O‘zbekistonda sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish bo‘yicha bir qator ishlar amalga oshirildi. Aholiga tibbiy yordam ko‘rsatishning zamonaviy tizimini shakllantirish borasida ham muayyan natijalarga erishildi. Islohotlar, albatta, sohaga oid qonun hujjatlari qabul qilish orqali amalga oshiriladi. Bu holatda kiritilgan normalarga amal qilish, qabul qilingan hujjatlar ijrosini ta’minlash ham o‘ziga xos ahamiyatga ega. Mamlakatimizda mazkur vazifani prokuratura organlari bajaradi.
Sog‘liqni saqlash tizimi jamiyat va davlat hayotida muhim o‘rin tutadi. Chunki uning asosiy maqsadi aholi salomatligini asrash va mustahkamlash, o‘rtacha umr ko‘rish davomiyligini ta’minlash, zarur hollarda yuqori malakali tibbiy yordam ko‘rsatishdan iboratdir. Shunday ekan, sog‘liqni saqlash to‘g‘risidagi qonunlar ijrosi ustidan prokuror nazoratining
ahamiyati yuqori.
Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini ijro qilish ustidan prokuror nazorati borasida O‘zbekiston Respublikasining “Prokuratura to‘g‘risida”gi qonuni muhim o‘rin tutadi. Mazkur qonunning 4-moddasiga ko‘ra, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ta’minlashga qaratilgan qonunlar ijrosini nazorat qilish prokuratura organlari faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan hisoblanadi. Shuningdek, qonunning 24-moddasiga muvofiq fuqarolarning huquq va erkinliklariga rioya qilinishi ustidan nazorat predmetiga vazirliklar, davlat qo‘mitalari, idoralar, fuqarolarning o‘zini-o‘zi boshqarish organlari, jamoat birlashmalari, korxona va muassasalar, tashkilotlar hamda vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarining harbiy qismlari, harbiy tuzilmalari, hokimlar va boshqa mansabdor shaxslar tomonidan fuqarolarning huquqlari hamda erkinliklariga rioya etilishi kiritilgan.
Yuridik adabiyotlarda fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini ijro qilish ustidan prokuror nazoratining huquqiy asoslarini tartibga solish predmetiga qarab, quyidagi guruhga ajratish taklif qilinadi:
1) fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlashga bo‘lgan huquqlariga rioya etilishi ustidan nazorat qiluvchi subyektlarning faoliyatini, vakolatlarini tashkil etuvchi va tartibga soluvchi huquqiy hujjatlar majmui.
Mazkur huquqiy hujjatlarga bevosita prokuratura organlarining faoliyatini, vakolatlarini tashkil etuvchi va tartibga soluvchi “Prokuratura to‘g‘risida”gi qonunni kiritish mumkin.
2) Fuqarolarning huquqlariga rioya qilish mexanizmi va kafolatlarini, prokuror nazorati obyektlarining vakolatlari va javobgarligini tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlar majmui.
Ushbu guruhga mansub me’yoriy hujjatlar prokuratura faoliyatini bevosita tartibga solmaydi, lekin uni amalga oshirish uchun asosiy ahamiyatga ega bo‘lgan qoidalarni o‘z ichiga oladi. Bular, birinchi navbatda, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining inson va fuqarolarning huquqlari va erkinliklariga oid normalari, inson va fuqaroning huquqlariga rioya qilmaganlik uchun javobgarlikni belgilovchi (jinoyat-huquqiy, ma’muriy-huquqiy va boshqalar) qonun hujjatlari normalari va boshqalardir.
Ushbu normativ-huquqiy hujjatlar prokuror nazoratini amalga oshirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratadi. Shuningdek, “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi qonun 6-moddasi talablaridan kelib chiqib, prokuror nazoratining huquqiy asoslarini quyidagi turlarga ajratish mumkin:
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi;
O‘zbekiston Respublikasining qonunlari;
Oliy Majlis palatalarining qarorlari;
Prezidentning farmonlari va qarorlari;
Vazirlar Mahkamasining qarorlari;
Bosh prokurorning buyruqlari hamda qarorlari.
Prokuror nazoratining huquqiy asoslari o‘ziga xos xususiyat kasb etishi munosabati bilan uning turlariga vazirliklar, davlat qo‘mitalari va idoralarning buyruqlari hamda qarorlari va mahalliy davlat hokimiyati organlarining qarorlarini kiritish maqsadga muvofiq emas. Zero, “Prokuratura to‘g‘risida”gi qonunning “Prokuratura organlari faoliyatining huquqiy asoslari” deb nomlangan 3-moddasiga ko‘ra, prokuratura organlarini tashkil etish va ularning faoliyat yuritish tartibi, ularning vakolatlari O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, ushbu qonun va boshqa qonunchilik hujjatlari bilan belgilanadi.
Shu o‘rinda prokuror nazoratining huquqiy asoslari jumlasiga O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalarini kiritish mumkinmi degan savol tug‘iladi.
“Prokuratura to‘g‘risida”gi qonunning 3-moddasi mazmunidan ko‘rinadiki, O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari to‘g‘ridan-to‘g‘ri prokuratura organlari faoliyatining huquqiy asoslari sifatida ko‘rsatilmagan. “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi qonun 6-moddasida ham O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalari normativ-huquqiy hujjatlarning turlari sifatida nazarda tutilmagan.
