Jinoiy uyushmalar uchun jinoiy javobgarlik

0
387

Jinoiy uyushmalar bo‘yicha xorijdagi huquqiy munosabatni o‘rganish ham bu kabi uyushmalarga qarshi kurashishning huquqiy vositalarini takomillashtirishga xizmat qiladi.

Jinoiy uyushma tushunchasi barcha davlatlar jinoyat qonunchiligida ham mustahkamlanmagan. Masalan, Norvegiya, Ruminiya, Shvetsiya va Serbiya qonunchiligida ushbu tushuncha qo‘llanilmaydi. Shu bilan birga Ruminiya va Serbiyada BMTning Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash to‘g‘risidagi konvensiyasi qoidalariga muvofiq holda “uyushgan jinoiy guruh” tushunchasi qo‘llaniladi.

Jinoiy uyushmalar faoliyati uchun jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan davlatlarda ham yagona tushuncha qo‘llanilmaydi: ayrim davlatlarda “jinoiy tashkilot” (Ispaniya, Malta, Germaniya), boshqalarida “jinoiy uyushma” (Fransiya), uchinchi guruh davlatlarda (Vengriya) esa ikkala tushuncha ham qo‘llaniladi.

Bunday har xillik jinoyat huquqi fanida yagona yondashuv ishlab chiqilmaganligi bilan izohlanadi. Jinoiy uyushma tushunchasi borasida davlatlarni ikki guruhga ajratish mumkin. Birinchi guruhga “jinoiy uyushma” tushunchasini BMTning Transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurash to‘g‘risidagi konvensiyasi qoidalaridan kelib chiqib uni to‘liq yoki qisman aks ettirgan davlatlar (Kanada, Finlandiya) kiradi. Ikkinchi guruhga mansub davlatlar “jinoiy uyushma” tushunchasini o‘zlarining ichki yondashuvlaridan kelib chiqib shakllantirishadi (Albaniya, Ispaniya).

Xususan, Kanada Jinoyat kodeksi 467.1-moddasiga muvofiq “jinoiy uyushma Kanada yoki uning tashqarisida uch yoki undan ortiq shaxsdan iborat bo‘lgan hamda o‘zining asosiy maqsadlaridan yoki faoliyat yo‘nalishlaridan biri sifatida bir yoki bir nechta jiddiy jinoyatni sodir etish va shu orqali bevosita yoki bilvosita moddiy, shu jumladan, moliyaviy foyda olishni belgilab olgan har qanday darajadagi uyushgan guruhni anglatadi”.

Finlandiya Jinoyat kodeksiga ko‘ra esa “jinoiy uyushma – muayyan vaqt davomida tuzilgan, bir yoki bir nechta jinoyatni sodir etish maqsadida kelishilgan holda harakat qiluvchi kamida uchta shaxsdan iborat bo‘lgan uyushgan birlashma”.

Ispaniya Jinoyat kodeksi 570-bis-moddasiga ko‘ra esa “jinoiy tashkilot bir yoki bir nechta shaxs tomonidan nomuayyan muddatga kelishuv va vazifalar hamda majburiyatlar taqsimotiga ko‘ra feloniyani, shuningdek, ko‘p marotaba misdiminorlarni sodir etish uchun birlashgan barqaror guruhdir”.

Albaniya Jinoyat kodeksi 28-moddasiga ko‘ra “jinoiy tashkilot uch yoki undan ortiq shaxsdan iborat bo‘lgan, tuzilmasining alohida darajasi, barqarorligi, uzoq muddat mavjud bo‘lishi, shuningdek, moddiy yoki nomoddiy boylik olish uchun bir yoki bir nechta jinoyatni sodir etish maqsadida tuzilgan shirkatning oliy shakli hisoblanadi”.

Ko‘p davlatlarda (Ispaniya, Albaniya, Fransiya, Kanada) jinoiy tashkilotni tuzish, unga rahbarlik qilish va uning faoliyatida ishtirok etish uchun jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan. Shu bilan birga ayrim davlatlarda jinoyat-huquqiy jazolanadigan qilmishlar doirasi kengaytirilgan. Xususan, Malta va Finlandiyada jinoiy tashkilotni moliyalashtirish, Vengriya, Kanada, Finlandiya va Shveysariyada esa uning faoliyatiga ko‘maklashish va qo‘llab-quvvatlash uchun jinoiy javobgarlik belgilangan.

Bundan tashqari Maltada jinoiy tashkilotga tegishlilik uchun javobgarlik bor. Alohida davlatlarda esa jinoyat-huquqiy taqiq aniq chegaralanmagan, masalan, Finlandiya va Vengriyada aniq harakatlar uchun javobgarlik belgilanishi bilan bir qatorda, ushbu harakatlar ro‘yxati qat’iy cheklab qo‘yilmagan.

