Masofaviy ta’lim – mukammal huquqiy asoslar zarurati

0
670

2019-yil oxirida paydo bo‘lib, 2020-yilda dunyo mamlakatlarini qamrab olgan Covid-19 pandemiyasi konservativ soha hisoblanadigan ta’lim tizimini ham yangi sharoitga tez moslashishga va o‘zgacha tartib-qoidalar bo‘yicha ish olib borishga majbur qildi. Aytish mumkinki, global pandemiya masofaviy ta’lim tizimida tub burilish davrini boshlab berdi.

Xalqaro tashkilotlar, jumladan, YUNESKO, Iqtisodiy hamkorlik va taraqqiyot tashkiloti (IHTT) hamda Jahon banki ushbu pandemiyani o‘rta, maxsus va oliy ta’limning fors-major vaziyatlarga tayyorgarligini tekshiruvdan o‘tkazayotgan holat deb baholadi. Buning sababi, jahondagi barcha ta’lim muassasalari yangi formatga o‘tib, masofali o‘qitish tajribasini qo‘llashga majbur bo‘ldi. Bu esa bir qator muammolarni keltirib chiqardi.

Birinchidan, internet texnologiyalaridan foydalanish uchun o‘qituvchi va talabalarda raqamli savodxonlikning yetarli emasligi, ikkinchidan, internet tezligining pastligi, uchinchidan, ba’zi mamlakatlarda internetga ulanish imkoniyatining kamligi yoki aholining aksariyat qismi uchun deyarli yo‘qligi va to‘rtinchidan, aksariyat ta’lim oluvchilarda masofaviy o‘qish uchun texnik vositalarning (kompyuter, noutbuk, gadjetlarning) mavjud emasligi. Shubhasiz, bu ta’lim sifatiga ta’sir etmasdan qolmadi, texnik nosozliklar va boshqa omillar o‘quv jarayonida uzilishlarga olib keldi.

Masofaviy ta’lim tushunchasiga turlicha ta’rif berish mumkin. Tadqiqotlar tahlili shuni ko‘rsatadiki, umumiy ma’noda masofaviy ta’lim yoki masofaviy o‘qitish deganda masofadan turib beriladigan ta’lim shakli tushuniladi, ya’ni bunda ta’lim oluvchi va beruvchi orasidagi muayyan masofaga urg‘u beriladi.

Jumladan, rossiyalik olim A.Zubov “masofaviy ta’lim o‘quv jarayonini tashkil etishning shunday shakliki, u o‘zida ta’limning an’anaviy va yangi texnologiyalarini jamlaydi, bilimlarni mustaqil o‘zlashtirish tamoyillariga asoslanadi” deb ta’rifberadi.

Akademik S.G‘ulomovning ta’rificha, “masofaviy ta’lim masofaviy o‘qitish jarayoni bo‘lib, u ta’lim oluvchining keyingi ijodiy va mehnat faoliyatining asosi bo‘ladigan muayyan ta’lim darajasiga erishish va tasdiqlash maqsadini amalga oshiradi”.

Avvalo, aytish mumkinki, onlayn ta’lim shakli qariyb uch ming yillik tarixga ega bo‘lgan an’anaviy ta’lim shaklini yaqin orada siqib chiqara olmasa kerak. Onlayn ta’lim an’anaviy ta’limni to‘ldiruvchi, uning samaradorligini oshiruvchi vosita bo‘lib qoladi. Ta’limning bu shakli to‘liq shakllanib bo‘lgan jarayon emas. U o‘ziga xos mehnat madaniyatiga innovatsiya va ilmiy ijodni tatbiq qilib, yangi texnologiyalar asosida rivojlanib bormoqda. Bugungi kunda masofaviy ta’lim shakli jamiyatni isloh qilish, davlat mavqeyini ko‘tarish kabi muhim masalalarda bir necha qulay va tejamkor jihatlari sababli muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Masofaviy ta’lim insonlarga ilm olish jarayonini qulaylashtirdi. Manzil va vaqtdan qat’i nazar, ommaviy uzluksiz mustaqil ta’lim olish, axborot almashish, ta’lim olish xarajatini kamaytirish bilan birga ta’lim va u bilan bog‘liq resurslarni eksport qilish imkoniyatini yaratdi. Masofaviy ta’lim ommalashib borayotganining sababi ham shunda.

