HomeMaqolalarQonunchilikda teletibbiyot xizmatlari taʼrifini mustahkamlash

Qonunchilikda teletibbiyot xizmatlari taʼrifini mustahkamlash

Raqamli transformatsiya davrida axborot almashuvi va uning huquqiy jihatlarini tartibga solish masalalarini o‘rganishda teletibbiyot xizmatlaridan qonuniy foydalanish, teletibbiyot xizmatlarining genezisi va konsepsiyasini tushunish birinchi o‘rinda turadi.

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalarining rivojlanishi yangi shakllanayotgan kasblarni hamda mavjud kasb turlarini o‘zgartiradi. Ilmiy-texnik taraqqiyot tibbiyotda teletibbiyot kabi yo‘nalishning shakllanishiga olib keldi.

Nazariy tibbiyot bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarda masofadan turib tibbiy xizmatlar ko‘rsatish jarayoni sifatida teletibbiyot XIX asrdan beri amal qilib kelmoqda. Bunga o‘sha davrlarda telegraf va telefon orqali maslahat, telekonsultatsiya, teleradiologiya va boshqa vositalar orqali tibbiy yordam berilganigini misol qilish mumkin.

M.S. Varyushinning fikriga ko‘ra, teletibbiyot tushunchasi XX asrning 70-yillarida paydo bo‘lgan va rivojlangan1.

Teletibbiyot bugungi kunda turli xil yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi: teletibbiyot orqali maslahatlar, harbiy teletibbiyot, kosmik teletibbiyot va boshqalar.

Teletibbiyotning muhim tarkibiy qismi sifatida bugungi kunda uning keng tarqalishining ijobiy tomonlari axborot, telekommunikatsiya va boshqa turlardan faol foydalanishga, tibbiy xizmatlar ko‘rsatish va taʼminlash uchun zamonaviy texnologiyalardan foydalanishga va albatta, geografik masofa bo‘lgan holatlarda tibbiy yordam ko‘rsatishga xizmat qiladi.

Teletibbiyot hozirgi rivojlanish davrida shifokor va bemor o‘rtasidagi masofa muammosini
bartaraf etishga yordam beradi. Undan tashqari, shifokorlarning bir-biri bilan tajriba, tibbiy maʼlumotlar almashuvida hamda tibbiyot xodimlarini o‘qitish va tayyorlashda qo‘l keladi.

XX asrda teletibbiyot rivojlanishi ayrim muammolarni yuzaga chiqardi. Teletibbiyot shakllanishi va rivojlanishi uchun ayrim maxsus apparat va dasturlar va maʼlumotlarning xavfsizligini taʼminlovchi vosita bo‘lmagan. O‘sha davrlarda maxsus uskunalar juda katta bo‘lib, ayrim ixtisoslashgan muassasalarda mavjud edi xolos. Shuningdek, mutaxassislar ularni ishlatishi uchun oliy o‘quv yurtlarida alohida yo‘nalishni bitirgan bo‘lishi lozim edi.

Teletibbiyot rivojlangan davlatlardan biri АQShda 2008-yilda elektron tibbiy kartalar (EMR) paydo bo‘lgan va ular bilan ishlashdan bosh tortgan har bir shifokorga 2015-yildan boshlab jarimalar qo‘llanadi. Teletibbiyot texnologiyalaridan foydalanish internet va raqamli texnologiyalar rivojlangani sari kerakli amaliyotga aylana boshladi2.

А.V. Smishlyayev, Y.Y. Melnikov, P.V. Artyomovlarning fikrlariga ko‘ra, teletibbiyot texnologiyalaridan foydalanish ancha oldin boshlangan va hozirga kelib ushbu sohada eng rivojlangan davlatlar АQSh va Yaponiya hisoblanadi.

АQShning 30 yillik tajribasidan kelib chiqib shuni taʼkidlash kerakki, teletibbiyot eng xavfsiz
va samarali tibbiy xizmatlardan biri hisoblanadi. U nafaqat bemorlar uchun, balki tibbiyot muassasasi xodimlari – shifokorlarga ham qulaylik yaratadi.

