Anonim yozishmalarda hududga aloqador til birliklarining lingvistik tahlili

0
310

Oxirgi o‘n yillikda shaxsiy yozishmalar ancha faollashdi. Avvallari shaxsiy yozishmalarning maxfiyligi mustahkam axloqiy qoidalar bilan nazorat qilingan bo‘lsa, endilikda har bir kishi o‘zini-o‘zi nazorat qilishi, tartibga chaqirib turishiga to‘g‘ri keladi. Ya’ni internetda, jumladan, shaxsiy xabarlarda yozilgan barcha ma’lumotlar osongina ommalashishi mumkin. Bu insonning ehtiyotkorligini oshiradi va loqaydlikka barham berish kabi ijobiy xarakter kasb etadi.

Hozirgi davrda matn tilshunosligi va aloqa nazariyasi, qolaversa, sud-huquq tizimidagi lingvistik ekspertizaning eng asosiy obyektlaridan biri shaxsiy yozishmalar hisoblanadi. Shaxsiy yozishmalar tushunchasi qay mavzu va yo‘nalishda bo‘lishidan qat’i nazar insonning individual yondashib amalga oshirgan harakatidir.

Shaxsiy yozishmalar bir tomonlama va ikki tomonlama munosabatlarda bo‘lishi mumkin. Xabar yo‘llovchi va qabul qiluvchisi aniq bo‘lgan shaxsiy yozishmalar – ikki tomonlama yozishmalar sanaladi. Shuningdek, xabar yo‘llovchi aniq, qabul qiluvchi noaniq yoki xabar yo‘llovchi noaniq, qabul qiluvchi aniq bo‘lgan bir tomonlama munosabatdagi shaxsiy yozishmalar ham mavjud. Masalan, biror shaxs boshqa birovning o‘limiga sababchi bo‘lib qolishi va uning nomidan marhumning o‘zi aybdorligi xususida ma’lumot qoldirishi mumkin.

Bunda yozishma ijrochisi aniq, ammo qabul qiluvchilar marhumning oilasi, qolaversa, fuqarolar huquqini himoya qiluvchi davlat tashkilotlaridir.

Demak, shaxsiy yozishmaning ijro xususiyati bir tomonlama va ikki tomonlama shaxslar asosida amalga oshirilishi mumkin.

Tadqiqotchi K.Dolinning so‘zlariga ko‘ra, “shaxsiy yozishma – yozuvchi tomonidan oldindan o‘ylangan, semantik jihatdan qayta sintez qilingan va aytmoqchi bo‘lgan fikrining eng yaxshi variantlaridan birini bayon etadigan matni”. Yozma nutq tilning qayta ishlangan shakli bo‘lib, uning eng kichik tafsilotlarigacha tahrir qilish va qayta yaratish, undan keyingina aniq bir xulosaga kelish mumkin bo‘lgan jarayon mahsulidir. Shuning uchun ham yozma nutq og‘zaki nutqqa nisbatan aniq va tushunarliroqdir.

Shaxsiy yozishmalar shakliy xususiyatiga ko‘ra 4 guruhga bo‘linadi. Shaxsiy yozishmalarning lingvistik ekspertizasini tadqiq etgan Moskva yuridik instituti olimi O.Antonov ularni quyidagi turlarga ajratgan:

1) maktub shaklidagi shaxsiy yozishmalar;

2) SMS va ijtimoiy tarmoqlardagi shaxsiy yozishmalar;

3) audio tarzidagi shaxsiy yozishmalar;

4) video shaklidagi shaxsiy yozishmalar.

Kriminalistikada shunday jihatlar mavjudki, jinoyat sodir etilgan joy va uning turi kabi jarayonlar video tarzida saqlanib qoladi, ammo jinoyatni sodir etgan shaxs xira holda ko‘rinadi yoki maxsus niqobda harakatni amalga oshiradi. Bunday vaziyatda shaxsning nutqiy faoliyatini lingvistik ekspertiza qilish masalaga oydinlik kiritadi. Ovozning tiniqligi, nutqni tashkil etuvchi fonemalar, tezlik va talaffuz nisbiy aniqligi, uzunligi va strukturasi, belgi va so‘z hajmi, muayyan so‘zdan foydalanish, ijtimoiy vaziyatga ko‘ra so‘zlardan foydalanish, xususan, jarayon suhbatdoshlarining nutqiy imkoniyati, qobiliyatiga yo‘naltirilganligi – bularning barchasi shaxsni tavsiflovchi ko‘plab kompleks ko‘rsatkichlardir.

