Odil sudlovni qaror toptirish borasidagi islohotlarining asosiy yo‘nalishlaridan biri sud qarorlarini ijro etishning samarali tizimini yaratish hisoblanadi.
“Qonunsiz adolat, sudyasiz qonun, sud qarori esa sud ijrochisisiz ijro bo‘lmaydi”1 degan edi Sud ijrochilarining xalqaro tashkiloti prezidenti Jak Isnar.
Milliy qonunchiligimizda har kimga buzilgan huquq va erkinliklarini tiklash uchun uning ishini qonunda belgilangan muddatlarda vakolatli, mustaqil hamda xolis sud ko‘rib chiqishi huquqi kafolatlangan.
Ushbu huquqiy kafolat shaxsning nafaqat sudga murojaat etish, adolatli sud muhokamasi orqali himoyalanish huquqini, balki sud muhokamasi natijasiga ko‘ra qabul qilingan sud hujjatining ijro etilishini ta’minlash huquqini ham o‘z ichiga oladi.
Zero, 2022 – 2026-yillarga mo‘ljallangan yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasida majburiy ijro organlari faoliyatiga xalqaro standartlarni bosqichma-bosqich joriy etish va ayrim funksiyalarni (sud hujjatlaridan tashqari) xususiy sektorga o‘tkazish, davlat ijrochilari ish yuklamasini kamaytirish vazifalari belgilangan2.
Sud hujjati ijroga qaratilishining muhim sharti uning qonuniy kuchga kirishi hisoblanadi. Darhaqiqat, sud hujjatlarining real ijrosi ta’minlanmas ekan, odil sudlov o‘z mazmun-mohiyatini yo‘qotadi, sud hujjatining esa oddiy qog‘ozdan farqi qolmaydi. Aynan shu jihati bilan ushbu bosqich huquq tizimida muhim o‘rin egallaydi.
Ta’kidlash lozimki, muayyan iqtisodiy ish yuzasidan qabul qilingan va qonuniy kuchga kirgan hal qiluv qarori sudga murojaat qilgan shaxsning buzilgan huquqi yoki qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlari to‘la himoya qilinganini anglatmaydi. U faqat nizoli iqtisodiy ishda ishtirok etgan taraflar (da’vogar va javobgar) o‘rtasida kelib chiqqan nizoni nizosiz xarakterga aylantiradi va ijro ishi yuritish uchun asos bo‘ladi. Aynan mana shu nuqtayi nazardan har bir davlatda huquqni muhofaza qiluvchi organlarning fuqarolar huquq va erkinliklari, jamiyat hamda davlat manfaatlarini himoya qilishga qaratilgan faoliyatining samaradorligi ular qabul qilayotgan qarorlarning ijrosiga bog‘liqdir.
Ijro hujjati ijro ishi yuritishni boshlash, ya’ni ijro ishi qo‘zg‘atish uchun asos bo‘ladigan, vakolatli organlar yoki mansabdor shaxslar taqdim etadigan, o‘zida ijro qilinishi lozim bo‘lgan harakatning mazmuni aniq bayon etilgan hujjatdir.
O‘zbekiston Iqtisodiy protsessual kodeksining 335-moddasida ijro varaqasiga biroz boshqacharoq ta’rif berilgan. Unga binoan sud tomonidan berilgan, undiruvchining sud hujjatini majburiy tartibda ijro ettirish huquqini tasdiqlovchi hujjat – ijro varaqasi hisoblanadi3.
Shuningdek, IPK talabiga binoan sud hujjati bo‘yicha bitta ijro varaqasi beriladi, bundan mazkur kodeksda nazarda tutilgan hollar mustasno.
Agar sud hujjatini ijro etish turli joylarda yoxud bir nechta undiruvchi foydasiga amalga oshirilishi kerak bo‘lsa, sud undiruvchilarning iltimosiga ko‘ra ijro etish joyi yoxud sud hujjatining ushbu ijro varaqasi bo‘yicha ijro etilishi lozim bo‘lgan qismini ko‘rsatgan holda bir nechta ijro varaqasini beradi.
Pul summalarini bir necha javobgardan undirish to‘g‘risidagi sud hujjati asosida javobgarlarning soni bo‘yicha bir nechta ijro varaqasi beriladi.
Bunda, agar solidar javobgarlardan undirish nazarda tutilayotgan bo‘lsa, har bir ijro varaqasida undiruvning umumiy summasi ko‘rsatilishi va solidar javobgar ekanligi ko‘rsatilgan holda javobgarlarning hammasi sanab o‘tilishi kerak.
Ijro varaqasi sud hujjatini qabul qilgan sud tomonidan beriladi. Sud hujjati qonuniy kuchga kirganidan so‘ng besh kun ichida ijro varaqasi undiruvchiga beriladi yoki uning iltimosnomasiga ko‘ra davlat ijrochisiga ijro etish uchun yuboriladi. Budjetga mablag‘larni undirish uchun ijro varaqasi qarzdor turgan joydagi davlat ijrochisiga sud hujjati qonuniy kuchga kirganidan so‘ng besh kun ichida yuboriladi. Ijro varaqasi elektron tarzida yuborilishi mumkin.