Teletibbiyot va virtual yordam sog‘liqni saqlash sohasini rivojlantirish va kengaytirishga olib keladi, teletibbiyot kambag‘al aholiga va qishloqlarda yashayotgan bemorlarga birinchi tibbiy yordam ko‘rsatishga ko‘maklashadi.

Yaponiya teletibbiyotdagi o‘zining boy amaliyoti bilan ajralib turadi. 1996-yili Tokio universiteti professori Shigekoto Kaihara teletibbiyotni tashkil etgan. Ushbu sohaning rivojlanishi 2012-yilda Yaponiya tibbiyot jamiyati tashkil qilinishiga sabab bo‘ldi. Tibbiyot jamiyati bemorlarning shaxsiy profillari va diagnostika monitoringi orqali teletibbiyot sohasini rivojlantirib borishni o‘z oldiga maqsad qilib qo‘ydi3.

1995-yilda Rossiyada tibbiyot sohasidagi birinchi videokonsultatsiyani harbiy tibbiyot xodimlari qo‘llagan. Biroq uzoq vaqt davomida qonunchilikda ushbu faoliyat tartibga solinmagani sababli teletibbiyotdan foydalanish maʼlum bir to‘siqlarga uchragan.

2001-yilda Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligi Rossiya Federatsiyasida teletibbiyot texnologiyalarini rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlagan. Unga asosan teletibbiyot sohasini huquqiy tartibga solish, teletibbiyot xizmati uchun haq to‘lash belgilangan.

Teletibbiyotni huquqiy tartibga solishning ustuvor vazifalari sifatida quyidagilarni ko‘rsatishimiz mumkin:

– teletibbiyot bo‘yicha davlat siyosatini shakllantirish hamda teletibbiyot xizmatlarini joriy etish masalasi;

– teletibbiyotdan foydalanishda samarali moliyalashtirishni taʼminlash;

– teletibbiyot xizmatlaridan foydalanuvchi subyektlarning huquqlarini himoya qilish;

– teletibbiyot xizmatlarining yuqori sifatda ishlashini kafolatlaydigan yagona standartlar yaratish.

XXI asrning boshidan boshlab teletibbiyot ilmiy jihatdan rivojlana boshladi. Ushbu yo‘nalish bo‘yicha birinchi monografiya – V.B. Naumov ва D.А. Savelyevning “Teletibbiyotning huquqiy jihatlari” 2002-yilda nashr etilgan4.

Bemorlarning malakali tibbiy xizmat olishga bo‘lgan huquqini taʼminlashning o‘ziga xos usuli
sifatida ushbu institutni O‘zbekistonda joriy qilish ehtiyoji mavjud. Teletibbiyot sohasi nafaqat arzonligi bilan, balki vaqtni tejashi, kasallik avj olishiga qarshi kurashishda samaradorligi va, eng muhimi, qulayligi bilan xarakterlanadi.

Fikrimizcha, O‘zbekiston Respublikasining “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi qonuniga teletibbiyotning asosiy yo‘nalishlari, uni tashkil qilishning o‘ziga xosligi, masʼul davlat organlari, bemorlarga ko‘rsatiladigan malakali tibbiy yordamning bir qismi sifatida uni joriy qilish masalalarini, ushbu tizim orqali maslahat beruvchi tibbiyot xodimi malakasiga qo‘yilgan talablar, ularga yetkazilgan zarar uchun javobgarlik chegarasi, qaysi sohadagi bemorlar uchun ushbu institutni joriy qilish masalalarining huquqiy asoslarini kiritish zarur.

Teletibbiyot xizmatlari haqida tushunchani shakllantirish uchun albatta bemorlarning tibbiy yordam so‘rab murojaat qilish tartibi va tibbiy yordam xizmatlarining asosiy konsepsiyasini ishlab chiqish muhimdir. “Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risida”gi qonunda tibbiy xizmat tushunchasi izohlangan. Biroq teletibbiyot xizmatlari mazkur qonun bilan tartibga solinmagan.

