“Qozixon fatvolari” asarida bola huquqlari

0
23

Bola huquqlarini ta’minlash, uning kamolga yetishi masalasi har bir jamiyat uchun muhim hisoblanadi. Xususan, dunyo hamjamiyati bolalarning huquq va erkinliklarini himoyalash, ularni turli tazyiqlardan asrash uchun ijtimoiy, iqtisodiy, siyosiy hamda huquqiy chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda.

Xalqaro miqyosda bolalar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha dastlabki qadamlar Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida ko‘zga tashlanadi. Mazkur deklaratsiyaning 25-moddasi 2-bandi bevosita bolalar huquqlariga taalluqli bo‘lib, unda “Onalik va bolalik alohida g‘amxo‘rlik va yordam huquqini beradi. Barcha bolalar, nikohda yoki nikohsiz tug‘ilishidan qat’i nazar, bir xil ijtimoiy himoyadan foydalanishi kerak”1 deb yozilgan. Bu esa o‘z navbatida murg‘ak qalblarning bexavotir, xotirjam yashashlarida katta ahamiyatga ega.

Keyinchalik BMT Bosh assambleyasi 1979-yilni “Xalqaro bolalar yili” deb e’lon qildi. Shu davrda bolalar huquqlarini o‘rganish bo‘yicha maxsus komissiya tuzildi. Komissiya 10 yil davomida dunyo miqyosida bola huquqlarini o‘rgandi. Natijada 1989-yil 20-noyabrda BMT Bosh assambleyasi “Bola huquqlari to‘g‘risida”gi konvensiyani imzoladi.

1992-yil 9-dekabrda mazkur konvensiyani O‘zbekiston Respublikasi Oliy kengashi ratifikatsiya qildi. Keyinchalik O‘zbekiston bola huquqlariga oid 10 dan ortiq xalqaro shartnomaga qo‘shildi.

Respublikamizda bolalar huquqini himoya qilishga qaratilgan chora-tadbirlar kuchaytirildi. Bugunga qadar bolalar huquqlari bilan bog‘liq 20 ga yaqin qonun qabul qilindi.

O‘zbekiston Konstitutsiyasining XIV bobi “Oila, bolalar va yoshlar” deb nomlangan, unda:

• ota-onalar va ularning o‘rnini bosuvchilar o‘z farzandlarini voyaga yetgunlariga qadar boqish va tarbiyasi, ta’lim olishi, sog‘lom, to‘laqonli va har tomonlama kamol topishi xususida g‘amxo‘rlik qilishga majburligi (77-modda);

• farzandlar ota-onasining nasl-nasabi va fuqarolik holatidan qat’i nazar, qonun oldida tengligi, onalik va bolalik davlat tomonidan muhofaza qilinishi va bolaning huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini ta’minlash hamda himoya qilish, uning jismoniy, aqliy va madaniy jihatdan to‘laqonli rivojlanishi uchun eng yaxshi shart-sharoitlarni yaratish davlatning majburiyati ekanligi (78-modda) belgilab qo‘yildi.

1998-yil 30-aprelda qabul qilinib, 1-sentabrdan kuchga kirgan Oila kodeksida ham bolalarning ijtimoiy, mulkiy huquq va majburiyatlari bayon etilgan. Xususan, voyaga yetmagan bolalarning mulkdor bo‘lish huquqi (o‘zining shaxsiy buyumlariga), ijtimoiy ta’minot olish huquqi (90-modda) va shu kabilar o‘rin olgan. Nikoh bekor qilingan taqdirda farzandlar uchun aliment pulining to‘lanishi (96-modda) qat’iy qoida sifatida belgilangan.

Bola kim? O‘zbekiston Respublikasining “Bola huquqlarining kafolatlari to‘g‘risida”gi qonuniga binoan — o‘n sakkiz yoshga to‘lmagan (voyaga yetgunga qadar) shaxs bola hisoblanadi2. Islom huquqiga oid kitoblarda “bola” so‘zini ifodalash uchun “valad – ”, “sobiy – ”, “tifl – ” so‘zlari ishlatiladi. Mazkur tushunchalarning har biri bola tug‘ilganidan to voyaga yetguniga qadar davrni ichiga oladi.

Valad – umumiy ma’noda qo‘llaniladigan farzand so‘zi bilan ma’nodosh;
sobiy – tug‘ilishidan to voyaga yetgunicha bo‘lgan o‘g‘il bolalarni ifodalovchi so‘z;
tifl – asosan uch va olti yosh o‘rtasidagi bolalar.

Faxruddin Qozixon O‘zgandiy “Qozixon fatvolari” (“Fatavoyi Qozixon”) asarida bolalar huquqi to‘g‘risida so‘z borganda yuqoridagi ta’rifni ishlatgan. Ushbu asarning huquq sohalariga oid qismlarida bolalarning huquq va majburiyatlariga taalluqli masalalar tilga olinadi.

