Jinoyat-protsessual munosabatlarda sudyaning immunitet huquqini mustahkamlash masalalari

0
52

So‘nggi yillarda sud-tergov amaliyotida ortiqcha byurokratik to‘siqlar saqlanib qolayotgani, qonun va qonunosti normativ huquqiy hujjatlar o‘rtasida kollizion holatlarning mavjudligi va boshqa bir qator kamchiliklar amaldagi jinoyat-protsessual kodeksi normalarini zamon talablari va xalqaro standartlarga muvofiq qayta ko‘rib chiqishni taqozo etmoqda.

Immunitet – (lot immunitas) biror narsadan xalos, ozod bo‘lish, qutulish ma’nosini bildiradi. Tarixda immunitet birinchi marta huquqiy institut sifatida shaxslarning ijtimoiy holatiga qarab huquqiy javobgarlik tarzida Rim qonunida paydo bo‘lgan.

Jamiyat rivojlanib, yangi ijtimoiy munosabatlar qaror topib, ularni tartibga solish zaruriyati vujudga keladi. Jamiyatdagi ijtimoiy munosabatlar esa qonunlar bilan tartibga solinib, qonun – tilsiz sudya, sudya – gapiruvchi qonundir.

Vakolatlari doirasi qonunlar orqali ijtimoiy munosabatlarni tartibga soluvchi sudya o‘z xizmat faoliyatini mustaqil va adolatli amalga oshirishida to‘siqqa uchramasligi lozim.

Konstitutsiya va qonunga ko‘ra, sudyalar mustaqil va ularning shaxsi daxlsizdir. Ular faqat qonunga bo‘ysunadilar. Sudyalarning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga biron-bir tarzda aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi va bunday aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab bo‘ladi.

Chunonchi, sud ishlarini hal etishga aralashish, ya’ni adolatsiz hukm, hal qiluv qarori, ajrim yoki qaror chiqarilishiga erishish maqsadida sudyaga turli shaklda qonunga xilof ravishda ta’sir o‘tkazish uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoki bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Sudyaga nisbatan jinoyat ishi faqat O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurori tomonidan qo‘zg‘atilishi mumkin.

Sudya O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining xulosasi olinmasdan va O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining roziligisiz jinoiy javobgarlikka tortilishi, qamoqqa olinishi mumkin emas.

Sudya O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashining xulosasi olinmasdan ma’muriy javobgarlikka tortilishi mumkin emas.

O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi raisining sudyalar daxlsizligini buzganlik va ularning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatiga aralashganlik faktlari to‘g‘risidagi taqdimnomasi prokuratura organlari tomonidan bir oy muddatda ko‘rib chiqiladi. O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi ko‘rsatilgan faktlar bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani yoki qo‘zg‘atilishi rad etilgani haqida O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashiga xabar beradi.

Sudyani huquqni muhofaza qiluvchi organlarga guvoh yoki gumon qilinuvchi sifatida so‘roq qilish uchun chaqirishga faqat tegishli sudyalar malaka hay’atining roziligi bilan yo‘l qo‘yiladi.

Sudyaga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi faqat unga nisbatan o‘ta og‘ir jinoyat yoki odam o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan boshqa jinoyat sodir etganlikda ayb qo‘yilgan hollarda qo‘llanishi mumkin. Mazkur qoida sudya sifatida ishlagan davrida shunday jinoyat sodir etganlikda ayblanayotgan sobiq sudyaga nisbatan ham qo‘llaniladi.

Sudya huquqbuzarlik sodir etganlikda gumon qilinib ushlab turilgan taqdirda, bu haqda ushlab turish uchun asos bo‘lgan hujjatlar ko‘chirma nusxalari ilova qilingan holda O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashiga u ushlangan paytdan e’tiboran uch soatdan kechiktirmasdan xabar qilinishi shart.

Sudyalarning shaxsiy xavfsizligini ta’minlash maqsadlarida ularga tegishincha O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi, adliya vaziri tomonidan belgilanadigan ro‘yxat bo‘yicha o‘qotar qurol beriladi. Zarur hollarda tegishli sud raisining qaroriga binoan ichki ishlar organi sudya va uning oilasi uchun qurolli soqchilar ajratadi.

Sudyaning daxlsizligi uning turar joyiga, xizmat xonasiga, foydalanadigan transporti va aloqa vositalariga, xat-xabarlariga, unga tegishli ashyolar va hujjatlarga ham taalluqlidir.

Sudyaning turar joyiga yoki xizmat xonasiga, foydalanadigan transportiga kirish, ularni ko‘zdan kechirish, ularda tintuv o‘tkazish yoki ulardan ashyoni olish, telefondagi so‘zlashuvlarini eshitish, sudyani shaxsan ko‘zdan kechirish va uni shaxsiy tintuv qilish, shuningdek uning xat-xabarlarini, unga tegishli ashyolar va hujjatlarni ko‘zdan kechirish, olib qo‘yish yoki olishga faqat Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokurorining, viloyat, Toshkent shahar prokurorining, O‘zbekiston Respublikasi Harbiy prokurorining ruxsati yoki sudning qarori bilan yo‘l qo‘yiladi.

Tumanlararo, tuman (shahar) sudining, hududiy harbiy sudning sudyasiga nisbatan jinoyat ishi yuqori turuvchi sud sudloviga, boshqa sudlarning sudyalariga nisbatan esa O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudloviga tegishlidir.

Lekin e’tiborli tomoni shundaki, yuqoridagi qonunlarda sanab o‘tilgan sudyaning daxlsizlik yoki immunitet huquqiga doir normalar O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat-protsessual kodeksi va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksida to‘liq aks etmagan. Vaholanki JPKning 1-moddasi talablariga muvofiq, O‘zbekiston hududida jinoyat ishlarini yuritish tartibi Jinoyat-prosessual kodeksi bilan belgilanadi.

Darhaqiqat, jinoyat va ma’muriy huquqbuzarlik protseslarida sudyaning immunitetini alohida aks ettirib, uning protsessual immuniteti tushunchasi, mazmuni va ma’nosiga yangi yondashuvlar ishlab chiqish, imtiyozlar turlari doirasi hamda qo‘llash shartlarini aniq belgilashni bugungi voqelik taqozo qilmoqda.

Begzod Haydarov,

Farg‘ona viloyat sudi sudyasi

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here