Мanfaatlar to‘qnashuvi korrupsiyaviy jinoyatlarga yo‘l ochadi(mi?)

0
189

Manfaatlar to‘qnashuvi — shaxsning shaxsiy (bevosita yoki bilvosita) manfaatdorligi uning o‘z lavozim yoki xizmat majburiyatlarini lozim darajada bajarishiga ta’sir ko‘rsatayotgan yoxud ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan hamda shaxsiy manfaatdorlik bilan fuqarolarning, tashkilotlarning, jamiyatning yoki davlatning huquqlari, qonuniy manfaatlari o‘rtasida qarama-qarshilik yuzaga kelayotgan (mavjud manfaatlar to‘qnashuvi) yoki yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan (ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvi) vaziyatdir.

Shu ma’noda aytganda O‘zbekiston Respublikasining 2024-yil 5-iyundagi “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risida”gi qonuni mamlakatimizda korrupsiyaning oldini olish maqsadida qabul qilindi.

Men jinoyat ishlari bo‘yicha sudya sifatida shuni aytmoqchimanki, o‘z navbatida yuqoridagi qonun talablarini buzganlik uchun ham tegishli javobgarlik belgilandi. Ya’ni O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi 1934-modda bilan to‘ldirildi. “Manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi qonunchilik talablarini bajarmaslik” deb nomlangan mazkur moddaga asosan, davlat organining yoki boshqa tashkilotning mansabdor shaxsi yoki xodimi tomonidan manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi qonunchilikda nazarda tutilgan manfaatlar to‘qnashuvi mavjudligi haqida xabar bermaslik, bazaviy hisoblash miqdorining uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Xuddi shunday huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilsa, huquqbuzarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solinadi.

Davlat organining yoki boshqa tashkilotning mansabdor shaxsiga ma’lum bo‘lib qolgan, manfaatlar to‘qnashuvi to‘g‘risidagi qonunchilikda nazarda tutilgan mavjud yoki ehtimoliy manfaatlar to‘qnashuvini tartibga solish yuzasidan choralar ko‘rmaganlik bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima bilan jazolanadi. Agar ana shu huquqbuzarlik ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilgan bo‘lsa, bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.

Ushbu moddaning birinchi va uchinchi qismlarida nazarda tutilgan huquqbuzarliklar davlat xaridlari sohasida sodir etilgan bo‘lsa, mansabdor shaxslar bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan o‘ttiz baravarigacha miqdorda jarima jazosiga tortiladi. Shunday ekan, daxldor mansabdor va mas’ul shaxslar ayni qonunning mazmun-mohiyatini teran anglab olishlari shart. Zero, so‘nggi pushaymon o‘zingga dushman, deyishgan.

Eslatib o‘tish lozimki, mazkur qonun 2024-yil 5-dekabrda kuchga kiradi.

 

Nodirjon KIMSANOV,

jinoyat ishlari bo‘yicha Kosonsoy

tuman sudining sudyasi

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here