Ta’lim muassasalari ustidan prokuror nazoratini amalga oshirishda zamonaviy texnologiyalarning o‘rni

0
254

O‘zbekiston Prezidentining 2017-yil 14-martdagi “Huquqbuzarliklar profilaktikasi va jinoyatchilikka qarshi kurashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 2833-qarorida huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasida davlat idoralari va tashkilotlari faoliyatining asosiy yo‘nalishlaridan biri sifatida idoralararo hamkorlikni rivojlantirish, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng joriy etish belgilangan.

M. Boboyevning ta’kidlashicha, “Axborot tizimlari va resurslari davlat organlari va tashkilotlarida an’anaviy jarayonlarni qisqartish, tezkorlik va unumdorlikni oshirish, inson omilini istisno etishga xizmat qiladi”1.

Qayd etish lozimki, ijtimoiy hayotning tez o‘zgarishi, yangi ijtimoiy munosabatlarning paydo bo‘lishi davlat organlari va idoralarida zamonaviy mehanizmlarni joriy etish ehtiyojini tug‘dirmoqda. Jumladan, mamlakatimizda sudlar faoliyatida zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish bo‘yicha O‘zbekiston Prezidentining 2020-yil 3-sentabrdagi “Sud hokimiyati
organlari faoliyatini raqamlashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi 4818-qarori qabul qilingan. Sudlar faoliyatini raqamlashtirish ochiqlik va shaffoflikni ta’minlashga, xodimlarning ish vaqtini tejash va qo‘yilgan vazifalarni tezkorlik bilan hal etishga imkon berayapti.

Shu jihatdan olib qaraganda, davlat idoralari faoliyatini raqamlashtirish bo‘yicha islohotlarning davomi sifatida umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’limda prokuror nazoratini amalga oshirish sohasida ham raqamli texnologiyalarni qo‘llash zarur.

Bu borada huquqshunos olimlar V. Avdeyeva va A. Gordeyning “Axborot texnologiyalarining
rivojlanib borishi huquqni muhofaza qilish tizimida, shu jumladan, prokuratura organlari tizimida ham ulardan foydalanishni talab qiladi. Bularning barchasi faoliyat samaradorligini oshirishning muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi”2 degan fikrlari o‘rinlidir.

V. Isayenkoning fikricha, “Prokuratura organlari faoliyatini, shu jumladan prokuror nazoratini raqamlashtirish uni takomillashtirishning zarur va foydali usulidir”3.

Bizningcha ham raqamli texnologiyalar prokuratura organlari uchun bir qator afzalliklar beradi:

• tekshiruv jarayonini soddalashtiradi, qo‘lda bajariladigan vazifalar va qog‘oz ishlarini qisqartadi;

• ma’lumotlarni to‘plash, tahlil qilish va saqlash imkonini beradi, bu esa ulardan foydalanish
samaradorligini oshiradi;

• real vaqtda faoliyatni monitoring qilish imkonini beradi;

• prokuratura organlari va manfaatdor tomonlar o‘rtasidagi hamkorlik va shaffoflikni rag‘batlantiradi;

• tahlil va modellashtirish orqali xavflarni kengroq baholashga ko‘maklashadi;

• xarajatlarni kamaytirishga olib keladi.

Mamlakatimizda prokuratura organlari faoliyatiga “SEDO” elektron hujjat aylanmasi tizimi joriy etilgan4. Bu tizim orqali prokuratura xodimlari ishlarni yuritishda bir qancha qulayliklarga ega bo‘lishmoqda. Xususan, elektron hujjat aylanishi jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlarini ko‘rib chiqishni tezlashtirish, qog‘oz va pochta xizmati xarajatini tejashga imkon berdi (birgina 2021-yilda “Elektron hujjat aylanishi” tizimi yordamida 3,2 mlrd so‘m tejalgan).

O‘rganishlar shuni ko‘rsatadiki, xorijiy mamlakatlarda nafaqat umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim mussasalari ustidan prokuror nazorati sohasida, balki prokuror faoliyatining barcha yo‘nalishlarida zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish imkoniyati yaratilgan.

Masalan, Rossiya Bosh prokurorining 2017-yil 17-sentabrdagi 627-buyrug‘i bilan Rossiya prokuratura organlarini 2025-yilgacha raqamlashtirish konsepsiyasi qabul qilingan5.

Shuningdek, Daniyada ham muassasalar o‘rtasida hujjatlarni elektron almashish tizimi keng yo‘lga qo‘yilgan. Shvetsiyada esa elektron tizimdan foydalangan holda ijro harakatlarining qariyib 75 foizi uch oylik muddatda tugatiladi6. Bugungi kunda mamlakatimizda ham ta’lim mussasalarida prokuror nazoratini amalga oshirishda axborot texnoligiyalaridan foydalanish, ya’ni nazorat funksiyasini raqamlashtirish zarurati mavjud.

