O‘zbekistonda “Legal tech”ni qo‘llashning ahamiyati

0
1173

O‘zbekistonda “Legal tech” (huquqiy texnologiya)ning jadal sur’atlarda o‘sishi huquqiy va moddiy baza potensiali bilan bog‘liq. Lekin raqamli texnologiyalar orqali yuridik xizmatlar tezroq tadbiq etilganda muammolar bo‘y ko‘rsatadi.

Milliy huquq tizimimizda, xususan yuridik xizmatlar faoliyatida asosan quyidagi huquqiy texnologiyalar joriy etilgani va ularning bir qator afzalliklarini ko‘rishimiz mumkin.

Lex.uz

“Lex.uz” huquqiy axborot izlash tizimi hisoblanadi. Tizim normativ-huquqiy hujjatlarni oson hamda qulay shaklda izlash va ular bilan tanishish imkonini beradi.

“Lex.uz” huquq va huquqiy axborotlashtirish sohasida davlatning asosiy huquqiy axborot resursi bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasida qabul qilingan barcha qonun hujjatlarini e’lon qiladigan yagona rasmiy elektron manbadir.

“Lex.uz”dan foydalanishni, normativ-huquqiy hujjatlarning rasmiy nashr etilishini, ularning turkumlashtirilgan hisobini va nazorat nusxalarining elektron shaklda yuritilishini ta’minlash “Adolat” milliy huquqiy axborot markazining asosiy vazifasi hisoblanadi.

Mazkur axborot resursi aholining keng qatlami foydalanishi uchun ochiq bo‘lib, qo‘shimcha ro‘yxatdan o‘tishni talab qilmaydi. “Lex.uz” 2007-yilning 1-mayidan rasmiy ishga tushirilgan. 2010-yil 1-yanvardan esa “Lex.uz”dan tekin foydalanish joriy etilgan.

“Lex.uz” normativ-huquqiy hujjatlardan bepul, keng ko‘lamda foydalanish imkonini beruvchi yagona axborot-huquqiy tizim hisoblanadi. “Lex.uz”ga 2017-yil 25-sentabrdan normativ-huquqiy hujjatlar e’lon qilinadigan rasmiy manba maqomi berildi.

project.gov.uz

Bu portal 2019-yil 1-yanvardan pilot loyihasi sifatida normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish va kelishishning yagona elektron tizimi sifatida sinov tariqasida ishga tushirilgan.

regulation.gov.uz

Bu portalda esa normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokama qilinadi.

Mazkur portal modernizatsiya qilingan. Unda qonunchilik hujjatiga ilova qilinadigan axborot-tahliliy materiallar joylanadi.

Axborot-tahliliy materiallarsiz loyihani portalga yuklab bo‘lmaydi. Foydalanuvchilar loyiha nima uchun ishlab chiqilgani, unda nima nazarda tutilgani va davlat budjetidan qancha xarajat talab qilinishi haqida o‘qishlari mumkin.

“E-huquqshunos” elektron tizimi

Bu tizim 2021-yil 1-oktabrdan davlat tashkilotlariga yuridik xizmat ko‘rsatish bilan bog‘liq barcha ma’lumot va jarayonlarni to‘liq elektron ravishda yig‘ish, qayta ishlash, tahlil qilish va amalga oshirish uchun bosqichma-bosqich joriy etildi.

“E-huquqshunos” elektron tizimi quyidagi asosiy imkoniyatlarga ega:

• elektron tizimga ichki buyruq, shartnomalar va boshqa yuridik tusdagi hujjatlarning namunalarini kiritish hamda mavjud hujjatlar loyihalari namunalaridan erkin foydalanish;

• elektron tizimdan foydalanuvchi tashkilotlar tomonidan shaxsiy kabinetga kirish, har qanday hujjat loyihasi va unga tahliliy materiallarni tayyorlash, qayta ishlash va xulosa olish uchun markazlarga yuborish;

• yuridik xizmat ko‘rsatish markazlarining mas’ul xodimlari tomonidan tegishli xulosa tayyorlash, hujjatlarni elektron raqamli imzo bilan tasdiqlagan holda, elektron tizimga biriktirish hamda o‘zaro hujjat almashish;