Yuqoridagi fikrga qo‘shimcha tarzda E.Sepir yana shunday izoh beradi: insonning barcha xatti-harakatlari uning nutqida namoyon bo‘ladi. Ya’ni an’anaviy fonoskopik ekspertizada ovozning tembri, to‘lqini, baland-pastligi kabi akustik va artikulatsiyaviy xususiyatlari o‘rganilgan bo‘lsa, lingvistik ekspertizada so‘z va tovushlarning orfoepik va transkripsion xususiyatlari: tovushning yumshoq-qattiqligi, qisqa-cho‘ziqligi, tor-kengligi, lablangan-lablanmaganligi kabi talaffuz belgilari o‘rganiladi. Bu yozishma muallifining qay hududga mansubligini aniqlashga yordam beradi. Xuddi shuningdek, audio yozishmalarda ham yuqoridagidek lingvistik tahlil amalga oshiriladi. Zotan, inson har qancha gapirish uslubini o‘zgartirishga harakat qilsa ham, baribir individual xususiyatlari uning nutqida element tarzida bo‘lsa ham aks etmay qolmaydi.

Lingvistik ekspertizaning an’anaviy sud ekspertizasidan farqi shundaki, nazariy tilshunoslik bilimlarini amalda tatbiq etish asosida matndagi so‘zdan tortib tinish belgilarigacha, xoh dalil matni yozma, xoh og‘zaki bo‘lsin, tubdan, izchil tahlil qilinadi. Bu matn muallifini aniqlashning eng yaqin taxminlarini berishga yo‘l ochadi.

Shaxsiy yozishmalarning qo‘lyozma, elektron, audio va video shakldagi turlarining o‘ziga xos jihatlariga ko‘ra lingvistik ekspertizani fanlar integratsiyalashuvi tarzida amalga oshirish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Shaxsiy yozishmalarning shakliy turini aniqlash uning mazmuniy guruhlarini ham o‘rganish va tahlilga tortishda asos vazifasini o‘taydi. Bu lingvistik ekspertizaning to‘laqonli bajarilishiga zamin hozirlaydi.

Shu o‘rinda lingvistik ekspertiza xatshunoslik ekspertizasining taraqqiyot bosqichi deyish mumkin. Ya’ni xatshunoslik ekspertizasida muammoli hamda anonim yozishmalarning shakliy xususiyatlari: yozuvning dinamikasi, harflarning katta-kichikligi, shakli (burchaksimon, ovalsimon, yotiq, to‘g‘ri kabi), yozuv vositasining turi, yozuv uslubi, bosim kuchi (yozuv vositasi kuchli bosimda, kuchsiz bosimda amalga oshirilishi) kabilar o‘rganiladi. Lingvistik ekspertizada esa muallifi noma’lum bo‘lgan, muammoli deb topilgan yozishmalarning mazmuniy xususiyatlariga ko‘proq ahamiyat beriladi. Yozishmadagi so‘zlarning ma’no darajalari, inson qadr-qimmatiga ta’sir kuchi kabi xususiyatlari o‘rganiladi. Bunda matn tarkibiy qismlarini, avvalo, komponentlarga ajratib leksik, grammatik, sintaktik, punktuatsion tomonlari butun-qism munosabati asosida tahlil qilinadi. Yozishma butun holatda o‘rganiladi, ya’ni umumiy mazmuni, nutq yo‘nalishi, tahdid, tahqir bor-yo‘qligi kabi qabul qiluvchiga nisbatan munosabatlar umumiy tarzda aniqlab olinadi. So‘ng matn qurilishidagi asosiy birliklar farqlanadi, avvalo ko‘zga tashlanadigan jihatlari ajratib olinadi. Masalan, noadabiy leksik, grammatik va fonetik unsurlar bunda muhim belgi vazifasini bajaradi. Saralab olingan birliklarning uslubiy, hududiy, shaxs yoshi va jinsiga ko‘ra jihatlari atroflicha tahlil qilinadi. Har ikkala ekspertizaning umumiy tomoni shundan iboratki, tahlil jarayonida dalil sifatida olingan materiallar o‘zaro qiyoslash, taqqoslash asosida yakuniy xulosalar hosil qilinadi.

