O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 55-moddasiga asosan har bir shaxsga o‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlarining hamda boshqa tashkilotlarning, ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof qarorlari, harakatlari va harakatsizligi ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanadi.
Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Fuqarolik protsessual kodeksining 3-moddasiga asosan har qanday manfaatdor shaxs buzilgan yoki nizolashilayotgan huquqi yoxud qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatini himoya qilish uchun fuqarolik sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi qonunchilikda belgilangan tartibda fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga (sudga) murojaat qilishga haqli. Sudlarga murojaat esa o‘z navbatida, fuqarolarga muayyan majburiyatlar yuklaydi.
O‘zbekiston Respublikasining “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonuniga ko‘ra, davlat bojlari sudlarga beriladigan daʼvo arizalaridan, alohida tartibda yuritiladigan ishlar bo‘yicha arizalardan, sudlarning hal qiluv qarorlari ustidan apellyatsiya, kassatsiya va nazorat tartibidagi shikoyatlardan, shuningdek sudlar tomonidan hujjatlarning dublikat va ko‘chirma nusxalarini berganlik uchun ham undirilishi belgilangan.
Fuqarolik sudlariga murojaat qilish ariza, daʼvo arizasi va shikoyat (protest) ko‘rinishida amalga oshiriladi. Fuqarolik ishlarining o‘ziga xosligidan kelib chiqib, davlat bojlarini undirishda ham ishning xususiyati turlicha bo‘lishi mumkin. Masalan, ayrim protsesslar oddiy ikki taraf ishtirokida amalga oshirilsa, ayrim protsesslarda esa nizoli masalalar uchrab turadi. Jumladan, fuqarolik ishlarining ayrim turlarini ko‘rishda ishda javobgar daʼvogarning talablariga qarshi daʼvo bilan murojaat qilishi, protsessda taraflardan tashqari uchinchi shaxslar ishtirok etishi, ishdan dastlabki daʼvogarning chiqib ketishi va huquqiy voris bilan almashtirilishi, murojaat qilayotgan daʼvogar yoki arizachi davlat bojidan ozod qilingan bo‘lishi mumkin. Bunday holatlarda davlat bojini undirish qonunchilikda ko‘rsatilgan holda umumiy asoslarda amalga oshiriladi.
“Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunning 8-moddasida davlat boji to‘lashdan ozod qilingan subyektlar ro‘yxati keltirilgan bo‘lib, bunday toifadagi shaxslardan o‘z buzilgan huquqlarini
yoki boshqa shaxslarning buzilgan huquqlarini himoya qilish maqsadida fuqarolik sudlariga murojaat qilganlarida dastlabki bosqichda ulardan davlat boji undirilmaydi.
Sudlarda shunday holatlar ham bo‘ladiki, bunda protsess ishtirokchilar soni ko‘p bo‘lishi, yaʼni, daʼvo bir necha daʼvogar tomonidan birgalikda bir yoki bir necha javobgarga nisbatan
taqdim etilishi mumkin. Bunday holatlarda davlat boji daʼvoning umumiy summasidan kelib
chiqqan holda hisoblab chiqiladi va daʼvogarlar tomonidan ular qo‘ygan talablar ulushiga mutanosib tarzda to‘lanadi1.
Bir daʼvogar tomonidan bir necha javobgarga nisbatan daʼvo taqdim etilsa ham, ishning natijalariga ko‘ra javobgarlardan teng miqdorlarda undiriladi2. Shuningdek, sudya bir turdagi bir necha talabni bir ish yuritishga birlashtirganda ham davlat boji daʼvoning umumiy summasidan kelib chiqqan holda undiriladi3.
Sudya tomonidan birlashtirilgan bir yoki bir necha daʼvo talablari alohida ish yuritishga ajratilsa, yaʼni sudya tomonidan alohida-alohida ko‘rib chiqilishi haqida ajrim qabul qilinsa, to‘langan davlat boji qayta hisoblab chiqilmaydi va qaytarilmaydi. U alohida ajratilgan ish yuritish bo‘yicha hisoblanib, bu haqda sudya tegishli maʼlumotnoma tuzadi va ish materiallariga qo‘shib qo‘yadi.
Qonunchilikka ko‘ra, sudlarda avval ko‘rmasdan qoldirilgan ishlar bo‘lishi mumkin. Bunda takroran berilgan arizalar bo‘yicha davlat boji qaytadan umumiy asoslarda to‘lanadi. Agar ariza ko‘rmasdan qoldirilgani munosabati bilan davlat boji qaytarilishi kerak bo‘lsa-yu, lekin qaytarilmasa, agar davlat boji budjetga o‘tkazilgan kundan eʼtiboran fuqarolik to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq daʼvo muddati tugamagan bo‘lsa, davlat boji to‘langanligi to‘g‘risidagi dastlabki hujjat takroran berilgan arizaga ilova qilinishi mumkin. Bunda fuqarolik ishi dastlabki to‘langan davlat bojiga asosan ko‘riladi.
Fuqarolik sudlarida shunday daʼvolar mavjudki, ularda aniq davlat boji stavkalari ko‘rsatilmaydi va ular uchun davlat boji daʼvo bahosidan kelib chiqib hisoblab chiqiladi.
