Hamilton va Jefferson: millatni yaratgan raqobat

0
51

XVIII asrning ikkinchi yarmiga kelib Buyuk Britaniyaning Amerika qit’asidagi mustamlaka hududlarida mustaqillik harakati avj ola boshladi. Qit’adagi 13 ta provinsiya birlashgan holda, dastlab Angliya hukumatining soliqlarni asossiz oshirishiga qarshi norozilik bildirgan bo‘lsa, keyinchalik bu qarshiliklar tarixda Amerika inqilobi deb nomlangan mustaqillik harakatiga aylanib ketdi.

Boshlangan noroziliklar 1776-yilning yozida qit’ada yangi davlat – Amerika qo‘shma shtatlarining tashkil topishi bilan yakunlandi. Ammo bu davlatni metropoliya tan olmadi. Inqilobiy urushdan so‘ng 1783-yil 3-sentabrda Buyuk Britaniya “Parij shartnomasi”ni imzolash orqali rasman AQSh mustaqilligini tan oladi. Bu shartnoma Amerika inqilobiy urushini yakunladi va Britaniya Qo‘shma shtatlar suvereniteti va mustaqilligini tan oldi. Garchi AQSh Mustaqillik deklaratsiyasini 1776-yil 4-iyulda qabul qilgan bo‘lsa-da, Buyuk Britaniyaga bu mustaqillikni tan olish uchun yana yetti yil kerak bo‘ldi.

Tarix sahnasida yangi davlat paydo bo‘ldi. U Amerika xalqi ilg‘or vakillarining kuchli irodasi va sa’y-harakati natijasida tashkil topdi. Ushbu mustaqillik harakatiga bosh bo‘lgan insonlar
mamlakat tarixida “AQSh asoschilari” nomi bilan tilga olinadi. Ular nafaqat Britaniya hukumatining qurolli hujumlariga qarshilik ko‘rsatish jarayonida xalqqa bosh bo‘ldi, balki bir vaqtning o‘zida yangi tashkil topgan mamlakatning davlat mexanizmi, tuzilish shakli, konstitutsiyasi va huquqiy tizimini ham yaratishdi. Asoschilar ichida eng yorqin va bir-biriga qarama-qarshi g‘oyalarga ega bo‘lgan ikki shaxs – Tomas Jefferson va Aleksandr Hamilton AQSh mustaqilligining dastlabki davrida mamlakat siyosiy asosini shakllantirishda muhim o‘rin tutgan. Ularning qarashlari o‘rtasidagi farq qanchalik keskin bo‘lmasin, ikkisi ham mamlakatning huquq tizimini yaratishga beqiyos hissa qo‘shgan.

Asoschilarning huquq va davlat haqidagi qarashlariga tabiiy huquq va ijtimoiy shartnoma haqidagi ma’rifatparvarlik falsafasi katta ta’sir ko‘rsatgan edi. Bu falsafa yashash, erkinlik va mulk huquqi kabilar barcha insonlar tug‘ilishi bilan ega bo‘lgan huquqlar ekani va hukumatning maqsadi bu huquqlarni himoya qilishdan iborat bo‘lishi kerakligini ta’kidlaydi.

Asoschilar hukumatning roli butun jamiyat farovonligiga faol yordam berishdan ko‘ra nizolarni hal etishda neytral hakam bo‘lish va fuqarolarning huquqlarini himoya qilishdan iborat deb hisoblardi. Ularning huquq va davlat haqidagi qarashlariga yana bir muhim ta’sir Britaniya mustamlakachiligi sharoitida yashash tajribasi bo‘lgan. Asoschilar Britaniya hukumati mustamlakalarga ularning roziligisiz soliq solishi va Britaniya parlamentida vakillik
qilishga ruxsat bermagani sababli mustamlaka aholisining huquq va erkinligi buzilgan deb hisoblar edi. Buning natijasida ularda hukumat avvalo fuqarolarning huquqlarini himoya qilishi kerak degan fikr paydo bo‘lgan. Natijada tuzilgan yangi hukumat avvalo inson huquqlari himoyachisi bo‘lishi lozim degan xulosaga kelishgan.

Inqilobiy urush paytida ham, mamlakat mustaqillikka erishgandan so‘ng ham jamiyat hayoti uchun eng muhim masalalardan biri inson huquqlarini tan olish va ta’minlash hisoblangan. Bu davrda mamlakatning inson huquqlari ta’minlanishini yoqlagan eng oldi vakili Tomas Jefferson edi. Buni uning qilgan ishlari, yaratgan huquq tizimi va asarlaridan bilish mumkin.