Yuqorida ta’kidlanganidek shaxsiy yozishmalarning 4 turi ham lingvistik ekspertiza obyekti bo‘la oladi. Shaxsiy yozishmalarning shakliy xususiyatlariga ko‘ra lingvistik ekspertizaning ma’lum bir sohasi harakatga keladi.

Shaxsiy yozishmalarning lingvistik tahlilida tilshunoslik, sotsiolingvistika, areal lingvistika, lingvistik geografiya, matn tilshunosligi, pragmalingvistika, psixolingvistika bilan bir qatorda psixologiya, biologiya, fizika kabi soha mutaxassislarining xulosalari muhim o‘rinda turadi. Shunday ekan, tahlil jarayonida faqat tilshunos-ekspertning xulosalari bilan chegaralanib qolmay, balki turli soha mutaxassislarining xulosalari bilan umumlashtiriladi. Hech bir tarmoq alohida rivojlanmaganidek, lingvistik ekspertizada turli fanlarning integratsiyalashuv jarayoni aniq xulosa hosil qilishga yordam beradi. Bu lingvistik ekspertizada muallifning temperamenti, psixofiziologik holati, axloqi, ijtimoiy mavqeyi, hududiy mansubligi kabilar haqida ma’lumot olishga yordam beradi, huquqshunosning muammoli yozishmalarni ochib berishida ancha qo‘l keladi.

Shu o‘rinda shaxsiy yozishmalarning mazmuniy xususiyatlariga ham e’tibor qaratish muhim.

Chunki so‘zlovchining maqsadiga ko‘ra yozishma mazmuniy xarakter kasb etadi. Agar so‘zlovchi shaxsi, yashash joyi, ijtimoiy qatlami, jinsi, yoshiga xos xususiyatlarni sir saqlash asosida yozishmani amalga oshirsa, bunday yozishmalar anonim xatlar deyiladi. Bunday xatlarda tilshunos-ekspertdan talab qilinadigan vazifa ushbu yozishmadagi nutqiy hosilalarga qarab uning muallifiga xos bo‘lgan individual xususiyatlarni aniqlash va portretini yaratishdan iboratdir. Anonim shaxsiy yozishmalarda asosiy e’tibor matn muallifini
aniqlashga qaratiladi. Bundagi asosiy vazifa matn ijrochisining nutqidagi xato turlarini aniqlash va lingvistik jihatdan tahlil qilishdan iborat.

Muammoli yozishmalar esa anonim xatlardan tubdan farqlanadi. Muammoli yozishmalarda asosiy e’tibor yuqorida keltirilganidek nutqiy hosilalarning semantik, sintaktik, grammatik xususiyatlariga qaratiladi. Ya’ni bunday matnlarda so‘zning ma’noviy darajalari muhim rol o‘ynaydi.

Muammoli yozishma – nutqiy hosilalarning semantik ifodasida haqorat, tazyiq, tahdid, tahqir, tuhmat, kamsitish, obro‘sizlantirish kabi inson sha’ni va manfaatlariga putur yetkazuvchi birliklar ask etgan yozuvdir. Bu masalada Kemerovo instituti olimi L.G.Kim xolistik usuldagi lingvistik ekspertizani taklif qiladi. Bu usul matnning butun holati, ya’ni umumiy mazmuni, nutq yo‘nalishi, da’vat yoki tahqirning mavjudligi kabilar bilan bir qatorda matnning tarkibini tashkil etuvchi eng kichik qismlarigacha o‘rganishdir. Bunda matnning umumiy holatidan matndagi elementlar va ularning chastotasini taqqoslash orqali muallif haqida xulosa chiqariladi.

Rus olimi A.Baranov esa kvazisinonimik tahlil usulini taklif qiladi. Unda butun va qismlarning sinonimligi yuzasidan leksemalarni tahlil qilish orqali matn muallifi aniqlanadi. Masalan, juda oz, to‘satdan, bexosdan, kutilmaganda kabi so‘zlar mazmunan boshqa-boshqa tushunchani ifodalasa-da, ular matn tarkibida kontekstual sinonimlikni hosil qiladi. Shaxsiy yozishmalarning tili turli yo‘nalishda bo‘lishi mumkin. B.Najua matnlarning umumiy tasnifiga asoslanib, xat ko‘rinishidagi matnlarining quyidagi subtiplarini ta’kidlaydi:

1) informatsion ruhdagi xatlar;
2) da’vat ruhidagi xatlar;
3) kommunikativ ruhdagi xatlar.