• elektron tizimdan foydalanuvchi tashkilotlar tomonidan markazlardan ijobiy xulosa olinganidan so‘ng takrorlanmaydigan maxsus raqam berish va elektron tarzda qabul qilish hamda ushbu hujjatlarni avtomatik tarzda izchil ketma-ketlikda raqamlash;

• davlat tashkiloti faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha takliflarni tizimga biriktirish, ularni tahrir qilish, takliflarni elektron raqamli imzo bilan tasdiqlash hamda yuborish;

• targ‘ibot bilan bog‘liq materiallarni elektron tizim orqali almashish;

• davlat tashkilotlariga talabnoma, sudlarga ariza yoki da’vo arizalarini kiritish uchun ularning loyihalarini tayyorlash, tahrir qilish va elektron raqamli imzo bilan tasdiqlab kiritish;

• yuridik xizmat ko‘rsatiladigan tashkilotlarga nisbatan o‘tkaziladigan tekshirishlarda masofaviy tarzda ishtirok etish hamda ularga huquqiy maslahatlar berish.

“E-qaror” elektron tizimi

• 2021-yil 1-iyuldan “E-qaror” elektron tizimi orqali ishlab chiqilgan hokim qarorlariga avtomatik tarzda raqam beriladi. Tizimda qarorlar e’lon qilib boriladi (xizmat doirasida foydalanish uchun mo‘ljallangan hujjatlar bundan mustasno).

2021-yil 1-iyuldan:

• barcha mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari va farmoyishlari, shu jumladan, xizmat doirasida foydalanish uchun mo‘ljallangan qarorlari va farmoyishlarini ishlab chiqish, kelishish, qabul qilish (chiqarish), ro‘yxatga olish va e’lon qilish “E-qaror” elektron tizimi orqali amalga oshiriladi;

• “E-qaror” elektron tizimini chetlab o‘tgan holda mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari va farmoyishlarini qabul qilish (chiqarish)ga yo‘l qo‘yilmaydi. Bunday hujjatlar yuridik kuchga ega emas hamda u qabul qilingan paytdan e’tiboran hech qanday huquqiy oqibatlarni keltirib chiqarmaydi;

• mahalliy davlat hokimiyati organlari qarorlarining tartibga solish ta’sirini baholash “E-qaror” elektron tizimidan foydalangan holda amalga oshiriladi.

Mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlari va farmoyishlari “E-qaror” elektron tizimi orqali ishlab chiqiladi, kelishiladi, qabul qilinadi (chiqariladi), ro‘yxatga olinadi va e’lon qilinadi.

Manfaatdor tashkilotlar “E-qaror” elektron tizimi orqali kelgan loyihani 3 kun muddatda:

• ish yurituviga qabul qiladi hamda ko‘rib chiqadi;

• elektron raqamli imzo qo‘yish yo‘li bilan kelishadi (viza qo‘yadi) yoki zarurat bo‘lganda loyiha yuzasidan ishlab chiquvchiga elektron tizim orqali taklif va e’tirozlarini ko‘rsatgan holda javob xatini kiritadi;

• kelishilgan loyihani ishlab chiquvchiga yuboradi.

Ishlab chiquvchi 3 kun muddatda hujjat loyihasini elektron tizimdan oladi va uni yakuniy ko‘rib chiqadi. Loyihani elektron tizim orqali mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organiga yoki mahalliy vakillik organi kotibiyatiga kiritadi.

Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organining tegishli tarkibiy bo‘linmasi, mahalliy vakillik organlari kotibiyati 3 kun muddatda “E-qaror” elektron tizimi orqali kelib tushgan hujjatlar loyihalarini ish yurituviga qabul qiladi. Loyihani elektron raqamli imzo qo‘yish yo‘li bilan kelishadi (viza qo‘yadi) yoki zarurat bo‘lganda uni ishlab chiquvchiga elektron tizim orqali taklif va e’tirozlarini ko‘rsatgan holda qaytaradi. Kelishilgan hujjat loyihasini mahalliy davlat hokimiyati organining yuridik xizmatiga kiritadi.

