Mustaqillik huquqiy madaniyatning gnoseologik ahamiyati – umumiy madaniyat tizimidagi o‘rni va aloqalarini o‘rganishni, aksiologik ahamiyati – milliy va umuminsoniy jihatlarini ochib berishni, ijtimoiy-siyosiy ahamiyati esa «Biz qanday davlat qurayapmiz?» degan savolga javob topishni taqozo etadi.
Har qanday jamiyat va jamiyat a’zosining hayoti murakkab va ziddiyatliligi bilan ajralib turadi. Chunki u eng avvalo ijtimoiy muhitga bevosita bog‘liq va ayni paytda shu muhit kishilarning huquqiy ehtiyoji, munosabati va iste’molini belgilaydi. Bunda jamiyatning huquqiy madaniyati qanchalik yuksak bo‘lsa, mazkur jamiyat kishisining huquqi ham shunchalik boy va sermazmun bo‘ladi, shaxs barkamolligiga keng imkoniyatlar ochib beradi.
Agar jamiyat madaniy turg‘unlikda, inqirozda bo‘lsa, mazkur jamiyat kishisining huquqiy saviyasi qashshoq va tuban bo‘ladi. Oqibatda shaxs xatti-harakatida salbiy holatlar (korrupsiya, jinoyatchilik, o‘g‘irlik) avj oladi. Shuning uchun ham jamiyatda barqarorlikni saqlash va qonun ustuvorligini ta’minlash uchun avvalo aholi huquqiy madaniyatini shakllantirish talab etiladi.
Huquqiy madaniyat shakllanishida bilishning ahamiyati katta. Inson mavjud huquqiy manbalar, ularda olg‘a surilgan g‘oya, dunyoqarash va nuqtayi nazarlarni o‘rganishi, o‘zlashtirishi kerak. Bilish jarayonida insonning aqli, qobiliyati o‘sib, huquqiy madaniyati shakllanadi. U bilimlar, g‘oyalar hamda qarashlarni shunchaki qabul qilib qolmay, ba’zi bir g‘oyalarni ma’qullaydi, o‘z faoliyatida ularga amal qilishga intiladi, ba’zi birlaridan tanqidiy xulosa chiqaradi yoki inkor etadi. Bu unda hurfikrlilikni rivojlantiradi. Shu nuqtayi nazardan, inson huquqiy madaniyat orqali umuminsoniy va milliy huquqiy-madaniyatning mohiyatini chuqur anglaydi. Idrok etish, tafakkur qilish, xulosalar chiqarish asosida o‘zida tabiat va jamiyat qonunlariga haqqoniy munosabatni shakllantiradi. Insondagi bu munosabat ongli ilmiy, huquqiy mezonlar orqali amalga oshiriladi.
Aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirish ularning huquqiy tizim mohiyatini bilishini ta’minlaydi. Bu esa huquqiy jarayonda erkin ishtirok etishga tayyor bo‘lishini anglatadi. Endi masalani aniqroq tahlil etib, ularning o‘zaro aloqadorlik jihatlariga to‘xtalsak.
Birinchidan, har ikkala tushuncha davlat siyosati bilan aloqador.
Ikkinchidan, milliy g‘oya va aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirish tushunchalari huquqiy maqsadga erishishning muhim omilidir.
Uchinchidan, milliy g‘oya ham, aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirish ham huquqiy tizimda individuallik hamda umumiylik xususiyatiga ega.
To‘rtinchidan, ularning har ikkalasi demokratik davlat qurish yo‘lidagi asosiy vazifalardandir.
Beshinchidan, mazkur tushunchalarning ikkalasi ham bir maqsadni nazarda tutadi.
Oltinchidan, milliy g‘oya hamda aholining huquqiy madaniyatini yuksaltirish jarayoni inson ongi va tafakkuri orqali amalga oshiriladi.
Yettinchidan, har ikki tushunchaning ro‘yobga chiqishi uzoq muddatga asoslanishi, biroq ularning o‘zgaruvchanligida ko‘rinadi.
Huquqiy demokratik jamiyatda qonunni yaxshi bilish har bir fuqaro uchun hayotiy ehtiyojga aylanadi. Shu bois bu boradagi bilimdonlikni inson o‘zi uchun qandaydir ustunlik beradigan imtiyoz deb tushunmasligi, shundan foydalanib, faqat shaxsiy manfaatlarini amalga oshirishga urinmasligi kerak.
Bir tasavvur qilib ko‘raylik, agar inson men qonunni bilaman, o‘z manfaatlarimni qonun asosida himoya qila olaman deb faqat o‘z foydasini ko‘zlab harakat qiladigan bo‘lsa, uni huquqiy jihatdan madaniyatli odam deb bo‘lmaydi. Qonunlar avvalo insoniylikka, yuksak gumanizmga asoslanadi. Ular har bir kishidan o‘z huquq va erkinliklarini boshqalarga zarar yetkazmagan, ularni norozi qilmagan holda amalga oshirishni talab qiladi. Chunki qonunlarda insonning huquq va erkinliklaridan tashqari, uning jamiyat va davlat, o‘ziga o‘xshagan boshqa fuqarolar oldidagi burchi va majburiyati ham qat’iy belgilab qo‘yiladi.
