Ijtimoiy tarmoqlar xalq bilan muloqotda samarali vosita

0
794

Ma’lumotlarga ko‘ra bir kunda o‘rtacha 3 soat vaqtimizni ijtimoiy tarmoqlarda u yoki bu mazmundagi axborotni qidirishga sarflar ekanmiz. Ijtimoiy tarmoq o‘zi nima? U qanchalik muloqot maydoni bo‘la oladi? Undan davlat tuzilmalari qanchalik foydalana olayapti? Bugun bu kabi savollar bejiz qo‘yilmayapti.

Ijtimoiy tarmoq – jamiyatdagi turli guruhlarning aloqasi uchun xizmat qiladigan onlayn-servis, sayt yoki platforma. Internet makonidagi dastlabki ijtimoiy tarmoqlarning paydo bo‘lishi internet ixtiro qilingan 1969-yilga borib taqaladi. Birinchi to‘laqonli ijtimoiy tarmoq 1995-yilda amerikalik R. Konrads tomonidan ishlab chiqilgan Classmates.com saytidir. Dastlab tor guruh ichida aloqa o‘rnatish uchun yaratilgan ushbu saytda AQSH va Kanada fuqarolaridan iborat 50 milliondan ortiq foydalanuvchi ro‘yxatdan o‘tgan. Ushbu tarmoqdan bugunga kelib Shvetsiya, Germaniya, Avstriya hamda Fransiya aholisi foydalanmoqda. Mazkur sayt analogini internetning rus segmentida yaratilgan “Odnoklassniki.ru” (OK.ru) tarmog‘ida ham ko‘rish mumkin.

Hozir dunyo aholisining 4,95 milliarddan ortig‘i internetdan, 4,62 milliardi ijtimoiy tarmoqlardan foydalanmoqda (Yer aholisining 58,4 foizi). Shulardan eng katta qismi – 2,91 milliard odam “Facebook”da, bu ko‘rsatkich 2019-yilda 2,45 milliardni tashkil qilgan.

Napoleoncat.com saytining 2022-yil 1-iyundagi ma’lumotiga ko‘ra O‘zbekistonda “Facebook” tarmog‘idan foydalanuvchilar soni 7 millionga yaqinlashib qolgan. Bu aholining 20,5 foizi. Hozir auditoriyasi 2 milliarddan ortiq bo‘lgan “Instagram”dan yurtimizda 5,7 million kishi foydalanmoqda. “Telegram” tarmog‘i esa 18 milliondan ortiq foydalanuvchiga xizmat ko‘rsatmoqda. “Odnoklassniki.ru”dan foydalanuvchilar soni 16,7 milliondan ortiq.

Ijtimoiy tarmoqlardan foydalanuvchilar sonining ortib borishi jamiyat hayotida internetning o‘rni o‘sishi bilan bog‘liq. Xususan, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi ma’lumotiga ko‘ra O‘zbekistonda 2022-yilning iyun oyida internetdan foydalanuvchilar soni 27,2 milliondan oshgan. Bu yurtimizda internetdan foydalanuvchilar soni 2019-yil bilan solishtirilganda 7,2 millionga oshganini ko‘rsatadi.

Zamonaviy jamiyatda ijtimoiy tarmoqlardan foydalanishning asosiy afzalligi, shubhasiz, muloqot erkinligidir. Millionlab odamlar o‘rtasidagi ijtimoiy munosabatlar fuqarolik jamiyatini barpo etishda muhim omil hisoblanadi. Ijtimoiy tarmoqlar turli masalalarda odamlar bir-biriga ko‘mak beradigan maydonchaga ham aylandi. Masalan, bedarak yo‘qolgan shaxslarni topish, og‘ir kasallar uchun mablag‘ yig‘ish, tadbirlar va aksiyalar tashkil etish, qolaversa, biznes aloqalari o‘rnatish uchun maydon vazifasini bajarmoqda.

Onlayn murojaat, muloqot va munozaralar kabi internetning ko‘plab imkoniyatlaridan samarali foydalangan holda davlat hokimiyati va boshqaruvi organlaridan zarur ma’lumotlarni tez olish, mas’ul idoralar rahbarlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqot qilish ko‘pdan buyon aholini qiynab kelayotgan muammolarning hal etilishiga turtki bo‘layapti.