Oliy sud va Oliy xo‘jalik sudi plenumining 2009-yil 10-apreldagi “Sud hujjatlarini ijro etishga oid qonun hujjatlarini qo‘llash bo‘yicha sud amaliyotining ayrim masalalari to‘g‘risida”gi 06/196-qarorining 8-bandiga muvofiq, ijro hujjati talablarida noaniqliklar mavjud bo‘lgan yoki u bilan sud hujjati orasida tafovut aniqlangan holda davlat ijrochisi “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi qonunning 31-moddasiga muvofiq ijro hujjatini bergan sudga sud hujjatini tushuntirish, mazkur hujjatlarda yo‘l qo‘yilgan yozuv, bosma va arifmetik xatolarni bartaraf etish to‘g‘risida ariza bilan murojaat qilishga haqli.
Davlat ijrochisining arizasida sud hujjatining qonuniyligi masalasida mushohada yuritilishi mumkin emas. Bundan tashqari, iqtisodiy sud ijro hujjati sud tomonidan nizoni ko‘rib chiqib, hal etishning “mahsuli” hisoblangani bois uning ijro etilishi – qabul qilingan sud hal qiluv qarorining kuchini, uni qabul qilgan sudning esa vakolati va rolini aks ettiradi. Ta’kidlash joizki, hal qiluv qarorini rasmiylashtirishda sudyaga qanday mas’uliyat va talab yuklatilsa, ijro hujjatini rasmiylashtirishda ham mazmun, aniqlik, muddatga rioya etish kabi talablar belgilanadi.
Iqtisodiy sud ijro hujjatining maqsadi – sud qarorida qarzdor zimmasiga yuklatilgan majburiyatning to‘liq bajarilishini ta’minlash orqali undiruvchining huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, buzilgan huquq tiklanishi orqali shaxsning sud himoyasini kafolatlash hisoblanadi.
Ushbu maqsadga erishish uchun ijro hujjati bir qator vazifalarni bajaradi. Xususan:
• nizoli masala bo‘yicha qabul qilingan sud hal qiluv qarori ijrosi ta’minlanadi;
• sud hujjatining ijrosi ta’minlanishi orqali iqtisodiy sud protsessi yakuniga yetishini ta’minlaydi;
• undiruvchining buzilgan huquqi, shu jumladan mulkiy huquqlari tiklanadi. Bu orqali odil sudlov mazmunan to‘ldiriladi;
• ixtiyoriy ravishda ijro etilmagan hollarda majburlov choralarini qo‘llash orqali sud hujjati ijrosi ta’minlanadi;
• sud hujjatini ijro etishdan bo‘yin tovlaganlik uchun tegishliligiga ko‘ra ma’muriy va jinoiy javobgarlik masalasi hal etiladi;
• davlat boji undirilishi orqali davlat budjetiga tushum ta’minlanadi;
• qabul qilingan hal qiluv qarorini ijro etish orqali odil sudlov, odil sudlov natijasida adolat ta’minlanib, fuqarolarning sudga nisbatan ishonchi ortadi va boshqalar.
“Sud qarori qabul qilinishi bilan adolat qaror topib qolmaydi. Yuridik va jismoniy shaxslarning huquq va qonuniy manfaatlarining himoyasida sud hujjatlarining ijrosi hal qiluvchi rol o‘ynaydi. Afsuski, qator ilmiy tadqiqotlarda sud hujjatlarining ijrosiga odil sudlovning tugal maqsadi sifatida qaralmaydi”, – deb ta’kidlaydi tadqiqotchi L. Morozova4.
Olimning ushbu fikrlaridan anglashilishicha sud hujjati ijro etilmas ekan, uning yuridik kuchi, ahamiyati qolmaydi. Shu boisdan ham sud hujjatlarini ijro etish bosqichi o‘ta muhim va hal qiluvchi jarayon desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Shu bilan birga amaliyotda “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi qonun sud hujjatlarini ijro etishda majburiy ijro organi faoliyatining asosiy huquqiy manbasi hisoblanadi. Biroq Iqtisodiy protsessual kodeks bilan mazkur qonun o‘rtasida ayrim tafovut va nomutanosibliklar ham borki, ular huquqni qo‘llash amaliyotida ba’zi muammolarga sabab bo‘lmoqda.
Jumladan, qonunning 37-moddasi ikkinchi qismida ijro ishi yuritish undiruvchi va qarzdor o‘rtasida sud tomonidan tasdiqlangan kelishuv bitimi hamda mediativ kelishuv tuzilgan hollarda sud tomonidan tugatilishi ko‘zda tutilgan. Biroq qonunning 11-moddasida belgilangan ijro ishi yuritishda taraflarning, IPK 42-moddasida ishda ishtirok etuvchi shaxslarning huquq va majburiyatlari sifatida taraflarning kelishuv bitimi yoki mediativ kelishuv tuzish huquqi nazarda tutilmagan. Ammo IPK 63-moddasida kelishuv bitimi, mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish to‘g‘risida kelishuv yoki mediativ kelishuv tuzish vakolati vakilga berilgan. Qolaversa, vakilga berilgan vakolat vakolat beruvchining o‘zida bo‘lmasligi mantiqqa zid hisoblanadi. Shu bois qonunchilikdagi ushbu nomutanosiblikni bartaraf etish maqsadga muvofiq.
