OAVning korrupsiyaga qarshi kurashish siyosatidagi o‘rni

0
203

Korrupsiya muammosi aktualligini saqlab turibdi. Unga qarshi kurashish dunyo mamlakatlarining asosiy vazifasiga aylangan. Poraxo‘rlik, o‘zlashtirish, qarindosh-urug‘chilik va nepotizm qonun ustuvorligiga putur yetkazmoqda. Iqtisodiyotni izdan chiqarmoqda va aholining davlat organlariga ishonchini yo‘qotmoqda.

Jamiyatda tengsizlikni kuchaytirib, ijtimoiy va iqtisodiy rivojlanishga to‘sqinlik qilmoqda. Shu sababli davlatlarda korrupsiyaga qarshi kurashish katta siyosiy irodani talab qiladi.

Etimologik jihatdan “korrupsiya” atamasi lotincha “corruptio” so‘zidan kelib chiqqan bo‘lib, “ziyon, pora” degan ma’noni anglatadi. Lobbichilik, favoritizm, proteksionizm, siyosiy rahbarlar va hukumat amaldorlarining korporatsiyalar va xususiy firmalarning faxriy prezidentlari bo‘lish an’analari, davlat budjeti hisobidan tijorat tuzilmalariga sarmoya kiritish, davlat mulkini aksiyadorlik jamiyatlariga berish, jinoiy jamoalar aloqalaridan foydalanish va boshqalar korrupsiyaning yashirin shakllari hisoblanadi.

Xalqaro hamjamiyat korrupsiya deganda nimani tushunadi? Ko‘p ta’riflar mavjud, ammo to‘liq va huquqiy aniqlik yo‘q. Korrupsiya huquqiy tushunchadan ko‘ra ko‘proq sintetik ijtimoiy yoki kriminologik tushunchadir, shuning uchun uni konkret jinoyat sifatida emas, balki bir-biriga bog‘liq bo‘lgan qilmish turlari majmuyi sifatida ko‘rish kerak.

“Korrupsiya – shaxsiy manfaatlarni ko‘zlab foyda olish uchun davlat hokimiyatini suiiste’mol
qilish”. Korrupsiya poraxo‘rlikdan tashqarida hisoblanadi1.

Amerikalik siyosatshunos, xalqaro masalalar bo‘yicha yetakchi ekspert, Harvard instituti professori Jozef Nay Robert korrupsiyaga lavozimni sotib olish uchun mukofot berish, qarindosh-urug‘chilik va shaxsiy aloqalar asosida homiylik qilish va davlat mablag‘larini shaxsiy foydalanish uchun o‘zlashtirish kiradi deb hisoblaydi.

Korrupsiyaga qarshi kurash va korrupsiya darajasini o‘rganish bo‘yicha nodavlat xalqaro tashkilot – “Transparency International”ning vakili Fransua Valerianning fikricha, “Odil sudlov tizimi jazolash va hukumatni nazoratda ushlab turish imkoniyatiga ega bo‘lmaguncha korrupsiya gullab-yashnashda davom etadi. Odil sudlov tizimi siyosiy kuchlar tomonidan sotib olinsa yoki unga aralashsa, odamlar azoblanaveradi. Rahbarlar qonun ustuvorligini ta’minlovchi va korrupsiyaga qarshi kurashuvchi institutlarga to‘liq sarmoya kiritishi va mustaqilligini ta’minlashi kerak. Korrupsiya uchun jazosiz qolishni tugatish vaqti keldi”2.

Rossiyalik kriminologlar P. Kabanov, G. Xoxryakovlar esa korrupsiyani “Davlat funksiyalarini bajarishga vakolatli (yoki ularga tenglashtirilgan) shaxslar tomonidan qonun hujjatlarida nazarda tutilmagan moddiy va boshqa ne’matlar va imtiyozlar olish uchun maqomi va ular bilan bog‘liq imkoniyatlardan foydalanishi, shuningdek ularga ushbu imtiyozlarni qonunga xilof ravishda taqdim etishi” deb tushunadi.

“Transparency International”ning ilmiy xulosalaridan biri esa quyidagicha: “Korrupsiyaga barham berish uchun avvalo uni tushunishimiz kerak. Shuning uchun korrupsiyaga nima sabab bo‘layotganini va unga qarshi nima qilish kerakligini ko‘rib chiqamiz”3.

Natijada davlat boshqaruv apparati samaradorligi pasayadi. Aholining davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari xodimlariga ishonchi yo‘qoladi. Mamlakatning xalqaro maydondagi nufuziga putur yetadi. Korrupsion xatti-harakatlarning rivojlanishi tufayli aholi ichida qashshoq ko‘payadi. Shuningdek, korrupsiya jamiyatning kriminallashuviga, uyushgan jinoyatchilikning kuchayishiga olib keladi.