Sir emas, Amerikaning inson huquqlari konsepsiyasi mashhur ingliz faylasufi Jon Lokk g‘oyalari ta’sirida shakllangan. Uning tabiiy huquqlar, ijtimoiy shartnoma va shaxs huquqlarini himoya qilishda hukumatning roli haqidagi g‘oyalari barcha shtatlarda muhokama qilinar edi. Tomas Jefferson ham aynan shu g‘oyalar ta’sirida ulg‘aygan. Lokk asarlari uning tafakkurini shakllantirishda katta rol o‘ynagan1. Shu bois Jeffersonning asarlari va u ishlab chiqqan qonun hujjatlarida inson huquqlari masalasiga alohida e’tibor berilgan. Ko‘rinib turibdiki, Jeffersonning hukumat qanday bo‘lishi kerakligi borasidagi fikrlari shaxsiy huquqlarning ta’minlanishi asosiga qurilgan. Birgina misol qilib o‘sha mashhur Mustaqillik deklaratsiyasini keltirishimiz mumkin. Bu Jeffersonning inson huquqlari to‘g‘risidagi eng mashhur bayonotidir.

Deklaratsiyada shunday jumlalar bor: “Biz bu haqiqatlarni o‘z-o‘zidan ravshan deb bilamiz, barcha odamlar teng yaratilgan, ular Yaratguvchi tomonidan ajralmas huquqlar bilan ta’minlangan, ular orasida hayot, ozodlik va baxtga intilish ham bor”, “…ushbu huquqlarni ta’minlash uchun odamlar o‘rtasida hukumatlar tuziladi va ular o‘zlarining vakolatlarini boshqariladiganlarning roziligidan oladilar”, “Har qanday boshqaruv shakli bu maqsadlarga putur yetkazsa, uni o‘zgartirish yoki bekor qilish va yangi hukumatni tuzish xalqning huquqidir”2.

Jeffersonning qarashlarida tabiiy huquq nazariyasi chuqur o‘rin egallagani bois davlat va uning mohiyati, shakli, davlat hokimiyatini amalga oshirish, fuqarolar va oliy davlat hokimiyati organlarining o‘zaro munosabati masalalari ham shu asosda qurilgan. Uning fikricha, yangi tashkil etilgan davlat – Amerika qo‘shma shtatlarining ma’muriy tuzilishi, boshqaruv shakli, hokimiyatning taqsimlanishi, federal va shtatlar hokimiyatlarining o‘zaro munosabatlarini huquqiy jihatdan mustahkamlash lozim edi. Shu sababdan birin-ketin bo‘lib o‘tgan qit’a kongresslaridan keyin mutafakkirlar oldida yangi tuziladigan hukumatning
ma’muriy bo‘linishi va boshqaruv shakli masalasi turar edi. Tabiiyki, bu masala yuzasidan ma’rifatparvarlar o‘rtasida turli xil qarashlar bo‘lgan. Tomas Jefferson cheklangan vakolatlarga ega bo‘lgan hukumatni yoqlab chiqqan. Uning fikricha, davlat hokimiyati zulmning oldini olishi va shaxsiy erkinliklarni himoya qilish uchun cheklanishi lozim, markazlashgan hukumatdan ehtiyot bo‘lish va hukumat insonlarning shaxsiy hayotiga aralashishi kerak emas.

Ammo asoschilarning hammasi ham bunday fikrda bo‘lmagan. Ularning bir guruhi mamlakat qudratli bo‘lishi uchun kuchli va keng vakolatlarga ega hukumatni yoqlab chiqqan. Shunday fikrdagi asoschilardan biri, mamlakat tarixida muhim rol o‘ynagan shaxs Aleksandr Hamilton edi. Hamiltonning davlat va huquq to‘g‘risidagi nazariy qarashlari haqida gapirishdan oldin uning shaxsiyatiga e’tibor berish kerak. U boshqa asoschilardan farqli ravishda Amerika qit’asida emas, Britaniya mustamlakasi hisoblangan Nevis orolida dunyoga keladi. Bolaligi Nyu-Yorkning shovqinli ko‘chalarida qiyinchilik va qashshoqlikda o‘tgani bois u tirishqoq va kuchli inson bo‘lib ulg‘aygan. Balki shu sababli uning hukumat to‘g‘risidagi qarashlarida keskinlik va aniqlikni ko‘rish mumkin. Hamiltonning AQSh davlatini tashkil etishdagi eng muhim ishlaridan biri mamlakat qonunchiligi va moliya tizimini shakllantirishga beqiyos hissa qo‘shganidir.