Virtual makon aloqa funksiyasidan tashqari, aholining davlat idoralari bilan muloqot platformasi vazifasini ham o‘tamoqda, undan u yoki bu hujjatlar, hodisa va jarayonlar bo‘yicha jamoatchilik fikrini o‘rganishda foydalanilmoqda.

Davlat hokimiyati mansabdorlari ijtimoiy tarmoqlarda o‘z sahifalariga ega bo‘lishi va ular yordamida aholi bilan ochiq muloqotga kirishishiga oid ko‘plab misollarni ko‘rmoqdamiz. Demak, ijtimoiy tarmoqlarning imkoniyatlaridan to‘g‘ri foydalanilsa ular fuqarolar bilan hukumat o‘rtasidagi muloqotni ta’minlashda foydali vosita bo‘lishi mumkin.

Internet keng imkoniyatlar eshigini ochdi: bu nafaqat pandemiya davrida, balki kundalik sharoitda ham o‘z tasdig‘ini topdi (masofaviy ta’lim, onlayn-muloqotlar va munozaralar nafaqat maishiy, balki davlat darajasida ham tashkil etilayapti). Bu jarayonda davlat organlari faoliyatining ochiqligi va shaffofligi muhim. Tahlillar murojaatlar bilan ishlash tizimini rivojlantirishga hamda rasmiy manbalarning transparentligiga zarurat borligini ko‘rsatmoqda.

Bunda davlat tuzilmalarining jamoatchilik bilan aloqalarga mas’ul xodimlari asosiy rol o‘ynaydi. Ular jamoatchilikni axborot bilan ta’minlashi, ularning murojaatlari, shu jumladan ijtimoiy tarmoqlar orqali yuboriladigan so‘rov va izohlariga muloqot madaniyatiga amal qilgan holda o‘z vaqtida javob qaytarilishiga mas’uliyat bilan yondashishi kerak.

Shuningdek, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining rahbarlari yoki ularning matbuot kotiblari jamiyat hayotining eng muhim masalalari yuzasidan ommaviy axborot vositalari hamda ijtimoiy tarmoqlar orqali aholiga tezkor va muntazam ravishda axborot taqdim etib borishlari zarur. Chunki bugungi kunda ijtimoiy tarmoqlar muloqot maydoni bo‘lishi bilan bir qatorda turli axborot va yangiliklar, ma’lumotlar almashish vositasi hamdir. Tabiiyki, bu jarayonda axborotni noto‘g‘ri, noxolis yoki tushunmasdan talqin qilish va tarqatish holatlari ham uchrab turibdi. Bu esa, o‘z navbatida, turli soha vakillarining xizmat mavqeyiga putur yetishiga, olib borilayotgan siyosatga nisbatan ishonchsizlik uyg‘onishiga sabab bo‘luvchi omillardan sanaladi.

Virtual makonda faollik 

Axborot (u qanday bo‘lishidan qat’i nazar) hozirgi kunda odamlarga ta’sir o‘tkazish nuqtayi
nazaridan olib qaraydigan bo‘lsak, uning ahamiyatini qurolli kuchlarga tenglashtirish mumkin.

Shu bois davlat hokimiyatni saqlab qolish, uning legitimligini ta’minlash uchun internet tarmog‘i orqali ham kommunikatsiyani nazoratga olishi zamon talabidir. Davlat axborot makonida nazoratni o‘rnatsa-da, ijtimoiy tarmoqlar ushbu nazoratni buzishi va muvozanatni o‘zgartirishi mumkin.

Ijtimoiy tarmoqlar kamchiliklardan xoli emas. Masalan, unda foydalanuvchilarning anonimligi saqlanib qolishi huquqni muhofaza qiluvchi organlarning shaxsga oid ma’lumotlarni aniqlashtirish imkonini chegaralaydi. Natijada siyosiy to‘g‘rilik chegarasini kesib o‘tib, haqorat va tuhmat qilish orqali hokimiyat imijiga salbiy ta’sir qiluvchi axborot tarqatiladi. Bunda birinchi navbatda hukumatni keskin tanqid qiluvchi va aholini oflayn rejimda harakat qilishga chaqiruvchi muxolifat faollikni kuchaytiradi. Bunday safarbarliklarga misol sifatida “arab bahori” deb nom olgan Tunis, Misr, Liviya va Yamanda amalga oshirilgan davlat to‘ntarishlarini misol qilish mumkin.

