Noanʼanaviy tovar belgilarini muhofaza qilish (Xitoy tajribasi misolida)

0
182

Madrid tizimi bo‘yicha 2022-yilda 15543300 ta tovar belgisini xalqaro ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha talabnoma berilgan. Shundan 4,9 foizi AQSH, 3,2 foizi Hindiston, 3,1 foizi Turkiya, 2,9 foizi Yevropa Ittifoqi davlatlari hissasiga to‘g‘ri kelgan bo‘lsa, birgina Xitoy tomonidan berilgan talabnomalar 48,3 foizni tashkil qilgan1.

Korxonalarning isteʼmolchi eʼtiborini jalb qilish uchun kechadigan doimiy raqobati yangi tovar belgilarining paydo bo‘lishiga va rivojlanishiga yordam beradi. Maʼlumki, Xitoy jahon iqtisodiyotida sanoat mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi mamlakatlar ichida yuqori o‘rinni egallab, kiyim-kechak va poyabzal, o‘yinchoqlardan tortib kompyuter va ofis texnikalari, turli texnologiyalardan avtomobillargacha bo‘lgan mahsulotlarni ishlab chiqaradigan “jahon fabrikasi”ga aylandi2. Shu sababli Xitoyning noanʼanaviy tovar belgilarini himoya qilishga oid siyosatini o‘rganish muhimdir.

Xitoyning “Tovar belgilari to‘g‘risida”gi qonuniga3 ko‘ra, tovar belgisi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazish uchun har qanday vizual belgilar, jumladan so‘zlar, grafik belgilar, harflar, raqamlar, uch o‘lchamli belgilar, ranglar kombinatsiyalari taqdim etilishi mumkin (8-modda). Bu belgilar bir jismoniy, yuridik shaxsning tovarlarini boshqa jismoniy va yuridik shaxslarning xuddi shunday tovarlaridan ajratib ko‘rsatadi. Qonunning ushbu moddasidan ko‘rinib turibdiki, Xitoyda uch o‘lchamli (ko‘lamli) belgilar, ranglar kabi noanʼanaviy tovar belgilarini ro‘yxatdan o‘tkazish imkoniyati mavjud. Biroq qonun talabiga ko‘ra, tovar belgisi vizual xususiyatga ega, yaʼni inson ko‘zi bilan ko‘rishi mumkin bo‘lgan belgi bo‘lishi kerakligi qayd etilgan.

Qonunda tovar belgilarini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun muayyan belgi qanday mezonlarga javob berishi kerakligi ko‘rsatilgan. Bunda ayrim noanʼanaviy tovar belgilariga qo‘shimcha talablar qo‘yiladi.

Tovar belgilarini muhofaza qilish layoqatining umumiy shartlari mazkur qonunning 9-11-moddalarida belgilangan bo‘lib, unga ko‘ra ro‘yxatdan o‘tkazish uchun taqdim etilgan belgilar:

• ko‘zga ko‘rinadigan xususiyatlarga ega bo‘lishi;

• farqlash qobiliyatini ko‘rsatishi;

• uchinchi shaxslarning huquqlarini buzmasligi kerak.

Ushbu qonunda tovar belgilari sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilishi mumkin bo‘lmagan belgilarning yopiq ro‘yxati nazarda tutilgan. Masalan, rasmiy nomlar, Xitoyning davlat ramzlari, markaziy davlat organlarining nomlari, markaziy davlat organlari joylashgan muayyan obyektlarning nomlari, shuningdek markaziy davlat organlari bilan bog‘liq binolarning nomlari va tasvirlari bilan bir xil yoki adashtirish darajasidagi o‘xshash belgilar (10-modda) shular jumlasidandir. Shuningdek, “Tovar belgilari to‘g‘risida”gi qonunda shunday belgilar borki, ular tovar belgilari sifatida qatʼiy ro‘yxatdan o‘tkazilmaydi.

BUNDAY BELGILARGA:

1) faqat tovar belgilaridan foydalaniladigan tovarlarning umumiy nomlari, konstruksiyalari yoki modellarini o‘z ichiga olgan belgilar;

2) tovar belgilari qo‘llaniladigan tovarlarning sifati, asosiy xomashyosi, funksiyasi, ishlatilishi, og‘irligi, miqdori yoki boshqa xususiyatlariga bevosita aloqador bo‘lgan belgilar;

3) o‘ziga xos xususiyatlarga ega bo‘lmagan belgilar (11-modda) kiradi.