Mahalliy davlat hokimiyati organining yuridik xizmati hujjat loyihasi elektron tizim orqali kiritilgandan keyin 2 kun muddatda:

• hujjat loyihasini elektron tizim orqali ish yurituviga qabul qiladi hamda loyihani ko‘rib chiqadi;

• hujjat loyihasini elektron raqamli imzo qo‘yish yo‘li bilan kelishadi (viza qo‘yadi) yoki taklif va e’tirozlari mavjud bo‘lsa, loyihani ishlab chiquvchiga qaytaradi;

• hujjat loyihasini imzolash uchun mahalliy ijro etuvchi yoki vakillik hokimiyati organi rahbariga kiritadi.

Hujjat loyihasi normativ tusga ega bo‘lgan taqdirda, mahalliy davlat hokimiyati organining yuridik xizmati:

• loyihani Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga jamoatchilik muhokamasi o‘tkazilishi uchun joylashtiradi;

• jamoatchilik muhokamasi yakunlangandan so‘ng loyiha bo‘yicha belgilangan tartibda xulosa tuzadi;

• loyihani huquqiy ekspertizadan o‘tkazish uchun hududiy adliya organlariga belgilangan tartibda tegishli hujjatlarni ilova qilgan holda kiritadi.

Hududiy adliya organi mahalliy davlat hokimiyati organi yuridik xizmati tomonidan normativ tusga ega bo‘lgan hujjat loyihasi kiritilgandan so‘ng belgilangan muddatlarda:

• loyihani belgilangan tartibda huquqiy ekspertizadan o‘tkazadi, loyiha qonunchilik hujjatlariga muvofiq bo‘lsa xulosa beradi va bu haqida elektron tizim orqali mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organi yoki mahalliy vakillik organini xabardor qiladi;

• loyiha bo‘yicha taklif va e’tirozlar mavjud bo‘lsa, loyihani mahalliy davlat hokimiyati organining yuridik xizmatiga qaytaradi.

Loyihaga hududiy adliya organi tomonidan munosabat bildirilgandan keyin mahalliy davlat hokimiyati organining yuridik xizmati 2 kun muddatda:

• adliya organining ijobiy xulosasi bo‘lgan taqdirda, loyihani imzolash uchun mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organi yoki mahalliy vakillik organi rahbariga kiritadi;

• loyiha hududiy adliya organi tomonidan taklif va e’tirozlar bilan qaytarilgan bo‘lsa, uni qayta ishlab chiqadi va hududiy adliya organiga belgilangan tartibda elektron tizim orqali qayta kiritadi;

• mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organi, mahalliy vakillik organi rahbari yoki hududiy adliya organi tomonidan loyihani qabul qilish maqsadga muvofiq emas degan xulosaga kelingan taqdirda, bu haqda loyihani ishlab chiquvchiga xabar beradi.

Mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organi yoki mahalliy vakillik organi rahbari:

• hujjat loyihasini elektron raqamli imzo orqali imzolaydi, imzolangan va maxsus raqam bilan ro‘yxatga olingan hujjatni “E-qaror” elektron tizimi bosh sahifasida avtomatik tarzda e’lon qiladi (xizmat doirasida foydalanish uchun mo‘ljallangan hujjatlar bundan mustasno);

• hujjat loyihasini qabul qilish (chiqarish)ni maqsadga muvofiq emas deb topgan taqdirda, uni belgilangan tartibda qayta ko‘rib chiqish uchun yuridik xizmat xodimiga yoki ishlab chiquvchiga qaytaradi.

my.gov.uz

Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida (my.gov.uz) tovarlarni elektron deklaratsiya qilish, qurilish-montaj ishlari boshlanishi to‘g‘risidagi xabarnomani ro‘yxatdan o‘tkazish, davlat ro‘yxatidan o‘tkazish uchun ariza berish kabi davlat xizmatlari bajariladi. Shuningdek, ko‘chmas mulk obyektlariga bo‘lgan huquqlar va tadbirkorlar uchun boshqa xizmatlar ko‘rsatiladi.