Blogerlar, erkin internet-nashrlar, minglab ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarida faol fuqarolik pozitsiyasi tufayli yuzaga kelayotgan o‘zaro maqbul yechimlarni topish imkoni paydo bo‘ldi. Fuqarolar tomonidan ko‘tarilayotgan masalalar davlat tashkilotlarining faoliyatiga nisbatan o‘ziga xos ko‘zgu vazifasini o‘tamoqda. Bu aholining davlat va jamiyat ishlarini boshqarishdagi ishtiroki, faolligi oshganining yaqqol isbotidir.

Mamlakatimizda o‘tkazilayotgan konstitutsiyaviy islohot jarayonida ham asosiy va muhim rolni ijtimoiy tarmoqlar o‘ynayotganini ko‘rish mumkin. Konstitutsiyaga kiritilishi taklif qilinayotgan o‘zgartirishlar yuzasidan ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalar o‘tkazilmoqda.

Shu bilan birga, bu jarayonda ijtimoiy tarmoqlardan destruktiv maqsadlarda foydalanilganiga ham guvoh bo‘ldik. Ijtimoiy tarmoqlar orqali ayrim separatistlarning chaqiruvlari natijasida konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritilishi yuzasidan Qoraqalpog‘istonda noroziliklar, noqonuniy mitinglar va tartibbuzarliklar yuzaga keldi. Ijtimoiy tarmoqlarda bir-birini rad etuvchi yolg‘on xabarlar va soxtalashtirilgan videotasvirlar tarqaldi…

Ijtimoiy tarmoqdagi muloqotlar, murojaatlar muammolarni chuqurroq o‘rganish, jamoatchilik nazoratining ta’sirchan mexanizmlarini amalga oshirish, ijtimoiy-siyosiy jarayonlar, turli hodisalar yuzasidan bildirilgan takliflarni sinchkovlik bilan ko‘rib chiqish orqali qonunchilik bazasini mustahkamlashga ko‘mak beradi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev “Yangi O‘zbekiston” gazetasiga bergan intervyusida “… Shaxsan o‘zim ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda berilayotgan yangiliklar, ular orqali bildirilayotgan dolzarb fikrlar, jamoatchilikning diqqat-e’tiborini tortayotgan voqea-hodisalar bilan imkon qadar bevosita tanishib borishga harakat qilaman” deganidan ham hozirgi kunda mamlakatimizda davlat organlarining virtual makondagi ishtiroki hamda muhim funksiyalarini ijtimoiy tarmoqlar yordamida amalga oshirish ko‘lamiga e’tiborini ko‘rishimiz mumkin.

Shundan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, davlat organlari va tashkilotlarining ijtimoiy tarmoqlardagi ishtirokini faollashtirish va uning huquqiy asoslarini yaratish zarur.

Hozir qonunchilikda davlat xizmatchilarining ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyatini tartibga soluvchi aniq normalarning mavjud emasligi, bu yo‘nalish qaysi mablag‘ hisobidan moliyalashtirilishi belgilanmagani, budjet mablag‘i hisobidan shaxsiy obro‘ orttirish hamda shaxsni piar qilish holatlariga, davlat mavqeyi qadrsizlanishiga, jamoatchilikning davlat organlari faoliyatidan noroziligi va ularga ishonchsizligi oshishiga olib kelishi mumkin.

Jahon tajribasidan ma’lumki, jamiyatda ijtimoiy taranglik asosan hokimiyat elitasining jamoatchilik ehtiyojlari va fikrlarini e’tiborga olmasligi oqibatida vujudga keladi. Jamoatchilik bilan aloqalarning to‘g‘ri yo‘lga qo‘yilishi bu jarayonni tartibga soladi, shaffof qiladi, tizim faoliyatini to‘g‘ri yo‘lga qo‘yishga ko‘mak beradi.

Ijtimoiy tarmoqlar bilan ishlashda xorij tajribasi

Xorijiy mamlakatlarning tajribasiga nazar tashlasak, davlat xizmatchilarining ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyati odob-axloq kodekslari, ijtimoiy tarmoqlardagi strategiyalar, maxsus yo‘riqnomalar bilan tartibga solinganini ko‘ramiz.