Teletibbiyot xizmatlarining asosiy afzalliklaridan biri bir qator masofaviy kuzatuvlardan so‘ng qaror qabul qilish imkoniyatini ko‘rib chiqishdir.

Bu borada O‘zbekistonda ham muayyan qadamlar qo‘yilmoqda. Prezidentning 2018-yil 7-dekabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash tizimini tubdan takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bilan 2019 – 2025-yillarda O‘zbekiston Respublikasining sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasi qabul qilindi.

Bunda, xususan, Elektron sog‘liqni saqlash tizimini keng joriy etish, yagona milliy standartlar asosida integratsiyalashgan axborot tizimlari va maʼlumotlar bazasi kompleksini yaratish ko‘zda tutilgan.

Teletibbiyot xizmatlaridan foydalanganda fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash, muhofaza qilish jarayonini quyidagicha huquqiy tartibga solish lozim:

1. Gorizontal huquqiy munosabatlar. Tibbiy faoliyatni amalga oshirishda: tibbiyot muassasasi-bemor; tibbiyot muassasasi-tibbiyot muassasasi; tibbiyot muassasasi-sug‘urta tashkiloti, bunda subyektlar avtonomdir va davlat tashkilotlariga bo‘ysunmaydilar, huquqiy munosabatlarni tartibga solish o‘z ichki qonun hujjatlari bilan tartibga solinadi.

2. Vertikal huquqiy munosabatlar. Tibbiy faoliyatni tartibga solishda (tashkil etishda) rivojlanadigan munosabatlar: tibbiyot muassasasi-sog‘liqni saqlash boshqaruv organlari, ushbu holatda tibbiyot muassasasi hukumat va sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tibbiy faoliyatni tartibga solishga qaratilgan buyruqlar, qarorlarga amal qilgan holda faoliyat olib boradi.

Tibbiy faoliyatni tartibga solish quyidagilarni o‘z ichiga oladi:

– normativ huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish va qabul qilish;

– fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash sohasidagi munosabat ishtirokchilarining huquqiy maqomini aniqlash;

– tibbiy faoliyatni litsenziyalash;

– sog‘liqni saqlash sohasini texnik jihatdan tartibga solish;

– teletibbiyot orqali pulli xizmatlar ko‘rsatilganda shartnoma tamoyillarini belgilash;

– xalqaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va boshqalar.

Teletibbiyot xizmatlari taʼrifini qonunchilikda mustahkamlashda tibbiy tashkilotning tibbiy yordam ko‘rsatishni tashkil etishi modelidan huquqiy modelga o‘tishini hisobga olish lozim. Tibbiy xizmat ko‘rsatuvchi provayderni tanlashda keng imkoniyatga ega bo‘lgan bemorga bunday xizmat tibbiy axborotni qayta ishlashni elektron tashuvchilarga o‘tkazishda axborot xavfsizligini hisobga olgan holda amalga oshirilishi kerak.

Faringiz YUSUPOVA,
Toshkent davlat yuridik universiteti

Xalqaro huquq va inson huquqlari kafedrasi o‘qituvchisi

 

1 Varyushin M.S. Pravovoye regulirovaniye telemeditsiny v Rossii i YES: dva shaga vpered i odin nazad [Legal regulation of telemedicine in Russia and the EU: two steps forward and one back]. Law, 2018, no. 1, p. 165.

2 Elektronnyye meditsinskiye karty v yevropeyskikh stranakh [Electronic health records in European countries]. Available at: www.aksimed.ru/download/ center/present/europe.pdf (accessed 11.12.2014).

3 Japanese Telemedicine and Telecare Association Available at: http://jtta.umin.jp/eng

4 Naumov V.B., Savelyev D.A. Pravovyye aspekty telemeditsiny [Legal Aspects of Telemedicine]. St. Petersburg, 2002.

Aloqador maqolalar

Ko‘p o‘qilgan

Mutolaa