Foniyning muxtara’ gʻazallari

0
408

Alisher Navoiyning forsiy g‘azallari ko‘pdan buyon ilmiy jamoatchilikning diqqatini o‘ziga jalb etib kelmoqda. Jumladan, O‘zbekistonda ham “Devoni Foniy” haqida qator tadqiqotlar amalga oshirilgan.

S. Ayniy, A. Fitrat, A. Sa’diy, O. Sharafiddinov, V. Mahmud kabi olimlarimizning Navoiyning forsiy g‘azallari haqidagi ayrim ishoralarini inobatga olgan holda “Devoni Foniy” atoqli matnshunos olim H. Sulaymon tomonidan nashrga tayyorlanib, e’lon qilingandan keyin foniyshunoslik navoiyshunoslikning alohida tarmog‘i sifatida shakllandi.

Foniy she’riyati bugungi kungacha asosan qiyosiy adabiyotshunoslik nuqtayi nazaridan tahlil etilib, uning g‘azallaridagi an’ana va novatorlik, badiiylik va bezavol yangilik masalalarini turli olimlar tahlil qilgan. Jumladan, A.Mirzoyev va M.Azimov Foniy va Hofiz Sheroziy g‘azallarini qiyosiy tahlil doirasiga kiritgan bo‘lsalar, A.Shomuhamedov tatabbu’ an’anasini ilmiy-nazariy jihatdan asoslash uchun Foniyning Jomiy g‘azallariga javoban yozgan lirik asarlariga e’tibor qaratgan. Filologiya fanlari nomzodi S.Sotiboldiyeva Foniy g‘azallarining badiiy xususiyatlarini Amir Xusrav Dehlaviy g‘azallariga yozgan tatabbu’lari asosida yoritib berishga harakat qilgan.

Foniyning birovga izdoshlik qilmagan holda yozgan go‘zal g‘azallari (ularga nisbatan shoirning o‘zi “Muxtara’”, “Ixtiro’” istilohlarini qo‘llagan) bugungi kungacha tadqiqot doirasidan chetga qolib kelmoqda. Holbuki, aynan shu g‘azallarning badiiy xususiyatlari, an’ana va novatorlik masalasi, shoirning ijodkorlik mahoratini tadqiq qilgandagina Foniyning forsiy adabiyotdagi o‘rni va mavqei haqida to‘liq tasavvur hosil qilish imkoniga ega bo‘lamiz.

“Devoni Foniy”da 95 ta g‘azal “Muxtara’” yoki “Ixtiro’” nomi bilan qayd etilgan. Shulardan “sharob” radifli ikkita g‘azalning boshqalariga o‘xshamaydigan bir jihati bor: bularda Foniy o‘zining muxtara’ g‘azaliga o‘zi javobiya g‘azal yaratgan. Birinchi g‘azalning matla’i quyidagicha:

Ba subh toibam az mehnati xumori sharob,
Vale ba shomi digar doram intizori sharob

(Ma’nosi:
Sharob xumorining azobidan tong payti sharobdan tavba qilaman,
Lekin kech kirgach, yana sharobga muntazirman).

Keyingi g‘azal esa “Dar javobi g‘azali guzashta” (Oldingi g‘azalga javob) deb nomlanib, quyidagi matla’ bilan boshlanadi:

Chunon shudast ruxat gul-gul az bahori sharob,
Ki digaram ba dil afkand xor-xori sharob.

(Ma’nosi:
Yuzing sharob bahoridan gul-gul ochilib, shunday yashnabdi,
Kim yana ko‘nglimga sharob iztirobini soldi).

Ikkala g‘azal ham radifli g‘azal bo‘lib, mujtassi musammani maqsur bahrida yaratilgan. An’anaviy xamriyot janrida bitilgan ushbu g‘azallarning boshqa g‘azallardan farqlanuvchi asosiy xususiyati – ham ohang, ham mazmun jihatidan bir-biriga juda mos va muvofiq tushgan qofiya va radif tanlangan. Radifli g‘azal aytish esa Amir Xusrav Dehlaviy isbotlaganidek, fors shoirlarining she’riyatga kiritgan yangiliklaridan hisoblanadi.

Arab she’riyatida radifli g‘azal deyarli yo‘q, chunki arab tilining tabiati radifli she’r yozishga mos kelmaydi. She’rni radifning mantiqiy mehvari atrofida birlashtirish, shu orqali yagona mavzuning turli qirralarini ochib berish, har bir bayt va hatto ayrim paytlarda alohida bir misrada tugal bir ma’noni joylashtirib, go‘zal ma’naviy silsila hosil qilish shoirdan katta kuch va iqtidor talab qiladi. Tahlil qilinayotgan g‘azallarda ushbu fazilatlardan tashqari, unga ziynat bag‘ishlab turgan yana bir shakliy unsur bor: qofiya va radifda yonma-yon keladigan cho‘ziq alif (o) hamda sonorli undoshlardan bo‘lmish “re” harfi (xumor, intizor, bahor, xor-xor hamda sharob) g‘azaldagi ohanglilik, musiqaviylik, ravonlikni ta’minlay olgan. Arab adabiyotshunosi al-Askariyning (XI asr) mashhur iborasi bor: “She’riyatda eng muhimi – yangi mavzu topish emas. Chunki bunga arab ham, ajamiy ham, shaharlik ham, ko‘chmanchi ham bir xilda qodir. Muhimi – qay tariqa ifodalash”. Agar Ibn Sino she’rni “kalomi mavzuni muxayyali muqaffo” (vaznga ega, taxayyul bilan yozilgan, qofiyalangan so‘z) deya ta’riflaganini inobatga olsak, yuqoridagi baytlarda ham vazn, ham qofiya va ham radif bir-biriga mutanosib ravishda tanlanganiga guvoh bo‘lamiz.

