Aybga iqrorlik to‘gʻrisida kelishuv tushunchasi

0
350

So‘nggi yillarda mamlakatimizda shaxsning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish, uning sha’ni va qadr-qimmatini hurmat qilish, sud ishlarini yuritishning barcha bosqichlarida taraflarning tortishuvi tamoyili qo‘llanishini kengaytirish hamda ushbu sohada xalqaro standartlar va ilg‘or xorijiy tajribani joriy etishga qaratilgan bir qator qonun hujjatlari qabul qilinmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 10-avgustdagi “Sud-tergov faoliyatida shaxsning huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini yanada kuchaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi, Davlat xavfsizlik xizmati, Adliya vazirligi va Inson huquqlari bo‘yicha milliy markazning taklifidan kelib chiqib, jinoyat-prosessual qonunchiligiga aybga iqrorlik bo‘yicha kelishuv institutini joriy qilish vazifasi qo‘yilgan edi.

Aybga iqrorlikning mavjudligi jinoyat ishini yuritishning umumiy tartibidan yarashuv to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha ish yuritish, ishni sudga qadar yuritish bosqichida amnistiya aktini qo‘llash kabi alohida toifadagi jinoyat ishlarini yuritish tartibiga o‘tilishining zaruriy sharti hisoblanadi. Odil sudlov manfaatlari yuzasidan qaraydigan bo‘lsak, jinoyat ishlarini yuritishning soddalashtirilgan tartib-taomillarida aybga iqrorlikka zaruriy element sifatida qaraladi.

Aybga iqrorlik bitimida jinoiy sheriklar haqida ma’lumot berish, zararni qoplash, dalillarni ixtiyoriy taqdim qilish kabi shartlar xususida kelishuvga erishilishi mumkin. Aybga iqrorlik bitimi jinoyat olami yoki jinoyatni sodir qilgan shaxs bilan murosa qilishning bir yo‘li, ko‘rinishi. Aytish lozimki, bunday ish yuritish qoidalarini hamma ham qo‘llab-quvvatlamaydi. Aybga iqrorlik tartib-taomiliga qarshi bo‘lganlar eng avvalo sudda isbot qilish to‘liq amalga oshirilmasligi tufayli sudning qarorlari adolatsiz bo‘lishini vaj qilib ko‘rsatadilar.

Jinoyat ishlarini yuritishda aybga iqrorlik bo‘yicha kelishuv tartibini milliy huquq tizimimizga kiritish masalasi ko‘p yillardan buyon ilmiy jamoatchilik e’tiborini tortib kelgan.

Mamlakatimizda oxirgi yillarda ko‘plab mualliflar, jumladan, Q. Matkarimov, N. Ko‘shayevlar aybga iqrorlik bo‘yicha kelishuvni milliy qonunchiligimizga kiritish xususida takliflarni ilgari surgan.

Aybga iqrorlik bo‘yicha kelishuv bir qator davlatlar qonunchiligida o‘zining samarali choralardan biri ekani bilan xarakterlanadi. Jumladan, AQSH, Angliya, Italiya, Ispaniya, Germaniya, Fransiya, Estoniya, Isroil, Hindiston va Rossiya, Moldova, Qozog‘iston, Gruziya kabi qator davlatlar qonunchiligi shular jumlasidan.

Daniya, Fransiya va Germaniya qonunchiligida aybsiz kishi javobgarlikka tortilishining oldini olish maqsadida sud haqiqatni aniqlash prinsipiga alohida e’tibor qaratib, bu borada barcha choralarni ko‘rishi kerak. Bu talab Rossiya, Ukraina, Qozog‘iston, Qirg‘iziston jinoyat-protsessual qonunchiligida ham aks etgan bo‘lib, ushbu qoidalar yengilroq jazo tayinlashning bir ko‘rinishi sifatida mustahkamlangan.

Aybga iqrorlik to‘g‘risidagi kelishuv tushunchasi jinoyat-protsessual qonunchiligida mutlaqo yangi institut bo‘lib, mamlatimizda 2021- yil 21-fevraldagi “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat hamda Jinoyat-protsessual kodekslariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun qabul qilinishi asosida Jinoyat-protsessual kodeksi “Aybga iqrorlik to‘g‘risidagi kelishuv” deb nomlangan yangi 621-bobga ega bo‘lganligi bilan bog‘liqdir.