1775-yilda tashkil etilgan konfederatsiya o‘zini oqlamaganidan so‘ng 1787-yilda 12 ta shtatdan vakillar yangi hukumatni tuzish uchun Filadelfiyada yig‘iladi. Aleksandr Hamilton Nyu-Yorkdan vakil sifatida qatnashgan. Bundan tashqari, boshqa taniqli mutaffakkirlar – Jeyms Medison, Rojer Sherman, Jeyms Uilson, Benjamin Franklin kabi asoschilar ham yangi hukumat tuzish jarayonida ishtirok etgan. Aynan mana shu nuqtada asoschilarning bir-biriga qarama-qarshi fikrlari yirik bahslarga aylanib ketadi. To‘rt oy davom etgan muhokamada vakillar o‘zlarining qarashlaridan kelib chiqib hukumat va yangi konstitutsiyaning qanday bo‘lishi kerakligi haqida fikr bildirishgan.

Hamilton kuchsiz konfederatsiya davridagi tajribadan kelib chiqib, kuchli federal hukumat zarur deb hisoblagan. Uning fikricha, kuchli markaziy hukumat mamlakatning birligini ta’minlaydi, iqtisodiy rivojlanishni rag‘batlantiradi va milliy xavfsizlikni kafolatlaydi. U yana prezidentlik institutining kuchli bo‘lishini, qonunlarni samarali ijro etish va milliy manfaatlarni himoya qilish uchun keng vakolatlar berilishi kerak deb hisoblagan.

Bundan tashqari, Hamilton hukumatning vakolatlari shu darajada keng bo‘lishini xohlardiki,
hatto u bahslarda prezident va senat umrbod muddatga saylanishi kerak degan taklifni bildiradi. Bu boshqa asoschilarning keskin e’tiroziga sabab bo‘lgan. Hamilton qarashlariga norozilik ortib borganidan so‘ng u muhokamani tashlab ketishga majbur bo‘ladi.

Umuman olib qaraganda, aynan shu davrda mamlakatda ikkita siyosiy va mafkuraviy oqim paydo bo‘la boshlaydi. Hamilton va Jon Adams boshchiligidagi federalchilar kuchli markaziy hukumat tarafdori edi. Tomas Jefferson va Jeyms Medison boshchiligidagi demokrat-respublikachilar shtatlar huquqlarini himoya qilishni afzal ko‘rdi.

Uzoq davom etgan munozaralardan keyin 1787-yilda mamlakat konstitutsiyasi qabul qilindi.
Ammo asoschilar oldida uni shtatlarga ratifikatsiya qildirish kabi muhim masala turardi. Bu
jarayon kutilganidan uzoqroq vaqt talab qildi. Medisonning “Huquqlar to‘g‘risida bill” asarining konstitutsiyaga qo‘shilishi natijasida uning ratifikatsiya qilinishiga erishiladi. Mamlakatning birinchi prezidenti etib Jorj Vashington saylandi.

Vashington o‘z yonida mamlakatning ikki atoqli shaxsi – Tomas Jefferson va Aleksandr Hamiltonning bo‘lishini xohladi. Ularning siyosiy faoliyati 1789-yilda, Jorj Vashingtonning prezidentlik qarorgohida kesishdi. Hamilton moliya vaziri, Jefferson esa davlat kotibi lavozimini egalladi. Bu davrdan boshlab ularning qarama-qarshiliklari Amerika siyosatining asosiy mavzusiga aylandi.

Jefferson va Hamilton turli masalalarda bir-biri bilan tortishar edi. Ularning davlat boshqaruvi shakli haqidagi fikrlari tubdan farq qilgan. Hamilton davlat qarzini to‘lash, sanoatni rivojlantirish uchun proteksionistik tariflar joriy etish kabi radikal islohotlarni taklif qildi. Jefferson esa bu g‘oyalarni federal hukumat vakolatlarini kengaytirish, davlatlarning huquqlarini cheklash va oddiy xalqning manfaatlariga putur yetkazish deb baholadi. Hamiltonning milliy bank tashkil etish haqidagi fikrlari ular o‘rtasidagi vaziyatni yanada keskinlashtirdi. Oqibatda Jefferson davlat kotibi lavozimidan iste’foga chiqishga majbur bo‘ldi.

Amerikalik yozuvchi Ron Chernouning “Aleksandr Hamilton” asarida uning murakkab shaxsiyati, ajoyib yutuqlari va fojiali halokati yoritib berilgan. Yozuvchi asarda Hamiltonning iqtisodiy qarorlariga shunday ta’rif bergan: “Hamilton respublikadagi ilk eng dadil va uzoqni ko‘ra oladigan iqtisodiy mutafakkir edi”3. Lekin bu ishlarni amalga oshirish oson kechmadi. Hamiltonning kuchli markaziy hukumat haqidagi qarashlari va moliyaviy siyosati Tomas Jefferson va Jeyms Medisonning qattiq qarshiligiga olib keldi, ular shtatlar hukumatlari va agrarga yo‘naltirilgan iqtisodiyotni ko‘proq qo‘llab-quvvatladilar. Ushbu mafkuraviy to‘qnashuv, xususan Hamilton va Jeffersonning raqobati AQShda birinchi siyosiy partiyalar – federalchilar va demokrat-respublikachilar partiyalari tashkil topishiga olib keldi. Bu partiyalar o‘rtasidagi kurash Amerika siyosiy tizimining rivojlanishiga va demokratik jarayonlarning mustahkamlanishiga hissa qo‘shdi.