Hozir Xitoyda noanʼanaviy tovar belgilarini ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risida qaror qabul qilishda isteʼmolchilar orasida uzoq muddatli va keng qo‘llanilishi hamda taniqliligi asosiy mezon bo‘lib xizmat qilmoqda. Shu o‘rinda Xitoyda noanʼanaviy tovar belgilarini muhofaza qilishning o‘ziga xos xususiyatlarini tushunish uchun bunday belgilarning alohida turlarini ko‘rib chiqish maqsadga muvofiqdir.

Hajmli tovar belgilari. Xitoyning “Tovar belgilari to‘g‘risida”gi qonunining 12-moddasida uch o‘lchamli tovar belgisiga qo‘shimcha talablar belgilangan.

Agar bunday belgilar:

– faqatgina tegishli tovarlarning xususiyatiga xos bo‘lgan shakliga ishora qilsa;

– agar bu tovarning texnik funksiyasiga oid bo‘lsa;

– tovarlarga moddiy qiymat berish zarurati bilan bog‘liq bo‘lsa, bunday belgi tovar belgisi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilishi mumkin emas.

Xitoyda birinchilardan bo‘lib “Ferrero S.p.A.” kompaniyasining uch o‘lchamli tovar belgisi (ro‘yxatdan o‘tgan raqami G783985) ro‘yxatdan o‘tkazildi. Bu uch o‘lchamli “Ferrero Roche” konfetining zar qog‘ozga o‘ralgan tasvirini anglatadi, uning ustida oq fonli va oltin qirrali oval yorliq, qizil chiziqli jigarrang zar qog‘oz asosida joylashgan (1-rasm).

.31-rasm. “Ferrero S.p.A.” kompaniyasining uch o‘lchamli tovar belgisi

“Ferrero” kompaniyasi ushbu tovar belgisini faqat sud orqali ro‘yxatdan o‘tkazishga muvaffaq bo‘ldi4. Xitoyning patent idorasi ushbu belgini ro‘yxatdan o‘tkazishni rad etishiga sabab shuki, so‘ralgan tovar belgisi shunchaki konfetni qadoqlash shakli bo‘lib, uning tovar ishlab chiqaruvchisini ko‘rsatmaydi. Natijada “Ferrero” kompaniyasi patent idorasining qaroridan norozi bo‘lib sudga murojaat qiladi. Daʼvogar “Ferrero” kompaniyasi uch o‘lchamli belgi dunyo bo‘ylab keng tarqalgani sababli farqlanish xususiyatiga egaligini va isteʼmolchi bunday qadoqlashlarni ushbu kompaniya bilan bog‘lashini isbotlaydi. Pekin sudi daʼvogarning dalillarini qo‘llab-quvvatlagan holda, mazkur uch o‘lchamli belgi tovar belgisi sifatida muhofaza layoqatiga egaligi, u “Ferrero” kompaniyasiga tegishli ramziy dizaynga aylangani, isteʼmolchilar shu orqali tovarning ishlab chiqaruvchisini aniqlay olishi haqidagi to‘xtamga keldi.

Sudning hal qiluv qarorida potensial talabgorlar uchun hajmli tovar belgisini ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha qo‘llanma ham taqdim etildi. Masalan, tovar belgisi uchun talabnoma berishdan oldin uch o‘lchamli belgilar keng qo‘llanilishi va isteʼmolchilar orasida taniqli bo‘lishi kerak. Bunday belgilash juda oddiy bo‘lmasligi, tovarlarning o‘z toifasi uchun odatiy bo‘lgan hech bir farqlovchi xususiyatlarga ega bo‘lmasligi lozim.

2018-yilda – ro‘yxatdan o‘tish uchun talabnoma topshirilganidan 2 yil o‘tib, “Procter & Gamble Company”ning “Head & Shoulders” brendi ostida ishlab chiqariladigan shampun va boshqa tovarlar uchun hajmiy tovar belgisiga (ro‘yxatdan o‘tish raqami 19119659) huquqiy muhofaza taqdim etiladi (2-rasm).