O‘zbekiston Bosh prokurorining 2017-yil 11-sentabrdagi “Voyaga yetmaganlar haqidagi qonunchilik ijrosi ustidan nazorat faoliyati samaradorligini oshirish to‘g‘risida”gi 139-buyrug‘ida prokuratura organlariga bolalarning sog‘lig‘ini saqlash, ijtimoiy muhofazasi, ta’limi, ma’naviy va jismoniy rivojlanishi sohasida, yetimlarni himoya qilish sohasida, bolalar o‘rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklar profilaktikasi sohasida, tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv va dastlabki tergovni o‘tkazishda qonuniylikni ta’minlash vazifasi yuklatilgan. Ko‘rinib turibdiki, ushbu yo‘nalishning qamrovi keng.

Bizningcha, ushbu sohada prokuror nazorati samaradorligini oshirish maqsadida nazoratni eng so‘nggi, ilg‘or texnologiyalardan foydalangan holda tashkil etish hamda uni kompleks tahlil qilishda yangicha mexanizmlarni ishlab chiqishga ehtiyoj tobora oshib bormoqda.

Shundan kelib chiqib, ta’lim mussasalarida prokuror nazorati samaradorligini oshirish uchun ular bilan prokuratura organlarini bog‘lovchi elektron hujjat aylanishi tizimini yaratish maqsadga muvofiq. Bunda nafaqat prokuratura, balki sohaga aloqador idora va tashkilotlar ham qonunlarning qanday bajarilayotganini raqamlashtirilgan tizim orqali bilib olishi va qonunbuzarlikni bartaraf etish choralarini ko‘rishi mumkin bo‘ladi.

Bu boradagi xorijiy tajribaga to‘xtaladigan bo‘lsak, AQShda umumiy o‘rta ta’lim muassasalari shtat ta’lim departamenti bilan shtat darajasidagi axborot tizimlari orqali ma’lumotlar almashishi mumkin. Ushbu tizimlar o‘quvchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni, shu jumladan davomat, baholar, standartlashtirilgan test ballari va intizomiy jazo choralari haqidagi axborotni to‘playdi, ular baholash va nazorat qilish uchun nazorat organlariga beriladi.

Buyuk Britaniyadagi maktablar o‘quvchilar ma’lumotlarini Ta’lim departamenti (DfE) bilan bo‘lishish uchun O‘quvchilar ma’lumotlari milliy bazasi (NPD) deb nomlangan tizimdan foydalanadi. NPD o‘quvchilarning demografik holati, davomati, kamoloti haqida ma’lumot to‘playdi va hukumatga ta’lim siyosatini yuritishda ko‘maklashadi.

Braziliyada prokuratura shtat sudlari va adliya organlari bilan birga maktab ta’limi bilan bog‘liq ma’lumotlar tizimiga kirish imkoniiga ega.

Yuqoridagi fikrlardan kelib chiqqan holda O‘zbekistonning “Prokuratura to‘g‘risida”gi qonunining 21-moddasini “Qonunlar ijrosi ustidan prokuror nazorati alohida hollarda masofadan turib, elektron platforma orqali amalga oshirilishi mumkin, tekshirish o‘tkazish davlat, harbiy yoki shaxsiy ma’lumotlarning xavfsizligi bilan bog‘liq bo‘lgan holatlar bundan mustasno” degan ikkinchi qism bilan to‘ldirish taklif etiladi. Bundan tashqari prokuratura faoliyatini yaxshilashga qaratilgan innovatsion texnologiyalar mavjud bo‘lib, ularni xorijiy mamlakatlarning tajribasi asosida keltirib o‘tamiz.

Ma’lumotlarni boshqarish tizimlari (AQSh, Kanada, Buyuk Britaniya, Germaniya va Avstraliya). Unda talabalarning ishlari, davomat, baholari aks etadi. Prokurorlar ushbu tizimlarga kirib, ta’lim qonun-qoidalariga rioya qilinishini kuzatishlari mumkin.

Bu kabi platformalarga misollar: “Educational Institution Management Systems” va “Student Information Systems”. Kuzatuv va xavfsizlik tizimlari (Xitoy, AQSh, Birlashgan Arab Amirliklari, Buyuk Britaniya). Ta’lim muassasalariga kuzatuv kameralari va xavfsizlik tizimlarini o‘rnatish prokurorlarga talabalar va xodimlarning xavfsizligini ta’minlashda yordam beradi.