621-bobning 5861-moddasiga ko‘ra “Aybga iqrorlik to‘g‘risidagi kelishuv jinoyat ishini yuritishni o‘ziga nisbatan qo‘yilgan gumonga, ayblovga rozi bo‘lgan, jinoyatning ochilishiga faol ko‘maklashgan va keltirilgan zararni bartaraf etgan gumon qilinuvchining yoki ayblanuvchining iltimosnomasiga asosan nazorat qiluvchi prokuror bilan ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan, uncha og‘ir bo‘lmagan va og‘ir jinoyatlar bo‘yicha tuziladigan kelishuvdir”.

O‘zbek tilining izohli lug‘atida aybga iqrorlik tushunchasining so‘z birikmasi shaklidagi umumiy tushunchasi mavjud emas. Lekin ushbu so‘z birikmasida ishlatilgan so‘zlarning tahlili orqali uning lug‘aviy ma’nosini bilib olish mumkin. “Ayb” so‘zining lug‘aviy ma’nosi sifatida nuqson, rasm-qoidaga va odob-axloq me’yorlariga xilof ish, xatti-harakat, gunoh ma’nolari keltirilgan. Shuningdek, qonunga xilof xatti-harakat, javobgarlikka tortishning zarur sharti tushunchasi ham o‘z ifodasini topgan. “Iqror” so‘zi esa “e’tirof etish, rost deb hisoblash, tan olish, bo‘yniga olish” ma’nolarida tushunilishi qayd etilgan. “Kelishuv” so‘zining lug‘aviy ma’nosi esa o‘zaro maslahatlashib bayon etilgan fikr, xulosa, qaror, bitim, shartnoma ma’nolarida aks etgan.

Demak, kelishuv bizni qiziqtirayotgan ma’noda gumonlanuvchi, ayblanuvchining prokuror bilan aybga iqrorligi yuzasidan tuzgan bitimi hisoblanadi.

Nazarimizda, qonunda keltirilgan aybga iqrorlik to‘g‘risidagi kelishuv tushunchasida bir qator noaniqliklar mavjud bo‘lib, ularga aniqlik kiritish uchun jinoyat protsessi nazariyasida aybga iqrorlik to‘g‘risidagi kelishuvga doir ta’riflarga murojaat qilishni lozim topdik. Hozirga qadar yuridik adabiyotlarda aybga iqrorlik to‘g‘risidagi kelishuv tushunchasiga oid yakdil fikr mavjud emas. Bu esa ushbu institutning ko‘p qirrali ekanidan dalolat beradi.

Mamlakatimiz sud-huquq tizimida ushbu institut (tushuncha) yangi bo‘lishiga qaramay qator amaliyot xodimlari va olimlar tomonidan ayrim fikr va mulohazalar bildirilgan. Xususan, S. Toshniyozov aybga iqrorlik to‘g‘risidagi kelishuv gumon qilinuvchi, ayblanuvchi tomonidan tergov organiga bildirilgan taklif bo‘lib, taraflarning tengligi, roziligi asosida tuzilishini, kelishuv prokuror hamda gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchi hamda ularning himoyachisi tomonidan imzolananishi lozimligini ta’kidlab o‘tgan.

S. Muxanovning nazdida, bu Jinoyat-protsessual kodeksi bilan tartibga solinadigan, ijtimoiy xavfi katta bo‘lmagan, uncha og‘ir bo‘lmagan, og‘ir jinoyatlarni tergov qilish va fosh etish uchun bir tomondan tergovchi va prokuror, ikkinchi tomondan ayblanuvchi va uning himoyachisi o‘rtasida o‘zaro manfaatli kelishuv tuzishdan iborat bo‘lgan prosessual institutdir.

Xorijiy mamlakatlar olimlarining fikrlariga e’tiborimizni qaratadigan bo‘lsak, ayrim olimlar aybga iqrorlik to‘g‘risidagi kelishuv jinoiy javobgarlikdan himoya qilmasligi, faqatgina jinoiy jazoni yengillashtirish uchungina asos bo‘lishini ta’kidlashgan bo‘lsa, V. Semensov va Y. Loshkobanovalar aybga iqrorlik to‘g‘risidagi kelishuvni bir tomonlama bitim sifatida baholab, gumon qilinuvchi, ayblanuvchining majburiyatlari ixtiyoriy tusda, ikkinchi tomonda turgan prokurorning majburiyatlari esa jinoyat-protsessual qonunida alohida hollarda yuzaga kelishini e’tirof etgan.