Masalan, AQSHda davlat organining rasmiy akkauntiga axborotni joylashtirish uchun Aloqalar bo‘linmasidan ruxsat olinishi lozim. Shaxsiy akkauntlarni yuritishda ham davlat xizmatchilari odob-axloq standartlari talablariga rioya qilishlari shart. Shaxsiy akkauntini yuritishi davlat organidagi rasmiy lavozimi nomidan faoliyat olib borayotgani haqidagi fikrga olib kelmasligi lozim.

Shuningdek, davlat organlarining barcha akkauntlari davlat organiga taalluqliligini aniq namoyon qilishi shart. Har bir rasmiy akkauntni boshqarish huquqi (administrator) Aloqalar bo‘linmasiga berilgan va ehtiyoj tug‘ilganda akkauntlar mazkur bo‘linma tomonidan yopiladi.

Administrator – rasmiy akkauntlarning login va parolini saqlaydi, xodimlar lavozimlaridan ozod etilgan taqdirda parollarni o‘zgartiradi, akkaunt xavfsizligini ta’minlaydi. Akkauntlarga joylashtiriladigan har bir axborot Federal yozuvlar arxivida saqlanadi.

AQSHda davlat organlari rahbarlari o‘zining shaxsiy akkauntlarini yuritish yoki ular faoliyatini muvofiqlashtirish vazifalarini bo‘ysunuvidagi xodimlarga yuklashi mumkin emas. Bunday xatti-harakatlar mansab mavqeyini suiiste’mol qilish deb baholanib, intizomiy javobgarlikka tortish uchun asos bo‘ladi. Bular “Ijro etuvchi hokimiyat xizmatchilarining odob-axloq standartlari”, Hetch qonuni bilan tartibga solinadi. Kongress kutubxonasi tomonidan rasmiy akkauntlar ro‘yxati yuritilib, ularga joylashtirilgan har bir ma’lumot arxivlashtirib borilmoqda.

Kanadada davlat xizmatchilari ijtimoiy tarmoqlardagi rasmiy yoki shaxsiy akkauntlaridan foydalanishda o‘rnatilgan qoidalarga rioya qilishga majbur. Rasmiy ma’lumotlarni, xususan, davlat organini obro‘sizlantiradigan har qanday ma’lumotni maxsus ruxsatnoma olmasdan ijtimoiy tarmoqlarda tarqatish taqiqlanadi.

Shu bilan birga, davlat organlarining barcha rasmiy akkauntlarida Kanada hukumatiga taalluqliligini bildiruvchi davlat ramzlari, davlat organi nomi va manzillari ko‘rsatilishi shart. Davlat organi rasmiy akkauntlariga axborotni joylashtirish bosqichlari, jumladan kontentni yaratish, uni tahrirlash va akkauntga joylashtirish uchun ruxsat berish, uni moderatsiya va monitoring qilish bo‘yicha mas’ul bo‘linma hamda lavozimlar aniq belgilangan.

Axborot texnologiyalari xavfsizligini muvofiqlashtiruvchi avtorizatsiya qilinmagan rasmiy akkauntlarga kirilishining oldini oladi. Davlat organi qarori yoki munosabati ijtimoiy tarmoqlar yordamida tarqatilgan bo‘lsa, u rasmiy yozuv sifatida idoraviy repozitariyda saqlanishi lozim.

Davlat organlarining ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyati “Davlat boshqaruvida qadriyat va odob-axloq kodeksi”, “Ijtimoiy tarmoqlardagi akkauntlarni boshqarish standarti” bilan tartibga solinadi.

Avstraliyada davlat xizmatchilariga davlat organi tomonidan taqdim qilingan elektron pochta va ijtimoiy tarmoqlardagi akkauntlaridan shaxsiy yozishmalar va aloqalar uchun foydalanish, shuningdek elektron pochta manzillaridan shaxsiy akkauntlarni yaratish uchun foydalanish taqiqlanadi. Davlat organining rasmiy axborotini shaxsiy akkauntlar orqali tarqatish mumkin emas.

Shuningdek, davlat organlarining barcha rasmiy akkauntlari hukumatga taalluqliligi rasmiy nom va boshqa belgilar yordamida farqlanib turishi lozim. Ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyat, tarqatilgan axborot yozuvlarni saqlash jarayonlariga muvofiq tarzda arxivlashtiriladi.

