Otalikni belgilash to‘g‘risidagi ishlarni sudda ko‘rishning protsessual xususiyatlari

0
205

O‘zbekistonda onalik va bolalik davlat himoyasidadir. Oila kodeksida bolalarning nasl-nasabini belgilash to‘g‘risida alohida bobning mustahkamlanishi ham milliy qonunchiligimizning o‘ziga xosligidan dalolat beradi. Chunki nasl-nasabning belgilanishi ota-onalarning bola oldidagi huquq va majburiyatlarini to‘liq amalga oshirishini ta’minlaydi.

Oila kodeksining 60-moddasida ko‘rsatilishicha, bolaning shu onadan tug‘ilganligi (onalik) fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd qilish organi tomonidan tibbiy muassasaning hujjatlariga ko‘ra, bola tibbiy muassasada tug‘ilmagan holda esa boshqa dalillarga asosan belgilanadi.

Ayolning nikoh tuzilgandan keyin yoki erining o‘limi, nikohdan ajratilganligi yoxud nikoh haqiqiy emas deb topilganligi tufayli nikoh tugaganidan so‘ng uch yuz kun ichida tug‘ilgan bolasi nikohda tug‘ilgan bola hisoblanadi.

Agar nikoh tugaganidan keyin uch yuz kun ichida bola tug‘ilsa va bu davrda ayol yangi nikohga kirgan bo‘lsa, bola yangi nikohda tug‘ilgan hisoblanadi. Bunday hollarda sobiq er yoki uning ota-onasi bolaning nasl-nasabi xususida nizolashish huquqiga ega1.

M. Vikutning fikriga ko‘ra, tarbiya – uni beruvchi hamda tarbiyalanuvchilarga ta’sir qiladigan
murakkab jarayon. Tarbiyaning eng yaxshi shartlari barcha oila a’zolari o‘zaro manfaatli sevgi va hurmat rishtalari bilan bog‘langan joyda yashashdir. Oilada quvonch va qayg‘ularni baham ko‘rishga tayyor bo‘lish va qiyin sharoitda yordam berish ham lozim bo‘ladi. Bunday muhitda bolaning shaxsiyati shakllanadi. Oilaviy huquqiy munosabatlarning qarindoshlik munosabatlariga to‘g‘ri olib borilishini ta’minlashga yordam beradi, bu esa bolalar, ota-onalar va boshqa yaqin qarindoshlarning manfaatlarini himoya qiladi2.

A. Tarasenkovaning ta’kidlashicha, odatda otalikni belgilash to‘g‘risidagi da’vo arizalarini ona beradi, shu bilan birga u nafaqat o‘z manfaatlarini, balki bolalarining huquq va manfaatlarini ham himoya qilishga intiladi3.

Otalikni belgilayotganda sud bolaning onasi bola tug‘ilishiga qadar javobgar bilan birga yashagani va umumiy ro‘zg‘or yuritgani yoki ular bolani birgalikda tarbiyalagani yoxud ta’minlab turganliklarini yoki javobgarning otalikni tan olganini aniq tasdiqlovchi boshqa dalillarni e’tiborga oladi.

Bolaning nasl-nasabi ota-onaning arizasi bo‘yicha ham belgilanadi. Unga ko‘ra bolaning onasi bilan nikohda bo‘lmagan shaxsning otaligi o‘zini bolaning otasi deb tan olgan shaxs va onaning fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd qilish organiga birgalikda topshirgan arizasiga binoan belgilanadi.

Ona o‘lganda, sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilganda, onaning qayerdaligini aniqlash imkoniyati bo‘lmaganda yoki u onalik huquqidan mahrum qilinganda otalik vasiylik va homiylik organi bilan kelishilgan holda o‘zini bolaning otaci deb tan olayotgan shaxsning arizasiga binoan belgilanadi.

Bolaning otasi sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan bo‘lsa, otalikni belgilash to‘g‘risidagi arizani uning nomidan vasiylik va homiylik organining ruxsati bilan vasiysi berishi mumkin.

Otalikni belgilash to‘g‘risidagi ariza bolaning tug‘ilganini qayd etish vaqtida, shuningdek bola tug‘ilganligi qayd etilgandan keyin ham berilishi mumkin. Agar otalikni belgilash to‘g‘risida bola tug‘ilgandan so‘ng er-xotin birgalikda ariza berishining imkoni bo‘lmay qolsa yoki mushkul bo‘lishini ko‘rsatuvchi asoslar bo‘lsa, tug‘ilajak bolaning o‘zaro nikohda bo‘lmagan ota-onasi shunday arizani ona homiladorlik vaqtida fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organiga berishga haqli.