Shu kabi ma’noviy xususiyatlar yozishma ijrochisining maqsadini aniqlab olishga ancha yordam beradi. Olimlar I.Yaroshuk, N.Jukova, N.Doljenko shaxsiy yozishmalarni quyidagi ma’noviy turlarga ajratishgan:

• ekstremistik xarakterdagi shaxsiy yozishmalar;
• terroristik xarakterdagi shaxsiy yozishmalar;
• shaxsning obro‘yiga putur yetkazish xarakteridagi shaxsiy yozishmalar;
• yuridik tashkilotning nufuziga salbiy ta’sir o‘tkazish xarakteridagi shaxsiy yozishmalar;
• tahdid, tahqirlash xarakteridagi shaxsiy yozishmalar;
• da’vat xarakteridagi shaxsiy yozishmalar;
• jinoyat izini yopish xarakteridagi shaxsiy yozishmalar;
• korrupsion xarakterdagi shaxsiy yozishmalar;
• tuhmat xarakteridagi shaxsiy yozishmalar;
• taklif xarakteridagi shaxsiy yozishmalar;
• iltimos xarakteridagi shaxsiy yozishmalar.

Shaxsiy yozishmalarning ma’noviy turlarini aniqlash orqali muallifning maqsadi, niyati belgilab olinadi. Bunda yozishmaning haqiqatan ham muammoli, munozarali, bahsli ekani ahamiyatlidir. Masalan, hammaga ma’lum bo‘lgan axborot haqida xabar berilgan bo‘lsa u maxfiy ma’lumot emas. Bunday vaziyatlarda tarqatuvchi shaxs jinoiy javobgarlikka tortilmaydi. Ammo agar ma’lumot jamoa uchun sirli va shaxsiy hayotga taalluqli bo‘lsa (masalan, farzandsiz oilaning qavm-qarindoshiga bildirmagan holda bola asrab olgani haqidagi ma’lumot yoki insonlar o‘rtasidagi yashirin tarzda olib borilgan romantik munosabatlar), ushbu shaxsiy ma’lumotlar ommaga oshkor qilinsa, ijrochiga nisbatan fuqarolik va jinoiy javobgarlik paydo bo‘lishi mumkin.

Yuqorida muammoli va anonim yozishmalarning o‘ziga xos xususiyatlari haqida fikr bildirildi.

Bevosita hududga aloqador birliklarning lingvistik ekspertizasini amalga oshirishda anonim yozishmalar muhim obyekt sanaladi. Bunda tadqiqotchi olim S.Seytlin “Nutqiy xatolar va ularning oldini olish” mavzusidagi tadqiqotida nutqiy-me’yoriy buzilishlarni quyidagicha farqlaydi:

a) so‘z shakllanishi – so‘zlashuv jarayonida tasodifiy, inson bilmagan holda noadabiy shakllangan so‘zlarni qo‘llashdan iborat;

b) morfologik – so‘z tarkibining g‘ayritabiiy shakllanishi va nutq qismlarini ishlatishdan iborat;

c) sintaktik – so‘z birikmalarini, oddiy va murakkab jumlalarni noto‘g‘ri tuzishdan iborat;

d) leksik – noadabiy leksik unsurlar, kanselyarizm, parazit so‘zlardan iborat;

e) frazeologik – frazeologik birliklarni noadabiy me’yorda qo‘llashdan iborat;

g) uslubiy – so‘zlashuv uslublariga rioya qilmaslikdan iborat.

Masalan, har bir inson so‘zlayotganda adabiy me’yordan chetga chiqishi mumkin. Ya’ni nutqiy hosilalar areal va sotsial chegaralangan bo‘lishi mumkin. Nutqning areal chegaralanishi – adabiy tilga oid birliklarning leksik, semantik, grammatik va sintaktik jihatdan ma’lum bir hududga xoslanishidir. Areal lingvistika terminini XIX asrning 1-yarmida italyan olimi K.Bartol o‘z tadqiqotida qo‘llagan va keyinchalik bu soha Yevropa olimlari e’tiboriga tushgan. Uning fikricha, areal lingvistika til, dialekt, shevalarni hudud doirasiga muvofiq tarzda o‘rganuvchi tilshunoslik tarmog‘idir. Lingvistik geografiya, areal lingvistika sohalarining huquq tizimi bilan integratsiyalashuvi shaxsiy yozishmalarda til birliklarining hududiy xoslanishini aniqlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