Bu kabi platformalarga misollar: “CCTV Surveillance Systems” va “School Security Systems”. Biometrik davomat tizimlari (Hindiston, Xitoy, Yaponiya, Janubiy Koreya va boshqa mamlakatlar). Barmoq izlari yoki yuzni tanish skanerlari kabi biometrik davomat tizimlari o‘quvchilar va xodimlarning davomatini kuzatish imkonini beradi.

Bunday platformalarga misollar: “Biometric Attendance Tracking Systems” va “Biometric Time and Attendance Systems”.

Xabar beruvchilarning xavfsizligini ta’minlashga qaratilgan texnologiyalar (AQSh, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va boshqa mamlakatlarda qo‘llanadi). Ta’lim muassasalarida anonim xabar berish tizimlari yoki ishonch telefonlarini joriy etish talabalar, xodimlar yoki ota-onalarni maktabdagi har qanday noqonuniy yoki axloqsiz harakatlar haqida xabar berishga undashi mumkin. Keyin prokurorlar ularni tekshirishadi va zarur choralarni ko‘rishadi.

Bu kabi texnologiyalarga misollar: “Whistleblower Hotlines” va “Anonymous Reporting Systems”. Elektron ta’lim va masofaviy monitoring vositalari (AQSh, Xitoy, Hindiston, Braziliya va b.). Masofaviy ta’limning kuchayishi bilan elektron ta’lim platformalari va masofaviy monitoring vositalari muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.

Ushbu texnologiyalar prokurorlarga masofaviy ta’lim samarali olib borilishini kuzatishda yordam beradi. Bu kabi platformalarga misollar: “E-Learning Platforms” va “Remote Learning Systems”. Ma’lumotlar tahlili va sun’iy intellekt (AQSh, Xitoy, Germaniya, Yaponiya va b.). Ta’lim muassasalaridan to‘plangan katta miqdordagi ma’lumotlarni qayta ishlash va tahlil qilish uchun ma’lumotlar tahlili va sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalanish mumkin.

Bu kabi platformalarga misollar: “Data Analytics Tools” va “Artificial Intelligence Solutions for Education”.

Yuqoridagi tajribalardan kelib chiqib, O‘zbekistonning “Prokuratura to‘g‘risida”gi qonunining “Prokurorning vakolatlari” nomli 31-moddasi ikkinchi qismini “umumiy o‘rta, o‘rta maxsus va professional ta’lim muassasalari ma’lumotlarni boshqarish tizimlariga” jumlasi bilan to‘ldirish taklif etiladi.

Xulosa qilib aytadigan bo‘lsak, ta’lim muassasalarida qonunchilik ijrosi ustidan prokuror nazoratini amalga oshirishda yangi innovatsion metodlarni qo‘llash, shuningdek prokuror nazoratini raqamlashtirish:

ma’lumotlarni to‘plash va tahlil qilish jarayonini soddalashtiradi;

ta’lim muassasalarida shaffoflikni ta’minlab, har qanday qoidabuzarlikni aniqlash va bartaraf etishni osonlashtiradi;

muammolar kuchayishining oldini oladi va maktablarda qonun-qoidalarga rioya qilinishini ta’minlaydi.

Munira BOBOUMAROVA,
Sudyalar oliy maktabi mustaqil izlanuvchisi

 

1 Бобоев М. Прокуратура органлари фаолиятини рақамли трансформация қилишнинг назарий ва ҳуқуқий асослари // Ўзбекистон Бош прокуратураси академияси ахборотномаси. Махсус сон. №1(49) 2022. –77-б.

2 Авдеева Е. В., Гордей В. А. Оптимизация деятельности правоохранительных органов в контексте внедрения информационно-коммуникационных технологий //Закон и право. 2018. №10.

3 Исаенко Н. В. В сборнике: Тамбовские правовые чтения имени Ф. Н. Плевако. Материалы III Международной научно-практической конференции. В 2-х томах. Ответственный редактор В. Ю. Стромов. 2019. С. 331-334.

4 Ўзбекистон Бош прокурорининг 2020 йил 25 декабрдаги 225-буйруғига 1-илова, “Прокуратура органларида иш юритиш ва ҳужжатлар ижросини назорат қилиш тўғрисида”ги йўриқнома.

5 Капинус О. С. Цифровизация деятельности органов прокуратуры: настоящее и будущее. Вестник. акад. ген. прокуратуры РФ. 2018, № 4 (66). – С. 5.

6 https://globalarbitrationreview.com/jurisdiction/1000227/sweden.

LEAVE A REPLY

Please enter your comment!
Please enter your name here