Mol-mulk bilan bog‘liq nizolar bo‘yicha davlat boji molmulkning umumiy summasidan kelib chiqib hisoblab chiqiladi.
Bir protsess doirasida bir vaqtning o‘zida ham mulkiy, ham nomulkiy xususiyatga ega bo‘lgan daʼvolar ko‘rilishi mumkin. Bunday holatlarda mulkiy va nomulkiy xususiyatga ega bo‘lgan daʼvo arizalari uchun mulkiy xususiyatdagi daʼvo arizalari uchun belgilangan stavkalar bo‘yicha va nomulkiy xususiyatga ega daʼvo arizalari uchun belgilangan stavkalarga ko‘ra, har bir talab bo‘yicha alohida-alohida davlat boji to‘lanishi belgilangan. Bular davlat bojini undirishnng o‘ziga xos xususiyatlari hisoblanadi. Shuning bilan bir qatorda, Fuqarolik protsessual kodeksini o‘rganishda va amaliyotda qo‘llashda davlat bojini undirish bilan bog‘liq ayrim muammolar mavjudligini ko‘rish mumkin.
“Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunning ilovasiga asosan fuqarolik sudlariga murojaat qilganlik uchun davlat bojlari davlat boji stavkalari miqdorlaridan kelib chiqib belgilangan. Birgina mulkiy xususiyatga ega daʼvo arizalaridan daʼvo bahosining 4 foizi miqdorida, biroq BHMning 1 baravaridan kam bo‘lmagan miqdorda davlat boji undirilishi belgilangan4. Mulkiy xususiyatga ega daʼvolarning o‘ziga xos jihatlaridan kelib chiqilishi maqsadga muvofiqdir. Masalan, fuqarolarga yetkazilgan har qanday moddiy zarar bo‘yicha davlat bojlari aynan mana shu bandga muvofiq, mulkiy tusdagi daʼvo arizalari bo‘yicha davlat boji to‘lanadi. Lekin moddiy zararning tarkibiy qismini faqatgina mulkiy xususiyatga ega daʼvolar tashkil etmaydi.
Fuqarolik qonunchiligida moddiy zarar degan tushunchaga taʼrif berilmagan. Bizning fikrimizcha, moddiy zarar deganda nafaqat mulkiy, balki shaxsning sog‘lig‘iga yetkazilgan zarar bo‘yicha qilingan xarajatlar ham kiradi. Ammo “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonunga asosan, moddiy zarar uchun qancha miqdorda davlat boji undirilishi belgilanmagan. Lekin sudga bunday talab bilan qilingan murojaat mulkiy xususiyatga ega daʼvo arizasi sifatida baholanadi. Shuning o‘zi ham qonunda “moddiy zarar” tushunchasiga taʼrif berilishi, moddiy zarar uchun davlat boji stavkalarining belgilanishi maqsadga muvofiqligini ko‘rsatadi.
Shuningdek, maʼnaviy zararni undirish masalasida mazkur qonunda alohida band sifatida davlat boji stavkalari belgilanmagan. Qonun ilovasi “E” bandining maʼnaviy zarar “turar joylar ijarasiga doir shartnomani o‘zgartirish yoki bekor qilish to‘g‘risidagi daʼvo arizalaridan, mol-mulkni xatlovdan chiqarish to‘g‘risidagi va mulkiy xususiyatga ega bo‘lmagan (yoki baholanmaydigan) boshqa daʼvo arizalardan” deyilgan bandiga ko‘ra undiriladi. Bu jumlaning faqatgina oxirgisi, yaʼni mulkiy xususiyatga ega bo‘lmagan (yoki baholanmaydigan) degan joyigina maʼnaviy zararni undirish uchun asos bo‘la oladi. Vaholanki, maʼnaviy zararni undirishni alohida band sifatida kiritish maqsadga muvofiq bo‘ladi.
Xulosa qilib aytganda, bugungi kunda O‘zbekistonda fuqarolarning sud idoralariga o‘zlarining huquqlarini himoya qilish va buzilgan huquqlarini tiklashni so‘rab murojaat qilishlari uchun barcha huquqiy vositalar yetarli darajada deb hisoblash mumkin. Shuning bilan birga, fuqarolik sudlarida davlat bojlarini undirishning o‘ziga xos jihatlarini tadqiq qilish, amaldagi qonun hujjatlarini takomillashtirish muhim hisoblanadi.
Nargiza SULAYMONOVA,
Toshkent davlat yuridik universiteti
Fuqarolik protsessual va iqtisodiy
protsessual huquqi kafedrasi
katta o‘qituvchisi
1 “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonun 19-moddasining o‘ninchi qismi. //https://lex.uz/ru/docs/4680944.
2 “Davlat boji to‘g‘risida”gi qonun 19-moddasining o‘n birinchi qismi. //https://lex.uz/ru/docs/4680944.
3 O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi plenumining 2020-yil 21-fevraldagi 5-sonli qarori. // https://lex.uz/docs/4756696.
4 “Davlat boji to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuniga ilova //Davlat boji stavkalari miqdori.// https://lex.uz/ru/docs/4680944