2-rasm. “Procter & Gamble Company”ning uch oʻlchamli tovar belgisi

Daʼvogar “Head & Shoulders” shampun va sochlarni sovutish konditsionerining idishi o‘z turidagi mahsulot uchun noodatiy ekanini isbotlashga muvaffaq bo‘ldi, chunki idishning o‘ziga xos ko‘k rangli qopqog‘i va bir tomoni o‘ziga xos shaklda bo‘lgan. Bunday qadoqlash uzoq vaqt va keng miqyosda foydalanish natijasida isteʼmolchilar orasida keng maʼlum bo‘lib, bozorga tegishli qadoqlashda chiqarilgan tovarlar xaridorlarga ularni “Procter & Gamble Company” mahsuloti sifatida identifikatsiya qilish imkonini beradi. Shu bilan birga, daʼvogar sovun kabi tovarlarni ishlab chiqarish uchun bunday qadoqlash keng qo‘llanilganini isbotlay olmadi, natijada shampun va soch konditsioneridan boshqa tovar toifalari uchun taqdim etilgan hajmli tovar belgisini ro‘yxatdan o‘tkazish haqidagi daʼvo rad etiladi5.

Rangli tovar belgilari. Xitoyda rangli tovar belgisi sifatida faqat ranglar kombinatsiyasi (qo‘shilishi) ro‘yxatdan o‘tkazilishi mumkin. Qonunning bunday talqini “Tiffany & Co.” kabi
yirik rangli zargarlik buyumlarini ishlab chiqaruvchi kompaniyalarga faqat bitta rangni tovar belgisi sifatida muhofaza qilish huquqini beradi. Shu bilan birga, baʼzi hollarda nafaqat ranglar kombinatsiyasi, balki kombinatsiyaning shakli ham muhimdir6. Xitoyda bir holatda kulrang, oq va sariq ranglar kombinatsiyasiga himoya berilmagan, chunki bunday kombinatsiya allaqachon ro‘yxatdan o‘tgan tovar belgisi bilan adashtirish darajasida o‘xshash bo‘lgan, chunki ikkala kombinatsiya ham kulrang, oq va sariq rangli uchta chiziqning to‘g‘ri burchakli kombinatsiyasidan iborat bo‘lgan (3-rasm).

3-rasm. Bir-birini farqlash xususiyatiga ega bo‘lmagan ranglar kombinatsiyasi shakllari

Biroq, Xitoyda ko‘k va yashil ranglarning ikkita kombinatsiyasiga himoya berilgan, chunki ushbu kombinatsiya shakllari bir-biridan farq qilib, isteʼmolchini tovarning kelib chiqishi haqida chalg‘itish xususiyatiga ega emas (4-rasm).

4-rasm. Bir-biridan farqlash qobiliyatiga ega bo‘lgan
ranglar kombinatsiyasi shakllari

Umumiy tovar belgilarida bo‘lgani kabi, Xitoyda ranglar kombinatsiyasini tovar belgisi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazishga mazkur ranglar kombinatsiyasi avvaldan farqlanish qobiliyatiga ega bo‘lsagina yo‘l qo‘yiladi.

“Duracell” bilan bog‘liq nizoli ish hujjatlariga ko‘ra (ro‘yxatga olish raqami 3037973), o‘sha vaqtda “Duracell” brendiga ega bo‘lgan “Gillette” kompaniyasi 2001-yilda rangli tovar belgisini – batareyalar uchun mis va qora ranglar kombinatsiyasini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun talabnoma bergan. Talabnomada ko‘rsatilgan ranglar kombinatsiyasida umumiy hajmning 1/3 qismini mis rangi va 2/3 qismini esa qora rang tashkil etgan (5-rasm)7.

5-rasm. Duracell batareyalari uchun rangli tovar belgisi, hozir “U.S. Operations Inc.” kompaniyasiga tegishli.

