Korrupsiyaga qarshi samarali kurashish lobbilashni huquqiy jihatdan tartibga solish va cheklashni talab qiladi. Lobbilash – davlat siyosati va hukumat qarorlariga qonuniy tomondan taʼsir o‘tkazish maqsadida shaxslar yoki manfaatdor guruhlar tomonidan amalga oshiriladigan harakatdir1.
Lobbilash asosan qonun ijodkorligi, davlat boshqaruvi hamda tartibga solish, budjet sohalarida namoyon bo‘ladi.
Bu ko‘proq rivojlangan mamlakatlarda uchraydi. Mazkur faoliyat aslida Birlashgan qirollik va AQSH tarixida qonun chiqaruvchi organ tomonidan maʼlum bir qonun loyihasining ishlab chiqilishi, maʼqullanishi yoki bekor qilinishi uchun taʼsir o‘tkazish vositasi sifatida namoyon bo‘lgan. Biroq vaqt o‘tishi bilan AQSHda lobbilashning bir nechta: guruhlar tuzib namoyish o‘tkazish, davlat boshqaruv organlari rahbarlariga guruh bo‘lib xatlar yozish va qo‘ng‘iroqlar qilish, saylovda o‘z nomzodlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, barcha turdagi ommaviy axborot vositalarini qo‘llagan holda jamoatchilik fikriga taʼsir o‘tkazish kabi turlari paydo bo‘ldi.
Hozirgi vaqtda lobbilash dunyoning 22 ta davlatida, jumladan AQSH, Avstraliya, Avstriya, Braziliya, Birlashgan qirollik, Kanada, Chili, Fransiya, Gruziya, Germaniya, Vengriya, Irlandiya, Isroil, Litva, Makedoniya, Meksika, Chernogoriya, Niderlandiya, Peru, Polsha, Sloveniya va Tayvanda huquqiy tomondan tartibga solingan2 va ushbu davlatlarda lobbistlarning onlayn registri yuritiladi.
Ayrim mutaxassislar fikriga ko‘ra, siyosiy taʼsir o‘tkazish rivojlanayotgan davlatlarda korrupsiya orqali amalga oshirilsa, rivojlangan davlatlarda lobbilash bayrog‘i ostida namoyon bo‘ladi. Lobbilash faoliyati AQSHda yaxshi tartibga solingan. Xususan, lobbizmni tartibga soluvchi dastlabki hujjat 1946-yilda qabul qilingan “Lobbizm faoliyatini federal miqyosda tartibga solish akti” (Federal Regulation of Lobbying Act) bo‘lib, bu qonunning asl maqsadi lobbichilarni ro‘yxatga olish va ularning Kongressga taʼsir o‘tkazishga urinishlari haqidagi maʼlumotlarni oshkor qilish tizimini tashkil etishdan iborat. Bu qonun lobbizm va korrupsiyani aniq ajratadi.
Keyinchalik, 1995-yilda mazkur qonunning o‘rniga “Lobbizm faoliyatini oshkor qilish to‘g‘risida” gi qonun3 (Lobbying disclosure act of 1995) qabul qilindi.
Qonunning asosiy maqsadi ochiqlik tamoyilini izchil amalga oshirish, lobbizm faoliyati ishtirokchilari haqida maʼlumot bilan taʼminlashning samarali tizimini yaratish hisoblanadi.
Rivojlanayotgan davlatlarning aksarida lobbilash qonun bilan tartibga solinmagan. Ushbu mamlakatlarda lobbistik harakatlar obyektiv zarurat bilan emas, balki maʼlum bir manfaatlar doirasida amalga oshiriladigan, huquqiy tomondan aniq taʼrifi4 va chegaralari mavjud bo‘lmagan harakat sifatida tasnif etiladi.
Bundan ko‘rinib turibdiki, davlat boshqaruvi sust bo‘lgan mamlakatlarda korrupsiya, boshqaruv darajasi yuqori bo‘lgan davlatlarda esa lobbilash amaliyoti maʼqul ko‘riladi5. Biroq pirovard maqsad bir bo‘lsa-da, davlat siyosati va hukumat qarorlariga taʼsir o‘tkazishda korrupsiya va lobbilashning amalga oshirish mexanizmlari har xildir. Yaʼni korrupsiya holatlarida mavjud qonun normalarini hatlab o‘tish yoki mavhum holatda qoldirish kuzatilsa, lobbilashda ushbu normalarni qonuniy vositalar yordamida o‘zgartirishning guvohi bo‘lamiz.
Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkilotining (Organisation for Economic Co-operation and Development, OECD) “21-asrda lobbilash amaliyoti to‘g‘risida”gi hisobotiga asosan 2020-yil holatiga ko‘ra AQSHda ushbu sohadagi sarf-xarajatlar asosan farmatsevtika (306 mln dollar), elektronika (156 mln dollar), sug‘urta (151 mln dollar), ko‘chmas mulk (131 mln dollar), biznes assotsiatsiyalari (119 mln dollar) hamda neft va gaz (110 mln dollar) sohalariga to‘g‘ri kelmoqda6.
