Ma’muriy organlar faoliyatini tartibga solishning huquqiy jihatlari

0
808

“Ma’muriy tartib-taomillar to‘g‘risida”gi qonunning 4-moddasiga ko‘ra, ma’muriy organlarga ma’muriy-huquqiy faoliyat sohasida ma’muriy boshqaruv vakolati berilgan organlar, mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, shuningdek, ushbu faoliyatni amalga oshirishga vakolatli bo‘lgan boshqa tashkilotlar va maxsus tuzilgan komissiyalar kiradi.

Ma’muriy organlar mansabdor shaxslari hokimiyat vakili vazifasini bajaradigan yoxud mazkur organlarda ma’muriy-boshqaruv (tashkiliy-farmoyish berish) vazifasini amalga oshiradi.

Yuridik ahamiyatga ega harakatlarni sodir etish vakolatiga ega bo‘lishadi. Ma’muriy organlar va mansabdor shaxslarining harakatlari deyilganda, qaror shaklida ifodalanmagan bo‘lsa ham, biroq manfaatdor shaxslar huquqlari va erkinliklarining buzilishiga olib kelgan yoki ularning huquqlari va erkinliklari amalga oshirilishiga to‘sqinlik qilgan yuridik ahamiyatga ega farmoyishlar tushuniladi.

Harakatsizlik esa ma’muriy organ yoki uning mansabdor shaxsi zimmasiga normativ-huquqiy va boshqa hujjatlar (lavozim yo‘riqnomalari, nizomlar, reglamentlar, buyruqlar) bilan yuklatilgan majburiyatni bajarmaslik tushuniladi.

Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksning 26-moddasiga ko‘ra, ma’muriy sudda fuqarolar va yuridik shaxslarning buzilgan yoki nizolashilayotgan huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish to‘g‘risidagi, ma’muriy va boshqa ommaviy huquqiy munosabatlardan kelib chiqadigan ishlar ko‘riladi.

Qonun bilan ma’muriy sudga taalluqli ishlar jumlasiga boshqa ishlar ham kiritilishi mumkin. O‘zaro bog‘liq bo‘lib, ba’zilari ma’muriy sudga, boshqalari esa fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga taalluqli bo‘lgan bir nechta talab birlashtirilgan taqdirda, barcha talablar fuqarolik ishlari bo‘yicha sudda ko‘rilishi lozim.

O‘zaro bog‘liq bo‘lib, ba’zilari ma’muriy sudga, boshqalari esa iqtisodiy sudga taalluqli bo‘lgan bir nechta talabni birlashtirishga yo‘l qo‘yilmaydi.

MSIYutKning 27-moddasiga ko‘ra, sud:

1) idoraviy normativ-huquqiy hujjatlar yuzasidan nizolashish to‘g‘risidagi;

2) davlat boshqaruvi organlarining, ma’muriy-huquqiy faoliyatni amalga oshirishga vakolatli bo‘lgan boshqa organlarning, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining va ular mansabdor shaxslarining qonun hujjatlariga mos kelmaydigan hamda fuqarolar yoki yuridik shaxslarning huquqlarini va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini buzadigan qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) yuzasidan nizolashish to‘g‘risidagi;

3) saylov komissiyalarining xatti-harakatlari (qarorlari) yuzasidan nizolashish to‘g‘risidagi;

4) notarial harakatni amalga oshirish, fuqarolik holati dalolatnomalarini yozishni ro‘yxatga olish rad etilganligi yoki notariusning yoxud fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organi mansabdor shaxsining harakatlari (harakatsizligi) yuzasidan nizolashish to‘g‘risidagi;

5) davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni rad etish yoxud belgilangan muddatda davlat ro‘yxatidan o‘tkazishdan bo‘yin tovlash ustidan shikoyat qilish to‘g‘risidagi;

6) investorlar bilan ma’muriy organlar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari o‘rtasidagi ular mansabdor shaxslarining investisiya shartnomasi shartlariga rioya qilinishi bilan bog‘liq qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) yuzasidan nizolashish to‘g‘risidagi;

7) raqobat to‘g‘risidagi, ya’ni yuridik shaxslar, shu jumladan chet ellik yuridik shaxslar, xo‘jalik boshqaruvi organlari, yakka tartibdagi tadbirkorlar va monopoliyaga qarshi organ o‘rtasida tovar hamda moliya bozorlarida raqobat sohasidagi munosabatlardan kelib chiqadigan, ma’muriy sud sudloviga tegishli hal qiladi.