Federalchilar va antifederalchilar o‘rtasidagi kurash dastlab konstitutsiyani ratifikatsiya qilish atrofida boshlangan bo‘lsa, keyinchalik davlat boshqaruvidagi qarorlarda ham tortishuvlarga sabab bo‘ldi. Yuqorida aytilganidek Hamilton hukumatning kuchli bo‘lishini istagan. Bu hukumatga keng imkoniyatlar beradi va mamlakat taraqqiyotiga ijobiy ta’sir qiladi degan fikrda edi. Jefferson esa, aksincha, markaziy hukumatning kuchini cheklash tarafdori bo‘lgan. U kuchli hukumat fuqarolardan ko‘p erkinliklarni olib qo‘yadi deb hisoblagan.

Bundan tashqari, Jefferson fermerlarga keng imkoniyatlar berilgan agrar jamiyat tarafdori bo‘lgan. Bunga teskari ravishda Hamilton sanoat va savdoni rivojlantirish siyosatini qo‘llab-quvvatlagan.

Uning moliya siyosati Jeffersonning noroziligiga sabab bo‘lgan, u milliy bankning paydo bo‘lishi shtatlarning markaziy hukumatga iqtisodiy jihatdan bog‘liqligini oshiradi deb hisoblagan. Biroq Jeffersonning qarshiligiga qaramasdan, Hamilton milliy bank tashkil etdi. Bu bankning tashkil etilishi mamlakat iqtisodiyotiga sezilarli darajada ijobiy ta’sir ko‘rsatdi.

Ularning bahslari nafaqat siyosiy maydonda, balki matbuotda, jamoatchilik orasida ham qizg‘in davom etdi. Hamilton “Federalist” gazetasida o‘zining qarashlarini himoya qilsa, Jefferson “Milliy gazeta”da unga qarshi fikr bildirar edi.

1800-yilgi prezident saylovida Jefferson Jon Adamsni mag‘lub etdi. Bu saylov “tinch inqilob»
deb nomlandi, chunki u hokimiyatning bir partiyadan ikkinchi partiyaga tinch yo‘l bilan o‘tishini ko‘rsatdi. Bu voqea Amerika demokratiyasi uchun muhim bir qadam bo‘ldi. Mamlakat prezidenti bo‘lgan Jefferson hukumatning vakolatlarini cheklagan holda asosiy e’tiborini shaxsiy erkinliklar va xususiy mulk huquqini himoya qilishga qaratdi.

Jefferson va Hamilton o‘rtasida jiddiy qarama-qarshiliklar bo‘lishiga qaramay, ularning fikrlarida o‘xshashliklar ham bor edi. Ikkala siyosatchi ham Amerika inqilobini qo‘llab-quvvatlagan va Buyuk Britaniyadan mustaqillikka erishish uchun kurashgan. Ikkisi ham monarxiyaga qarshi edi va AQShni respublika sifatida ko‘rishni istagan. Ular konstitutsiyani turlicha talqin qilishgan bo‘lsa-da, ikkisi ham uni yangi millatning asosiy qonuni deb bilgan. Hamilton ham, Jefferson ham AQShning g‘arbiy tomonga kengayishini qo‘llab-quvvatlagan. Ular yangi yerlarni o‘zlashtirish va mamlakat hududini kengaytirish muhimligini tushungan. Jefferson “Luiziana xaridi” shartnomasini imzolaganda Hamilton uni qo‘llab-quvvatlaydi.

Garchi ular o‘rtasida ko‘p masalalarda kelishmovchilik bo‘lgan bo‘lsa-da, Jefferson va Hamiltonning umumiy maqsadi AQShni kuchli, mustaqil va rivojlangan mamlakatga aylantirish edi. Ular o‘rtasidagi raqobat Amerika jamiyatining keyingi rivojlanishiga katta ta’sir ko‘rsatdi. Ularning qarashlari bugungi kunda ham bizni mulohaza yuritishga undaydi.

Yulduz RAHMATOVA,
O‘zFA Davlat va huquq instituti tayanch doktoranti

1 D. Malone. «Jefferson and the Rights of Man». «University of Notre Dame» nashriyoti, 1952-y.

2 Т. Jefferson «Declaration of independence». «Verso Books» nashriyoti, London. 2019-y. 32-b.

3 R. Chernow. «Alexander Hamilton». «Punguin Press» 2004-y. 818-б.

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here