Unutmaslik kerakki, huquqiy madaniyatli odam qonunlardan qo‘rqqani uchun emas, balki hurmat qilgani, uning timsolida xalq xohishini ko‘rgani uchun qonun asosida yashashni o‘z hayotining mazmuni deb biladi. Ayon bo‘ladiki, demokratik huquqiy davlatda fuqarolarning huquqiy madaniyatini yuksaltirish muhim ahamiyatga ega.
Ta’kidlash joizki, shaxsning huquqiy ongi yuksak, bilimi yetarli bo‘lishi, lekin unda huquqiy madaniyat yetishmasligi, fuqaro sifatida o‘z xalqi va vatani oldidagi burch va mas’uliyatini
chuqur anglamasligi mumkin.
Shuning uchun ham fuqarolar, ayniqsa, yoshlarda huquqiy madaniyatni yuksaltirish mafkuraviy tarbiyaning muhim shartidir. Har qanday madaniyat yuksak ong va tafakkurga asoslanar ekan, huquqiy madaniyat ham odamlarda huquqiy tafakkur va dunyoqarash shakllanishini talab etadi.
Huquqiy madaniyat xalqning huquqiy hayotni idrok etishida, uning tarixiy negizlari, milliy davlatchilik bilan bog‘liq an’analar, huquqiy qadriyatlar, huquqiy hokimiyatga bo‘lgan munosabat, huquqiy voqeliklarga baho berish va unda ishtirok etish yoki etmaslik holatlari orqali namoyon bo‘ladi.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar inson manfaatlarini ro‘yobga chiqarish, farovon turmush tarziga erishishdek ezgu maqsadlarga yo‘naltirilgan. Ushbu vazifalarning muvaffaqiyatli hal qilinishi jamiyatimiz har bir a’zosining sobitqadam va ongli faoliyatiga ham bog‘liq.
Huquqiy madaniyat keng ma’noga ega bo‘lib, davlat o‘rnatgan tartib-qoidalarga munosabatini bildiradi.
Milliy va horij tajribasini umumlashtirgan holda qonunchilik bazasini shakllantirib, O‘zbekiston huquqiy madaniyati milliy konsepsiyasini yaratish lozim. Shu ma’noda F.Musayev “Huquqiy madaniyatning yana bir jihati shuki, u qonunchilik bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, qonuniylikni mustahkamlash jarayoniga kirib boradi, qonuniylikning zaruriy holati sifatida namoyon bo‘ladi” deb yozadi.
Huquqiy madaniyat sohasidagi nazariy tadqiqotlarga asoslanib, tarixiy tajriba va izlanishlar jarayonida aniqlangan xususiyatlarni umumlashtirib, O‘zbekiston rivojlanishining yangi tarixiy-huquqiy bosqichiga mos huquqiy madaniyat modelini yaratish vaqti keldi. Albatta, bu vazifani amalga oshirish ko‘p izlanishlarni talab qiladi.
Shaxsning huquqiy madaniyati, inson huquqlariga rioya qilishi, demokratik o‘zgarishlarga nisbatan moyilligi jamiyatda demokratik islohotlarni chuqurlashtirish bo‘yicha belgilangan maqsadlarga erishishning muhim omillari hisoblanadi. Umuman olganda, «Jamiyatda huquqiy madaniyatni yuksaltirish milliy dasturi»ning qabul qilinishi yoshlar huquqiy madaniyatini oshirish, qonun hujjatlari mazmun-mohiyatining fuqarolar va davlat organlari xodimlariga yetkazilishi, o‘quv yurtlarida huquqiy ta’lim va tarbiya bo‘yicha o‘quv dasturlari hamda uslubiy tavsiyalarni ishlab chiqish, yuridik adabiyotlar nashrini ko‘paytirish, shuningdek, fuqarolarning huquqiy yordam olishlarida muhim rol o‘ynadi.
Hozir respublikamizda aholiga huquqiy xizmatlar ko‘rsatilishini yaxshilash, huquqiy ta’lim va tarbiya uslublari hamda vositalarini takomillashtirishga qaratilgan tadbirlar majmui amalga oshirilmoqda. Bu harakatlar o‘z samarasini bermoqda. Shuningdek, demokratik institutlar, siyosiy partiyalar va ijtimoiy harakatlar faoliyatini kuchaytirish uchun qulay huquqiy shart-sharoit yaratilmoqda.
Sadoqat KARIMOVA,
O‘zbekiston milliy universiteti
Ijtimoiy fanlar fakulteti
“Falsafa va ma’naviyat” kafedrasi
tadqiqotchisi