Mast xodimni ishdan chetlashtirish shartlari

0
84

Mehnat huquqida xodimlarning hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish, ishlab chiqarishda talafotlarning oldini olish muhim hisoblanadi. Xususan, ishlab chiqarishda baxtsiz hodisalarga yo‘l qo‘ymaslik uchun mast xodimni ishdan chetlashtirish mexanizmidan foydalaniladi. O‘zbekiston Mehnat kodeksining 151-moddasida xodim alkogolli ichimlik, giyohvandlik yoki toksik modda ta’sirida mast holatda ishga kelganida yoki ishda bo‘lganida ish beruvchi uni ishdan chetlashtirishi shartligi belgilangan1.

Xodimni ishdan chetlashtirish masalasida mehnat qonunchiligida ayrim o‘zgarishlar bo‘lganini qayd etish lozim.

2023-yil 30-apreldan kuchga kirgan yangi Mehnat kodeksiga (151-modda) 1995-yil 21-dekabrda qabul qilingan eski kodeksdan (113-modda) farq qiladigan aniqlashtiruvchi qoidalar kiritildi. Jumladan, xodimni ishdan chetlashtirishga nafaqat mast holatda ishga kelishi, balki mast holatda ishda bo‘lishi ham sabab bo‘lishi belgilab qo‘yildi. Buni albatta ma’qullaymiz. Eski kodeksning 113-moddasida “Alkogolli ichimlikdan, giyohvandlik yoki toksik modda ta’siridan mastlik holatida ishga kelgan xodim shu kuni (smenada) ishga qo‘yilmaydi” deb ko‘rsatilgan edi. Yangi kodeksning 151-moddasi beshinchi qismida ish beruvchi xodimni ishdan chetlashtirish uchun asos bo‘lgan holatlar bartaraf etilguniga qadar butun davrga uni ishdan chetlashtirishi mustahkamlab qo‘yildi. Fikrimizcha, ishdan chetlashtirilgan xodimning qaytadan ishga qo‘yilishi bilan bog‘liq ushbu qoida mantiqan to‘g‘ridir.

Yuqoridagi ijobiy o‘zgartishlarga qaramasdan xodimni ishdan chetlashtirish bo‘yicha bir qancha muammolar borligini aytib o‘tish lozim. Xususan, Mehnat kodeksining 151-moddasida mustahkamlangan mastlikni keltirib chiqaruvchi sabablar (alkogolli ichimlik, giyohvandlik vositalari, toksik moddalar) doirasi cheklangan. O‘zbekistonning bir qator normativ-huquqiy hujjatlarida mastlikni keltirib chiqaruvchi sabablar bo‘yicha nisbatan kengroq qarash mavjud. Masalan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 116-moddasi beshinchi qismida “alkogolli ichimlik, giyohvandlik moddasi ta’sirida yoki o‘zgacha tarzda mastlik holatida bo‘lgan shaxs”2, Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 4-noyabrdagi 644-qarorida “alkogol, giyohvandlik vositalari ta’siridan yoki o‘zgacha tarzda mastlik” jumlalaridan foydalanilgan3. Ta’kidlash lozimki, mazkur qonun hujjatlarida keltirib o‘tilgan “o‘zgacha tarzda mastlik”ni mehnat qonunchiligiga kiritish ishdan chetlashtirish mexanizmini qo‘llash imkonini kengaytiradi.

Ushbu masalada Jinoyat kodeksi ancha nostandart yondashuvni o‘zida ifodalagan. Xususan, kodeksning 19-moddasiga ko‘ra mastlik holatida yoki giyovandlik vositalari, ularning analoglari, psixotrop yoki odamning aql-irodasiga ta’sir etuvchi boshqa moddalar ta’sirida jinoyat sodir etgan shaxs javobgarlikdan ozod qilinmaydi4.

Tabiiyki, Mehnat kodeksida “mastlik holati” nima ekanligi aytilmagan. Shu sababli ushbu tushunchani topish uchun boshqa normativ-huquqiy hujjatlarga murojaat qilishga to‘g‘ri keladi. Xususan, Vazirlar Mahkamasining 244-qarori bilan tasdiqlangan “Alkogol, giyohvandlik vositalari ta’siridan yoki o‘zgacha tarzda mastlik holatida bo‘lgan shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatish tartibi to‘g‘risida”gi nizomda mast holatdagi shaxs tushunchasi berilgan. Ushbu nizomga ko‘ra alkogol, giyohvandlik vositalari ta’siridan yoki o‘zgacha tarzda mastlik holatida bo‘lib, mustaqil harakatlanish qobiliyatini yo‘qotgan yoki qayerdaligini aniq anglab yetmaydigan shaxs – psixoaktiv moddalar ta’sirida mastlik holatidagi shaxsdir5. Bu yerda “mastlik holatidagi shaxs” va “psixoaktiv moddalar ta’sirida mastlik holatidagi shaxs” sinonim tushunchalar sifatida keltirilganini ta’kidlash o‘rinlidir.

Yuqorida qayd etilganidek, mastlik faqat alkogol, giyohvandlik yoki toksik modda ta’sirida emas, boshqa har qanday mast qiluvchi moddalar ta’sirida ham kelib chiqishi mumkin. Shu sababli mastligi tufayli ishdan chetlashtirishda psixoaktiv moddalar tushunchasidan foydalanish kerak. Ushbu tushuncha esa yuqorida nomi keltirilgan nizomda berilgan. Unga ko‘ra psixoaktiv moddalar deganda, markaziy asab tizimiga o‘ziga xos ta’sir ko‘rsatadigan, muntazam ravishda iste’mol qilganda ruhan va jismonan qaramlikni yuzaga keltirishi mumkin bo‘lgan, kelib chiqishi sintetik yoki tabiiy kimyoviy moddalar tushuniladi.