Xitoy patent idorasiga ro‘yxatdan o‘tkazish uchun ranglar kombinatsiyasiga ega tovar belgisi taqdim etilib, “Gillette” kompaniyasi ko‘rsatganidek, tovar belgisi shakli faqat tovar belgisi uchun ishlatiladigan ranglar nisbatini tasvirlash maqsadida ishlatilgan. Talabnoma beruvchi taqdim etilgan shakldagi tovar belgisining yuqori obro‘-eʼtiborga ega bo‘lganini, isteʼmolchi tovar belgisidagi ranglar kombinatsiyasi asosida talabnoma beruvchining tovarlarini boshqa ishlab chiqaruvchilarning o‘xshash tovarlaridan ajrata olishini taʼkidlaydi.

Bundan tashqari, talabnoma berilgan tovar belgisi dunyoning 30 dan ortiq davlatida tan olinib, ro‘yxatga olingan va muhofazalangan, bu esa qo‘llanilayotgan tovar belgisining o‘ziga xos xususiyatlari shubha tug‘dirmasligini isbotlaydi8. Biroq tovar belgilari bo‘yicha patent idorasi talabnoma beruvchining vajlarini qo‘llab-quvvatlamaydi va tovar belgisini ro‘yxatdan o‘tkazishni rad etadi. Chunki ro‘yxatdan o‘tkazish uchun taqdim etilgan ranglar kombinatsiyasi faqat tovarning tashqi ko‘rinishini aks ettirgan bo‘lib, farqlanish xususiyatlariga ega bo‘lmagan. Bu esa Xitoyning “Tovar belgilari to‘g‘risida”gi qonunining 11-moddasi talablariga ziddir. “Gillette” kompaniyasi bu qarordan norozi bo‘lib, Xitoyning Patent kengashiga qarorni qayta ko‘rib chiqishni so‘rab murojaat qiladi. Kengash takroriy ekspertiza o‘tkazib, tegishli ranglar kombinatsiyasi talabnoma beruvchi tovarining farqlovchi belgisi bo‘lib qolgani va isteʼmolchilar talabnoma beruvchining tovarlarini boshqalar tomonidan ishlab chiqarilgan shunga o‘xshash tovarlardan (batareyalardan) ranglar kombinatsiyasi asosida ajrata olishlari mumkin degan xulosaga keladi.

“Gillette” kompaniyasi o‘z daʼvosini asoslash uchun turli hujjatlarni, masalan, reklama plakatlaridan tortib uchinchi shaxslar “Duracell” batareyalarining ko‘rinishi, shakli, xususan, rangidan taqlidan foydalanganlik uchun jarima solingan holatlar bo‘yicha sud qarorlarigacha taqdim etadi.

Tovushli tovar belgilari. Tovush tovar belgisi sifatida bozorda katta ahamiyatga ega. Xitoyda tovush 2014-yilda “Tovar belgilari to‘g‘risida”gi qonunga o‘zgartishlar kiritilganidan so‘ng tovar belgisi sifatida muhofaza layoqatiga ega bo‘ldi. 2016-yilda birinchi tovushli tovar belgisi “China Radio International” kompaniyasi musiqasi9 ro‘yxatdan o‘tkazildi (6-rasm).

6-rasm. “China Radio International” tovushli tovar belgisi, nota yozuvi shaklida taqdim etilgan

Xitoyning tovar belgilarini tekshirish va ekspertiza qilish standartlariga ko‘ra, tovush belgisi musiqiy tovushlar (musiqiy asarlar) va musiqiy bo‘lmagan tovushlardan, masalan, tabiat, hayvonlar tovushlaridan yoki musiqiy va musiqiy bo‘lmagan tovushlar kombinatsiyasidan iborat bo‘lishi mumkin. Musiqa ovozi notalar orqali aks ettiriladi. Musiqasiz tovushli tovar belgisi so‘zlar bilan taʼriflanadi. So‘zma-so‘z tavsifi aniq, to‘liq va tushunarli bo‘lishi kerak.