Foniy g‘azaliyotiga xos yaxlitlik, mantiqiy izchillikni ta’minlagan omillardan yana biri – har bir g‘azalga konkret bir fikr, timsol yo detalning asos qilib olinishi va tasviriy imkoniyatlarning barchasi tasvir obyektining to‘liq va izchil ifodasi uchun safarbar etilishidan iborat. Yuqoridagi misollarda ham matla’da tugal bir ma’no o‘z ifodasini topgan bo‘lib, g‘azalning umumiy mazmun-mohiyatini o‘zida aks ettira olgan. Agar birinchi g‘azalda lirik qahramonning ishtiyoqi, umidvorligi, ruhiy o‘zgarishlari sharob xumoridan tavba qilish yo‘lidagi nochorligi orqali tasvirlangan bo‘lsa, ikkinchi g‘azalda bu ikkilanishlar butkul bartaraf bo‘lib, shoir o‘z dardining chorasi sharobda ekanini uqtiradi. Birinchi g‘azalda ruhiy tasvir unsurlari yetakchilik qilsa, ikkinchi g‘azalda falsafiy ohang ustunlik kasb etadi. Shu tariqa, ayni bir mavzuda, vazn, qofiya va radif asosiy timsolni o‘zgartirmasdan ham ikkita mustaqil va ayni paytda bir-birini to‘ldiruvchi, umumlashma xulosalar, kutilmagan tashbehlar, oldin uchramagan kuzatuvlarga boy, eng muhimi, har biri o‘zgacha kayfiyat bag‘ishlovchi asar yaratish mumkinligini ushbu g‘azallar misolida ko‘ramiz.

Foniyning muxtara’ g‘azallarida ko‘zga tashlanadigan yangiliklaridan yana biri shuki, u xalq tilida mavjud, ammo o‘sha davr yozma adabiyotida qo‘llanmaydigan so‘zlarni dadillik bilan qo‘llab, she’riyatni leksik jihatdan ham boyitgan. Jumladan, tahlil qilinayotgan g‘azalning quyidagi baytlarida mumtoz fors she’riyatiga “begona” ikkita so‘zga ko‘zimiz tushadi:

Baloxo‘roni xaroboti ishqro dar dil,
Chi fitnaho, ki daroyad ba ro‘zgori sharob
Sabo‘kashoni mayi ishqro chu ushturi mast
Ba rohi dayr kafandoz bin zi bori sharob.

(Ma’nosi:
Ishq xarobotidagi ozig‘i balo bo‘lganlarning ko‘nglida
Sharob davronida ne fitnalar kirar.
Ishq mayining tarqatuvchilarini mast tuyalar kabi
Sharob borida dayr yo‘lida og‘zidan ko‘pik sachrayotganiga qara).

Yuqorida belgilangan ikkala so‘z “Farhangi zaboni tojiki”da mavjud emas. Qolaversa, bu so‘zlar Foniyning g‘azalnavislikdagi ustozlari – Hofiz, Sa’diy, Amir Xusrav, Jomiylarning asarlarida ham uchramaydi. Navoiy-Foniy turkiy asarlarida qo‘llagan muvaffaqiyatli tajribalarini forsiy g‘azallarida ham tatbiq etgan va bunda ham yaxshi natijalarga erishgan.

Bundan tashqari, Foniy fors mumtoz adabiyotiga xos bo‘lgan teranlik xususiyatiga ko‘lamlilik xossasini ham qo‘shishga harakat qildi. Foniygacha bo‘lgan g‘azallarda (bu holat ayniqsa, Hofiz Sheroziy g‘azallarida o‘zining avji a’losiga yetgan) ma’no daqiqligi va chuqur o‘ylash orqali undan estetik zavq olish mumkinligi shoirlik mahoratining yetuk namunasi bo‘lgan.

Shu tariqa har bir bayt, misra yo iboraga turli mazmun-mohiyat “yuklanib”, g‘azallar “fikrlar assotsiatsiyasi”ga (I.S.Braginskiy ta’biri) aylanib qolgandi.

Foniy esa taxayyul ufqlarini kengaytirib, har bir g‘azalni yaxlit ruhiy manzara va yagona kayfiyatni ifodalovchi so‘zlar va ma’nolar tizmasiga aylantirishga erishgan. G‘azal endi ichida bebaho ma’naviy xazinalar yashirin chiroyli uylar (baytning lug‘aviy ma’nosi – uy demak) ko‘chasi emas, balki muhtasham ma’naviy koshonaga evrilgandek edi. Foniy g‘azallaridagi har bir ibora, har bir satr, har bir bayt ma’nolar silsilasini hosil qilib, muayyan holat va kayfiyatni to‘liq tasvirlashga xizmat qiladigan detal vazifasini o‘taydigan bo‘ldi.

Foniyning g‘azalnavislikda o‘tkazgan bunday tajribalari keyinchalik fors-tojik adabiyotida yangi uslub – “sabki hindiy” paydo bo‘lishiga zamin yaratdi.

Bu esa keyingi tadqiqotlarda Foniy devonini faqat salaflari bilan emas, balki undan keyin ijod qilgan shoirlar devoni bilan taqqoslagan holda komparavistik usulda chuqur o‘rganish lozimligini bildiradi.

Olimjon DAVLATOV,
navoiyshunos olim

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here