Ta’kidlash kerakki, xodimning mastligini aniqlash ham muayyan qiyinchiliklarni keltirib chiqaradi. Xodimning mastligini aniqlash bo‘yicha ayrim fikrlarni ko‘rib chiqish maqsadga muvofiqdir. Huquqshunos olim Yana Pushkar “ishdan chetlashtirish” va “ishga qo‘ymaslik” tushunchalarini farqlash zarurligini ta’kidlaydi. Ish beruvchi xodim o‘z majburiyatini bajarishga kirishgunga qadar uning mastligini payqasa uni ishga qo‘ymasligi lozim. Fikrimizcha, ish beruvchi xodimning mastligini u ishni boshlaganidan keyin aniqlasa yoki ish kuni davomida xodimning ahvolida o‘zgarish bo‘lganda uni ishdan chetlashtirishi kerak6.

Mehnat qonunchiligida mastlik holati xodimni ishdan chetlashtirish uchun asos bo‘lishi belgilanganiga qaramay, mastlikni aniqlash tartibi ko‘rsatilmagan.

Fikrimizcha, mehnat qonunchiligida bu masalaga taalluqli bevosita hujjat bo‘lmagani sababli boshqa normativ hujjatlardan foydalanish mumkin. Shulardan biri “Alkogol, giyohvandlik vositalari ta’siridan yoki o‘zgacha tarzda mastlik holatida bo‘lgan shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatish tartibi to‘g‘risida” gi nizomdir.

“Alkogol, giyohvandlik vositalari ta’siridan yoki o‘zgacha tarzda mastlik holatida bo‘lgan shaxslarga tibbiy yordam ko‘rsatish tartibi to‘g‘risida”gi nizomga ko‘ra ichki ishlar organlari xodimlari jamoat joylarida mast holatda bo‘lgan shaxslarni tibbiy yordam ko‘rsatish punktlariga olib borishi uchun quyidagilar asos bo‘ladi:

• shaxsning maqsadli harakatlar sodir etish yoki o‘zi mustaqil harakatlanish qobiliyatini
yo‘qotganligi;

• shaxsning uyquchanligi, uni uyg‘otishning qiyinligi;

• shaxsning tik holatda mustaqil tura olmasligi;

• nutqining noaniq, tushunarsiz, o‘zaro bog‘liq bo‘lmagan uzuq-yuluq alohida so‘zlardan tashkil topishi (g‘o‘ldirashi);

• savollarni yaxshi tushunmasligi, o‘zining qayerdaligini aniq anglab yetmasligi.

Xodimlarning mastligini tekshirish uchun ham shu alomatlar bo‘lishi kifoya. Faqat ish beruvchi bunga haqli ekanligini qonunchilikda belgilab qo‘yish lozim.

Bundan tashqari ayrim xorijiy davlatlar tajribasiga nazar tashlasak, Qozog‘iston Mehnat kodeksining 48-moddasida ham mast holatda ishga kelish yoki ishda bo‘lish ishdan chetlashtirishga asos bo‘lishi belgilangan. Biroq mastlik alkogolli ichimlik, giyohvandlik vositasi yoki toksik modda ta’sirida kelib chiqishi bayon qilinib, o‘zgacha tarzdagi mastlik iborasi qo‘llanmagan7. Belarus Mehnat kodeksining 49-moddasida ham ishdan chetlashtirish uchun ushbu asos keltirib o‘tilgan. Lekin unda ishni bajarish uchun to‘sqinlik qiladigan boshqa kasalliklar ham ishdan chetlashtirishga asos bo‘lishi mustahkamlangan8.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, O‘zbekiston Mehnat kodeksining 151-moddasi ikkinchi qismi ikkinchi xatboshisi quyidagicha tahrir qilinishi kerak: “alkogolli ichimlikdan, giyohvandlik yoki toksik modda ta’siridan yoxud o‘zgacha tarzda mastlik holatida ishga kelganida yoki ishda bo‘lganida”. Mazkur qo‘shimchaning kiritilishi sababidan qat’i nazar xodimning mastlik
holatini to‘liq qamrab olishga imkon beradi. Shuningdek, mehnat qonunchiligiga mast xodimning ishlashiga ijozat berish yoxud xodimning mastligini aniqlash uchun tibbiy tekshiruvdan o‘tishdan bo‘yin tovlashini mehnat intizomini bir marta qo‘pol ravishda buzish deb topish haqidagi qoidalarni kiritish lozim.

Husan ELMURODOV,
Toshkent davlat yuridik universiteti
mustaqil izlanuvchisi

 

1 Ўзбекистон Республикасининг Меҳнат кодекси. –Т.: “Yuridik adabiyotlar publish”, 2023.

2 https://lex.uz/docs/97664#201341.

3 https://lex.uz/docs/6272590.

4 https://lex.uz/docs/111453#179911.

5 https://lex.uz/docs/6272590.

6 Пушкарь Я. А. Отстранение от работы как основание приостановления трудового правоотношения. Дисс. канд. юрид. наук. –М.: РГБ, 2007. – С.53-54.

7 Трудовой кодекс Республики Казахстан. – Алматы: Юрист, 2019. – С.30.

8 Трудовой кодекс Республики Беларусь. – Минск: Амалфея, 2022. – С.35.

 

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here