Yuqorida aybga iqrorlik to‘g‘risidagi kelishuv bir tomonlama ekani to‘g‘risida fikr bildirilgan bo‘lib, nazarimizda aybga iqrorlik to‘g‘risidagi kelishuvdan har ikkala taraf manfaatdor bo‘lishi lozim. Xususan, gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchi o‘ziga nisbatan yengilroq jazo tayinlanishidan manfaatdor bo‘lsa, jinoyat ishini yuritishga mas’ul davlat organlari va mansabdor shaxslar jinoyatlarning tez ochilishiga, kuch va vositalarning tejalishiga hamda ish hajmining kamayishiga erishadi.

Tadqiqotchi V. Kolesnikning fikriga ko‘ra, aybga iqrorlik to‘g‘risidagi kelishuvning asosiy xususiyati va negizi garchi teng bo‘lmagan (subyektlar) sharoitlarda bo‘lsa ham teng huquqli subyektlarning bitimlari sifatida tushunilishi lozim ekanini bildirgan. N. Dudina esa aybga iqrorlik to‘g‘risidagi kelishuvda gumon qilinuvchi yoki ayblanuvchi tomonidan chin ko‘ngildan pushaymonlik, tavba qilish aybga iqrorlik insitutining moddiy-huquqiy asosi hisoblanishini, aybga iqrorlik to‘g‘risidagi kelishuvning o‘zi fuqarolik-huquqiy tabiatga ega emasligini, balki huquqni qo‘llash shakllaridan birini ta’minlovchi hujjatning bir turi sifatida namoyon bo‘lishini keltirib o‘tgan.

K. Bagautdinov ilmiy izlanishlarida aybga iqrorlik to‘g‘risidagi kelishuv taraflar o‘rtasida ixtiyoriy ravishda tuziladigan shartnoma bo‘lib, prokurorga aybga iqrorlik to‘g‘risidagi kelishuv tuzishni majburiyat sifatida yuklash mumkin emasligi, prokurorning kelishuv tuzishni rad etishi adolatga erishishga to‘sqinlik qilmasligi va protsess ishtirokchilarining huquq va erkinliklarini cheklamasligini qayd etgan. Shu boisdan ham sudlar prokurorning qarori ustidan berilgan shikoyatni ko‘rib chiqishda rad qilish qarorining asosli ekanini muhokama qilmasdan, qaror tegishli shaxs tomonidan o‘z vakolatlari doirasida chiqarilgan deb xulosa qilishi, fuqaroviy-huquqiy shartnomalardan farqli o‘laroq sudga qadar hamkorlik qilish haqidagi kelishuvda jamoatchilik ustunlikka ega bo‘lishi, kelishuvning o‘ziga xosligi, unda jamoatchilik va shaxsiy manfaatlar bir-biriga qarama-qarshi kelgan hollarda jamoatchilikning manfaatlari inobatga olingan holda ish hal etilishi ta’kidlab o‘tilgan.

K. Bagautdinovning fikriga qo‘shilgan holda, aybga iqrorlik to‘g‘risidagi kelishuvda prokuror
jinoyat protsessual qonunida ko‘rsatilgan kelishuvning barcha shart va xususiyatlarini tushuntiradi va qo‘llaydi. Biroq kelishuvning o‘zida qaysidir majburiyatlarni bajarishni prokuror zimmasiga yuklash mumkin emas. Sababi, sudga borib vaziyat batamom o‘zgarishi va kelishuvdagi qoidani qo‘llashning iloji bo‘lmay qolishi mumkin.

Tadqiqotchi S. Kasatkina jinoyat ishi bo‘yicha sudga qadar tergov bosqichida ayblov va himoya taraflari o‘rtasida bitim tuzilishi imkonini legallashtirishni qonunchilik uchun tub yangilik sifatida baholaydi. Ushbu kelishuvda ayblanuvchining tergov bilan hamkorligi chegarasi, shakli va shartlari belgilanib, sud muhokamasi tartibini o‘zgartirishga imkon beradi, natijada ayblanuvchi sodir etgan jinoyati uchun jazo miqdorini kamaytirish shaklidagi imtiyozga ega bo‘ladi.

G. Belova aybga iqrorlik to‘g‘risidagi kelishuv odil sudlovni amalga oshirishni soddalashtiradigan, shu orqali tezlashtiradigan tartib ekanini asoslab, bu odil sudlovuchun muhimligini qayd etadi. T. Topchiyeva o‘z navbatida “kelishuvning maqsadi ish yuritishni soddalashtirish va tezlashtirish emas, balki gumon qilinuvchini (ayblanuvchini) huquqni muhofaza qilish organlari bilan faol hamkorlikka jalb qilish va ularga jinoyatlarni tergov qilishda yordam berishdan iborat” deb ta’kidlaydi.