Tovush belgisini ekspertizadan o‘tkazish quyidagilarni o‘rganishni o‘z ichiga oladi:

– ro‘yxatga olinmaydigan so‘z yoki tovushlarni o‘z ichiga olishi (masalan, milliy madhiyani);

– tovushning o‘ziga xos xususiyatlari bormi (masalan, bolalar oziq-ovqati uchun bolalarning
kulgan tovushini ro‘yxatga olish mumkin emas, chunki bu turdagi tovarlar uchun odatiy hol bo‘lib, ular to‘g‘ridan-to‘g‘ri tovar isteʼmolchilarini ko‘rsatadi; juda oddiy tovush, qo‘shiq, musiqa yoki odatda ishlab chiqarishda ishlatiladigan tovush ro‘yxatga olinmaydi);

– tovush boshqa tovush yoki vizual belgi bilan bir xil yoki adashtirish darajasigacha o‘xshashmi (masalan, “yahoo” so‘zli tovar belgisi hisoblanadi va “yahoo” so‘zi tovushli tovar belgisi sifatida ro‘yxatdan o‘tkazilishi mumkin emas).

Xitoyda tovushli tovar belgisini ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha qiziqarli nizoli ish yuqori texnologiyali biznesning turli sohalarida, shu jumladan internet-xizmatlar, sunʼiy intellekt va elektron ko‘ngilochar sohalarga ixtisoslashgan “Tencent” yirik xolding kompaniyasi bilan bog‘liq.

“Tencent” kompaniyasi mashhur xabar almashish xizmatlaridan biri “QQ”ga egalik qiladi. “QQ” tizimiga kiruvchi xabarlar kelib tushganda servis olti notali “DiDiDiDiDiDi” tovushli signal chiqaradi. Ushbu tovushni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun “Tencent” kompaniyasi talabnoma beradi. Ammo Xitoyning patent idorasi uni juda oddiy, funksional (dasturiy taʼminotning bir qismi) va farqlovchi xususiyatga emas deb rad etdi. Talabnoma rad etilgach
kompaniya Pekin intellektual huquqlar sudiga shikoyat qiladi. Pekin sudi “Tencent” kompaniyasi uzoq vaqtdan beri bu tovushli signalni keng qo‘llagani, bu tovushli tovar belgisi farqlash qobiliyatiga ega bo‘lgani sababli daʼvoni qanoatlantiradi. “QQ” 1999-yilda paydo bo‘lgan va shuncha yildan buyon yangi xabarlar uchun aynan shu tovushdan foydalanib kelgan. “QQ” xizmati yuz millionlab faol foydalanuvchilarga ega. Tovush “QQ” bilan birgalikda teleko‘rsatuv va boshqa ommaviy axborot vositalarida namoyish etilgan. Sud, shuningdek, ro‘yxatdan o‘tkazish uchun talab qilingan tovush dasturiy taʼminotning natijasi emas, balki maxsus yaratilgan tovush ekanini va shuning uchun u funksional emasligini taʼkidladi10.

Xitoyda noanʼanaviy tovar belgilarini himoya qilishga oid qonunchilikni rivojlantirish uchun huquqiy va amaliy baza yaratilgan. Mamlakat sudlari tomonidan uch o‘lchamli (havoli), rangli va tovushli tovar belgilari kabi noanʼanaviy tovar belgilarini himoya qilishning asosiy mezonlari ishlab chiqilgan. Biroq bunday tovar belgilarini ro‘yxatdan o‘tkazish imkoniyati nisbatan yaqin yillardan boshlab qonun bilan mustahkamlangani sababli, noanʼanaviy tovar belgilarini tan olish va himoya qilish sohasida barqaror siyosat haqida gapirish mushkul.

Yuqorida aytib o‘tilganidek, noanʼanaviy tovar belgilarini himoya qilishning asosiy mezonlaridan biri – ularning uzoq va keng qo‘llanilishi bo‘lib, buning natijasida tovar belgisi ajralib turadi. Bunday mezonning mavjudligi yangi yoki bozorga chiqmoqchi bo‘lgan tovarlarning noanʼanaviy tovar belgilarini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun to‘siqlarni yaratadi va isteʼmolchilar eʼtiborini jalb qilish uchun yirik kompaniyalarga ko‘proq ustunlik beradi.

Bundan tashqari Xitoyda boshqa mamlakatlarda himoyalangan gologrammalar, pozitsion belgilar, harakatlanadigan belgilar kabi noanʼanaviy tovar belgilarini ro‘yxatdan o‘tkazish imkoniyati mavjud emas.

Hojiboy ADASHOV,
mustaqil izlanuvchi

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here