So‘zlashuv jarayonida inson fikrni ixcham ifodalash, tinglovchiga tezroq yetkazish maqsadida so‘z va birikmalarni og‘zaki va yozma nutqida turli variantlarda ifodalaydi. Ya’ni birliklar turli semantik darajalarga ega bo‘ladi, so‘z va grammatik shakllarning sintagmatik munosabati turlicha namoyon bo‘ladi hamda so‘z va grammatik shakllar turli fonetik jarayonlar natijasida yuzaga keladi.

Shu kabi nutqiy o‘ziga xosliklarni lingvistik tahlil qilish muallifning hududiga aloqador xususiyatlarni aniqlashda yordam beradi. Noadabiy unsurlarni yuzaga keltiruvchi xatolarni farqlaganda, avvalo uni kategoriyalarga ajratish kerak, ya’ni texnik xato, grammatik xato, leksik xato, sintaktik xato, imloviy xato, uslubiy xato, punktuatsion xato kabilar10. Muammoli yozishmalarda xabar beruvchi tomonidan o‘zi anglamagan holda matndan qaysidir tovushning tushirib qoldirilishi, o‘, g‘ harflarining maxsus belgilarini ifodalamasligi kabi texnik kamchiliklar yuzaga kelishi mumkin. Bunda xabar beruvchi texnik xatolarga unchalik ahamiyat bermaydi va bu odatiy holga aylanib qoladi. Grammatik xatolarda esa xabar beruvchining hududiga xos xususiyatlar namoyon bo‘lishi mumkin.

Masalan, kelishik, egalik va zamon shakllarining aralash tarzda ifodalanishi grammatik xatoliklar sirasiga kiradi. Bu yozishma muallifining hududiy xususiyatlarini aniqlashda qo‘l keladi. Leksik xatoliklar bevosita noadabiy unsurlar: vulgar, jargon va shevaga oid birliklar bilan ifodalanishi mumkin. Bunda adabiy me’yorlardan chekingan so‘zlar hisobga olinadi va yozishma muallifining leksikonini o‘rganish, individual va hududiy xususiyatlarini farqlashni osonlashtiradi.

Imloviy xatoliklar esa so‘zlarning bosh harf emas, kichik harflar bilan ifodalanishi, o‘xshash harflarni farqlamasdan yozish orqali yuzaga keladi. Har bir tahlilbop matn o‘rganilar ekan, shunday xato turlarini tasniflash muammoga yanada aniqlik kiritadi.

Tasnifdan ayon bo‘ladiki, nimeyiz so‘zida -yiz shakli II shaxs ko‘plikdagi egalik shakli sanaladi. Bu shakl shaxsiy yozishmalarda -iz tarzida ham qo‘llaniladi. Kelip so‘zida -ib ravishdosh shakli jarangsizlanish hodisasiga uchrab, -ip tarzida yozuvda aks etgan. Bosasla, bosiyla so‘zlarida II shaxs birlik va ko‘plik buyruq-istak maylining noadabiy qo‘llanishi berilgan. Bosasla so‘zida tovush tushish hodisasi yuz bersa, bosiyla so‘zida -ing shakli -iy tarzida berilib tovush almashinishi va -lar shakli -la tarzida ifodalanib tovush tushishi jarayonlari mavjud. II shaxs buyruq-istak maylini hosil qiluvchi noadabiy grammatik shakllar: -ing, -ingiz, -inguz, -iz; -g, -ngiz, -n+g‘iz tarzida ifodalanadi. Agar bu shakllar ko‘plik mazmunini ifoda etmoqchi bo‘lsa, -ingizlar, -ngizlar tarzida -lar shaklini qo‘shish bilan hosil bo‘ladi.

Anonim shaxsiy yozishma tahlilida ikki: sifatli va miqdoriy yondashuv mavjud. Sifatli yondashuvda matnni tahlil qilish va izohlash uchun dastavval matnning tili, uslubini tavsiflash kerak. Shu orqali matnning xususiyatini aniqlab olish, so‘ng ma’lum yozuvchiga xosligini aniqlashdan iborat.