Ta’kidlash kerak, Majduddin Ustrushaniyning3 “Jomi’ ahkom as-sig‘or” (Bola huquqlari kodeksi) nomli asarining ko‘p boblarida Faxruddin O‘zgandiyning fatvolariga o‘rin ajratilgan.
Bu esa olimning qarashlarini nafaqat o‘z davrining, balki keyingi davr olimlari ham qo‘llab-quvvatlaganiga dalildir.

Bolaning yashash huquqi

Islomda inson hayoti muqaddas, oliy qadriyat hisoblanadi. Yashash huquqidan hech qanday huquqiy asossiz mahrum qilish eng og‘ir jinoyatlardan biridir. Bolaning yashash huquqi masalasiga ham shu nuqtayi nazardan qaraladi. Bola tug‘ilmasdan turib huquq layoqatiga ega bo‘ladi va merosda ulushdor sifatida ishtirok etadi. Shu jihatdan ona yoki ota tomondan
homila majburan nobud qilinsa alohida jarima – g‘urra belgilanadi. Faxruddin O‘zgandiyning asarida bolani qasddan o‘ldirish, o‘lar holatga solish, ehtiyotsizlik tufayli uning o‘limiga sabab bo‘lish kabi holatlarga bir qancha huquqiy yechimlar berilgan.

Unga ko‘ra bir kishi bir bolani o‘g‘irlasa va bola uning qo‘lida yo‘qolib qolsa, o‘g‘ri bola topilguncha yoki uning o‘lgani aniq bo‘lguniga qadar hibsda ushlab turiladi. Agar bolani o‘g‘irlab uni halok bo‘ladigan biror joyga yaqinlashtirsa va bola halok bo‘lsa va u hur bo‘lsa, o‘g‘irlagan odamga diya vojib bo‘ladi4.

Asarda yana bir holat keltiriladi: to‘qqiz yoshli bola biror joydan tushib ketsa yoki suvda g‘arq bo‘lsa, bu xususda ayrim ulamolar “Ota-onaga hech nima vojib bo‘lmaydi, sababi bola o‘zini himoya eta oladigan yoshda. Agar kichik, aqli noraso bo‘lsa, bunda ulamolar “Ota-onaga yoki bolaning vasiysiga bolani himoya qilmaganligi bois kafforat vojib bo‘ladi” deydilar. Ayrimlari esa “Ota-onaga istig‘for aytishdan ko‘ra biror narsa vojib bo‘lmaydi” deydilar.

Qozixonning fikriga ko‘ra, bola ota-onasi yoki vasiyligidagi shaxsning qo‘lidan suvga yoki biror tepalikdan qulab vafot etsa, ular kafforat to‘lashi kerak bo‘ladi5. Ma’lumki, qasddan odam o‘ldirilganda uni o‘ldirgan shaxslarga nisbatan qasos belgilanadi.

Lekin kishi farzandini qasddan o‘ldirsa, unga qasos vojib bo‘lmaydi. U molidan uch yil diya to‘laydi, kafforat to‘lanmaydi, chunki u bolasini qasddan o‘ldirgan. Bu ishni bobolar va ulardan oldingilar qilgan bo‘lsa ham shu jazo qo‘llanadi. Agar bola bexosdan yoki ehtiyotsizlik ortidan o‘ldirilgan bo‘lsa, bu holatda bolaning otasi tarafdan qozi tayin qilgan inson diya to‘laydi, bolaning otasiga esa kafforat vojib bo‘ladi6.

Bolaning ijtimoiy-iqtisodiy huquqlari Bolaning iqtisodiy huquqlari ichida eng asosiysi nafaqa olish huquqidir. Bola voyaga yetguniga qadar nafaqa olishi otaning asosiy majburiyatlaridan
biri hisoblanadi. Mazkur masala fiqhiy kitoblarning oila-nikohga oid qismlarida alohida o‘rin tutadi.

Xususan, “Qozixon fatvolari” asarida ham ushbu masala tilga olingan. Masalan, “Nikoh kitobi” qismining “Farzandlar nafaqasi haqida fasl”ida bolaning iqtisodiy huquqlari tizimlashtirilgan.

Qozixon voyaga yetmagan farzandlar nafaqasi otaning zimmasida ekani, farzand biror bir surunkali kasalga chalingan taqdirda ham ushbu nafaqa otaning zimmasida qolishini ta’kidlaydi7.

Voyaga yetmagan farzandning otasi vafot etgan taqdirda uning nafaqasi uchga bo‘linadi: uchdan biri onasining, uchdan ikkisi bobosining bo‘ynida bo‘ladi. Voyaga yetmagan farzandning tog‘asi va amakisi bo‘lsa, uning nafaqasi tog‘asining zimmasida bo‘ladi, chunki u muharram (yaqin qarindoshlardan) hisoblanadi. Qarindoshlarning nafaqasi esa faqatgina qarindoshlarning zimmasida bo‘ladi.