Yuqoridagilarni tartibga solish yuzasidan “Davlat xizmatchilarining odob-axloq kodeksi”, “Ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyat bo‘yicha rasmiy yo‘riqnoma” ishlab chiqilgan.

Qayd etilgan xorijiy tajribaning o‘ziga xos jihatlarini e’tiborga olgan holda davlat boshqaruvi organlari faoliyatida ijtimoiy tarmoqlardan samarali va tartibli foydalanishni yo‘lga qo‘yish maqsadga muvofiq hisoblanadi.

Ijtimoiy tarmoqlar bilan ishlashda o‘ziga xoslik

Bugungi kun talabidan kelib chiqqan holda davlat organlarida jamoatchilik bilan aloqalarga mas’ul xodimlar saytlar, messenjerlar, bloglar va boshqa bir qator ijtimoiy tarmoqlar bilan ishlash tizimini yo‘lga qo‘yishi muhim. SMM xizmatlaridan foydalanishni yo‘lga qo‘yish, shu soha bo‘yicha jamoatchilik bilan aloqalarga mas’ul bo‘lgan xodimlarning malakasini oshirish zarur.

Davlat rahbari olib borayotgan ochiqlik va oshkoralik siyosati tufayli O‘zbekiston ham axborot makonida yuz berayotgan yangilanish jarayonlarida faol ishtirok etib, o‘zining mustahkam o‘rnini egallab borayotgan vaqtda mediamaydonda mamlakatning ijobiy imijini yaratish va amalga oshirilayotgan islohotlar mohiyatini jamoatchilikka, dunyo hamjamiyatiga xolis, ishonchli, tez va to‘laqonli yetkazib berish ustuvor vazifalardan biri bo‘lib qoladi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, davlat organlariga yuklatilgan vazifalarning samarali bajarilishi hamda ularning ijtimoiy tarmoqlardagi faoliyati qoidalarini belgilash maqsadida quyidagi chora-tadbirlar taklif etiladi:

– davlat organlari rasmiy akkauntlarini yaratish va yuritish mumkin bo‘lgan ijtimoiy tarmoqlarni hamda ularda joylashtirilishi taqiqlangan ma’lumot turlarini tasdiqlash;

– vakolatli organ tomonidan “Davlat organlarining rasmiy akkauntlari reyestri”ni shakllantirish, unga kiritilmagan akkauntlardan foydalanishni qonun doirasida taqiqlash;

– davlat organlari rahbar va xodimlarining shaxsiy akkauntlarining huquqiy maqomiga aniqlik kiritish, mazkur akkauntlardan xizmat va shaxsiy maqsadlarda foydalanish tartibini ishlab chiqish;

– davlat xizmatchilarining ijtimoiy tarmoqlarda faoliyat olib borish tamoyillari va odob-axloq qoidalarini ishlab chiqish, davlat xizmatini obro‘sizlantiradigan siyosiy va boshqa faoliyatda ishtirok etishini taqiqlash;

– davlat organlarining rasmiy akkauntlari orqali jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini qabul qilish, ko‘rib chiqish masalalariga aniqlik kiritish;

– davlat xizmatchilarining ijtimoiy tarmoqlarda faoliyat olib borish bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini shakllantirishga qaratilgan chora-tadbirlarni belgilash;

– aholini ma’lumotlar haqiqiyligini tekshirish – fakt-chekingga o‘rgatish, mediasavodxonlik darajasini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlar (masalan, mediasavodxonlik bo‘yicha trenerlar tayyorlash, auditoriyalar bilan ishlash, ta’lim muassasalarida o‘quv rejalariga mediasavodxonlik bo‘yicha darslar kiritish) ishlab chiqish.

Xulosa o‘rnida aytish joizki, hokimiyatning bir bo‘lagi sifatida davlat idoralari ham o‘ziga yuklangan vazifalarni bajarishda fuqarolarning talabi, umid va istaklaridan kelib chiqib o‘z faoliyatini inson manfaatlarini to‘la ta’minlashga yo‘naltirishi, yangi formatlar asosida ular bilan muloqotga kirishishi, davlat xizmatchilarining bu boradagi bilim va ko‘nikmalarini muntazam oshirib borishi, amaldagi qonunchilikni qayta ko‘rib chiqishi, mavjud bo‘shliqlar ustida ishlashi lozim.

Bobur KARIMOV,
mustaqil tadqiqotchi

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here