Advice.uz

“Advice.uz” huquqiy axborot portalida jismoniy va oilaviy tadbirkorlik, davlat soliqlari, soliq imtiyozlari, transport, bank ishi, yer, uy-joy, ijtimoiy masalalar, sog‘liqni saqlash kabi huquqiy masalalar, shu jumladan, fuqarolarni qiziqtirgan masalalar bo‘yicha ma’lumot beriladi. Hozir portalda 34 ta bo‘lim va 1600 dan ortiq kontent o‘zbek, rus hamda ingliz tillarida mavjud. Portaldagi kontentlar doimiy ravishda yangilanadi. So‘nggi chorak ichida (yanvar-mart) 80 ta kontent qo‘shilgan. 841 ta kontent to‘liq monitoring qilingan.

Qonunchilikdagi o‘zgartirishlarga muvofiqlashtirish maqsadida yangilangan. Asosiy ekranda “Mehnat munosabatlari”, “Uy-joy ijara masalalari”, “Voyaga yetmaganlar huquqlari”, “Gender tenglik va xotin-qizlar masalalari”, “Sport”, “Yuridik xizmat (huquqiy hujjat namunalari)”, “Mahalla” va “Korrupsiyaga qarshi kurashish” nomli yangi bo‘limlar yaratilgan. “Yangiliklar” bo‘limiga qonunchilikdagi 2500 ta yangilik va ma’lumot joylashtirilgan. Portalga hozirga qadar 4 milliondan ortiq foydalanuvchi kirgan. Portal orqali bir kunda o‘rtacha 300 ta murojaat keladi.

Biznesga maslahat

“Biznesga maslahat” interfaol axborot portali tadbirkorlar uchun bir qator qulayliklarni yaratib beradi:

1. Nihoyatda keng ma’lumotlar va maslahatlar bazasi.

Portalda mingga yaqin huquqiy ma’lumot va tavsiya joylashtirilgan. Jumladan, biznesni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishdan tortib uni tugatishgacha, xodimlarni ishga olish, infratuzilmalarga ulanish va yer olish, litsenziya va ruxsat berish tartib-taomillaridan o‘tish, bank, soliq va bojxona sohasiga oid 800 ga yaqin ma’lumot va tavsiya aks ettirilgan.

Shuningdek, portalga joylashtirilgan ma’lumotlar yuzasidan 20 dan ortiq vazirlik, idora va jamoat tashkilotining takliflari olingan.

Qayd etish kerak, ma’lumotlar va tavsiyalar sodda, xalqchil va barcha uchun tushunarli tilda bayon etilgan.

2. Hujjatlarning namunalari va shakllari berilgan.

Portalda huquqiy ma’lumotlarni joylashtirish bilan cheklanilmasdan, tadbirkorlik uchun zarur 100 dan ortiq hujjatning namunaviy shakllari ham joylangan.

Masalan, banklarga taqdim etiladigan to‘lov topshiriqnomasi, inkasso topshiriqnomasi kabi to‘lov hujjatlari shakllari, xodimlarni ishga qabul qilishda ular bilan tuziladigan mehnat shartnomasining va boshqa shu kabi hujjatlarning namunalari erkin foydalanish uchun joylashtirilgan.

3. Portal orqali turli xizmatlardan foydalanish mumkin.

Portalda 200 ga yaqin turli xizmatlardan foydalanish imkoniyati yaratilgan. Jumladan, “Ro‘yxatdan o‘tkazish” qismida ro‘yxatdan o‘tkazish va tadbirkorlik subyektlarining turlari ko‘rsatilgan.

Ro‘yxatdan o‘tkazish havolasi orqali “fo.birdarcha.uz”ga kirish va tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tish mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, tadbirkorlik faoliyati uchun yer uchastkasini olmoqchi bo‘lsangiz, “Joy olish” kontenti orqali bo‘sh yerlarni olish tartibi bilan tanishib chiqasiz. So‘ng yerni olish uchun havola orqali “E-ijro auksion” savdo maydonchasiga kirib auksionda ishtirok etasiz.