Masofiy ta’limning ibtidoiy shakllari tarixi uzoq davrlarga borib taqalsa-da, uning klassik ko‘rinishi XX asrning 80-90-yillarida AQSHda rivojlana boshlagan. Bunga ba’zi qatlamlarning muayyan sabablarga ko‘ra oliy ta’limni masofadan turib olish xohishining ortishi sabab bo‘lgan.

Odatda mazkur qatlamni o‘rta maktabni tugallaganidan so‘ng korxonalarga borib ishlashga majbur bo‘lgan ishchilar tashkil etar edi. Shuningdek, ishga vaqtincha layoqatsizlar va nogironlar ham ushbu guruhga kirgan.

Dastlabki davrda masofaviy ta’limning kamchiliklari yaqqol ko‘zga tashlangan bo‘lsa-da, axborot texnologiyalarining rivoji bu kamchiliklarni bartaraf etish imkonini bera boshladi.

Pedagogik imkoniyatlarning ortib borishi natijasida o‘qitishda zamonaviy texnologiyalar, jumladan, elektron dasturiy mahsulotlar, multimedia ilovalaridan foydalanish yo‘lga qo‘yildi.

Axborotning elektron tovush, tasvir, matn ko‘rinishlaridan o‘quv-tarbiya maqsadini ro‘yobga chiqarishda samarali hisoblangan kompyuterli o‘qitish metodikasi ta’limga kirib keldi.

Har qanday ta’lim sifati haqida gapirganda, uni o‘lchovchi turli mezonlar borligini hisobga olish kerak. Hech kim an’anaviy ta’limning sifati yuqori deya mutlaq xulosa bera olmaydi. Ta’limning har ikkala shaklida ham yuqori sifatli, tasdiqlangan dasturlar ham, umuman talabga javob bermaydigan, samarasiz dasturlar ham bor.

YUNESKO ma’lumotiga ko‘ra butun dunyoda ta’lim olish istagida bo‘lganlar soni ta’lim muassasalaridagi o‘rinlar soniga nisbatan ko‘p va taxmin qilinishicha, 2025-yilga borib talabalar soni 165 milliondan 98 million nafarga oshadi.

Pandemiyaga qadar masofaviy ta’lim yurtimizda asosan malaka oshirish tizimida qisman qo‘llanayotgan edi. Umuman olganda, mamlakatimizda aksariyat oliy o‘quv yurtlari darslarni masofaviy shaklda o‘tkazishga qisman tayyor edi. Oliy ta’lim muassasalari platformalarida Moodle tizimi shakllantirilib, unga barcha o‘quv fanlari bo‘yicha elektron resurslar joylashtirilgan edi. Ammo bu tizim bugungi kun talabiga to‘la javob bera olmas edi. Qolaversa, pandemiya sabab nafaqat oliy ta’lim, o‘rta maxsus ta’lim, xalq ta’limi, maktabgacha ta’lim tizimlari ham masofaviy ta’lim usuliga o‘tishiga to‘g‘ri keldi. Prezidentimizning topshirig‘i asosida ko‘rilgan choralar natijasida sharoit og‘irligiga qaramasdan ta’lim tizimiga masofaviy texnologiyalar joriy qilinib, 7 million o‘quvchi va 500 ming talabaga onlayn dars berish yo‘lga qo‘yildi.

O‘tgan qisqa vaqt ichida masofaviy ta’limning tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish, qonunchilik holatini tahlil etish zarurati anglab yetildi. Shu bois mazkur sohadagi islohotlarning davlat va jamiyat uchun muhimligini inobatga olgan holda, masofaviy ta’limni huquqiy tartibga solish masalalarini tizimli o‘rganish barobarida, yuridik fan va amaliyot nuqtayi nazaridan asoslantirilgan xulosa, taklif va tavsiyalarni ishlab
chiqish dolzarb vazifa hisoblanadi.

So‘nggi yillarda ta’lim sohasidagi islohotlar tufayli 2020-yilning 23-sentyabr sanasida “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonun yangi tahrirda qabul qilindi.

Uning 16-moddasida “Masofaviy ta’lim o‘quv rejalari va o‘quv dasturlariga muvofiq ta’lim oluvchilar tomonidan zarur bilim, malaka va ko‘nikmalarni axborot-kommunikatsiya texnologiyalaridan hamda internet jahon axborot tarmog‘idan foydalangan holda masofadan turib olishga qaratilgan.

