Giyohvandlikka oid matnlar tahlili

0
388

Giyohvandlik vositalari va psixotrop moddalarning noqonuniy savdosi dunyo jamoatchiligini tashvishga soladi. O‘zbekiston qonunchiligi ham bu sohada jiddiy yondashgan.

O‘zbekiston Jinoyat kodeksi 276-moddasi hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 56-moddasiga ko‘ra giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni o‘tkazish maqsadini ko‘zlamay, qonunga xilof ravishda tayyorlash, saqlash, egallash, tashish yoki jo‘natish − bazaviy hisoblash miqdorining ellik baravarigacha miqdorda jarima yoki uch yuz oltmish soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki uch yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud bir yildan uch yilgacha ozodlikni cheklash yoki uch yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.

Jamiyat vakillarining giyohvandlikka qaram bo‘lishi giyohvandlik submadaniyatining shakllanishiga yo‘l ochadi.

Giyohvandlik submadaniyatining buzg‘unchi falsafasi va g‘ayriinsoniy tabiati bevosita tilda ham aks etadi. Bu hodisani o‘rganish lingvokriminalistika fani uchun muhim ahamiyatga ega.

Hozir lingvokriminalistlar giyohvandlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchilar nutqidagi noadabiy
birliklar, xususan, argolarni1, maxfiy so‘zlarni aniqlaydi va tahlil qiladi.

Tilshunos-mutaxassislar giyohvandlik faoliyatiga oid nutqlarni aniqlashda quyidagi muammolarga duch kelmoqda:

  • giyohvandlik argosi lug‘ati mavjud emas;
  • giyohvandlik bilan shug‘ullanuvchilar ishlatadigan maxfiy so‘zlarni aniqlash tizimlashtirilmagan;
  • argo, maxfiy so‘zlarni lingvokriminalistik tadqiq qilishda metod va usul masalasi aniq ishlab chiqilmagan.

Aytish mumkinki, giyohvandlik bilan shug‘ullanuvchilar nutqida argotik so‘zlar faol ishtirok etadi: ular bilan maxfiylik ta’minlanadi va “sohadan begona”lar chalg‘itiladi. Shunday ekan, ularning leksik-semantik xususiyatlarini tahlil qilish huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyati uchun ham juda muhim.

Giyohfurushlar nutqidagi argolar umumiste’moldagi so‘z va birikmalar bilan solishtirilganda,
ular boshqa ma’noga ega bo‘lishi kuzatiladi. Ular asosan ot turkumiga oid so‘z va iboralardir.

MASALAN:

ko‘kat (ko‘knori), dori (giyohvand, psixatrop modda), oq (giyohvand modda), ko‘k choy (ko‘knori, nasha), shakar, quruq choy, ajal urug‘i, mol, yuk kabi giyohvand modda tushunchalari bilan bog‘liq argolarni qayd qilish mumkin.

Giyohvandlik bilan shug‘ullanuvchilar nutqida oddiy so‘zlashuv tilidan sezilarli darajada farq
qiladigan maxsus noadabiy birliklardan foydalanishadi. Bu bilan ular jamoatchilik e’tiborini o‘ziga tortmaslik uchun maxsus argolar yaratishadi.

Giyohvandlik bilan shug‘ullanuvchilar submadaniyati va uning tili mentalitet, nuqtayi nazarlar, qadriyatlar, e’tiqodlar, me’yorlar, xulq-atvor qoidalari, moyillik, sezgirlik, afzalliklar, simvolizm, temperament kabi o‘ziga xos xususiyatlarni qamragan holda shakllanadi.

Demak, ushbu submadaniyatdagi atamalarning sintaktik va morfologik xususiyatlarini chuqur o‘rganish talab qilinadi. Giyohvandlik bilan shug‘ullanuvchilar qo‘llaydigan argolarni o‘rganish lingvokriminologiya va jinoyat huquqi sohalarida muhim ahamiyat kasb etadi.

Shu o‘rinda lingvokriminalistik tadqiq obyektlaridan bo‘lgan “sleng” iborasiga to‘xtalib o‘tsak. Sleng so‘zlashuvda adabiy tildan noadabiy tilga og‘ish bo‘lib, ko‘pincha u boy tasavvur, jonlilik va ijodiylik xususiyatlari bilan ajralib turadi.

Slengni o‘rganish lingvokriminalistik tadqiq jarayonida muhim ahamiyatga ega. Tadqiqotchi E. Petrovaning fikricha, sleng ma’lum bir jamiyat bilan bog‘liq bo‘lmagan, faoliyatning bir turi bilan birlashtirilgan turli xil argolar va xalq tillari to‘plamidir2.

Argo esa yopiq jamoalar, turli xil professional guruhlar muhitida rivojlanadi. Shuni ta’kidlash
kerak, bitta jamoa yoki guruhning argosini boshqa jamoalar yoki guruhlar ham qo‘llaydi.

V. Pelipas giyohvandlik faoliyatiga oid nutqni shifrlangan tilning ibtidoiy va qo‘pol turi sifatida baholaydi, u “maxsus ta’limni, tilni bilishning nozikligini, didni va boshqa aql-idrok belgilarini talab qilmaydi”3. G. Shagiyevaning fikricha, kriminal nutqning ibtidoiyligi quyidagilarda namoyon bo‘ladi: “Ikkala holatda ham yangi nutqning shakllanishi so‘z yaratish yordamida amalga oshiriladi – ancha sodda, tizimsiz va iqtisodiy bo‘lmagan, ko‘p sonli sinonim so‘zlar bilan ifodalanadi.

