Jigarbandini sotgan ona

0
69

Hayotda ayol uchun eng katta saodat bu – onalik baxtidir. Ammo oramizda shunday opa-singillarimiz borki, o‘z hoyu-havasini deb jigarbandidan voz kechishga ham boradi.

Shovotlik Mohira To‘ramuratova (ism-familiyasi o‘zgartirilgan) dugonalari singari tantanali to‘y qilib emas, balki 25 yoshida fuqaro Ulug‘bek Kozimov bilan shar’iy nikoh asosida turmush quradi. Oradan 4 yil o‘tib, katta qizi Dildorani, 2019-yilda esa kichigi Lola To‘ramuratovani dunyoga keltiradi. Lekin chaqalog‘i 2 oylik bo‘lgan mahali er-xotin o‘zaro kelishmovchilik tufayli janjallashib, ajrashib ketishadi. O‘sha paytda Ulug‘bek Dildorani o‘zi bilan olib qoladi. Binobarin, M. To‘ramuratova qo‘lida go‘dagi bilan ko‘chaga quviladi.

Shundan so‘ng u qayoqqa borarini bilmay, tumandagi xiyobonda kezib yuradi. Yaxshi insonlarning ko‘magi bilan ikki-uch kun turli xonadonlarda tunab qoladi. Bu orada esa o‘sha hududda yashovchi, muqaddam oilasidan ajrashgan Xursand Qurbonov bilan tanishib qoladi. Natijada keyingi kunlari X. Qurbonov bilan er-xotin bo‘lib yashay boshlaydi. Biroq…

Biroq boyaqish ayolning bu turmushi ham uzoqqa cho‘zilmaydi. Chunki uch-to‘rt oy birga yashaganlaridan keyin Xursand Rossiyaga ishlagani ketadi. Oqibatda Mohira yana qo‘lida bolasi bilan boshpanasiz qoladi. U hatto ota uyiga ham qaytib borolmaydi. Nega, deysizmi?

Gap shundaki, M. To‘ramuratova U. Kozimov bilan ajrashib yurgan yillarida ota uyidan qo‘nim topgan. Ammo “Chiqqan qiz chig‘iriqdan tashqari” deganlaridek keyinchalik ota-bola kelishmay qoladi. Shuning uchun bu gal tug‘ilib o‘sgan xonadoniga qaytmadi Mohira. Xullas, uy-joysiz qolgan ayol 5 yoshli qizi Lolani o‘ziga “ortiqcha yuk” deb bildi. Aniqrog‘i, mo‘may pul ilinjida uni befarzand yashayotgan fuqaro Jasur Matyoqubovga 200 million so‘mga sotmoqchi bo‘ldi. Lekin bu ishning jinoyat ekanini bilan xaridor huquqni muhofaza qiluvchi idoraga murojaat qildi. Joriy yilning 27 may kuni J. Matyoqubovning murojaati yuzasidan tezkor tadbir o‘tkazildi. Natijada M. To‘ramuratova 5 yoshli qizchasini sotish evaziga undan 2900 AQSH dollari va 6 million so‘m naqd pulni olgan vaqtda ushlandi.

Albatta, mazkur holat bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Sud jigarbandini sotgan onani Jinoyat kodeksining 135-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan aybdor deb topib, kodeksning 57-moddasi tartibida 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi.

Bahromjon BERDIYEV,

jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo

Ulug‘bek tuman sudi sudyasi

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here