Jadidlar ilm olish huquqini tiklash yo‘lida

0
166

Turkiston jadidchilik harakatining darg‘alari Mahmudxo‘ja Behbudiy, Munavvar qori Abdurashidxonov, Abdurauf Fitrat, Fayzulla Xo‘jayev ilm olish huquqi va uni kafolatlash yo‘lida qimmatli fikrlar bildirgan.

Dolzarb muammolarni yechishgan: darslik yozishgan, gazeta va jurnallar chiqarib, nashriyot va kutubxonalar, maktablar ochishgan.

Ta’kidlash kerak, Mahmudxo‘ja Behbudiy, Munavvar qori Abdurashidxonov jadid siyosiy partiyalarining dasturlarini ishlab chiqish va amalga oshirishda jonbozlik ko‘rsatgan. Jumladan, jadidlar “Turk adami markaziyat firqasi”(Turkiston federalistlari partiyasi)ning maromnomasi (dastur) va nizomini ishlab chiqish hamda chop etishda bevosita rahnamolik qilishdi. Maromnomada ilm-fan, maktab-maorif masalalariga alohida e’tibor qaratishdi.

Turkiston federalistlari partiyasining maromnomasi – dasturi IX bobdan iborat bo‘lib, uning oxirgi bobi “Maorif ishlari”ga bag‘ishlangan.

Ushbu to‘qqizinchi bob ilm olishda teng huquqlilik, ta’lim-tarbiya, maktab-maorif masalalariga doir o‘n besh moddadan iborat.

Maromnomaning maorif ishlariga bag‘ishlangan qismida tub ma’rifiy islohotlar o‘tkazish, huquqiy demokratik davlat qurish va adolatli fuqarolik jamiyati barpo etish kabi maqsadlarni ko‘rsatuvchi normalar bor, ularni quyida keltirib o‘tamiz:

  • dasturda ta’lim olish huquqi “jinsi, millati va dinidan qat’i nazar” barchaga
    berilishi ko‘zda tutiladi;
  •  shuningdek, maorif tizimini tashkil etish ishida xususiy tashabbus ham, mahalliy hokimiyatlar tashabbusi ham cheklanmasligi lozim;
  • maktab erkin bo‘lib, uning turli bosqichlari o‘rtasida vorisiylik bo‘lishi kerak, bu narsa quyidan oliy (maktab)ga bosqichma-bosqich o‘tishni ta’minlasin;
  •  oliy maktab birinchi navbatda institut va universitetlar uchun muxtor, boshlang‘ich ta’lim esa umumiy va bepul bo‘lishi lozim;
  • bu bosqichdagi maktablarda dars mazkur joyning mahalliy aholisi tilida bo‘lishi lozim;
  • oliy o‘quv yurtlari va o‘rta maktablarda rus hamda umumturkiy tillar bo‘yicha majburiy dars o‘tilishi zarur. Biroq oliy ta’limda “darslar turkiylar uchun umumiy bo‘lgan adabiy tilda o‘tkazilishi lozim”1.

Shunday qilib, dasturda jamiyat barcha a’zolari uchun bilim olishda teng huquqlilik hamda ta’lim-tarbiya, maktab-maorif masalalari batafsil bayon etiladi. Ushbu huquqiy hujjatda shariat va odatga asoslangan turkistonlik  musulmonlar ijtimoiy turmushining xos xususiyatlari hisobga olinib, Turkiston Respublikasini barpo etish g‘oyasining huquqiy asoslantirilganligi yaqqol ko‘rinib turibdi. Turkiston federalistlari partiyasi dasturi dolzarb ijtimoiy-siyosiy va huquqiy masalalar – inson huquqlari ustuvorligi, davlat bilan fuqaroning siyosiy-huquqiy aloqadorligi hamda mas’ulligi prinsiplariga asoslangan konsepsiyaga tayanadi. Shuningdek, insonning fundamental huquq va erkinliklariga oliy yuridik maqom berilgan. Jadidlarning bu g‘oyalari O‘zbekiston Konstitutsiyasi normalari bilan hamohangdir.

Mahmudxo‘ja Behbudiy mamlakatni tanazzuldan, xalqni og‘ir ahvoldan qutqarish uchun ilm-fanni rivojlantirish zarurligini qayta-qayta ta’kidlaydi. Uning fikricha, millat va mamlakat rivoji uchun eng avvalo “… muhandis, muallim, zamona maktabdori, millatni homiysi, ya’ni davlat dumasig‘a deputat, milliy sanoatxonalarimizning islohi, texnik tijoratxona, banklarga bizga yordam beruvchi, ya’ni tijorat ilmini o‘qigan kommersant odamlarni yetishtirmoq kerakdir”2.