Korrupsiyaga qarshi kurashishda huquqni himoya qiluvchi organlar bilan bir qatorda nodavlat notijorat tashkilotlar va ommaviy axborot vositalari ham ishtirok etadi.

Ommaviy axborot vositalari korrupsiyaga qarshi kurashda muhim rol o‘ynaydi. Chunki u davlat va xususiy sektordan mas’uliyat va shaffoflikni talab qiladi. Shuningdek, ommaviy axborot vositalari davlat sektoridan korrupsiya haqida ma’lumot talab qiladi. Jurnalistik surishtiruv olib boradi. Korrupsiyani jamoatchilik nazoratiga oldiradi. Va uning jazosiz qolishiga qarshi kurashishda hal qiluvchi rol o‘ynaydi4.

“Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunning qabul qilinishi esa davlat apparati va fuqarolik jamiyati institutlarining ushbu illat bilan kurashdagi kuch va imkoniyatlarini birlashtirishda muhim omil bo‘ldi. Huquqni muhofaza qiluvchi organlarning faoliyat mazmuni butunlay o‘zgardi. Shuningdek, huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashishning mutlaqo yangi tizimi yaratildi. Noqonuniy harakatlar sodir etilishining barvaqt oldini olish eng dolzarb vazifaga aylandi5.

Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashishda huquqiy mexanizmlar takomillashdi. “2017–2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi” korrupsiyaga qarshi kurashish samaradorligini oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Strategiyaning qonun ustuvorligini ta’minlash va sud-huquq tizimini yanada isloh qilishning ustuvor yo‘nalishlari qismida korrupsiyaga qarshi kurashishning tashkiliy-huquqiy mexanizmlarini takomillashtirish masalasi ko‘rsatib o‘tilgan6.

2017-yil 4-yanvarda kuchga kirgan “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonun esa bevosita korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi munosabatlarni tartibga solishga qaratilgan hamda korrupsiyaga qarshi kurashish mexanizmlarini o‘zida aks ettirgan.

Qonunning 3-moddasida asosiy tushunchalar sifatida korrupsiya – shaxsning o‘z mansab yoki xizmat mavqeyidan shaxsiy manfaatlarini yoxud o‘zga shaxslarning manfaatlarini ko‘zlab moddiy yoki nomoddiy naf olish maqsadida qonunga xilof ravishda foydalanishi, xuddi shuningdek bunday nafni qonunga xilof ravishda taqdim etish, korrupsiyaga oid huquqbuzarlik – korrupsiya alomatlariga ega bo‘lgan, sodir etilganligi uchun qonunchilikda javobgarlik nazarda tutilgan qilmish, manfaatlar to‘qnashuvi – shaxsiy (bevosita yoki bilvosita) manfaatdorlik shaxsning mansab yoki xizmat majburiyatlarini lozim darajada bajarishiga ta’sir ko‘rsatayotgan yoxud ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan hamda shaxsiy manfaatdorlik bilan fuqarolarning, tashkilotlarning, jamiyatning yoki davlatning huquqlari va qonuniy manfaatlari o‘rtasida qarama-qarshilik yuzaga kelayotgan yoki yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan vaziyat ekanligi ko‘rsatib o‘tildi7.

Korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari sifatida aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirish, davlat va jamiyat hayotining barcha sohalarida korrupsiyaning oldini olishga doir chora-tadbirlarni amalga oshirish, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni vaqtida aniqlash, ularga chek qo‘yish, ularning oqibatlari va sabablarini bartaraf etish, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun javobgarlikning muqarrarligi prinsipini ta’minlash kabilar belgilangan.

Qonunda korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha faoliyatni amalga oshiruvchi va unda ishtirok etuvchi organlar hamda tashkilotlar ko‘rsatib o‘tilgan.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi, Bosh prokuratura, Davlat xavfsizlik xizmati, Ichki ishlar vazirligi, Adliya vazirligi, Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti kabilar korrupsiyaga qarshi kurashuvchi davlat organlari sifatida qayd etilgan8.

Shuningdek, fuqarolar korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonunchilikning ijro etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishi, korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonunchilikni takomillashtirish yuzasidan takliflar kiritishi, korrupsiyaga qarshi kurashish sohasida davlat organlari va boshqa tashkilotlar bilan hamkorlik qilishi mumkinligi qonunning 14-moddasida aytib o‘tilgan.

“Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunning 15-moddasida ommaviy axborot vositalarining korrupsiyaga qarshi kurashishda ishtirok etishi shakllari ko‘rsatib o‘tilgan.

Ommaviy axborot vositalarining korrupsiyaga qarshi kurashish sohasidagi davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda ishtirok etishi mazkur moddaning birinchi qismida qayd etilgan9.