Shu bilan birga jinoiy uyushma ishtirokchilarining jinoiy javobgarligini kuchaytirishga yo‘naltirilgan boshqa usullar ham qo‘llaniladi. Xususan, Fransiyada jinoiy uyushma faoliyatida ishtirok etganlik uchun jazo jinoyatning turiga (og‘irlik darajasiga) qarab differensiatsiya qilinadi. Ispaniya va Maltada jinoiy uyushma tarkibining kattaligi og‘irroq jazo tayinlanishiga sabab bo‘ladi.

Germaniyada jinoiy tashkilot rahbarlariga nisbatan qattiqroq jazo tayinlanadi. Lekin Germaniya Jinoyat kodeksi 129-moddasida sudlarga aybi yoki jinoiy uyushma faoliyatidagi hissasi katta bo‘lmagan ishtirokchini jazodan ozod etish huquqi berilgan.

Ta’kidlash lozim, aksariyat xorijiy mamlakatlarda, masalan, Albaniya, Fransiya, Vengriya, Ispaniya, Shveysariyada jinoiy uyushmalarga qarshi kurashish samaradorligini oshirish chorasi sifatida jinoyatdan keyingi ijobiy xulq-atvor (chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lish) bo‘lgan taqdirda jinoiy javobgarlikdan yoki jazodan ozod etish yoxud jazoni yengillashtirish imkoniyati nazarda tutiladi.

Shu bilan birga ayrim davlatlarda jinoiy uyushmaning ayrim turlari, masalan, terrorchilik tashkiloti (Ispaniya, Germaniya, Albaniya), faoliyati narkotik moddalar muomalasi bilan bog‘liq bo‘lgan jinoiy tashkilotlar (Albaniya) alohida ajratib ko‘rsatiladi.

Tadqiqotchi V.Skotinina xorijiy davlatlarning jinoiy uyushmalar bilan bog‘liq munosabatlarida ikki modelni farqlaydi. Bunda anglo-amerika modelining asosiy kamchiligi sifatida federal qonunchilik darajasida jinoiy uyushmaning aniq belgilarining mavjud emasligi (AQSH) hamda ushbu masalaning umumiy huquq vakolatiga kiritilishi (Angliya) ko‘rsatiladi.

Ayrim Yevropa mamlakatlarida jinoiy faoliyatning uyushgan shakllarini tashkil etganlik uchun javobgarlikni differensiatsiya qilishning original modeli qo‘llanilib, ularda jinoiy uyushmani tashkil etganlik va uning faoliyatida ishtirok etganlik uchun qat’iy javobgarlik belgilangan.

Masalan, Italiyada jinoiy uyushmaning beshta xususiyatga ega bo‘lishi lozimligi ko‘rsatiladi:

axborot to‘plash va taqdim etish;

huquqni muhofaza qilish institutlari xatti-harakatlarini bartaraf etish;

asosiy ijtimoiy-iqtisodiy xizmatlardan foydalanish;

ichki tuzilmaga ega bo‘lish;

o‘z faoliyatiga tashqaridan “qonuniy” tus berish.

Germaniya Jinoyat kodeksida jinoyatning obektiv tomoniga “yollash” va “qo‘llab-quvvatlash” kabi harakatlar ham kiritilgan. Shu bilan birga aksariyat MDH davlatlarida jinoyat subektiv tomonining maqsadi sifatida “jinoyat sodir etish” nazarda tutilgan bo‘lsa, Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksida “og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyatlarni sodir etish” ko‘zda tutilgan. Belarus Respublikasida maqsad umuman nazarda tutilmagan.

Og‘irlashtiruvchi holatlar faqatgina Rossiya (xizmat mavqeyidan foydalanib sodir etish) va Belarus (jinoyatni o‘ta xavfli residivist, og‘ir jinoyatlar uchun sudlangan shaxslar, mansabdor shaxs tomonidan xizmat mavqeyidan foydalangan holda sodir etish) Jinoyat kodekslarida nazarda tutilgan GFR va Fransiya Jinoyat kodekslarida jinoiy uyushmaga qarshi kurashishga qaratilgan normalarni ikki guruhga ajratish mumkin:

1) jinoiy uyushma a’zolari tomonidan sodir etilgan alohida turdagi jinoyatlar uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi normalar;

2) uyushgan jinoyatchilikning ayrim turlari – jinoiy uyushma, terroristik uyushma, qurolli guruh, konstitutsiyaviy sud tomonidan taqiqlangan siyosiy guruhlar tashkil etganlik uchun javobgarlikni belgilovchi normalar.