Bizningcha, yuqorida keltirilgan fikrlarda olimlar aybga iqrorlik institutining tarkibiy tuzilishiga tegishli jarayonlarni aks ettirgan bo‘lsa-da, ushbu fikrlar ushbu institutning mohiyati va tushunchasini to‘liq ochib bermaydi.

Fikrlar xilma-xilligi, adabiyotlar va internet saytlarida bunday fikrlarning keng tarqalganiga qaramay hanuzgacha aybga iqrorlik to‘g‘risida aniq tushunchaning mavjud emas. Chunki aybga iqrorlik to‘g‘risidagi kelishuv instituti mamlakatimiz jinoyat-protsessual qonunchiligida yangi institut bo‘lib, xorijiy mamlakatlarning qonunchiligida mavjud bo‘lgan institutlardan farq qiladi.

Achinarlisi, aybga iqrorlik to‘g‘risidagi kelishuv instituti amaldagi jinoyat-protsessual qonunchilikda o‘z aksini topgan bo‘lsa-da, uni amalga oshirish mexanizmi bo‘yicha normalarning yetarli darajada tartibga solinmagani sud-tergov amaliyotida bir qator muammolarning kelib chiqishiga, natijada esa ushbu institutning qo‘llanilmasligiga sabab bo‘lmoqda.

Yuqorida bildirilgan fikrlarning chuqur tahlili esa aybga iqrorlik to‘g‘risidagi kelishuvni quyidagicha ta’riflash imkonini berdi: “Aybga iqrorlik to‘g‘risidagi kelishuv – surishtiruv va dastlabki tergovning istalgan vaqtida o‘ziga nisbatan qo‘yilgan gumon yoxud ayblovni tan olgan, qilmishidan chin ko‘ngildan pushaymon bo‘lgan, jinoyatning ochilishiga ko‘maklashgan va yetkazilgan zararni to‘liq qoplagan gumon qilinuvchi va ayblanuvchining jinoyatlar bo‘yicha prokuror bilan tuzadigan ixtiyoriy kelishuvidir”.

Demak, aybga iqrorlik bo‘yicha kelishuv o‘ziga xos ko‘p tomonlama bitim bo‘lib, birinchidan, gumonlanuvchi, ayblanuvchi uchun quyidagicha ahamiyat kasb etadi:

– jazo tayinlashda rag‘batlantiruvchi qoidalarning qo‘llanishiga sabab bo‘ladi (Jinoyat kodeksining 572-moddasi);

– turli xil ovoragarchiliklarning oldi olinadi;

– qilmishiga yarasha tez va aniq fursatlarda javobgarlikka tortiladi, ayniqsa, qamoqda saqlangan holda sudning majlisini kutib o‘tirishdek qiyin sharoitlardan himoyalanadi.

Ikkinchidan, surishtiruv, tergov, prokuratura va sud uchun:

– vaqt va mablag‘larning tejalishi;

– sud muhokamasidan voz kechilishi, sudlarning jinoyat ishlari bo‘yicha yuklamasi kamayishi va o‘ta og‘ir, murakkab jinoyat ishlarini o‘z vaqtida sinchkovlik bilan ko‘rish imkoniyatining kengayishiga sabab bo‘ladi.

Uchinchidan, bu kelishuv jabrlanuvchi uchun ham ahamiyatli bo‘lishi mumkin:

– yetkazilgan zarar qoplanadi;

– gumonlanuvchi, ayblanuvchi bilan tez-tez ko‘rishishdek salbiy jihatlarning oldini oladi (sir
emas, shaxsga qarshi jinoyatlarda, xususan hayot, sog‘liq, jinsiy erkinlik va boshqa turdagi jinoyatlarda jabrlanuvchining ayblanuvchi, shuningdek, sudlanuvchi bilan uchrashishi, uning uchun juda og‘riqli kechadi);

– vaqtini tejaydi;

– turli xil yuzlashtirish, tergov eksperimentlari o‘tkazilishining oldi olinadi.

Xulosa qilib aytganda, aybga iqrorlik bo‘yicha kelishuv institutining mamlakatimiz jinoyat, jinoyat-protsessual qonunchiligiga tatbiq etilishi inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari himoyasi yuqori pog‘onaga ko‘tarilishida muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

Otabek TOSHEV,
Adliya vazirligi huzuridagi Huquqiy siyosat
tadqiqot instituti bo‘lim boshlig‘i,
TDYU mustaqil izlanuvchisi

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here