Ommaviy axborot vositalarining mazkur sohadagi ishtiroki davlat dasturlarini va boshqa dasturlarni ishlab chiqish hamda amalga oshirishda, ularning loyihalari gazetalar, jurnallar, axborotnomalar yoki teleradio hamda veb-saytlar orqali muhokamaga qo‘yilishi kabilarda ko‘rinadi.

Shuningdek, davlat dasturlarini ishlashda va tasdiqlashda xalq fikrini tinglash, dasturlarni ochiq muhokama qilish orqali boyitishda ommaviy axborot vositalari alohida rol o‘ynaydi. Bundan tashqari, davlat dasturlarini ishlab chiqishda ushbu dastur kuchga kirishi hamda ishlashi boshqa bir korrupsiyaviy holatlarga yo‘l ochib berishi yoki bermasligi yoki uni takomillashtirish uchun muhim takliflarni olishda ommaviy axborot vositalari bog‘lovchi ko‘prik vazifasini o‘tab beradi.

Chunki ommaviy axborot vositalari orqali davlat dasturlari muhokama qilinadi, o‘zgaradi, qabul qilinadi va kuchga kiradi.

“Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonunning 15-moddasi ikkinchi qismida ommaviy axborot vositalarini aholining huquqiy ongi va huquqiy madaniyatini yuksaltirishga, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabatni shakllantirishga qaratilgan tadbirlarni yoritishi qayd etilgan.

Huquqiy ong va huquqiy madaniyatni yuksaltirish, huquqiy immunitet va huquqiy savodxonlik darajasini yaxshilash davr talabi hisoblanadi. Ommaviy axborot vositalarining yana bir vakolati korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risidagi qonunchilikning ijro etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshirishidir.

Mazkur nazorat davlat organlari faoliyatida hisobdorlik va oshkoralikni ta’minlashda muhim ahamiyatga egadir. Jamoatchilik nazorati mexanizmlari turli manfaatdor tomonlarni, jumladan, fuqarolik jamiyati tashkilotlari, ommaviy axborot vositalari, faollar va manfaatdor fuqarolarni o‘z ichiga oladi. Ular davlat organlarining korrupsiyaga qarshi kurashish borasidagi harakatlarini kuzatib boradi va tekshiradi.

Ommaviy axborot vositalari faoliyatining tashkiliy- huquqiy asoslari ularning samaradorligini
ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi. Qonunchilikdagi doimiy o‘zgarishlar va institutsional nazorat shakllarining takomillashishi korrupsiyaga qarshi kurashishda muhim poydevor bo‘lib xizmat qilsa-da, u mamlakat madaniyatining bir qismiga aylanmasa, odamlarning kundalik hayotiga ta’sir qilmasa, hech qanday shaklda jamiyatni o‘zgartishga olib kelmaydi. Chunki korrupsiya faqat huquqiy masala emas, ham jamiyat, ham madaniyat masalasidir. Fuqarolarning korrupsiya oqibatlaridan qo‘rqishi yoki korrupsiyaning ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy muammo ekanligini anglashi unga qarshi kurashishda muhim omil bo‘lib xizmat qiladi.

Ommaviy axborot vositalari ham yuqorida aytilgan madaniyatning muhim ustunidir. Ommaviy axborot vositalari korrupsiya va bu muammoni hal qilish yo‘llari haqida huquqiy ma’lumot berib jamiyatning saviyasini oshiradi.

Shuningdek, ommaviy axborot vositalari fuqarolarga davlat boshqaruvida fikrlarini bildirishlari va huquqlarini talab qilishlariga yordam beradi.

Dilshod NURULLAYEV,
Huquqni muhofaza qilish akademiyasi magistranti

 

1 cyberleninka.ru/article/n/sovremennye-podhody-k-opredeleniyu-ponyatiya-korruptsiya/viewer.

2 François Valérian – Chair of Transparency International, https://www.transparency.org/en/cpi/2023.

3 https://www.transparency.org/en/research.

4 “Citizen participation in anti-corruption efforts”, knowledge tools for academics and professionals Module Series on Anti-Corruption, https://www.unodc.org/e4j/en/anti-corruption/module-10/key-issues/the-role-of-the-media-in-fighting-corruption.html.

5 Коррупцияга қарши курашда ОАВ ўрни – Гўзал Маликова, “Ҳуррият” мухбири.
6 Ўзбекистон Республикаси Президентининг фармони, 07.02.2017 йилдаги ПФ-4947-сон. lex.uz/docs/3107036.

7 Ўзбекистон Республикасининг қонуни, 03.01.2017 йилдаги ЎРҚ-419-сон. lex.uz/docs/3088008.

8 Ўзбекистон Республикасининг қонуни, 03.01.2017 йилдаги ЎРҚ-419-сон. lex.uz/docs/3088008.

9 lex.uz/docs/3088008.

 

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here