Shu bilan birga, shifrlashning yanada nozik usullari e’tiborga olinmaydi, masalan, so‘zlashuv, maxsus sintaktik va grammatik buzilishlar, til qo‘shimchalari, almashtirishlar va boshqalar”4.

Aytish mumkinki, giyohvandlikka oid argolarning asosiy tashuvchisi giyohvandlikka qiziquvchi yoshlar hisoblanadi. M. Grachevning fikricha: “…bu shunchaki nutq yoki yosh bilan o‘tadigan o‘yin emas, balki yoshlarning fikr va his-tuyg‘ularini ifodalash vositasidir”5.

Giyohvandlikka oid argolarni nutqda qo‘llash o‘ziga xos xarakter kasb etadi. Ulardan ba’zilari maxfiy kodlar vazifasini bajaradi. Masalan, nasha – quruq choy, ajal urug‘i, ko‘knori – ko‘k choy, ko‘k, yo‘tal dori, issiqlik, ko‘kat, kuchli afyun – qizil vino, gashish – saqich, chars, qalamcha, qora dori – dori, giyohvand moddalar ortilgan yuk – mol, yuk so‘zlari bilan ifodalanadi.

Umumiste’moldagi so‘z va birikmalar bilan solishtirganda, giyohvandlik argolari ko‘pincha butunlay boshqacha ma’noga ega bo‘ladi. Giyohfurushlar ko‘pincha xabarni tezda yetkazish va huquqni muhofaza qiluvchi organlarning aniqlay olish ehtimolini kamaytirish uchun juda qisqa elliptik jumlalar bilan muloqot qilishadi. Va ko‘pincha xorijiy tillardagi argolar muloqot tilini boyitadi.

Giyohvandlik bilan shug‘ullanuvchilar nutqi bilan bog‘liq maxsus so‘zlarni quyidagicha tasniflash mumkin:

1) giyohvand moddalar bilan shug‘ullanuvchilarning nomlari: “diler”, “savdogar” – giyohvand moddalarni sotuvchi, “bankir” – yirik giyohvand modda sotuvchisi, “qaldirg‘och” – dori kapsulalarini oshqozonda olib yuruvchi shaxs, “messenjer” – giyohvand moddalarni olib keladigan shaxs, “kuryer” – sotuvchi va giyohvand o‘rtasidagi vositachi, “kasal” – giyohvand moddalarni iste’mol qilgan shaxs, “tuya” – yuk mashinasi, “xalq komissari” – dorilarni yetkazib beruvchilarni belgilash;

2) giyohvandlik moddasining nomi (ko‘kat, dori, oq, ko‘k choy, shakar, quruq choy, ajal urug‘i);

3) giyohvand moddalarni iste’mol qiluvchilar toifasi (shiravozlar, bangilar, sintetikchilar);

4) giyohvand moddalarni iste’mol qiluvchi va unga o‘rganib qolgan shaxs (kasal);

5) giyohvand moddaning og‘irligi (20 gramm og‘irlikdagi dori miqdorini bildiruvchi “yigirma” so‘zi bilan, “o‘n besh gramm olib keldi” o‘rniga “yoshim o‘n beshga yetdi” kabi birikmalar bilan ifodalanadi);

6) giyohvand moddaning narxi (son va miqdor so‘zlar bilan ifodalanishi mumkin);

7) giyohvand modda qismining hajmi (“yarim” – og‘irligi 0,5 gramm bo‘lgan giyohvandlik moddasi, “butun” – og‘irligi 1 gramm bo‘lgan giyohvandlik moddasi).

Ushbu tasnifdagi iboralar, jinoiy tildagi tushunchalar giyohvandlik vositalarining savdosi bilan bog‘liq jinoyat tekshiruvi jarayonlarida dalil keltirishda ilova qilinadi.

Kriminalistlar va jinoyat qidiruv xizmati xodimlarining ishida lingvokriminalistlar taqdim etgan ekspertiza xulosasi muhim o‘rin tutadi. Argolarni o‘rganish giyohvandlik bilan bog‘liq jinoyatlarni aniqlash jarayonida ahamiyatli hisoblanadi.

Jumanazar O‘ROZOV,
Toshkent davlat o‘zbek tili
va adabiyoti universiteti katta o‘qituvchisi,
filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)

 

1. Argo – ijtimoiy jihatdan yopiq jamoadagi odamlar tili bo’lib, ishlatiladigan lug’atning o’ziga xosligi, qo’llanilishining o’ziga xosligi bilan ajralib turadi, lekin o’ziga xos fonetik va grammatik tizimga ega emas. Jargon va argoni aralashtirib yubormaslik kerak.

2. Петрова Е.А. К вопросу о выделении сленга в отдельный вид социолекта / Е.А.Петрова // Теория языка и межкультурная коммуникaция. – 2008. – № 4. – С. 58-60.

3. Пелипас В.Е. О сленге наркоманов // Вопросы наркологии. – 1999. – № 2. – C. 74-76.

4. Шагиева Г.Р. Лингвокриминалистические исследования сленга наркоманов // уголовно-правовой блок. – 2008. – C. 90, 92.

5. Грачев М.А. Словарь современного молодежного жаргона. – М.: Эксмо, 2006. – С. 672.

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here