Masofaviy ta’limni tashkil etish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi” deyilgan.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining 2020-yil 27-martda qabul qilingan “Oliy ta’lim muassasalarida masofaviy ta’limni joriy etish to‘g‘risida”gi buyrug‘iga ko‘ra respublikamizdagi OTMlar masofaviy o‘qitish texnologiyalarini yaratish va ishga tushirish ishlarini jadallashtirgan. Pandemiya sababli mamlakatimizdagi barcha universitetlar masofaviy ta’limni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha tajriba orttirdi va bu borada ishlar davom ettirilmoqda.

Onlayn dars ishtirokchilarida ta’limning an’anaviy va masofaviy turlarini solishtirib ko‘rish imkoniyati paydo bo‘ldi.

O‘zbekiston Prezidentining 2020-yil 5-oktabrdagi “Raqamli O‘zbekiston – 2030” strategiyasini tasdiqlash va uni samarali amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 6079-farmonining 2.5-bandida axborot texnologiyalari sohasida ta’lim berish va malaka oshirishning ustuvor yo‘nalishlari, shu jumladan, masofaviy, onlayn va virtual o‘qitish texnologiyalarini joriy etish va rivojlantirish, onlayn kurslar uchun platformalar ishlab chiqish kabi chora-tadbirlar o‘z ifodasini topgan.

Pandemiya sabab joriy qilingan karantin davrida masofaviy ta’lim bo‘yicha olingan tajriba kelgusida ta’limning bu turini takomillashtirish uchun asos bo‘lishi kerak. Buning uchun esa mavjud huquqiy-me’yoriy hujjatlarni takomillashtirish talab etiladi. Xususan, “Ta’lim to‘g‘risida”gi qonunga masofaviy ta’lim shakllariga oid normalar kiritilishi zarur.

Mamlakatimizda masofaviy ta’limni joriy qilish va tartibga solish bilan bog‘liq normativ hujjatlar qatoriga hukumatning 2017-yil 21-noyabrdagi 930-qarori bilan tasdiqlangan “Oliy ta’lim muassasasida sirtqi (maxsus sirtqi) ta’limni tashkil etish tartibi to‘g‘risida”gi nizomni va Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining 2020-yil 27-martda qabul qilingan “Oliy ta’lim muassasalarida masofaviy ta’limni joriy etish to‘g‘risida”gi buyrug‘ini kiritish mumkin.

Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirining 2020-yil 27-martdagi buyrug‘iga ko‘ra mamlakatimizdagi oliy ta’lim muassasalarida masofaviy o‘qitish texnologiyalarini yaratish va ishga tushirish borasida jadal ishlar olib borildi. Ayni paytda barcha OTMlar masofadan turib dars o‘tish imkoniyatiga ega.

Bitiruv-malakaviy ishlar himoyasi, davlat imtihonlari, nazorat ishlari ham masofaviy shaklga o‘tkazildi. Biroq Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi OTMlardagi masofaviy ta’lim sifatini o‘rganib, ayrim o‘qituvchilarning tajriba va ko‘nikmasi, axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini bilish darajasi talabga to‘liq javob bermayotgani, ba’zi holatlarda talabalarda ham masofaviy ta’lim olish ko‘nikmasi yo‘qligini ko‘rsatgan.

Shuningdek, platformalar o‘quv-uslubiy tomondan to‘liq boyitilmagani, texnika, sharoit yetishmasligi va internet sifati kabi muammolar sabab talabalar davomatida kamchilik kuzatilgan.

Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari jamiyat hayotining barcha sohalariga shiddat bilan kirib kelayotgan bugungi kunda ta’lim tizimi, xususan, masofaviy ta’limning tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish dolzarb vazifalar sirasiga kiradi. Raqamli infratuzilmani rivojlantirish uchun jamiyatning ma’lum darajadagi informatsion tayyorligi, mustahkam huquqiy asoslar mavjudligi talab etiladi.

Sohadagi muammolarga yechim topish uchun avvalo masofaviy ta’limga doir huquqiy asoslarni takomillashtirish, masofaviy ta’lim bo‘yicha yagona konsepsiya ishlab chiqish lozim. Konsepsiyada ta’limning mazkur shakliga doir ilmiy asoslar, innovatsion yondashuvlar o‘z ifodasini topishi, ilg‘or xorijiy tajribadan samarali foydalanish talab etiladi.

Jahongir MAKSUMOV,
TDYU magistranti

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here