“Qozixon fatvolari”da bolani qaramoqqa olish bilan bog‘liq masalalar ham keltirilgan, “Razo’
8 bobi”da bola qaramog‘i, ya’ni hizona9 uchun alohida fasl ajratilgan. Muallif qarashlarini quyidagicha bayon qiladi: Nikoh paytida va ajrimdan so‘ng farzand qaramog‘ida eng haqli inson uning onasidir. Agar ona o‘lgan yoki boshqa kishiga turmushga chiqib ketgan bo‘lsa, onaning onasi(buvi), agar u vafot etgan yoki turmushga chiqib ketgan bo‘lsa, otaning onasi, agar u ham vafot etgan yoki turmushga chiqib ketgan bo‘lsa, ota-onaning tutingan opasi, agar vafot etgan yoki turmushga chiqib ketgan bo‘lsa, onaning opasi, vafot etgan yoki turmushga chiqib ketgan bo‘lsa, ota-onaning tutingan qizi. Agar u ham vafot etgan yoki turmushga chiqib ketgan bo‘lsa, onaning tutingan opasining qizi. Rivoyatlarda ushbu tartib xususida ixtilof qilinmaydi. Ixtiloflar bundan keyingi holatda, ya’ni xola va otaning opasi borasida bo‘ladi.

Qozixon asarining “Nikoh kitobi” qismidagi rivoyatga ko‘ra, otaning opasi xoladan afzal; “Taloq kitobi” qismidagi rivoyatga ko‘ra esa xola afzal. Aka-ukalarning qizlari opa-singillarning qizlaridan afzal. Ota-onaning tutingan opasining farzandlari ularning so‘zlariga binoan xolalarnikidan afzal. Rivoyatlarda otaning tutingan qizi va xolalar xususida ixtilof qilinadi. Unda xola afzalroqdir degan fikr ustun keladi. Xolalarning eng avlosi esa ota va onaning xolasidir, keyin esa otaning, undan keyin esa onaning tutingan xolasidir. Opa-singillarning farzandlari ammalarnikidan avlodir. Ammalar bo‘yicha tartib ham xuddi shu xolalarda aytgan tartibimiz bo‘yicha keladi10.

Ta’lim olish huquqi

Ta’lim olish islom huquqida har bir insonning huquqi hisoblanadi. Jumladan, farzandning ota-onadagi haqlari orasida uning ta’lim-tarbiya olishi masalasiga ham alohida e’tibor beriladi. Bu borada Faxruddin O‘zgandiy Shamsul Aimma Halvoniyning fikrini keltirib “Kishi ilmi tolib bo‘lsa-yu, biror kasbni bajarmasa ham otasining zimmasidan nafaqa tushib qolmaydi” deydi.

Mehnat qilish huquqi Bolalar muomala layoqatiga ega bo‘lmaganliklari bois oldi-sotdi shartnomalarida faqatgina vasiylari orqali ishtirok etishi mumkin. Lekin ularning o‘z yoshlariga munosib mehnat bilan shug‘ullanishlariga to‘sqinlik qilinmaydi. Shuningdek, Qozixonga ko‘ra, kishi farzandining biror hunarni o‘rganishi uchun biror kishi bilan shartnoma tuzib, u asosda bolasi uning yonida mehnat qilishiga ruxsat berishi mumkin11.

Farzand tarbiyasi islom shariatida alohida e’tiborga olingan masalalardan biridir. Shariat bo‘yicha ota va onaning farzand tarbiyasi bilan bog‘liq burchlari belgilangan. Biroq nikoh tugatilgan taqdirda yoki ona bo‘lmagan holatlarda ushbu masala yuqorida aytilganidek tartibda amalga oshiriladi. Umumiy qoidaga binoan esa bolani tarbiyalovchi va parvarish qiluvchi ayol balog‘ atga yetgan, aqli raso, yaxshi xulqli, odobli, tarbiya berish qobiliyatiga ega bo‘lishi lozim. Ushbu xususiyatlardan birortasi bo‘lmasa, bunday ayolga mazkur vazifani yuklash mumkin emas.

Nilufar MANSUROVA,
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston
Respublikasi Milliy markazi tayanch
doktoranti

 

1 https://constitution.uz/uz/pages/humanrights.

2 https://lex.uz/acts/1297315. 3-модда.

3 Имом Уструшаний (Абул-Фатҳ Муҳаммад ибн Маҳмуд ибн Ҳусайн ибн Аҳмад Маждуддин ал-Уструшаний) ХII аср охири ва ХIII асрнинг биринчи ярмида Мовароуннаҳрда яшаб ижод қилган.

4 Фатавои Қозихон. 356-бет.

5 Фатавои Қозихон. 356-бет.

6 Ўша жойда.

7 Фахруддин Абулмахофир Ҳасан ибн Мансур Ўзгандий. (Қозихон фатволари), Байрут: “Дoрул фикр”, 7 – жилд, 2010. 268-бет.

8 Она фарзандни эмизиши.

9 Болани қарамоғига олиш.

10 Фахруддин Абулмахофир Ҳасан ибн Мансур Ўзгандий. (Қозихон фатволари), Байрут: “Дoрул фикр”, 7 – жилд, 2010. 252-бет.

11 Фатавои Қозихон. 212-бет.

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here