Oʻzbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi qonunining 3-moddasida korrupsiyaga quyidagicha taʼrif beriladi: korrupsiya — shaxsning oʻz mansab yoki xizmat mavqeyidan shaxsiy manfaatlarini yoxud oʻzga shaxslarning manfaatlarini koʻzlab, moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, xuddi shuningdek bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etishi.
Demak, korrupsiyaviy holatlar shaxslar moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida oʻz mansab yoki xizmat mavqeilaridan noqonuniy foydalanib, shaxsiy yoki oʻzgalar manfaatlarini koʻzlab, harakat yoki harakatsizlik qilganda vujudga keladi. Respublikamizda ushbu jinoyatga qarshi kurash sohasida maqsadli siyosat olib borilmoqda. Deyarli har bir davlat boshqaruvi, huquqni muhofaza qiluvchi organlarining faoliyatlarida korrupsiyaning oldini olish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, Prezidentimizning “2022 – 2026-yillarga mo‘ljallangan Yangi Oʻzbekistonning taraqqiyot strategiyasi toʻgʻrisida”gi farmonining 84-maqsadida korrupsiyaga moyil soha va tarmoqlarni aniqlash, korrupsiyaviy omillarni bartaraf etish tizimining samaradorligini oshirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, korrupsiyaga qarshi kurashish amaliyotida tizimli preventiv choralarni kuchaytirish kabi amalga oshirilishi muhim va ayni vaqtda eng dolzarb vazifalar koʻrsatilgan.
Jumladan, prokuratura organlarida ham korrupsiyaning oldini olish maqsadida koʻplab ishlar olib borilmoqda. Xususan, ushbu tizimni korrupsiyadan holi qilish maqsadida qonunchilik asoslari takomillashtirilmoqda, prokuratura organlari faoliyatining ochiqligini, shaffofligini taʼminlashga, fuqarolarning ushbu tizimga boʻlgan ishonchi va hurmatini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Oʻzbekiston Respublikasi prokuratura organlarida korrupsiyani oldini olishning eng birinchi huquqiy asosi Konstitutsiya boʻlsa, keyingi oʻrinda Oʻzbekiston Respublikasining “Prokuratura toʻgʻrisida”gi qonuni turadi.
“Prokuratura toʻgʻrisida”gi qonunning 5-moddasida keltirilishicha, prokurorlar va prokuratura organlari xodimlari oʻz faoliyatlarini birlik, qonuniylik, mustaqillik va oshkoralik prinsiplari asosida amalga oshiradi.
Keyingi normativ-huquqiy xujjat bu Oʻzbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi qonuni boʻlib, korrupsiyaga qarshi kurashishning asosiy prinsiplari, ushbu sohadagi davlat siyosatining asosiy yoʻnalishlari, davlat organlarining vakolatlari, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish, korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlar, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni aniqlash, ularga chek qoʻyish, javobgarlikning muqarrarligi kabi masalalar tartibga solingan.
Shu bilan birgalikda, “Korrupsiyaga qarshi kurashish toʻgʻrisida”gi qonunning 17-moddasida davlat organlari va boshqa tashkilotlar oʻz mansabdor shaxslarining hamda boshqa xodimlarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi huquqiy savodxonligini, shu jumladan huquqiy bilimlari darajasini oshirish yuzasidan zarur chora-tadbirlar koʻrishi belgilangan.
Xulosa oʻrnida shuni aytish kerakki, birinchidan, prokuratura organlarida korrupsiyaviy xavf-hatar tushunchasini ishlab chiqish, uning omillarini shakllantirish va baholash tizimlarini joriy qilish korrupsiyaga qarshi kurashishning samarali mexanizmlaridan biridir. Ikkinchidan, korrupsiyaviy omillarni shakllantirish huquqbuzarlikning barvaqt oldini olishga yordam beradi. Uchinchidan, yuqorida sanab oʻtilgan normativ-huquqiy xujjatlar prokuratura organlarida korrupsiyani oldini olishga, qonuniylik, qonun ustuvorligini taʼminlashga, xodimlarning oʻz xizmat vazifalarini bajarish davomida halol boʻlishlarini, har qanday vaziyatda ham adolatli va qonuniy qaror qabul qilishlarini taʼminlaydi.
Umid QAYUMOV,
Toshkent viloyat prokuraturasi
boʻlim katta prokurori