Otalikni belgilash rad etilganda o‘zini bolaning otasi deb tan olgan shaxs sudga shikoyat qilishi mumkin4.

Huquqshunos olim Z. Esanovaning fikricha, otalikni belgilash tushunchasi qonuniy nikohda bo‘lmagan ota-onadan tug‘ilgan bolaning mazkur otadan tug‘ilganlik faktining ota-onaning ixtiyoriy arizasi yoki sud qarori asosida tasdiqlanishini nazarda tutadi. Otalikni belgilash tushunchasi, birinchidan, bolalarning nasl-nasabini belgilovchi, ikkinchidan, bola va ota-ona o‘rtasida huquqiy munosabatlarni keltirib chiqaruvchi asos sifatida vujudga keladi. Qonunda belgilangan tartibda otasi belgilangan bolalar ota-onasi va qarindoshlariga nisbatan qonuniy nikohda tug‘ilgan bolalar bilan teng huquq va majburiyatlarga ega bo‘ladi5.

Bolaning onasi bilan nikohda bo‘lmagan, lekin o‘zini bolaning otasi deb tan olgan shaxs vafot etgan taqdirda uning otalik fakti sud tomonidan belgilanishi mumkin.

Sudning otalikni belgilash to‘g‘risidagi hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirgandan keyin sud shu qaror nusxasini bola tug‘ilganligi ro‘yxatga olingan joydagi fuqarolik holati dalolatnomalarini qayd etish organiga yuboradi.

Fuqarolik protsessining asosiy institutlaridan biri fuqarolik ishlarining qaysi sudlovga taalluqliligidir. Otalikni belgilash to‘g‘risidagi ishlarning sudlovliligi fuqarolik protsessual qonunchiligidan kelib chiqib, hududiy sudlovlilik qoidasi asosida hal etiladi. Unga ko‘ra otalikni belgilashga oid ishlar bo‘yicha Fuqarolik protsessual kodeksining 34-moddasi, ya’ni da’vogarning tanlovi bo‘yicha sudlovga taalluqlilik qoidasi qo‘llanadi6.

Mazkur huquqiy normada ko‘rsatilishicha, da’vogar otalikni belgilash haqidagi da’voni o‘zi yashab turgan joyda ham taqdim etish huquqiga ega. Demak, otalikni belgilash to‘g‘risidagi ariza da’vogar yashab turgan joydagi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga yoki javobgar yashab turgan joydagi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga taqdim etilishi mumkin.

Shuni ham aytish kerakki, otalik faktini belgilash, otalikni tan olganlik fakti bilan bog‘liq ishlar alohida tartibda ko‘riladigan ishlarning bir turi, ya’ni yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan faktlarni belgilashga oid ishlar toifasiga kiradi. Shuning uchun Fuqarolik protsessual kodeksining 296-moddasiga ko‘ra yuridik ahamiyatga ega bo‘lgan faktlarni belgilash to‘g‘risidagi ishlar bo‘yicha arizalar arizachi yashab turgan joydagi sudga beriladi7. Demak, ushbu holatda arizachi yashab turgan joydagi sudning sudloviga tegishli bo‘ladi.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, otalikni belgilash bilan bog‘liq nizolarning taalluqliligi va sudlovliligining to‘g‘ri belgilanishi sudlarda fuqarolarning, bolalarning buzilgan huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlari samarali himoya qilinishini ta’minlaydi.

Otabek PIRMATOV,
Toshkent davlat yuridik universiteti professori vazifasini
bajaruvchi, yuridik fanlar doktori

 

1 Ўзбекистон Республикасининг Оила кодекси. –Т.: Адолат. 2023.

2 Автореферат диссертации на соискание учёной степени кандидата юридических наук. Специальность 12.00.15. – Гражданский процесс; Арбитражный процесс. //С. Ю. Гаврилова; Науч. рук. М. А. Викут. –Саратов, 2001. -34 с.

3 Тарасенкова А. Н. Все об исках: как не заблудиться в судебных коридорах // Библиотечка Российской газеты. – 2014. – № 1. – С. 27.

4 Ўзбекистон Республикасининг Оила кодекси. – Т.: Адолат. 2023.

5 Эсанова З. Н. Оталикни белгилаш нима? Ўқув қўлланмаси. – Тошкент. 2005. – 6-б.

6 Ўзбекистон Республикасининг Фуқаролик процессуал кодекси. –Т.: 2014.

7 Шорахметов Ш.Ш. Ўзбекистон Республикасининг фуқаролик процессуал кодексига шарҳлар. –Т.: ТДЮИ. 2010. – 547-б.

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here