Xususan, GFR Jinoyat kodeksi 129-moddasida “jinoiy tashkilotlarni tashkil etganlik” uchun javobgarlik nazarda tutilgan, unga ko‘ra: “maqsadi yoki faoliyati jinoyat sodir etishga qaratilgan tashkilotni tuzgan yoki bunday tashkilotning a’zosi sifatida uning faoliyatida ishtirok etgan, bunday tashkilot uchun ishtirokchi yoki tarafdorlarni yollagan yoki ularni qo‘llab-quvvatlagan har qanday shaxs jazolanadi”.

Yaponiyada esa ishtirokchilar puxta tartibga solinmagan, uning shakllari, shu jumladan, jinoiy uyushma nazarda tutilmagan. Yaponiya Jinoyat kodeksida o‘t qo‘yish, odam o‘ldirish, bosqinchilik, pulni qalbakilashtirish kabi jinoyatlarni sodir etish maqsadida jinoiy uyushma yoki uyushgan guruh tuzish mazkur jinoyatlarga tayyorgarlik ko‘rish sifatida baholanadi. Ushbu guruhlar tomonidan aniq bir jinoyat sodir etilganda esa ularning harakatlari ishtirokchilik turlari (tashkilotchi, bajaruvchi, yordamchi, dalolatchi) bo‘yicha malakalanadi.

Xitoy Jinoyat kodeksi 294-moddasida mafioz xususiyatidagi tashkilotlarni tuzganlik, rahbarlik qilganlik va ularning faoliyatida zo‘rlik, tahdid yoki boshqa qonunga zid usullarni qo‘llagan holda faol yoki boshqacha tarzda ishtirok etganlik, joylarda o‘z hokimiyatini o‘rnatganlik, ommaning huquqlarini buzib, kamsitib, qirg‘in qilib, ijtimoiy-iqtisodiy tartibni buzganlik uchun javobgarlik nazarda tutilgan. Bunda Xitoy Jinoyat kodeksi 294-moddasi uchinchi qismiga muvofiq jinoiy uyushma tomonidan sodir etilgan jinoyat uchun javobgarlik Jinoyat kodeksining Maxsus qismidagi moddalar bilan malakalanadi.

AQSHda 1968-yilgi “Ko‘chalarda jinoyatchilikni va xavfsizlikni nazorat qilish to‘g‘risida”gi qonunda uyushgan jinoiy faoliyatga “qonun bilan taqiqlangan xizmatlar, shu jumladan, qimor o‘yinlari, fohishabozlik, sudxo‘rlik, narkotik moddalarni tarqatish va boshqa shu kabi qonunga zid faoliyat bilan shug‘ullanuvchi yuqori tashkillashtirilgan va intizomli uyushmaning faoliyati” deb ta’rif beriladi.

Italiya Jinoyat kodeksi 416-moddasiga ko‘ra “Uyushma deganda ishtirokchilari uyushmaning zo‘ravonlik kuchidan foydalanadigan, shuningdek, unga nisbatan jinoyat sodir etish uchun qaram bo‘lgan, iqtisodiy faoliyat, konsessiya, ruxsatnoma, pudrat va jamoat xizmati orqali o‘zi yoxud uchinchi shaxslar uchun foyda yoki imtiyoz olish maqsadida harakat qiladigan noqonuniy mafiya tipidagi uyushmani tushunish lozim”.

Shveysariya Jinoyat kodeksi 260-ter-paragrafida har qanday yashirin faoliyat ko‘rsatuvchi, o‘z tuzilmasini va kelgusi faoliyatini yashiruvchi jinoiy tashkilotga a’zolik uchun jinoiy javobgarlik belgilangan. Shveysariyada faqatgina a’zolik, ishtirok etish, foyda olish va jinoiy tashkilotni qo‘llab-quvvatlash kabi harakatlar taqiqlangan.

Birlashgan Arab Amirliklari Jinoyat kodeksi 172-moddasiga ko‘ra jinoyat sodir etish maqsadida til biriktirgan har qanday shaxs qamaladi. Shuningdek, 180-moddaga ko‘ra davlat rejimini ag‘darish maqsadida bo‘lgan har qanday assotsiatsiya, korporatsiya yoki tashkilotni tuzish yoki uni boshqarish javobgarlikka sabab bo‘ladi. Jinoyat kodeksi 187-moddasiga ko‘ra, davlatga yoki bir guruh shaxslarga tegishli bo‘lgan hudud yoki mulkni talon-toroj qilish yoxud ushbu jinoyatlarni bartaraf etishga qaratilgan qurolli kuchlarga qarshilik ko‘rsatish maqsadida qurolli guruhga rahbarlik qilish o‘lim jazosi yoki umrbod ozodlikdan mahrum etish bilan jazolanadi.