Munavvar qori Abdurashidxonov ilmning jamiyat taraqqiyotidagi roliga baho berar ekan, turkistonliklarni diniy va dunyoviy ilmlardan, zamonaviy fan yutuqlaridan barhamand bo‘lishga chaqiradi.

Mutafakkir ilm Allohning benazir inoyati ekanligini uqtirib, bu to‘g‘rida shunday yozadi: “Ilm – odamning zehnini ochar, aqlini orttirar, bilmagan narsalarini bildirur, dunyoda baxtli va izzatli qilur. Oxiratda saodatli va sharofatli qilur”3.

Jadidlarning “Yosh buxoroliklar partiyasi” markaziy qo‘mitasi davrning dolzarb vazifalarini amalga oshirishga kirishadi. Qomusiy olim Abdurauf Fitrat tashkilotning amaliy, siyosiy va huquqiy dasturi loyihasini tuzadi. 1918-yilning yanvar oyi oxirida Fitrat loyihani markaziy qo‘mitaga topshirdi.

Abdurauf Fitrat tuzgan “Islohot va Buxoro” yosh buxoroliklarning dastur minimumi deb qabul qilindi. Bu dasturda u asosiy e’tiborni iqtisodiy, siyosiy-huquqiy va madaniy masalalarga qaratdi. “Islohot va Buxoro” dasturi XIII bobdan iborat bo‘lib, asosiy maqsad – huquqiy davlat qurish va bu davlatning rivojlanishi edi.

Dasturda o‘nta nozirdan iborat “Nozirlar sho‘rosi” tuzilib, uning tarkibiga:

maorif nazorati;

yer ishlari nazorati;

vaqf nazorati;

harbiy ishlar nazorati;

moliya nazorati;

ichki ishlar nazorati;

adliya nazorati;

militsiya nazorati;

yo‘llar va sanoat nazorati;

xorijiy ishlar nazorati kiradi4 .

Professor Abdurauf Fitrat dasturda – xalq o‘rtasida ma’rifat tarqatish uchun maorif nazoratini tashkil etish, hamma viloyatlarda hukumat xazinasi hisobidan ikkinchi bosqich maktablar, oliy o‘quv yurtlarini ochish, mazkur maktablarga o‘qituvchilar belgilash va maktablar ustidan nazorat olib borish masalasini ishlab chiqqan.

Shuningdek, xohlagan shaxs maktab ochish huquqiga ega bo‘lishi ham dasturda yozilgan. Buxoroning vaqf yerlaridan keladigan ko‘p miqdordagi daromadni faqat ilm-fan va madaniy-ma’rifiy ishlar uchun sarflash mazkur hujjatda alohida ta’kidlanadi5.

Islohot loyihasida huquq asosida quriladigan davlatchilikni joriy etish, xalqning farovonligi, siyosiy va huquqiy madaniyatini oshirish negizida Buxoroni iqtisodiy, siyosiy va harbiy jihatdan mustahkamlash g‘oyasi bor edi.

Abdurauf Fitrat ikki oy davomida ishlab chiqqan dastur muhim ijtimoiy, siyosiy va huquqiy ahamiyatga ega hujjat ekanligini alohida ta’kidlash kerak. Fayzulla Xo‘jayev, Abdurauf Fitrat, Abdulvohid Munzim tashabbusi bilan 50 dan ortiq buxorolik yosh 1921-yilda Olmoniyaga o‘qishga yuborildi. Buxoro hukumati ularning 9-10 yillik xarajatlari uchun olmon bankiga oltin hisobidan pul o‘tkazdi6.

O‘zbekiston Markaziy davlat arxivi hujjatlarida Buxoro Respublikasi tomonidan Olmoniyaga o‘qish uchun yuborilgan 10 yoshdan 23 yoshgacha bo‘lgan 46 o‘quvchining ro‘yxati qayd etilgan7.

Shuni ham aytish joiz, davlat arbobi Fayzulla Xo‘jayev O‘zbekiston hukumati raisi sifatida – barcha fuqarolarning teng bilim olish huquqiga ega bo‘lishlarini ta’minlash, ilm-fanni rivojlantirish va maorif sohasida qisqa fursatda bajarilishi lozim vazifalarni ko‘rsatib beradi:

birinchidan, shaharlarda umumiy boshlang‘ich ta’limga o‘tish va qishloqlarda bunga o‘tish tayyorgarligini ko‘rish;

ikkinchidan, katta yoshdagi aholi orasida mumkin qadar ko‘proq kishilarning savodsizligini tugatish;

uchinchidan, respublika xalq maorifi, xalq xo‘jaligining malakali ishchi kuchiga bo‘lgan ehtiyojini imkon boricha qondirish8.