Huddi shu singari nomutanosiblik qonunning 37-moddasi ikkinchi qismi 1-bandida ham takrorlangan bo‘lib, qonun 11-moddasida hamda IPK 42-moddasida undiruvchining undiruvdan voz kechish huquqi nazarda tutilmagan.
IPK 131-moddasi uchinchi qismiga ko‘ra, kelishuv bitimi iqtisodiy sud ishlarini yuritishning har qanday bosqichida va sud hujjatini ijro etish jarayonida, mediativ kelishuv esa birinchi instansiya sudida sud alohida xona(maslahatxona)ga sud hujjatini qabul qilish uchun chiqqunga qadar taraflar tomonidan tuzilishi mumkin.
Prezidentning 2019-yil 12-martdagi “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish samaradorligini yanada oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 4236-qarorining birinchi bandi 4-xatboshida tomonlar o‘rtasida ijro ishining har qanday bosqichida mediatsiya tartib-taomilini amalga oshirish natijalari bo‘yicha ijro predmetiga doir kelishuv rasmiylashtirilgan
hollarda davlat ijrochisi ijro ishi yuritishni tugatishi haqidagi qoida belgilangan.
Xususan, IPK 131-moddasi uchinchi qismiga iqtisodiy sud hujjatlari bo‘yicha mediatsiya tartib-taomili O‘zbekiston Respublikasining tegishli qonun hujjatlari (“Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi va “Mediatsiya to‘g‘risida” gi qonunlari) bilan tartibga solinishi haqidagi qoidani kiritish zarur.
Bundan tashqari, IPKning 334-moddasida sud hujjatlari qonuniy kuchga kirgach ijroga qaratilishi, bundan qonunchilikda belgilangan tartibda darhol ijroga qaratish hollari mustasno ekani belgilangan.
Da’voni ta’minlash bo‘yicha choralar ko‘rish, kelishuv bitimini tasdiqlash, hakamlik sudining hal qiluv qarorini majburiy tartibda ijroga qaratish uchun ijro varaqasini berish, chet davlat sudining, arbitrajning hal qiluv qarorini tan olish va ijroga qaratish to‘g‘risidagi ajrim darhol ijro etilishi lozim.
Fikrimizcha, ushbu moddada qayd etilgan “darhol” tushunchasi mavhum qolayapti. Shu bois darhol ijro etiladigan ijro hujjatlarining ham ijro etilishining eng uzoq muddatini aniq chegaralash taklif etiladi.
Bundan tashqari, “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi qonunning 30-moddasida darhol ijro etilishi lozim bo‘lgan ijro hujjatlari keltirilgan:
• alimentlar hamda uch oydan oshmagan ish haqini undirish to‘g‘risidagi talablar;
• qonunga xilof ravishda mehnat shartnomasi bekor qilingan yoki qonunga xilof ravishda boshqa ishga o‘tkazilgan xodimni ishga tiklash to‘g‘risidagi, mehnat shartnomasini bekor qilish asosining ta’rifini o‘zgartirish to‘g‘risidagi talablar;
• ijro hujjatida bayon etilgan talablar darhol ijro etilishi hujjatda ko‘rsatilgan yoki darhol ijro etilishi qonunda nazarda tutilgan hollardagi boshqa ishlarga doir talablar.
Ushbu moddada ijro hujjatlarining darhol ijro etilishi kerak bo‘lgan talablarining barchasi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarga oid bo‘lib, qonunda iqtisodiy sudlarda ko‘riladigan da’vo talablaridagi darhol ijro etiladigan talablar keltirilmagan. Yuqoridagilarga ko‘ra, IPK 334-moddasida darhol ijro etiladigan iqtisodiy sud hujjatlari ning ro‘yxatini qonunning 30-moddasiga kiritish orqali ushbu huquqiy bo‘shliqni bartaraf etish maqsadga muvofiq.
Botirjon ABDULLAYEV,
Sudyalar oliy kengashi huzuridagi
Sudyalar oliy maktabi tinglovchisi.
Muhiddin SULTONOV,
Toshkent tumanlararo
iqtisodiy sudi raisi o‘rinbosari
1. “Гармонизация исполнительного производства в сфере правосудия без границ” Paris, EJT, coll., Passerelle, 2007.
2. https://president.uz/uz/pages/view/strategy?menu_id=144.
3. Ўзбекистон Республикаси Иқтисодий процессуал кодекси. https://lex.uz/acts/3523891.
4. Морозова Л.А. “Исполнение судебных решений или уважение к суду”. МГЮУ., Москва, 2015.