Sud fuqarolar va yuridik shaxslarning buzilgan yoki nizolashilayotgan huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish to‘g‘risidagi ma’muriy va boshqa ommaviy huquqiy munosabatlardan yuzaga keladigan, qonun bilan o‘zining vakolatiga kiritilgan boshqa ishlarni ham hal qiladi.

Ma’muriy sudlarga shikoyat qilish masalasini o‘rganish uchun, birinchi navbatda, “ommaviy-huquqiy munosabat” tushunchasini tahlil qilish lozim bo‘ladi.

Bir tomonning ikkinchi tomonga nisbatan vakolatlarini qo‘llashi natijasida ommaviy-huquqiy munosabat vujudga keladi. Ya’ni huquq subyektlari o‘rtasida huquqiy munosabat o‘rnatiladi.

Ommaviy-huquqiy munosabatlar quyidagi xususiyatlarga ega:
birinchidan, subyektlar o‘z huquqiy maqomida teng emasligi;
ikkinchidan, ommaviy-huquqiy munosabatga kirishishda hokimiyat vakolatiga ega bo‘lgan subyekt ishtirokining majburiyligi;
uchinchidan, “hokimiyat-bo‘ysinish” formulasiga mos ravishda qurilgan bo‘lib, bir taraf faqat huquqiy majburiyatlarga, ikkinchi taraf subyektiv huquqlarga ega bo‘lishi;
to‘rtinchidan, jismoniy shaxsning huquqiy maqomi turli ko‘rinishda uchrashi, xususan, jismoniy shaxs majburiyatlarga ega taraf sifatida, mansabdor shaxs esa hokimiyat boshqaruv vakolatiga ega taraf sifatida ishtirok etishi;
beshinchidan, taraf sifatida jamoaning, ko‘pchilikning fikrini ifoda etadigan subyekt sifatida faoliyat ko‘rsatayotgan jamoat tashkilotlari, birlashmalari ishtirok etishi mumkin.

Tadqiqotchi N.V.Suxarevning fikricha, ma’muriy-huquqiy nizo ma’muriy munosabat ishtirokchilaridan birining ma’muriy-huquqiy munosabatning vujudga kelishi, o‘zgarishi yoki bekor bo‘lishiga sabab bo‘lgan yuridik faktga nisbatan noroziligi ifodasini bildiradi. Ma’muriy-huquqiy nizolar bu, ma’muriy huquq subyektlarining huquq va majburiyatlariga oid bo‘lgan nizolardir va ular o‘zining mazmuni jihatidan boshqa yuridik nizolardan farq qiladi.

Y.N.Starilovning fikricha, ma’muriy huquqiy munosabatlar subyektlari o‘rtasida yuzaga kelgan nizolarning o‘ziga xos mohiyatini taraflarning notengligi bilan ifodalash mumkin, ya’ni taraflardan biri hokimiyat yoki boshqaruv vakolatiga ega bo‘ladi.

Yuqoridagi faktlardan kelib chiqqan holda, ma’muriy-huquqiy nizolarga quyidagicha umumiy tavsif berish mumkin:
a) ma’muriy-huquqiy nizo – bu ma’muriy huquq subyektlarining huquq va majburiyatlariga oid nizolardir;
b) ma’muriy-huquqiy nizo noqonuniy boshqaruv aktini qabul qilish fakti yuzasidan ma’muriy-huquqiy munosabat subyektlaridan birining norozilik ifodasidir;
v) ma’muriy-huquqiy nizolar ijro hokimiyati organi tomonidan boshqaruv funksiyalarini amalga oshirishi bilan bog‘liq holda vujudga keladi.

Demak, ma’muriy nizo subyektlaridan biri albatta ma’muriy organ yoki mansabdor shaxs
hisoblanadi. Ikkinchi tomonda fuqarolar hamda yuridik shaxslar ishtirok etadi.

Ma’muriy organlar mansabdor shaxslari xatti-harakatlari (harakatsizligi) va qarorlari bilan
bog‘liq shikoyatlar MSIYutKning 184-moddasiga asosan, sud tomonidan ushbu kodeksda nazarda tutilgan umumiy qoidalarga ko‘ra, belgilangan xususiyatlarni inobatga olgan holda, agar ularni ko‘rib chiqish qonun bilan boshqa davlat organlarining vakolatiga kiritilmagan bo‘lsa, sudda ko‘rib chiqiladi. Ma’muriy organlari va fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari mansabdor shaxslarining qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan ishlar fuqarolar yoki yuridik shaxslarning arizalari asosida qo‘zg‘atiladi.

Xurshid QURBANOV,
O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi huzuridagi
Sudyalar oliy maktabi tinglovchisi

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here