U O‘zbekistonda maorifning rivojlanishiga to‘sqinlik qilayotgan va qisqa vaqt ichida tugatilishi mumkin bo‘lmagan ayrim muammolarni ham ko‘rsatib o‘tadi:

– mahalliy aholi maktablari uchun muallimlarning yetarli emasligi va bunday muallimlarni ko‘p miqdorda chetdan jalb qilish zarurligi;

– yuqori darajadagi ta’limni rivojlantirishga to‘sqinlik qilib turgan, boshlang‘ich ta’lim olgan kishilarning yetarli emasligi;

– maktablar va boshqa maorif muassasalari binolar bilan juda kam ta’minlanganligi.

Fayzulla Xo‘jayev keyingi muammoni ma’lum moliyaviy imkoniyat bo‘lgan taqdirda tez tugatish mumkin bo‘lsa ham, ammo dastlabki ikki muammoni tugatmoq uchun uzoq vaqt kerak bo‘lishini alohida ta’kidlaydi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, Fayzulla Xo‘jayev shunday xulosaga keladi:

– birinchidan, o‘quv muassasalari ishining sifati yaxshilanishi lozim. Ta’lim oluvchilarning ilm olish huquqini ta’minlash, har bir maktabni, har bir muallimni, har bir o‘quvchini shaxsan va tizimli-uzluksiz ravishda tekshirib chiqish kerak;

– ikkinchidan, bilim berishga mutlaqo yaroqsiz shaxslarni ta’lim muassasalaridan chiqarish, layoqatlilarni qo‘llab-quvvatlash, muallimlarning malakasi va mas’uliyatini oshirish usullarini topish lozim;

– uchinchidan, o‘qituvchi xodimlar safini kengaytirish va ishlab turganlarini qayta tayyorlashga astoydil kirishmoq zarur;

– to‘rtinchidan, reja asosida ishlashni kengaytirish hamda maqsad va vazifalarni aniq belgilab berish, shuningdek, o‘ta tejamliroq bo‘lish – maorif sohasida bor mablag‘ni sarflay bilish lozim9.

Fayzulla Xo‘jayevning uqtirishicha, xo‘jalik xodimlarining ko‘pchiligi o‘zlashtirib olgan va ular uchun bajarilishi mutlaqo shart bo‘lib qolgan yangi usullar ta’lim muassasasi xodimlari, maorifchilar uchun ham bajarilishi shart usullarga aylanmog‘i kerak.

Xulosa qiladigan bo‘lsak, millat oydinlari–jadid rahnamolarining tizimlarni isloh qilish g‘oyalari hozir ham katta ahamiyat kasb etadi.

Mutafakkirlarimizning huquqiy qarashlari, boy g‘oyaviy merosi O‘zbekiston taraqqiyoti uchun asqotuvchi muhim qadriyatdir.

Mavluda ERGASHEVA,
yuridik fanlar nomzodi, dotsent,
Jamoat xavfsizligi universiteti mustaqil
izlanuvchisi

 

1 Турк адами марказият (федералист) фирқасининг маромномаси. Фан ва турмуш. 1990 йил 7-сон. 7-8 бетлар.

2 Беҳбудий М. Миллатлар қандай тараққий этарлар? // – Самарқанд. 1913 йил, 30 июл.

3 Мунаввар қори. Илм. Танланган асарлар. – Т.: “Маънавият”. 2003 йил, 73-бет.

4 Хўжаев Ф. Бухоро инқилобининг тарихига оид материаллар. – Т., 1997 йил, 111-бет.

5 Эргашева М. Жадидларнинг давлат-ҳуқуқий қарашлари. Монография. Т.: “Адолат”. 2007-йил, 167- бет.

6 Ҳасаний М. Юрт бўйнидаги қилич ёки истило. – Т.: “Адолат” 1997 йил, 57-бет.

7 Ўзбекистон Республикаси Марказий давлат архиви. 56-фонд, 1-рўйхати, 36-иш, 26-бет.

8 Хўжаев Ф. Халқ маорифи. Танланган асарлар. Уч томлик. II том. – Т.: “Фан”. 1978 йил, 289-бет.

9 Хўжаев Ф. Халқ маорифи. Танланган асарлар. Уч томлик. II том. – Т.: “Фан”. 1978 йил, 291-бет.

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here