4. Portaldan foydalanishda qulaylik yaratish maqsadida uning mobil ilovasi ham ishga tushirilgan.

“Biznesga maslahat” portalidan mobil telefonlar orqali ham foydalanish imkoniyati yaratildi. Buning uchun portalning mobil ilovasini yuklab olish kifoya.

5. Portal orqali tadbirkorlarning onlayn murojaatlari qabul qilinadi.

Umuman olganda, “Biznesga maslahat” portali tadbirkorlar bilan ishlashni, ularning muammolarini hal etishni, qisqa muddatlarda ularga yordam berishni va tadbirkorlikka keng jalb etishni yangi bosqichga ko‘tardi.

Yurxizmat.uz

Hozir O‘zbekiston Adliya vazirligi qoshidagi “Adolat” milliy huquqiy axborot markazi tomonidan “Legal tech” tizimi ishga tushirilgan. Tizimda 1226 ta hujjat va shartnoma mavjud.

“Bu nima uchun kerak?” degan savol yuzaga keladi. Texnologiyalar taraqqiy etgan davrda istalgan hujjatni, ma’lumotni internet tarmog‘i orqali olish imkoni mavjud. Misol uchun istalgan shartnomani “Google” orqali topamiz, albatta. Bilamizki, shartnoma tomonlarning o‘zaro huquq va majburiyatlarini belgilab beradi. Izlash natijasida kelib chiqqan u yoki bu shartnoma yuridik jihatdan qanchalik darajada to‘g‘ri tuzilgan, amaldagi qonunchilikka mos keladimi kabi savollarga javob bermaydi. Shu maqsadda yangi tizim ishga tushirilgan bo‘lib, platformada foydalanuvchiga tayyor shartnoma berilmaydi, balki dastlab tegishli savolnoma to‘ldiriladi. Kutilgan natijadan kelib chiqqan holda foydalanuvchiga yuridik ekspertizadan o‘tkazilgan shartnoma taqdim etiladi. Bu kichik biznes va tadbirkorlik subyektlari faoliyatida yaxshi samara beradi. Chunki ko‘p hollarda shartnomalarda eski, amalda bo‘lmagan normalar qo‘llanilishiga guvoh bo‘lamiz.

Kichik va o‘rta biznes vakillari, aholining kam ta’minlangan qatlamlariga, shuningdek, boshqa jismoniy va yuridik shaxslarga huquqshunoslar ishtirokisiz huquqiy hujjatlarni avtomatlashtirilgan holda elektron shaklda tayyorlash, olish va foydalanish imkonini beruvchi o‘z-o‘ziga huquqiy xizmat ko‘rsatish elektron axborot mutlaqo bepul.

Bugungi kunda tizimni UNICEF, USAID va UNDP kabi xalqaro tashkilotlar ko‘magida rivojlantirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilmoqda.

“Yurxizmat.uz” sayti, uning maqsad va vazifalari, saytdagi hujjatlar namunalari to‘g‘risida doimiy ravishda targ‘ibot o‘tkaziladi.

Kurslar.huquqiyportal.uz

Bu sayt esa huquqiy savodxonligini oshirish istagida bo‘lgan barcha fuqarolar uchun elektron kurslarni taqdim etadi. Kursda ishtirok etish uchun “Ro‘yxatdan o‘tish” tugmasi orqali ro‘yxatdan o‘tiladi. Portalda 20 ga yaqin o‘quv kursi joylashtirilgan.

Saytda kerakli huquqiy kurs uchramasa, kursga buyurtma qilish sahifasi orqali murojaat etiladi.

Kurslardagi darslar o‘zlashtirilgandan keyin test sinovi o‘tkaziladi. 100 balldan kamida 56 ballni to‘plagan qatnashchilarga avtomatik tarzda maxsus elektron sertifikat taqdim etiladi.

Mazkur axborot tizimlarining yaratilishi foydalanuvchilar ortiqcha sarson bo‘lishining oldini olishga, ularning vaqti va mablag‘ini tejashga, shuningdek, aholining huquqiy bilimlarini oshirishga imkon yaratadi.

Furqat TOJIYEV,
Toshkent davlat yuridik universiteti izlanuvchisi

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here