Iroq Jinoyat kodeksi 216-moddasida esa kodeks bilan taqiqlangan bir qator jinoyatlarni sodir etish maqsadida jinoiy til biriktirish uchun jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan. Ushbu jinoyatlar sirasiga respublika rejimini zo‘rlik ishlatib ag‘darish, konstitutsiyani yoki hukumatni shakllantirish tartibini zo‘rlik ishlatib o‘zgartirish kabilar kiradi. Shuningdek 205-moddada maxfiy uyushma tashkil etganlik uchun javobgarlik belgilangan. Unga ko‘ra maxfiy uyushma deganda maqsadlari qonunga zid bo‘lgan yoki ushbu maqsadlarini vakolatli organlarga noto‘g‘ri yoki noto‘liq ma’lumot taqdim etgan holda yashirgan va yashirin faoliyat ko‘rsatayotgan har qanday uyushma tushuniladi.

Misr Jinoyat kodeksida ham Misr yoki uning tashqarisida jinoiy to‘da shakllantirgan, unda bevosita ishtirok etgan yoki rahbarlik qilgan, faoliyatini tashkillashtirgan, moliyalashtirgan, qo‘llab-quvvatlagan shaxslar jinoiy javobgarlikka tortiladi.

Litva Jinoyat kodeksi 249-moddasida jinoiy uyushma tashkil etganlik yoki uning faoliyatida ishtirok etganlik uchun jinoiy javobgarlik belgilangan. Shu bilan birga ushbu moddaning to‘rtinchi qismida jinoiy javobgarlikdan ozod etish asoslari ham belgilangan. Odam o‘ldirishda ishtirok etgan, shuningdek, muqaddam jinoiy javobgarlikdan ozod etish qo‘llanilgan shaxslarga bunday yengillik qo‘llanmaydi.

Aksariyat MDH va Boltiqbo‘yi davlatlari jinoyat qonunlarida jinoiy uyushma tashkil etganlik, unga rahbarlik qilganlik va uning faoliyatida ishtirok etganlik uchun jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan. Shu bilan birga ayrim davlatlarda jinoiy uyushma a’zolari soni ikki yoki undan ortiq (Qirg‘iziston, Ozarbayjon Jinoyat kodekslari) yoki beshtadan kam bo‘lmagan (Ukraina Jinoyat kodeksi) deb eng quyi chegarasi aniq belgilab qo‘yilgan.

Xususan, Ukraina Jinoyat kodeksi 255-moddasida “og‘ir yoki o‘ta og‘ir jinoyatni sodir etish maqsadida jinoiy tashkilot tuzish yoki uning faoliyatiga rahbarlik qilish yoxud ishtirok etish yo ushbu jinoiy tashkilot tomonidan jinoyatlarni sodir etishda ishtirok etish” uchun jinoiy javobgarlik belgilangan. Shu bilan birga ushbu moddada jinoiy uyushma tashkilotchisi yoki rahbariga nisbatan jinoiy javobgarlikdan ozod etish tariqasidagi yengillashtiruvchi chora qo‘llanilmasligi nazarda tutilgan.

Belarus Jinoyat kodeksi 285-moddasida jinoiy uyushma tashkil etish yoki uning faoliyatida ishtirok etish uchun jinoiy javobgarlik belgilangan bo‘lib, ushbu harakatlar uchun 15 yil ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlanishi mumkin. Belarus Jinoyat kodeksida ham Ukraina Jinoyat kodeksi kabi jinoiy uyushma tashkilotchisi va rahbariga nisbatan jinoiy javobgarlikdan ozod etish qo‘llanmaydi.

Armaniston Jinoyat kodeksi 223-moddasida jinoiy uyushma tashkil etish yoki unda ishtirok etish uchun jinoiy javobgarlik nazarda tutilgan. Qozog‘iston Respublikasi Jinoyat kodeksi 235-moddasida esa nafaqat jinoiy uyushma, balki uyushgan guruh tuzganlik va uning faoliyatiga rahbarlik qilganlik uchun ham jinoiy javobgarlik belgilangan.

Yuqoridagilar asosida jinoyat qonunining jinoiy uyushma tashkil etishga oid normasini takomillashtirishda jinoiy javobgarlikdan ozod etish institutini kiritish, shuningdek, jinoyatning obektiv tomonini kengaytirish hisobiga javobgarlikni differensiatsiya qilish maqsadga muvofiq.

Jamshid IBROHIMOV,
yuridik fanlar bo‘yicha
falsafa doktori (PhD),
TDYU mustaqil izlanuvchisi

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here