. Anonim zo‘ravonlik unga uchraganlarning o‘ziga bo‘lgan ishonchiga katta putur yetkazishi va ularni xavfsizligidan mahrum qilishi mumkin. Chunki davlat organlari aralashuvisiz zo‘ravonlik manbaasini aniqlash juda qiyin. Bu uning qurbonlarida paranoyaning rivojlanishiga olib kelishi ham halokatli ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Ammo bularning barchasi uchun qonunchilikda javobgarlik belgilanganini unutmaslik lozim. Shuningdek, bu kabi qilmishlarni amalga oshirish umumaxloq normalariga ham mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi.
So‘zimizni ulug‘ faylasuf Aristotelning iborasi bilan tugatamiz: “Kim ilmda ilgarilab, axloqda oqsasa, u oldinga emas orqaga ketayotgan bo‘ladi”.
Furqat ALIMARDON,
jurnalist