Ikkinchi yondashuvda esa matndagi so‘zlar, adabiy me’yordan chekinish holatlari va punktuatsion belgilar chastotasini hisoblash orqali miqdoriy yondashuv amalga oshiriladi. Olim A.Baranovning fikricha, kontekstual tahlil usuli asosida hududiy xoslangan leksik birliklarni aniqlash samarali natija beradi. Quyida “Telegram” tarmog‘idan olingan yozishma misol qilib olindi:

A: Karochchi o‘wa kungi tadbir bo‘midi g‘irt Qur 102 guruhdan chiqdi
B: Anuvi qiz vashe daxshat o‘ynarkanmi
A: hayla ssenariyni yo‘qotmaganizda bizzi qizla ham o‘ynardi, shuni desam ham ko‘nmadizze
B: Eee osha kurtoy o‘ziga bino qoygan qizlarizga osha ssenariy hm hayf 

Dastavval, yozishmaning umumiy va xususiy jihatlari farqlanadi. Yozishmaning shakliy, ma’noviy turi va til xususiyatlari umumiy jihati sanaladi. Yozishmaning xususiy belgilariga quyidagilar kiradi: uning mazmuniy xususiyatlari, mavzu yo‘nalishi hamda nutqiy birliklarning o‘ziga xos ifoda xarakteri kabilar. Bevosita xususiy belgilarning tahlili lingvistik ekspertizaning asosi bo‘la oladi. Bunda matndagi so‘zlar adabiy va noadabiy turlarga ajratiladi. Matnda noadabiy leksik unsurlardan: karochchi, vashe kabi parazit so‘zlar qo‘llanilgan. Shevaga oid so‘zlardan: qur, bo‘midi, hayla, anuvi kabilar matnda aks ettirilgan.

Munosabat turini aniqlash uchun har bir birlikning semantik-mohiyati, kontekstual vaziyati
tubdan o‘rganiladi.

Shevaga oid qur so‘zi Surxondaryoning ayrim hududlarida davra ma’nosini anglatsa, Namanganda marta mazmunini ifodalaydi: Bir qur o‘qidim. Qashqadaryoning Kitob tumani, Samarqandning Bulung‘ur tumanida, Navoiyning Xatirchi tumanlarida bu so‘z faqat ma’nosida ishlatiladi.

Yozishma mazmunidan ayon bo‘ladiki, bu so‘z yozishmada leksik ma’noga ega mustaqil so‘z sifatida qo‘llanilmayapti. Aynan qur so‘zi davra ma’nosida emas, balki yuklama mazmunida qo‘llanilgan.

Bundan tashqari hayla so‘zi Qashqadaryo, Surxondaryo, Samarqand, Navoiy viloyatlarining aksar tumanlari shevalarida uzoqdagi narsani ko‘rsatish mazmunida ishlatiladi. Aynan hayla talaffuzi bilan Navoiyning Xatirchi tumanida, heyla yoki hayla shaklida Samarqandning Bulung‘ur tumanida qo‘llaniladi.

Yuqoridagi tahlildan ayon bo‘ladiki, A ismli shaxs (ismlar shartli ravishda harflar bilan berildi) O‘zbekistonning janubiy hududlariga tegishli sheva vakilidir. To‘g‘ri, tahlil jarayonida Andijon, Namangan, Surxondaryo hududlarining shevaga oid so‘zlarini uchratish mumkin, ammo qur so‘zining kontekstual tahlil asosidagi ma’nosi o‘zaro farqli xarakter kasb etadi. Zero, qur davra (Surxondaryo), marta (Namangan) ma’nosida, ayiruv-chegaralov yuklamasi hisoblangan faqat ma’nosida esa Qashqadaryo va Navoiy hududlarida qo‘llaniladi.

Hayla va qur so‘zlarining semantik ifodasi so‘zlovchining Qashqadaryo, Navoiy hududiga mansub shaxs ekanligi haqida taxminiy xulosa beradi. Bunday xulosalar sud jarayonida matn avtorizatsiyasi masalasiga aniqlik kiritish uchun albatta zarurdir.

Baxtiyor MENGLIYEV,
Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti
Amaliy filologiya kafedrasi mudiri,
filologiya fanlari doktori, professor.
Dildora TO‘RAYEVA,
Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti
Lingvodidaktika kafedrasi o‘qituvchisi,
filologiya fanlari bo‘yicha falsafa doktori(PhD)

 

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here