Misol uchun, AQSHda lobbilash sohasida yetakchi bo‘lgan farmatsevtika kompaniyalari 1999-yildan 2018-yilga qadar federal hukumatga umumiy miqdorda 4,7 mlrd dollar (yiliga 233 mln dollar) miqdorida moliyaviy sarf-xarajatlar qilgan7.
Ushbu xarajatlar asosan farmatsevtika sohasidagi kompaniyalar uchun manfaatli norma tiv- huquqiy hujjatlarni ishlab chiqish, undagi moddalarni o‘zgartirish yoxud bekor qilishga qaratilgan. Xususan, 1998—2004-yillar davomida 1 600 ga yaqin qonunchilik hujjati va ulardagi normalarga nisbatan lobbilash amaliyotlari tashkil etilgan.
Shunday xulosaga kelish mumkinki, davlatlarning maʼlum bir sohaga oid siyosatida yoki hukumatning ayrim sohalardagi qarorlarini ishlab chiqish, o‘zgartirish yoki bekor qilishda manfaatdor uchinchi shaxslar tomonidan taʼsir o‘tkazish holatlari u yoki bu ko‘rinishda doim bo‘lgan. Shunday ekan, ushbu amaliyotlarning huquqiy asoslarini yaratish sohadagi muammolarga yagona yechim hisoblanadi.
Ilg‘or xorijiy tajriba ham lobbilashni huquqiy tartibga solish muhimligini ko‘rsatmoqda. Zero, lobbistlarning yagona reyestrini yuritish, “lobbilash” va “lobbist” tushunchalariga huquqiy taʼrif berish, lobbistik harakat va hukumat o‘rtasidagi shaffoflikni taʼminlash hamda hukumatning o‘z qarorlari yuzasidan masʼuliyatini oshirish lobbilash harakatining qonuniy asoslarini yaratish bilangina amalga oshiriladi. Bunda Iqtisodiy hamkorlik va rivojlanish tashkilotining 2010-yilda qabul qilingan “Lobbilashda shaffoflik va halollikni taʼminlashning 10 ta tamoyili”ni8 inobatga olgan holda lobbilashning qonuniy asoslarini yaratish, ushbu amaliyotning huquqiy tavsifi va chegaralarini belgilash, uning korrupsiyaviy holatlardan farqlanuvchi jihatlarini aniq ko‘rsatish asnosida normativ-huquqiy asosini yaratish kerak bo‘ladi.
Lobbichilik faoliyatini tartibga soluvchi boshqa xalqaro hujjatlar ham mavjud – MDHning 2003-yildagi “Davlat organlarida lobbichilik faoliyatini tartibga solish to‘g‘risida”gi model qonuni bunga misol bo‘la oladi.
Xorijiy tajriba va xalqaro standartlarni inobatga olgan holda respublikamizda ham “Uchinchi shaxslarning manfaatlarini noqonuniy ilgari surishni (lobbistik faoliyatni) cheklash to‘g‘risida”gi qonunni ishlab chiqish va qabul qilish zarur. Xususan, unda “lobbilash” va “lobbist”lar tushunchalariga aniq taʼrif berish, lobbistlarning huquq va majburiyatlari, lobbilash amaliyoti bilan shug‘ullanuvchi shaxslarning reyestrini yuritish masalalari qamrab olinishi maqsadga muvofiq.
Xudoyor MELIYEV,
mustaqil izlanuvchi
1 https://www.britannica.com/topic/lobbying.
2 Libby Watsan, “Influence Abroad: The state of global lobbying disclosure”, Sunlight Foundation, 2016, https://sunlightfoundation.com/2016/11/30/ influence-abroad-the-state-of-global-lobbying-disclosure/#:~:text=Only%2022%20countries%20regulate%20lobbying,Kingdom%20and%20the%20 United%20States.
3 https://lobbyingdisclosure.house.gov/lda.html.
4 Aleksandar Stevanovic, European Journal of Crime, Criminal Law and Criminal Justice, J. E.-Eur. Crim. L. 110 (2019) https://heinonline.org/HOL/ LandingPage?handle=hein.journals/jeeucl2019&div=13&id=&page.
5 Iqtisodiy adabiyotlar jurnali (Bard Harstad and Jakob Svensson, Journal of Economic Literature, From Corruption to Lobbying and Economic Growth), JEL, http://citeseerx.ist.psu.edu/viewdoc/download?doi=10.1.1.534.6860&rep=rep1&type=pdf
6 https://www.oecd-ilibrary.org/sites/8b6ec100-en/index.html?itemId=/content/component/8b6ec100-en.
7 https://www.ncbi.nlm.nih.gov/pmc/articles/PMC7054854/.
8 https://images.irpa.eu/wp-content/uploads/2019/04/2.-OECD_10-principles-for-transparency-in-lobbying.pdf.