O‘rganilgan ayrim xorijiy davlatlarning prokuratura to‘g‘risidagi qonunchiligida o‘sha davlatning xalqaro shartnomalari prokuratura faoliyatining huquqiy asoslari tarkibiga kiritilgan. Masalan, Gruziyaning “Prokuratura to‘g‘risida”gi qonuni 5-moddasida ham prokuratura faoliyatining huquqiy asoslari sifatida Gruziya Konstitutsiyasi, Gruziyaning xalqaro shartnomalari va kelishuvlari, mazkur qonun va boshqa huquqiy hujjatlar e’tirof
etilgan.
Yuridik adabiyotlarda davlatning xalqaro shartnomalari prokuratura faoliyati huquqiy bazasining ajralmas qismi ekanligi va quyidagi ikkita asosiy guruhga bo‘linishi haqida fikrlar ilgari suriladi:
1) prokuratura faoliyatida qo‘llaniladigan qoidalarni o‘z ichiga olgan xalqaro shartnomalar;
2) prokuratura organlari va tashkilotlarining faoliyatini tashkil etish va tartibini belgilovchi normalarni o‘z ichiga olgan xalqaro shartnomalar.
Qoida tariqasida hukumatlararo bitimlar va idoralararo tusdagi bitimlar prokuratura faoliyatini huquqiy tartibga solishga ta’sir qilmaydi, chunki prokuratura organlari ijro etuvchi hokimiyat tizimiga kirmaydi, balki prokuratura idoralari uchun ma’lum bir mazmundagi ma’lumot manbayi sifatida qiziq bo‘lishi mumkin. Shu bilan birga, agar ushbu turdagi bitimni amalga oshirishda prokuraturaning ishtiroki talab etilsa, prokuratura faoliyatini tartibga solishga vakolatli bo‘lgan organlar prokuratura faoliyatiga doir normativ-huquqiy hujjatlarni chiqarishlari mumkin (masalan, Prezident farmoni, bosh prokraturaning huquqni muhofaza qiluvchi boshqa organlar, vazirliklar bilan idoralararo kelishuvlari).
Fuqarolar sog‘lig‘ini saqlash to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini ijro qilish ustidan prokuror nazoratining huquqiy asoslarini tahlil qilar ekanmiz, prokuror nazoratining huquqiy asosini
tashkil etuvchi qonun hujjatlarining aksariyatida ijtimoiy munosabatlarning tegishli sohalarida prokuraturaning qonun ustuvorligini ta’minlashdagi roli to‘g‘ridan-to‘g‘ri ko‘rsatilmaganini ko‘ramiz.
Shu sababli “Prokuratura to‘g‘risida”gi qonun 3-moddasiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish va uning mazmunini quyidagi tahrirda bayon etish maqsadga muvofiq:
“O‘zbekiston Respublikasi prokuratura organlarini tashkil etish va ularning faoliyat yuritish tartibi, shuningdek ularning vakolatlari O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, xalqaro shartnomalari va kelishuvlari, mazkur qonun va boshqa normativ-huquqiy hujjatlar bilan belgilanadi.
O‘zbekiston Respublikasi prokuraturasining faoliyati ham O‘zbekiston Respublikasining xalqaro shartnomalariga muvofiq amalga oshiriladi. Davlatlararo organlarning O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasiga zid bo‘lgan qarorlari O‘zbekiston Respublikasida ijro etilishi mumkin emas”.
O‘zbekiston xalqaro huquqning umume’tirof etilgan tamoyillari va normalariga muvofiq inson va fuqaroning huquq va erkinliklarini tan oladi va kafolatlaydi. Binobarin, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida har bir inson va uning oilasi sog‘-salomatligini tibbiy parvarishlash (yordam, xizmat) huquqiga ega deb belgilab qo‘yilgan.
Ko‘rib chiqilayotgan masala bo‘yicha xorijiy davlatlar qonunchiligi shuni ko‘rsatadiki, masalan, Germaniya va Buyuk Britaniyaning asosiy qonunlarida sog‘liqni saqlash huquqi to‘g‘risida to‘g‘ridan-to‘g‘ri norma mavjud emas.
Fikrimizcha, fuqarolarning sog‘liqni saqlash sohasidagi huquqlarini tasniflashda hal qiluvchi omil huquqiy maqom oldingi o‘ringa chiqishi lozim.
O‘z navbatida huquqiy maqom fuqaroning tibbiy faoliyat sohasidagi huquqlari, erkinliklari va burchlarining tavsifi sifatida ma’lum xususiyatlari bilan tavsiflanadi.
Shu o‘rinda yuridik adabiyotlarda ilgari surilayotgan tibbiy faoliyat sohasidagi fuqaroning umumiy huquqiy maqomi prokuror tomonidan nazorat qilinadigan fuqarolarning asosiy huquqlarini o‘z ichiga olishi mumkin degan fikrga qo‘shilib bo‘lmaydi. Chunki inson va fuqaroning huquqlari va erkinliklarini himoya qilish prokuratura organlarining barcha faoliyatining mazmunini tashkil etadi. Fuqarolarning sog‘liqni saqlashga bo‘lgan huquqlariga sobitqadamlik bilan rioya etilgandagina qonun ustuvorligi mustahkamlanishi, jamiyat va davlatning qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga rioya etilishi ta’minlanadi.
Doniyor RAJAPOV,
Bosh prokuratura akademiyasi
mustaqil izlanuvchisi